Asosiy mavzular
14 fevral 2020

RTdan va'z: Koronavirus tavqi la'nati

Aziz va qadrli ko‘rarman, yana siz bilan yuzma-yuz bo‘ldik. Tomoshabin degan so‘zni qozoqlar ko‘rarman, der ekan. O‘zbeklar ham aytadi-ku, yaxshi ko‘raman deb.

Lekin kechgan haftada qozoqlar dunganlarni yaxshi ko‘rmasligini isbot qildi. Bunga keyin to‘xtalamiz. Topishmoq aytsam.

TOPIShMOQ

«Bir tog‘oradan qirq tuya suv ichadi» – bu nima? Albatta, chuchvara. Sizniki qizarib turadi, bizniki kirib chiqadi (kulgi). Kulmang, bu siz o‘ylagan narsa emas. Umuman, yaxshi gumonda bo‘lishni tavsiya qilaman. Bu topishmoqning javobi tandir va non.

U yoqqa qarasangiz ko‘rmaysiz,

Bu yoqqa qarasangiz ko‘rmaysiz.

Boshingizga qarasangiz ko‘rmaysiz,

Soyangizga qarasangiz ko‘rinadi.

Topishmoqdagi narsa erkakda ham, ayolda ham ikkita. Meniki sal kattaroq. Lokator deyishardi kichkinaligimda. Bu quloq.

Ma'lumotlarni eshitadigan muhim a'zo deyishadi quloqni. Men bo‘lsam oyoqni muhim deb bilaman. Masalan, O‘zbekiston yoqmay qolsa, ketvorish mumkin oyoq bilan yo‘rg‘alab:

Oyog‘im yetgancha Boburdek ketar erdim, netay…

Ammo qaerga borish ham muhim. Bu haqda ham xabarlardan keyin to‘xtalamiz, jumladan, shu bugun tavalludi nishonlanayotgan shoh Boburni ham eslaymiz…

Mahalliy yangiliklar

10 fevral kuni “Ilhom” teatridan binoni bo‘shatib qo‘yish talab etildi. Binoning yangi egasi Ofelos Plaza rahbariyati bunga ro‘kach qilib Shayxontohur tumani hokimining binoni rekonstruktsiya qilish haqidagi xatini keltirishdi.

Keyin tarmoqdagi noroziliklar ortidan madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov teatr o‘z joyida qolishi haqida bayonot berdi.

Biroq eyforiya uzoqqa bormadi. Binoning yangi egalari bir yarim yilga qadar “Ilhom” teatri binoni tark etishini ma'lum qilishdi.

+++

1 apreldan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida kvartira sotib oluvchilardan propiska talab etilmasligi kutilmoqda. 2020 yil davlat dasturi loyihasiga kiritilayotgan bu tartib 1 aprel hazilimi yoki chin, kelasi oydan keyin ma'lum bo‘ladi.

+++

Mirziyoev Xotin-qizlar qo‘mitasi va «Mahalla» jamg‘armasi chindan ham foydasi yo‘q tashkilotlar ekanini e'tirof etdi va shu zahoti ular o‘rniga yana bitta parazit idora – Mahalla va oila vazirligini tuzishni taklif qildi. 

Chet el xabarlari

Xalqaro nashrlar Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboevning nabirasi Oysulton Nazarboev Buyuk Bitaniyadan siyosiy boshpana so‘ragani haqida xabar berdi. Biroq Qozog‘iston rasmiylari buni tasdiqlashgani yo‘q.

+++

Qozog‘istonning Jambul viloyatida 7 fevral kuni  yuz bergan qozoq-dungan mojarosida, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 10 kishi o‘ldi, 30 dan ziyod uy-joy, 15 ta savdo do‘koni, 23 ta avtotransport yondirildi. 47 nafar shubhali shaxs hibsga olindi. Qozog‘istonning Jambul viloyatida 50 mingga yaqin dungan yashaydi.

O‘z yurtni qo‘yib…

Taqdir yo‘g‘i boshimg‘a balolig‘ bo‘ldi,

Har neniki ayladim xatolig‘ bo‘ldi,

O‘z yurtni qo‘yib Hind sori yuzlandim,

Yo Rab, netayin, bu ne yuz qarolig‘ bo‘ldi.

