Asosiy mavzular
24 avgust 2020

Bobomurod ozod etildi, biroq tergov tugagani yo‘q

Bishkekdan maxsus harbiy samolyotda 22 avgust kuni Toshkentga olib kelingan jurnalist Bobomurod Abdullaev Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tarafidan sakkiz soat so‘roq qilingach, uyiga qo‘yib yuborilgan.

Kun davomida “Eltuz” qo‘yilayotgan ayblovlarga aniqlik kiritish uchun  Bobomurodga qo‘ng‘iroq qildi, lekin u bilan bog‘lana olmadi.

Faqat toshkentlik faol Abdurahmon Tashanov Bobomurod Abdullaev bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lgan. Bobomurod, uning aytishicha, «munosib xulq-atvor qoidalariga rioya qilishi to‘g‘risidagi tilxat” evaziga qo‘yib yuborilgan, unga belgilangan “tergov ehtiyot chorasi o‘zgartirilgan va bundan buyon jurnalist ochiqda turib tergov qilinadi”.

Qisqa suhbatda Bobomurod Abdullaev o‘zining himoyasi uchun bayonotlar bergan xalqaro tashkilotlar, jurnalistlar, faollarga, jumladan, AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyumga minnatdorlik bildirdi. 

Bundan bir kun oldin Bobomurod Abdullaev tarmoqda tarqalgan videomurojaatida “onasining iltimosini inobatga olgani uchun” Shavkat Mirziyoevga minnatdorlik bildirgan edi.  

9 avgust kuni Bobomurod Abdullaev O‘zbekiston talabiga ko‘ra Bishkekda ushlangan. Bishkek shahrining Birinchi may tumani sudi 10 avgust kuni ehtiyot chorasi sifatida o‘zbek jurnalisti Bobomurod Abdullaevni 8 sentyabrga qadar hibsxonada qoldirishga qaror chiqargan edi. 

Bobomurodning Bishkekda jurnalistlarga aytishicha, uni “Qora mergan” taxallusi ostidagi maqolalarni yozganlikda gumon qilib, Mirzo Ulug‘bek tumani sudi 23 iyul kuni unga nisbatan  “sirtdan ayblov e'lon qilgan”. 

Telegramdagi «Qora mergan» akkaunti prezident Mirziyoev kuyovining akasi Ulug‘bek Tursunovga qarshi jiddiy ayblovlar aks etgan izohlarni chop etgan edi. 

Londonda faoliyat yurituvchi siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov o‘zining feysbuk sahifasida quyidagilarni yozdi: 

«Men bu (Ulug‘bek Tursunov haqidagi – tahr.) postlarning haqiqiy ekanini tasdiqlay olmayman. Ammo Bosh prokuratura tomonidan ayni materiallar bo‘yicha ish ochilgani yoki tekshirish olib borilayotgani haqida hech qanday xabar berilmadi. Raddiya ham berilmadi. Mutlaqo hech narsa. Axir materialda, agar u tasdiqlansa, davlat rahbarining oilasiga kirib kelgan korruptsiya faktlarini fosh qiluvchi ma'lumotlar mavjud. Mamlakat xavfsizligiga real tahdid mana qaerda, chunki korruptsiya bor joyda mamlakat manfaatlari sotiladi. Milliy xavfsizlikka bu kabi tahdidlarning oldini oladigan xabar uchun uning muallifiga  faqat minnatdorlik bildirish kerak edi.

Bosh prokuratura chiqarilgan xabarlarning mazmuniga munosib baho berib jamiyatni xabardor qiladi, degan umidda (“Qora mergan” yozgan ma'lumotni) qisqacha keltirib o‘taman.

Shunday qilib, xabarning qisqacha mazmuni. Unda aytilishicha:

1) Ulug‘bek Tursunov go‘yoki milliarder Alisher Usmonovning dizayneri Ferutdin Zokirovning biznesiga «naezd» qilgan (tafsilotlari, shuningdek, buning qanday yakunlangani noma'lum);

2) Toshkent shahridagi “Arkada” savdo markazi egalari «Yashka Tashkentskiy» va Ribalskiylardan yuzlab va hatto millionlab dollar olgan”. Go‘yoki Ulug‘bek Tursunov bu pulni xotinining aka-ukalari, “jinoiy avtoritetlar” Edem va Rustem Osmanovlar orqali olgan (ularning kimligi, shuningdek, qaysi xizmatlari uchun pul olgani, buning evaziga qanday aktivlar va imtiyozlar so‘ralgani ham noma'lum).

3) Va nihoyat, Ulug‘bek Tursunovning “kreditorlari” tovarlarni, ya'ni va'da qilingan xizmatni stolga qo‘yishni yoki go‘yo pulni qaytarishni talab qilishgan. Bunga javoban u kelasi yili bo‘lib o‘tadigan prezident saylovidan keyin ichki ishlar vaziri lavozimini egallab, va'da qilingan ishlarni oxiriga yetkazishiga ishontirgan.

Yana bir bor aytaman, men bu gaplarning rostligiga kafolat berolmayman. Ammo aytilgan gaplar qisman tasdiqlanmoqda, masalan, Ulug‘bek Tursunovning Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasidagi lavozimidan ajralgani tasdiqlandi. Shundaymi? Agar shunday bo‘lsa, aynan nima uchun? Biz faqat mish-mishlar va gap-so‘zlarnigina eshityapmiz, lekin rasmiylarning o‘zlari bu haqda og‘iz ham ochishmaydi”, deb yozdi tahlilchi Alisher Ilhomov.

Bobomurod Abdullaev «Qora mergan» akkauntiga hech qanday aloqasi yo‘qligini bir necha bor ta'kidlagan. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 dekabr 2016
O‘tgan hafta birdaniga to‘rtta viloyat hokimi ishdan bo‘shatildi. Undan ilgari ham bir qancha eski amaldorlar yangilariga almashtirilgan edi. Tahlilchilarga ...
28 mart 2016
Bugun Eltuz.com “Kun karikaturasi” ruknida rassom Elsevarning yangi karikaturasini taqdim etadi. Bunda rassom bugungi O‘zbekistondagi tanish holat – ishsizlik ...
5 oktyabr 2018
“Ularning gimn bilan shug‘ulanmoqdan boshqa ishi yo‘q deb o‘ylaganmiding? Ertaga ham meni bu yerga yetaklab keladigan bo‘lsang, bugungidan besh ...
30 aprel 2019
O‘zbekiston Oliy sudi joriy yilning 16 aprel kuni jurnalist Bobojonovlarga tegishli uylarni tortib olish to‘g‘risidagi sud qarorlarini o‘z kuchida ...
Bloglar
1 dekabr 2020
«Oshin» – 1983 yilda Yaponiyada suratga olingan ko‘p qismli film. Bosh rollarda Nobuko Otova, Yuko ...
25 noyabr 2020
Kuzda ketib kuzda qaytdim Sovet Armiyasi safidan. Bizni armiya safiga oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limidan ...
24 noyabr 2020
“Humo” nomli uchoq shirkati haqida gap chiqishi bilan eronlik do‘stlarim o‘zbeklarni plagiatda aybladi. Eronda “Humo” ...