Asosiy mavzular
17 fevral 2020

Qozoq OAV Oysultondan “oy” chiqqanini yashirmoqda

13 fevral kunining birinchi yarmida qozoq tilidagi mashhur saytlarning deyarli barchasi sobiq prezident Nursulton Nazarboevning nabirasi Oysulton tarqatgan xabarga asosiy o‘rinni berdi.

Oysultonning Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana so‘ragani yoritilgan xabarlarga asoslanib, barcha saytlar kimo‘zarga maqolalar e'lon qilishdi.

Bunday maqolayu xabarlarga minglab qozog‘istonliklar har xil izohlar yozishdi.

Izohlarda, asosan, Nursulton Nazarboev va uning siyosati jiddiy tanqid ostiga olingani sabab bo‘lsa kerakki, nabira Oysultonning boshpana so‘rab murojaat qilganiga doir xabarlar kunning ikkinchi yarmida qozoq tilidagi deyarli barcha saytlardan olib tashlandi.

Shu tariqa ijtimoiy tarmoqlarning qozoq segmentida Qozog‘iston axborot va ijtimoiy taraqqiyot vaziri Dauren Abaevning “Xabar” telekanalidagi «Ochiq muloqot» dasturida Oysulton Nazarboev haqida teletomoshabinlar oldida aytgan gaplarigina tarqatildi.

Vazir Dauren Abaevning javobini Nur.kz sayti o‘z sahifasida e'lon qildi. Unda bunday deyiladi: 

«Bu masala (Oysulton Nazarboev) bo‘yicha yurtdoshlarimga aytgim keladi, hozir faqat bizning jamiyatimizda emas, dunyo bo‘yicha soxta va to‘g‘ri xabarlarni ajratish katta muammo bo‘lib qolmoqda.

Ayrim guruhlar soxta xabarlar tarqatib, katta kompaniyalarning, ayrim jismoniy shaxslarning, hatto butun bir davlatning sha'niga dog‘ tushirayotganligini ko‘rib yuribmiz.

Biroq bu kabi harakatlar zamirida ayyorona o‘ylar, foyda topish niyatlari yashiringan va bu kabi misollar keyingi paytlarda mamlakatimizda ham ko‘paymoqda. Bu har xil fitnalarning vujudga kelishiga olib kelishi mumkin.

Oysulton masalasida ham xuddi shuni aytgim keladi. Yurtdoshlar, bu, birinchi navbatda, uning onasi Darig‘a Nazarboevaning fojeasi. Ona uchun boladan afzal qanday qimmat narsalar bo‘lishi mumkin va aytgim keladigan yana bir muhim gap bor.

Ayrimlar ushbu voqeaga Elboshi Nursulton Nazarboevni ham aralashtirgisi keladi. Har xil shov-shuvlar qilib, mamlakatni vahimalar iskanjasiga tushirishni xohlaydi. Biroq sizu bizning kelajagimiz uchun jonbaxshlik qilgan yaxshi insonlarimizni qanday qilib bunday gap-so‘zlarga daxldor deb hisoblaymiz?

O‘zingiz o‘ylang, iqtisodiyoti inqirozga yuz tutgan, yo‘q bo‘lib ketgan, ishlab chiqarish butunlay to‘xtagan mamlakatni 30 yilda hozirgi darajaga ko‘tarish kimning qo‘lidan keladi?

Qozoq xalqi har doim vatanparvar qahramonlarini qadrlagan, yelkasida ko‘targan, obro‘sini saqlagan. Qadrli yurtdoshlar, shu bois ahilligimizni qadrlaylik. Quruq so‘zlarga uchib, yaxshi ishlarni havoga sovurmaylik».

Feysbuk tarmog‘idagi sahifasida Oysulton Nazarboev o‘z oilasini «xasislik va ochko‘zlikda» ayblab, onasi tomonidan ta'qib qilinayotganini aytdi.

Oysulton Nazarboev ijtimoiy tarmoqlardagi Aisultan Rakhat profilidagi sahifasida Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana so‘raganini, oila a'zolarini boshqara olmagan bobosi davlatni qattiqqo‘llik bilan idora etganini, mamlakatda korruptsiyani avj oldirganini va boshqa siyosiy qusurlarni oshkora bayon qilgan.

Oysulton Nazarboev, shuningdek, uning biologik otasi Nursulton Nazarboev ekani, bu haqda u 2015 yili Avstriya turmasida vafot etgach, Rohat Alievning unga yetib kelgan kundaliklari orqali ma'lum bo‘lgani haqida bildirdi.

Eltuz muxbiri

Tag‘in o‘qing
10 mart 2020
– O‘tiring, bratan, o‘tiring. Bilaman, hozir kayfiyatingiz osmondagi yulduzlardan ham yuqorida turibdi. Buning sababi, sizning ashaddiy dushmaningiz bo‘lgan “qassob” ...
29 oktyabr 2024
“Agar boshliq bizni o‘zi yashagan ko‘chadan ko‘chirib yubormasa, shuning o‘zi katta baxt” degan edi frantsuz dramaturgi Per de Bomarshe. ...
25 sentyabr 2018
Toshkentda KFC fastfud restoranlari tarmog‘i ish boshladi. Dastlabki restoran «Buyuk ipak yo‘li» metrosi yaqinida 12 sentyabrda ish boshlagani haqida ...
26 may 2020
Dissertatsiya qo‘lyozmasi toshqinda yaroqsiz holga kelganini iddao qilgan 28 yashar sirdaryolik Kamola Abrorxonovaga prezident topshirig‘i bilan doktorlik darajasi berildi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...