Asosiy mavzular
25 fevral 2020

Azimjon Asqarov ishi qayta ko‘rib chiqilmoqda

Qirg‘iziston Oliy sudi 25 fevral kuni huquq himoyachisi Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqishni boshlaydi. U 2010 yilda ozodlikdan mahrum qilingan va ko‘plab inson huquqlari tashkilotlari uni vijdon asiri, deb biladi. 

Asqarov ishi 2010 yil boshlarida Qirg‘izistonda eng katta qiziqish uyg‘otgan mavzulardan biri edi. Bugungi kunda u haqda mamlakatda kamroq so‘z yuritiladi. Boz ustiga, o‘n yil oldin hali voyaga yetmagan bola bo‘lganlar Asqarovga oid barcha tafsilotlarni bilmasligi ham mumkin.  

Biz ushbu masala nechog‘li muhim ahamiyatga egaligi va nima uchun bu jarayonni kuzatishimiz kerakligi xususida so‘z yuritamiz.

Azimjon Asqarov kim? 

Asqarov Qirg‘iziston janubida yashagan eng taniqli huquq himoyachilaridan biridir. U “Aba” (“Havo”) huquqni himoya qilish tashkilotiga asos soldi va 15 yil davomida unga rahbarlik qildi. Ushbu tashkilot militsiya xodimlarining qiynoqqa solish holatlarini o‘rganish bilan shug‘ullangan. 

Asqarovning tashkiloti o‘zi tug‘ilib o‘sgan Jalolobod viloyati Bozorqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritadigan militsiya xodimlarining ishiga alohida e'tibor qaratdi.

Asqarov o‘rgangan eng mashhur ishlardan biri 2006 yilda sakkiz oy davomida noqonuniy ravishda hibsda saqlangan ayolga taalluqlidir. Militsiya xodimlari ayolni bir necha bor zo‘rlagan va u homilador bo‘lganda, homilani abort qilish uchun shifoxonaga olib borgan.

Asqarovning sa'y-harakatlari natijasida ikki nafar militsiya xodimi ishdan ozod etildi va to‘rt nafariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Asqarovning yana bir eng mashhur tekshiruvi militsiya qotillikni tan olishga majbur qilgan qirg‘izistonlik ayol bilan bog‘liq. U qotillikda ayblanayotgan ayolni izlab topib, uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sud zaliga olib bordi. Ayblanuvchi sud zalidan, Bozorqo‘rg‘on tuman prokurori esa ishdan ozod qilindi.

Asqarov “inson huquqi va demokratiya uchun kurashga qo‘shgan munosib hissasi” uchun “Insondan insonga” nufuzli mukofoti bilan taqdirlangan. 

Qamoqxonada qolayotgan Asqarov 2012 yilda Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining matbuot erkinligi bo‘yicha xalqaro mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Unda nega qamoqda qolmoqda?

Azimjon Asqarov 2010 yilning iyun oyida Qirg‘iziston janubida qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasidagi yuz bergan etnik to‘qnashuvlardan so‘ng hibsga olingan edi. 

Tergov huquq himoyachisini bozorqo‘rg‘onlik militsiya xodimi Miqtibek Sulaymonovni o‘ldirganlikda aybladi. Shuniingdek, unga ommaviy tartibsizliklar uyushtirish va mojaro paytida millatlararo nizolar keltirib chiqarish aybi qo‘yildi. 

Hibsga olinganidan so‘ng Asqarov bir necha kun qiynoqqa solingan. U qiynoqlar haqida o‘z advokatiga ma'lum qilgach, advokati keyingi himoya jarayonlaridan chetlatilgan.

Ayonki, Asqarovning etnik o‘zbek ekani millatchilik kayfiyatidagilarning darhol unga qarshi chiqishiga sabab bo‘ldi. Bu birinchi va ikkinchi instantsiya sudlari davomida ham bo‘y ko‘rsatdi, ya'ni Asqarov sud zalida noma'lum shaxslar tomonidan kaltaklandi. Uning advokatlari ham muntazam tazyiqqa uchragan.

2010 yilda mamlakat janubida ro‘y bergan mojarolardan keyin etnik o‘zbeklar eng qattiq jazoga tortildi. 2010 yil sentyabrda Asqarov ular safiga qo‘shildi. Bozorqo‘rg‘on tumani sudi uni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. 

Qirg‘izistondagi va undan tashqaridagi huquq himoyachilari Asqarov ustidan o‘tkazilgan sud ishini qattiq tanqid qildi.

