Asosiy mavzular
31 avgust 2020

31 avgust – O‘zbekistonda siyosiy qatag‘on qurbonlari xotirasi kuni

31 yanvar O‘zbekistonda siyosiy qatag‘on qurbonlari xotirasi kuni sifatida nishonlanadi. Shu munosabat bilan bugun Shavkat Mirziyoev Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi. Majmuadagi ramziy qabr yonida qatag‘on qurbonlari ruhlariga bag‘ishlab Qur'on tilovat qilindi.

1937-53 yillarda O‘zbekistonda 100 ming odam qatag‘onga uchragan. Ularning 13 ming nafari otib tashlangan. Qanchadan-qancha oilalar xonavayron bo‘lib, bolalar yetim qolgan, deya yozdi mamlakat rasmiy nashrlari. 

“Bu insonlar haqiqiy yetakchilar, ilg‘or ziyolilar, adabiyot, madaniyat namoyandalari, boshqacha aytganda, millatimizning, xalqimizning eng sara vakillari edi. Tasavvur qiling, agar ular qatag‘on qilinmaganida Vatanimiz rivoji uchun, ilm-fan, iqtisodiyot, madaniyat va adabiyotimiz uchun qanday buyuk ishlar qilgan bo‘lar edi, xalqimizni oldinga boshlardi. Shu bilib turib qilingan. Bugun buni armon bilan eslaymiz», dedi Prezident Mirzieev.

Siyosiy qatag‘onlar haqida gap borarkan, O‘zbekistonda faqat Stalin davridagi rejim qurbonlari haqida eslanadi. Holbuki, O‘zbekiston mustaqil bo‘lgach, minglab siyosiy qurbonlar paydo bo‘ldi, ular siyosiy moddalar bilan sudlanib turmalarga tashlandi.

Bugun biz diktator Islom Karimov qurbonlaridan biri sobiq siyosiy mahkum Murod Jo‘raev haqida eslaymiz.

Murod Jo‘raev panjara ortida 21 yil o‘tirdi. U «Erk» demokratik partiyasi a'zosi, O‘zbekiston SSR Oliy Soveti deputati va Muborak shahri hokimi bo‘lgan. 1994 yilning 18 sentyabrida hibsga olinib, muxolifatdagi «Erk» partiyasi lideri Muhammad Solih bilan birgalikda hokimiyatni kuch bilan bosib olishda ayblandi. 1995 yilning martida Jo‘raev 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi, biroq keyinchalik uning jazo muddati Jinoyat kodeksining 221-moddasi («Jazoni ijro etish muassasi ma'muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik»)ga asosan besh marta uzaytiriladi. Murod Jo‘raev 2015 yilning 12 noyabrida, og‘ir kasal holida ozod etildi. Ozodlikda ikki yil hayot kechirib, Murod Jo‘raev 2017 yilning 4 dekabrida vafot etdi.

MUROD JO‘RAYeV BILAN SO‘NGGI UChRAShUV

Murod Jo‘raev xotirasiga Muhammad Bekjon

2000 yil 18 noyabr kuni kechqurun Zangiota zonasidagi hamma 159 lar qatori meni ham Toshturmaga olib kelishdi. Mahbuslarni sektorlarga tarqatish boshlandi, menga to‘rtinchi ovulning yerto‘lasi “nasib” etdi. Kapitan unvonidagi bir kishi mening oldimga keldi va “Begjonov, yuring men bilan”, dedi va meni 4-ovulning yerto‘lasiga olib keldi. Kapitan meni yerto‘ladagi bir xonaga (kamera emas) kiritdi va xonada yozuv-chizuv qilib o‘tirgan yosh leytenantga qoldirib, o‘zi qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi.

– Qaerdan kelyapsiz? – so‘radi leytenant yozuv-chizuvini davom etib.

– Zangiota zonasidan, – dedim men.

Leytenant menga bir qarab qo‘yib, ishini davom ettirar ekan, so‘radi:

– Xm-m, Zangiotadan deng… Xo‘sh, qalay ekan u zona? Yoqdimi?

– Tushunmadim, nima deganingiz u – “yoqdimi?”

– Sharoitlari, yeyimlik-ichimliklari yaxshimi, demoqchiman.

– Ha, yaxshi, haqiqiy kurort joy ekan, – dedim.

Leytenant bu gapga unchalik e'tibor bermadi, oldida turgan katta jurnaldan nimalarnidir ko‘chirib olib, qalin daftarga yozib qo‘yardi.

– Statyangiz qaysi? – dedi u yozishda davom etib.

– Bir dasta statya qo‘yib tashlashgan menga. Hammasini aytaveraymi?

– Albatta-da, hamma statyani aytasiz, – dedi leytenant g‘o‘ddayib.

– 158-modda 3-qismi, 159-modda 3-qismi, 216-modda, 242…

– Stop, stop, stop! O‘-ho‘, dahshat statyalar ekan-u! Qaysi oqimdansiz?

– Oqim emas, “Erk” partiyasidanman. Eshitganmisiz shunday partiyani?

– Ha, eshitganman, prezidentimizga qarshi kurashgan partiyami?

– Aksincha, prezidentingiz qarshi kurashgan va hozirgacha tish-tirnog‘i bilan qarshi kurashib kelayotgan partiya…

Bu paytda kapitan xonaga kirdi va yerto‘la dahliziga chiqishimni aytdi. Dahlizda Murod Jo‘raev, Zayniddin Asqarov va Fozil Asqarovlar turishardi.

