Asosiy mavzular
22 iyun 2020

Tushkun holatdan islohot sari odimlagan mamlakat: O‘zbekiston paxta dalalarida majburiy mehnatdan voz kechmoqda

Yevropadagi eng nufuzli gazetalardan biri, Tsyurixda chop etiladigan Neue Zürcher Zeitung o‘tgan haftada o‘zbek paxtasi, majburiy mehnat va O‘zbekiston hukumatini paxta sektorini isloh qilishga undagan huquq himoyachilari haqida maqola e'lon qildi. 

“Eltuz” ushbu maqolaning tarjimasini taqdim etadi.

Dunyoda deyarli nomi chiqmagan O‘zbekiston kichik bir inqilobni boshidan kechiryapti. Paxtachilik sektorida ilgari keng qo‘llanilgan majburiy mehnat amaliyotiga barham berilmoqda. Savol tug‘iladi: Markaziy Osiyoning ushbu mamlakatiga nisbatan joriy qilingan to‘qimachilik mahsulotlari boykoti bekor qilinishi mumkinmi?

Qachonlardan buyon o‘zbekistonlik millionlab erkagu ayollar har yili kuzda avtobusda paxta yig‘im-terimiga safarbar qilinar edi. Ular dalada ertalabdan kechgacha jazirama issiqda “oq oltin”ni arzimagan ish haqi evaziga, yana qat'iy nazorat ostida terib olishga majbur edilar. Hatto bolalar ham ushbu majburiy tizimga jalb qilinib, garchi daladagi ish mobaynida u yerdagi pestitsidlar sog‘liqqa xavf tug‘dirsa-da, ular o‘zlarining “vatanparvarlik burchlarini” ado etishlari shart edi.

Bu amaliyot Sovet Ittifoqi davrida kommunistik davlatni rejalashtiruvchilar O‘rta Osiyodagi ushbu respublikani eng muhim paxta yetkazib beruvchi roliga tayinlagan paytdan boshlangan. Ammo 1991 yildagi mustaqillikdan so‘ng ham eski tizim xuddi avvalgidek davom etdi. Dastlab paxta O‘zbekiston eksportining 90 foizini tashkil etar edi. Prezident Islom Karimov uzoq yillar davomida amalga oshirgan iqtisodiy siyosat har bir viloyat ushbu xorij valyutasi manbaiga hissa qo‘shishini ta'minlab keldi. Avtoritar tuzum paxta teruvchilar yetishmasligi sababli davlatga qarashli korxonalar, hatto maktab va shifoxonalar xodimlarini majburan terimga jalb qildi. Chet elda bunga qarshi ko‘p yillar davomida o‘tkazilgan norozilik chiqishlari uzoq vaqt befoyda bo‘lib keldi. 

O‘tmishdan yiroqlashuv

2016 yilda Karimov vafot etguniga qadar sohada burilish yuz bermadi. Taajjubki, yangi prezident Shavkat Mirziyoev Karimov rejimi merosi bo‘lgan ayrim muammolarni, jumladan, majburiy mehnatni bosqichma-bosqich tugata boshladi. Ajablanishning sababi shundaki, Mirziyoev Karimovning yigirma yillik sadoqatli amaldori bo‘lib, avvaliga viloyat hokimi, so‘ngra hukumat rahbari lavozimlarida ishlab keldi. Bu yil Mirziyoev ikkita tarixiy hujjatga imzo chekdi. Birinchisi, yanvar oyida islohot o‘tkazdi. Unga ko‘ra, mahalliy amaldorlar va kompaniya rahbarlari paxta terimida ishchilarni majburiy yollagani uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi, qonunbuzarlar uch yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Ikkinchisi, mart oyida u Sovet Ittifoqi davridan beri paxta yetishtirish uchun an'anaviy davom etayotgan har yilgi davlat buyurtmasi va davlat xaridlari tizimini bekor qildi. Endilikda fermerlar ekin ekish, hosilni qanday yig‘ish va paxtani kimga sotish to‘g‘risida ko‘proq erkinlikka ega bo‘lishlari kerak.

“Bu juda katta yutuq”, deydi Bennett Friman. Friman AQShning sobiq diplomati bo‘lib, hozir paxta sohasida bolalar va majburiy mehnatni tugatish bo‘yicha ish olib borayotgan nodavlat guruhlarni tamsil etuvchi Cotton Campaign rahbaridir. Biroq, Frimanning ta'kidlashicha, davlat rahbaridan tashqari viloyat hokimlari majburiyatlari ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mirziyoevning buyruqlari ijrosi hozircha to‘liq ado etilmay qolmoqda.