Boshlagan gapimiz, shoh Bobur aytganidek, mamlakatdan surish haqida edi.

Qaysi mamlakatlar eng muvaffaqiyatli va boy? U yerga borish uchun odamlar o‘zlarining oxirgi chaqalarini konrabandachilarga berishga va eski qayiqlarda dengiz kechib, hayotini xavf ostiga qo‘yishga tayyor?

Bu boy davlatlar kambag‘allaridan nimasi bilan farq qiladi? Nega g‘arb mamlakatlari kuchli iqtisodiyotga, yuqori darajali tibbiyotga va eng yaxshi tekin oliy ta'limga ega?

Muvaffaqiyatli iqtisodiyotga ega bu boy mamlakatlarning asosiy farqi – so‘z erkinligi borligida. So‘z erkinligi esa mamlakatni vijdon bilan boshqarish – good governance (Gud gavernens)ga yo‘l ochadi.

Bu esa korruptsiya darajasi pastligi, hokimiyatning almashinuvchanligi, mustaqil sud va fuqarolarning hukumat ustidan nazorati deganidir.

O‘tgan shanbada Uxan shahrida xitoylik shifokor Li Venlyanning vafoti haqida xabar tarqaldi.

Uxan butun dunyoga tarqalayotgan koronavirus epidemiyasi o‘chog‘i bo‘lgan shahar.

Shifokor Li Venlyan o‘tgan yilning dekabr oyidayoq keyinchalik koronavirus nomi bilan mashhur bo‘lgan yuqumli kasallik haqida xabar bergan edi. Oradan ikki oy o‘tib o‘zi ham halokatli yangi virusdan o‘ldi.

Bu o‘lim butun dunyoda kuchli hayajon uyg‘otdi, chunki shifokor koronavirus borasida tashvish bildirganida politsiya uchastkasiga olib kelingan edi. Bu yerda u “yolg‘on mish-mishlar tarqatish” va “jamoat tartibini buzish”da davom etsa, jazolanishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Doktorning o‘lgani ma'lum bo‘lgach, millionlab xitoylik ijtimoiy tarmoqlar orqali so‘z erkinligini talab qila boshladi. “Biz so‘z erkinligini xohlaymiz” internetning xitoy segmentida trend mavzuga aylandi.

Xitoy kommunistik partiyasi doktor Lining o‘limi munosabati bilan «omma tomonidan ko‘tarilgan masalalar»ni o‘rganish uchun Uxan shahriga tergovchilarni yuborishga va'da berdi.

Xitoy hukumati g‘azab va hissiyot to‘lib-toshib, ko‘chalarga chiqib ketishini juda yaxshi anglaydi. Ehtimolki, Xitoy hukumati jamoatchilik g‘azabini bosish uchun bir necha mahalliy amaldorni ishdan bo‘shatar. Ammo bu real muammoni – fuqarolarda so‘z erkinligi yo‘qligini hal etmaydigan maqsadli chora bo‘ladi.

Tarixdan chiqarilmagan saboq

Xuddi shunday voqea bundan 17 yil muqaddam – og‘ir o‘tkir respirator sindromi (SARS) epidemiyasi vaqtida ham yuz bergan edi. O‘shanda ham Xitoydan tarqalgan bu kasallikka 17 mamlakatda 8 mingdan ziyod odam chalingan, qariyb 800 kishi vafot etgan edi.

2003 yilda ham yana bir shifokor – 72 yoshli Tszyan Yanong yangi virus haqida xabar bermaguncha Xitoy hukumati bu kasallikni bir necha oy davomida yashirib kelgandi.

Ayni paytda 88 yoshni qoralagan doktor Tszyan Xitoy hukumatini 1989 yilda Tyananmen maydonidagi isyonning bostirilishini tergov qilishga chaqirgani uchun hozir ham uy qamog‘ida o‘tiribdi.

O‘shanda Xitoy hukumati asosiy qismi demokratparast talabalar bo‘lgan tinch namoyishchilarga qarshi o‘t ochgan va bir necha yuz kishini o‘ldirgandi.

Afsuski, Xitoy SARS epidemiyasidan saboq chiqarmadi.

