Asosiy mavzular
11 may 2020

Maymunga o‘xshab qolmang

Bir manzara hech esimdan chiqmaydi. Adashmasam, 1996 yillar edi.

O‘rda bozorida paypoq olaman deb, rastalar oralab yurgandim. Bir joyda paypoq sotayotgan o‘rta yosh kishi ko‘zimga tanish ko‘rindi. Qaerda ko‘rgan ekanman? I-e, esladim! Matfakda ishlaydigan dotsent domla-ku! Bu yerda nima qilyapti? Nega paypoq sotyapti?

Dotsentning paypoq sotayotganini ko‘rib tanam muzladi.

O‘sha yillar viloyatlik o‘qituvchilar yozgi ta'tilda poytaxtga mardikor ishlagani kelardi.

U paytlar aspirantlar yotoqxonasida yashardim. Mardikor o‘qituvchilar ham men yashaydigan yotoqxonadan komendantga uch-to‘rt so‘m berib joy olardi.

Yuqori kurs talabasi edik. O‘zbek filologiyasi fakultetida o‘qiymiz.

Bizga iqtisod (qisqa kurs), falsafa, estetika, huquq kabi fanlardan boshqa fakultetlardan domlalar dars bergani kelardi.

Chamasi boyoqish domlalarning maoshi juda oz bo‘lsa kerakki, tanaffus payti katta oyna yonida gazeta parchasiga moxorka o‘rab chekardi.

O‘zim ham universitetda domla bo‘ldim. U payt uylangandim, qizim
tug‘ilgandi. Maoshim oilamning oziq-ovqatiga yetmasdi. Tuzukroq kiyim olishni hatto orzu qilib bo‘lmasdi. Majbur universitetni tark etdim. Hey, mendek universitet domlasining moddiy ahvoli dahshatli tarzda yomon edi.

Shunday! Mustaqillik sodir bo‘ldiki, o‘qituvchilar, olimlar jamiyatning ikkinchi sort odamlariga aylandi.

Yana nimalarni yozay?

Necha-necha iste'dodli yosh olimlar ilmni, universitetni tashlab, har tomonga tarqalib ketishdi.

Hozir vaziyat qanaqaligini bilmayman, ilm odamining sharoitidan xabarim yo‘q.

Demokratiya degan daraxt qaysi iqlimda yaxshi o‘sarkan, bizning iqlimda ko‘karishi qiyin bo‘lyapti.

Bahorda ekkan nihollarimizdan ayrimlar vaqtida ko‘karmaydi, lekin qurib ham qolmaydi. Bu kabi niholga alohida e'tibor qaratamiz, ko‘proq sug‘oramiz, ya'ni kurtak yozishiga ko‘mak beramiz.
Nihoyat, kunlardan bir kun shu niholimiz tanasida bo‘rtayotgan kurtak ko‘rinadi. Sevinamiz. Ko‘karmay, qurib qolishi ham mumkin.

To‘qsoninchi yillar boshida yurtimizda paydo bo‘lgan demokratik erkinliklar shu qadar qattiq zarbaga yo‘liqqan ediki, o‘ttiz yil o‘tsa ham o‘ziga kelish qiyin bo‘lyapti.

Yana nima deyish mumkin?!

Oddiygina faslga, kundalik obi havoga mos ravishda kiyinish uchun ham odamdan katta aql talab etadi.

Deylik, ertalab kiygan paypog‘ing yoki shiming tushga borib badaningni qizdirishi mumkin.

Yaqinlaringga mehribon bo‘lish, do‘stlarga yurakni toza tutish, qo‘shnining qiliqlariga sabr qilishga katta yurak zarar!

Xalqning og‘irini yengil qilish uchun shu xalq bilan joning, qoning bitta bo‘lishi lozim.

Og‘ir sharoitda tuproqqa belanib yashayotgan ayolning yuzida, ko‘zida, gapirish ohangida onangga, singlingga o‘xshashlik ko‘ra olsang, o‘sha ayolga jon tortasan.

Tog‘day turmush tashvishini yelkasida ko‘tarib, beli bukilib yot ellarda sarson bo‘lib yurgan vatandoshingning qiliqlari, ko‘zi, gavdasi dadangni yoki amakingni eslatsa, shu insonga yordam qo‘lini cho‘zasan.

Agar oddiy xalqqa biror joying, fikrlashing, tuyg‘ularing o‘xshamasa, xalq taqdiri senga bir pul!

Jamiyatdagi illatlarni, xalqning cho‘ntagiga qo‘l solayotgan o‘g‘rilarni, xalqning tili va tarixiga bepisandlik qilayotganlarni shunchaki bekorchilikdan yoki hasad, ko‘rolmaslik sabab tanqid qilmaymiz.

Jamiyatdagi illatlar bilan murosa qilmasligimiz, aksincha, illatlarga toqatsizligimizning asosiy sababi shuki, singlimiz, o‘g‘il-qizimiz, nabiralarimiz yelkasidagi mashaqqat tog‘lari ozaysin, turmushiga nur kirsin, taqdiri oyoq-osti bo‘lmasin, deymiz.
Bizda boshqa g‘araz yo‘q!

Bizlar jamiyatni tanqid qilib hech foyda ko‘rmaganmiz, aksincha, zararimiz ummon qadar, illatlarga ko‘z yumib topilgan obro‘, qozonilgan boylikdan esa har doim nafratlanganmiz, bunday imtiyozlar sotqinlik, vijdonsizlik mevasi, deganmiz!

Kiyimingdagi, tanangdagi nuqsonni begona ko‘zlardan yashirganingdek, qiyomiga yetmagan, xom va sayoz fikrlaringni ham oshkor etishdan tiyil.

Maymun senga qarab turli xil qiliqlar qiladi, ming‘irlab nimadir deydi, sen esa uni tushunmaysan, nima demoqchi ekanini, maqsadi nimaligini anglamaysan.

Oxiri maymun senga teskari o‘girilib, yonboshlab, to‘nqayib, qip-qizil ketini ko‘rsatadi, shunda sen maymunning ming‘irlab nima gap aytmoqchiligini payqaysan.

Qurg‘ur maymun ming‘irlab, qo‘llarini siltab, ketini maqtayotgan ekan.

Shu maymunga o‘xshamanglar, aytar gaplaring lo‘nda bo‘lsin, ming‘irlab qiliq qilmanglar!

Ëzuvchi Rahimjon Rahmat hikoyasi

Tag‘in o‘qing
28 fevral 2022
Ukraina atrofidagi 27-dan 28 fevralgacha bo‘lgan kun davomidagi o‘zgarishlar qisqacha Yevropa Ittifoqi o‘z tarixida birinchi marta Ukraina uchun qurol ...
2 fevral 2021
«Eltuz» shoir va muxolifatchi Muhammad Solihning yangi badiiy asari, falsafiy esse formatida yozilgan – «Imperativ» kitobining audioversiyasini taqdim qiladi. ...
10 aprel 2017
«Oila va jamiyat» gazetasida (05.04) «Nega topganimizda baraka yo‘q?» maqolani o‘qirkan, jurnalist iddaosidagi turli paradokslarga duch keldik. Maqola O‘zbekistondagi ...
9 may 2019
“Ishdagi ishq”, “Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi”, “Sannikov yeri” kabi kinolarni o‘zbek tilida gapirtirgan dublyaj rejissyori Mirg‘iyos Soatov 9 may ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...