Lekin qisqa vaqt ichida O‘zbekiston bosib o‘tgan yo‘lni raqamlar bilan ifodalash mumkin. Fevral oyida e'lon qilingan hisobotida Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) O‘zbekistondagi bolalar mehnati endi katta xavotirga sabab bo‘lmayotgani va talabalar, o‘qituvchilar, shifokorlar va hamshiralarni tizimli ravishda terimga jalb qilish to‘xtatilganini ta'kidladi. XMT hisob-kitobi 7000 ta joyda o‘tkazilgan so‘rov natijalari yordamchilarning atigi 6 foizi o‘tgan yilning kuzgi terimida majburan ishtirok etganini ko‘rsatgan. To‘rt yil oldin bu ulush 14 foiz edi. Xuddi shu davrda bir kilogramm paxta uchun haq to‘rtdan yetti baravargacha oshirildi. Ushbu o‘sish ekspluatatsiya amaliyoti orqaga chekinayotgani va ishtirok etganlar endilikda haqiqiy kompensatsiya olayotganidan dalolatdir. 

Bosim ish bermoqda

Bu xalqaro boykot harakati uchun ajoyib muvaffaqiyatdir. Asosan, uning tazyiqi tufayli Toshkentdagi rahbariyat paxta sohasini chuqur isloh qilishga kirishdi. Cotton Campaign 2011 yilda boykot chaqirig‘ini e'lon qilganida O‘zbekiston umidsiz holatdagi, hech bir dissidentga toqat qilmaydigan, uzoq muddat boshqarayotgan o‘jar hukmdor boshchiligidagi va korruptsiyaga botgan politsiya davlatidek ko‘ringan edi. Agar mamlakat xalqaro miqyosdagi muhim xabarlarda ko‘rinib qolsa ham, ehtimol, bu Prezidentning shafqatsiz va ochko‘z qizi Gulnora Karimova bilan bog‘liq edi. Uning Shveytsariyadagi hisob raqamidagi 800 milliondan ortiq shveytsariya franki 2012 yilda pul yuvishda ayblangani sababli muzlatib qo‘yilgandi.

Ilk bor 2013 yilda umid uchqunlari porladi. O‘zbekiston paxta yig‘im-terimi davrida birinchi marta Xalqaro mehnat tashkiloti kuzatuvchilari missiyasiga ruxsat berdi. Mamlakat hanuz majburiy mehnat muammosini rad etib kelar, buni boshqa usullar bilan isbotlashi mumkin bo‘lgan mahalliy faollarni ta'qib qilardi. Ammo xalqaro bosim ostida Karimov hayotligi paytidayoq bolalar mehnatidan foydalanishga barham berildi. Uning vorisi boshchiligidagi katta yoshlilarni tizimli ravishda majburiy mehnatga safarbar qilish siyosati endi tugatildi.

Bu esa xalqaro boykotning kelajagi haqida savol tug‘diradi. Bu tadbirga to‘qimachilik sanoati ishlab chiqaruvchilari, moda brendlari va do‘konlar tarmoqlarining 305 vakili qo‘shildi, ular orasida Walmart, Costco, H&M va Ikea singari taniqli nomlar bor. Ular toki Toshkentdagilar paxta sohasida majburiy mehnatni bekor qilmagunicha, o‘zbek paxtasini o‘zarining to‘qimachilik mahsulotlariga aralashtirmaslikka va'da berishdi.

Bu maqsadga hali-hanuz erishilgani yo‘q. Oxirgi yig‘im-terimda Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan hisoblangan majburiy ravishda yollangan 102 000 nafar yordamchining taxminiy soni hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Ammo XMT ma'lumotlariga ko‘ra, bu ba'zan mahalliy miqyosda barham berish qiyin bo‘lgan eski an'analarning qoldig‘idir. Hattoki boykot fronti vakillari ham davlat rahbarining o‘zi bunday amaliyotni yo‘q qilish istagida ekanini tasdiqlaydilar.

Oldinda qaysi yo‘l turibdi?

Ayni paytda Toshkentda betoqatlik kuchaymoqda. Rejim o‘z islohotlari samarasini ko‘rishni xohlamoqda. O‘zbekiston paxta yetishtirish bo‘yicha Hindiston, Xitoy, AQSh, Braziliya va Pokistondan keyin oltinchi o‘rinda turadi. Boykot qilinmasa, bu o‘tgan yilgi eksport daromadidan 1,6 milliard dollar ko‘proq foyda keltirishi mumkin.

G‘arb kompaniyalarining taqiqlari shuni anglatadiki, O‘zbekiston o‘z paxta mahsulotlarini boshqa davlatlarga nisbatan arzon narxlarda sotishi kerak. Uchdan ikki qismi Rossiya va Xitoyga ketadi.

Aprel o‘rtalarida O‘zbekiston mehnat vaziri Nozim Husanov qilingan xatti-harakatlarni qadrlash va sanktsiyani bekor qilish iltimosi bilan boykot kaolitsiyasiga ochiq xat yo‘lladi. Vazir buni islohotlarni yanada jadallashtirish vositasi va koronavirus inqirozida shoshilinch ravishda zarur bo‘lgan birdamlik harakati sifatida taqdim etdi. 

O‘zbekiston jamiyati chet eldagi o‘zbek ishchilarining pul o‘tkazmalariga qattiq tayanib qolgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, inqiroz tufayli 140 000 ta o‘zbek allaqachon uylariga hech qanday daromadsiz qaytgan.