Xitoyda axborot qattiq nazorat qilinadi. 34 yoshli shifokor Li o‘zi o‘qigan tibbiyot bilim yurti bitiruvchilarining ijtimoiy mediaguruhida tirik jonivorlar sotiladigan mahalliy bozorning yetti ishchisiga SARSga o‘xshash kasallik tashxisi qo‘yilgani va ular o‘zi ishladigan shifoxonaga karantinga olingani to‘g‘risida xabar qoldirishi ortidan politsiyaga chaqirildi.

Uni «agar qilgan ishiga pushaymon bo‘lmasa va noqonuniy faoliyatini davom ettirsa, qonun bo‘yicha jazolanishi»ni tushunib turgani haqida tahqirlovchi bayonotni imzolashga majburlashdi.

Bugun ko‘p sonli izohlarda bir fikr yakdil – agar Li turli muammolarni fosh etish jazolanmaydigan erkin jamiyatda yashaganida, uning ogohlantirishi aks-sado bergan va tezda zarur choralar ko‘rilganida edi, virusni jilovlash mumkin bo‘lardi ehtimol.

Bugun virusdan vafot etganlar soni 1500 nafarga yaqinlashdi, 60 mingdan ko‘p odam xastalandi va kasallik dunyo bo‘ylab tarqalishda davom etmoqda.

So‘z erkinligi yo‘qligi bois…

Noumid bo‘ldum, ey Mo‘g‘ul, sendin,

To eshitdimki, Andijon bording.

Aytg‘on so‘zga keldim, ammo sen

Yaxshi kelding demay, yamon bording.

O‘zbekistonda ham Xitoydagi kabi so‘z erkinligi bo‘lganida yuz bermasligi mumkin bo‘lgan o‘z fojeasi bor. Bu fojea Orol dengizining qurishidir.

Dengizimiz o‘zbek kommunist yetakchilarining jo‘shqin nutqlari va yuvosh sovet fuqarolarining gulduros qarsaklari sadosi ostida asta-sekin o‘lib bordi.

Orol dengizi sathi o‘tgan asrning 60-yillaridanoq uni to‘yintirib turadigan Amudaryo va Sirdaryo suvlari paxta dalalarini sug‘orishga olingani sabab pasaya boshlagan edi.

Agar Sovet Ittifoqida so‘z erkinligi bo‘lganida, olimlar dengiz quriyotgani va suvning ulkan sarfini to‘xtatish kerakligini qo‘rqmasdan gapira olganida edi, ekologik halokatning oldini olish mumkin edi.

Ammo mulohazasiz, birinchi navbatda, shunday ham noreal bo‘lgan paxta rejasini u besh yillikdan bu besh yillikka oshirib borish bilan o‘zini Moskvadagi katta boshliqlarga qanday yaxshi ko‘rsatishni o‘ylaydigan o‘zbek rahbarlari aybi bilan O‘zbekiston asosan Rossiyaning Yevropa qismida joylashgan to‘qimachilik sanoati uchun xomashyo bazasiga aylantirildi.

1970 yilga kelib ekishga yaroqli barcha dalalar paxta uchun ajratib berildi. Katta hajmdagi suvdan foydalanish Orol dengizining qurishiga olib keldi.

Siz liberal demokratiya, inson huquqlari, bag‘rikenglik, so‘z erkinligi kabi tushunchalarga shubha bilan qarashingiz mumkin, ammo ko‘rinib turgan faktlarni inkor eta olmaysiz.

So‘z va matbuot erkinligi reytingi holati aholining turmush darajasi reytinginikidan deyarli farq qilmaydi. Oddiyroq aytganda, so‘z erkinligi kafolatlangan va yuqori darajada bo‘lgan mamlakatlarda insonlar boy yashaydi, u yerda yuqori sifatli tibbiyot va sifatli tekin oliy ta'lim mavjud.

O‘zbekistonda 20 yil davomida so‘z erkinligi bo‘g‘ildi. Karimov so‘z erkinligining har qanday ko‘rinishi dushmani edi.

Mirziyoev jurnalistlarni yaxshi ko‘rishini aytadi, ammo «Ozodlik» va «Eltuz» saytlarini to‘sishni davom ettiradi va mustaqil nashrlarga intervyu bermaydi.