Xalqaro yuristlar komissiyasining yakuniy xulosasiga ko‘ra, Asqarov ishiga oid 30 sahifadan iborat hukmdagi matnning yarmi militsiya xodimlarining Asqarovga qarshi ko‘rsatmalaridan, Asqarovning xatti-harakatlari va tavsiflaridan iborat. Huquq himoyachisining bayonoti esa atigi bitta xatboshiga joylashtirilgan. 

Bundan tashqari, hukmda o‘sha paytda mamlakat janubida yuzaga kelgan vaziyatlar inobatga olinmagan. Asqarovning so‘zlariga ko‘ra, sud guvohlarning ko‘rsatmalarini qabul qilmagan va huquq himoyachisini sudda o‘zini himoya qilish imkoniyatidan mahrum etib, uni oqlovchi dalillarni puxta o‘rganmagan. 

Xalqaro bosimlarga qaramay, 2010 yilda yuqori instantsiya sudlari Asqarovga tayinlangan umrbod qamoq jazosini o‘z kuchida qoldirdi.

Azimjon Asqarovning yakuniy so‘zi. Chuy viloyati sudi. 2017 yil yanvar.

Bundan keyin Asqarovni himoya qilish maqsadida qanday ishlar amalga oshirilgan?

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamjamiyat bir necha bor butun dunyo bo‘ylab Asqarovni qo‘llab mitinglar uyushtirdi, ammo bu yordam bermadi.  Ayniqsa, Oliy sudning qaroridan so‘ng apellyatsiyaga imkon qolmadi.

Asqarovning advokatlari BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga murojaat qildi, biroq qo‘mita amaliyotida har doim bo‘lganidek, bu shikoyatni berish va ko‘rib chiqish jarayoni bir necha yilga cho‘zildi. 

Faqat 2016 yilga kelibgina BMT Inson huquqlari qo‘mitasi Asqarovning qiynoqqa solinganini, huquq himoyachisiga nisbatan sud jarayoni adolatsiz o‘tganini tan oldi. 

Qo‘mita qirg‘iz rasmiylaridan Asqarovga nisbatan hukmni bekor qilib, uni darhol hibsdan ozod etishni talab qildi.

Asqarovning ishi qayta ko‘rib chiqish uchun Chuy viloyati sudiga yuborildi. 2016 yilgi muhokamalar davomida Asqarovning guvohlari birinchi marta sudda paydo bo‘ldi. 

Ammo bu yordam bermadi va BMT Inson huquqlari qo‘mitasi talablariga qaramay, Asqarovga tayinlangan umrbod qamoq jazosi hukmi o‘z kuchida qoldi. 

Keyinroq huquq himoyachisining ochlik e'lon qilishi va xalqaro harakatlarning yangi to‘lqini ham yordam bermadi. 

Nega Asqarov ishi bo‘yicha sud majlisi davom ettiriladi?

Biroq  Asqarov BMT qo‘mitasining qarori asosida Chuy viloyati sudi hukmi yuzasidan shikoyat qildi. Endi Oliy sud xalqaro tavsiyalarga rioya qilishi, Asqarovni ozod etishi yoki uni umrbod qamoqxonada qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilishi kerak. 

Asqarovning advokatlari bu jarayonni huquq himoyachisiga chiqarilgan hukmni bekor qilish uchun eng so‘nggi imkoniyat sifatida baholamoqda. Chunki himoya shikoyat qilish uchun mavjud barcha imkoniyatlardan to‘liq foydalanib bo‘lgan. 

Sudda Asqarovni “Bir Duyno — Qirg‘iziston” va “Ozodlik ovozi” huquq himoyachilari tashkilotlari advokatlari himoya qiladi.

Maqola kloop.kg nashri tomonidan tayyorlangan 

Tag‘in o‘qing
7 oktyabr 2020
Korruptsiya va nepotizm botqog‘iga botganlar, yetim haqini yeganlar, o‘g‘ri va firibgar mulozimlar, eshiting, revizor kelmoqda! U sizni fosh qiladi. ...
22 fevral 2019
Jizzaxlik huquq faoli O‘ktam Pardaev «Eltuz»ga bergan intervyusida shahar hokimligi unga qarshi da'vo arizasi bilan fuqarolik sudiga murojaat qilgani ...
3 sentyabr 2018
Gruziyadan chemodon ichida yashirinib Turkiyaga o‘tmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik 27 yashar F.T. ismli ayol ushlandi. Turk nashrlarining 1 sentyabr kuni ...
14 dekabr 2020
O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova korruptsiya bilan bog‘liq bir qator jinoyatlari uchun sudlanganidan so‘ng hozir ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...