Shunga qaramay, Cotton Campaign boykotni muddatidan oldin tugatish va ishchilar huquqlariga rioya qilish uchun qo‘shimcha kafolatlar zarurligini aniq ko‘rsatdi. Germaniyada quvg‘inda bo‘lgan huquq himoyachisi Umida Niyozova o‘zbek paxtachiligidagi majburiy ishchilar soni Xalqaro mehnat tashkiloti hisob-kitoblaridagidan kamida ikki baravar ko‘pligini taxmin qilmoqda. Niyozova boykot alyansi a'zolaridan biri bo‘lgan Uzbek Forum for Human Rights tashkiloti rahbaridir. Uning so‘zlariga ko‘ra, joylarda tashkilotning ko‘plab xabar yetkazuvchilari bo‘lib, ular majburiy mehnat masalasida mustaqil surishtiruvlar olib borishadi.

Shuningdek, Niyozova muhim yutuqlarni sanab, jumladan, siyosiy mahbuslarning ozod qilinishi va paxta yig‘im-terimidagi vaziyatni o‘rganish paytida faollar endi hibsga olinishdan qo‘rqmasliklarini tan oladi. Ammo Karimov davrida vaqtincha qamoqda o‘tirgan sobiq jurnalistning aytishicha, o‘zbek fermerlari hanuzgacha davlatga butunlay qaram. Uning fikricha, rasmiy ravishda bekor qilingan davlat rejalashtirishi shunchaki quyi darajalarga o‘tish xavfi mavjud bo‘lib, ishlab chiqarish talablariga javob beradigan muayyan bosim turg‘unligicha qolaveradi. “Tizimni tubdan o‘zgartirish kerak”, deya ta'kidlaydi u.

Siyosiy islohotlar ortda qolyapti

Cotton Campaign hammuassisi Friman yana bir kamchilikni alohida eslatib o‘tadi. Uning alyansi boykotni bekor qilish uchun zarur shart sifatida o‘zbek fuqarolik jamiyatini kuchaytirishni so‘ramoqda. Faollarga o‘z tashkilotlarini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish juda qiyinligicha qolmoqda. “Biroq paxta sohasida shaffoflik va hisobdorlikka erishish uchun mustaqil ovozlar kerak”, deydi Friman.

Shunga qaramay, boykot kaolitsiyasi Toshkent tuzumiga javoban muayyan yengilliklar berishga tayyorligini bildirdi. U brendlarini O‘zbekistondan majburiy mehnatsiz yetishtiriladigan paxtani sotib oliga undash tashabbusini e'lon qildi. XMTning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Xayns Koller ham xuddi shunday fikrlarni bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “mas'ul manbalar” mezonlariga mos keladigan o‘zbek paxtasini yana xarid qilish uchun zarur asoslar mavjud.

Koronavirus pandemiyasi tufayli xalqaro to‘qimachilik kompaniyalari savdosi kamayib ketayotgan va yangi xomashyo bozorlariga kirishni unchalik xohlamayotgan bir paytda zaruriy nazorat tizimini o‘rnatish katta da'vat bo‘lib qoladi. O‘zgarish darhol yuz bermaydi. Biroq imkoniyat eshiklari ochilib, Markaziy Osiyodagi yakkalanib qolgan davlat paxtasidan to‘qilgan matolar yana bir kun g‘arbdagi javonlarga tushishi ehtimoldan xoli emas.

Maqola originali  Neue Zürcher Zeitung gazetasida e'lon qilingan. “Eltuz” tarjimasi.  

Tag‘in o‘qing
7 iyul 2019
Xayrullo Fayz 1970 yilda Ho‘jandda tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini bitkazgan. Bi Bi Si radiosining o‘zbek xizmatida ishlaydi. Ochilgan ko‘zdan ...
21 may 2018
“Eltuz”ning Andijon shahridan olgan ma'lumotlariga ko‘ra, viloyatda institutlar soni bittaga kamaydi. 4 ta oliy ta'lim dargohidan biri – Andijon ...
21 iyun 2017
Prezident Mirzieev tashabbuslari bilan o‘zbekistonliklarni hursand qilishda davom etmoqda. 15 iyun kuni, Shavkat Mirziyoev Turkmanistonga safari ortidan, respublikada ham ...
26 sentyabr 2019
Shoir va jurnalist Mahmud Rajab taqdiri borasida O‘zbekistondagi mahalliy jurnalistlarning jur'ati Xorazm viloyati IIBning u haqdagi rasmiy bayonotlarini e'lon ...
Bloglar
10 may 2021
«Eltuz» kanalida o‘zining “Nyu-Yorkdan nazar” videoblogini yuritayotgan 70 yoshli qishloq xo‘jaligi mutaxassisi Ismoil Ospanov klasterlar ...
6 may 2021
1881 yilning 6 mayida Mixail Skobelev boshchiligidagi rus kolonizatorlari Xiva xonligiga qarashli Axaltaka viloyatini okkupatsiya ...
29 aprel 2021
Feminizm deya og‘izlaringning ikki chetida tupuk yaltirab tirjayasizlar, o‘zlaringcha iyaklaringni ko‘tarib kinoya qilasizlar, go‘yo bizning ...