Adolat haqqi, tan olish kerakki, so‘nggi uch yilda O‘zbekistonda so‘z erkinligining ilk kurtaklari paydo bo‘la boshladi. Hokimlarni va vazirlarni, ta'lim va tibbiyotdagi vaziyatni tanqid qilish mumkin bo‘ldi, ammo prezident va uning oilasi a'zolarini tanqid qilish mumkin emas.

Biroq so‘z erkinligini himoya qilish kerak. Agar ertaga yana tsenzura joriy etilsa, jurnalistlar yoki faol blogerlar qamalsa, ularni kim himoya qiladi?

Siz jurnalistning ishi va majburiyati jamiyat manfaatlarini himoya qilish ekanini tushunishingiz lozim.

G‘arbda jurnalistlarni qo‘riqchi it deb atashadi. Bu itlar o‘z kasbi taqozosiga ko‘ra, hokimiyatga tanqidiy yondashishi lozim.

Agar siz hokimiyat jurnalistni haqoratlayapti yoki jazolayapti, deb eshitsangiz, boshingizda trevoganing qizil chirog‘i yonishi shart.

Odamlar qo‘llab-quvvatlasagina jurnalist o‘z ishini qilishi mumkin.

Men gap avvalida aytib o‘tganim vafot etgan xitoylik shifokor misolida tushunish kerakki, sizning xavfsizligingiz, salomatligingiz va butun hayotingiz mamlakatda so‘z erkinligi vaziyati qandayligiga bog‘liq.

Rivoyat

Gapimni ertak bilan tugatsam. Bir kuni mittigina qush ovchining to‘riga tushib qolibdi.  Ovchi qushni qovurib yemoqchi bo‘libdi. Qush esa yolvoribdi. Meni yeganing bilan baribir qorning to‘ymaydi. Bir chimdim go‘shtim bor. Rahming kelsin. Buni o‘rniga uchta maslahat beraman, debdi qush.

Mayli debdi ovchi.

1. Qo‘ldan ketgan narsa haqida afsuslanma.

2. Bo‘lib o‘tgan narsani orqaga qaytarib bo‘lmaydi.

3. Cho‘pchaklarga quloq solma, ilm va mantiqqa ishon.

Bu maslahatlarni ma'qul topgan ovchi qushni qo‘yib yubordi. Qush pir etib uchib ketdi va daraxtga qo‘nib ovchiga qarab gapirdi:

Ahmoq men seni aldadim. Sen meni so‘yganingda oshqozonimdan g‘oz tuxumi kabi olmos chiqardi. Boyib ketgan bo‘larding.

Ovchi afsuslanib ko‘z yosh to‘kibdi. Attang, shunday boylikni qo‘ldan chiqardim, deb.

Qush bo‘lsa daraxtda mag‘rur o‘tiraveribdi. Qushga qarab ovchi yolvoribdi: «Qushchajon, kel, qayt mening bag‘rimga. Senga oltindan qafas qilib beraman. Har kuni don va suv beraman».

Qush esa kulib: «Ey ovchi, sen ahmoqsan. Senga bergan uchta darsimni darrov esdan chiqarding. Senga cho‘pchakka ishonma, dedim-ku. Qanday qilib menday mitti qushning qorniga g‘oz tuxumi kabi ulkan olmos sig‘adi.

Aytdim-ku senga, cho‘pchaklarga ishonma, ilmga ishon deb».

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
25 avgust 2016
Prezident farmonida, 2016 yilning 1 oktyabridan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori ...
5 may 2017
Shavkat Mirziyoev Qozog‘istonga 29 aprel tashrifi chog‘ida Qozog‘iston prezidenti Nazarboev bilan birga Caspian Food vinochilik xo‘jaligida bo‘ldi. Xususan uning ...
28 iyul 2018
Qadrli vebsahifamiz o‘quvchilari. «Eltuz» nashri jamoasi ta'tilga chiqadi. Bu vaqt ichida o‘tgan davr mobaynida bosilgan e'tiborga loyiq ayrim maqolalar, ...
24 aprel 2018
Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekistonga tashrifi munosabati bilan 24 aprel kuni Xorazm viloyatida minglab talaba va o‘quvchi ko‘chalarga chiqarilib, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...