Men, Fozil va Zayniddinga qarata kapitan:

– Shu yerda gurunglashib turinglar, – dedi va Murod Jo‘raevni oldiga solib, dahliz oxiriga qarab ketdi.

Biz uchovimiz bir-birimiz bilan qo‘l olib ko‘rishdik. Men Zayniddinga: “Bularning nog‘orasiga o‘ynab, yaxshi ish qilmadingiz”, dedim. Zayniddin: “Ha, aka, yomon siyosiy o‘yin qilishdi bular…”, dedi.

Kapitan qaytib keldi-da, Zayniddin va Fozilni qarshimizdagi kameraga kiritdi va kamera eshigini qulflab bo‘lib, mendan:

– Podelnigingiz bilan gaplashasizmi? – deb so‘radi.

– Qaysi podelnigim bilan? – so‘radim kapitandan.

– Murod Jo‘raev bilan…

– Albatta, men sizdan minnatdor bo‘lgan bo‘lardim, kapitan.

– Hozir, bir soat, yarim soatdan keyin Murod Jo‘raevni Qiziltepaga etap qilishadi. Shungacha gaplashib olinglar, – dedi kapitan.

– O‘rtoq kapitan, siz qaerdan bilasiz bizning podelnik ekanligimizni? – so‘radim kapitandan.

– Murod Jo‘raevning o‘zi aytdi, – javob berdi u.

Kapitan bilan yerto‘la dahlizining eng oxirgi kamerasi eshigi oldiga kelib to‘xtadik.

– Ismingiz kim, kapitan? – so‘radim kapitandan.

– Nima edi? – so‘radi kapitan. – Mabodo bunday yomonotliq joylardan omon-eson chiqish nasib qilsa, “mentlar ichida ham yaxshi odamlar bor edi”, deb aytishga.

– Shart emas, tani-joningiz sog‘ bo‘lsa bo‘ldi, aka.

– Rahmat sizga, kapitan, Olloh ajringizni bersin yaxshiligingiz uchun, – dedim men. Kapitan “rahmat” degandek bosh irg‘ab qo‘ydi va Murod aka o‘tirgan kamera eshigini ochib, menga “kiring”, dedi.

Murod aka men bilan quchoqlashib ko‘risharkan, unsiz yig‘ladi. 1994 yil bahorida Istanbulda ko‘rganim Murod Jo‘raevdan asar ham qolmagan edi.

– Nimaga ko‘zyosh qilyapsiz? – so‘radim Murod akadan.

– Bir SPPchi maraz o‘ris, “Podelnigingiz Begjonovni Jasliqda qiynab o‘ldirishdi”, deb qasam ichib, meni ishontirgan edi. Sizni tirik ko‘rib, quvonchdan yig‘ladim…

– Murod aka, qamoq sizni juda ko‘ngilchan, yumshoqtabiat qilib qo‘yibdi. 1994 yil bahoridagi Istanbuldagi uchrashuvimiz esingizdami? O‘shanda juda qattiqqo‘l, gerdaygan, haddan tashqari o‘ziga ishongan kishi bo‘lib tuyulgandingiz menga.

– Qamoq har qanday toshbag‘ir odamni ham ko‘ngilchan odamga aylantirsa kerak, deb o‘ylayman. Masalan, Ahmadjon (Odilov) aka bilan o‘zingiz gaplashib ko‘rdingiz. Sovet Ittifoqining kazo-kazolari bilan qo‘l berib ko‘rishib yurgan, O‘zbekiston bosh rahbari egilib salom berib yurgan odam qamoqqa tushdi-yu, oldingi dabdabali g‘oz yurishidan, avvalgi manmanliklaridan asar ham qolmadi. To‘g‘ri, men ham cho‘rtkesar, qaysar bo‘lganman. Lekin hozir ham, ya'ni to‘rt devor ortida o‘tirgan bo‘lsam-da, o‘z pozitsiyamdan qaytganim yo‘q. Gapirish kerak bo‘lgan joyda ko‘ngilchanlik yoki yumshoqtabiatlik qilib “sizniki ma'qul”, yoki “bu yer qamoqxona ekan” deb qisib o‘tirganim yo‘q, men gapiryapman.

Ko‘zlardagi namlanishga kelsak, hammamiz ham ojiz bandamiz, qotib yotgan tosh emasmiz. Yaqinlarimizning boshiga kulfat yog‘ilsa yoki azob chekayotganini bilsak, ko‘zimizga yosh kelishi tabiiy narsa, deb o‘ylayman…

Bunday ko‘ngilchanlik akangizda ham bor. 1991 yilgi prezidentlik saylovlaridan keyin Raisda juda katta imkoniyat bor edi prezident bo‘lishga, lekin u ko‘ngilchanligi sabab, bu imkoniyatni qo‘ldan boy berdi.

– Qanday imkoniyat bor edi?

– O‘sha saylovlarda aslida Solih aka ko‘p ovoz olgan edi. Shu paytda xalq ham bizlarni qo‘llab turgan edi. Vuzgorodokdagi voqealardan so‘ng xalqni mitingga chorlash kerak edi…

– Murod aka, siz hokim bo‘lib ishlaganingiz bilan o‘zbek xalqining psixologiyasini bilmas ekansiz. Esingizda bo‘lsa, bu to‘g‘rida Qiziltepa zonasida ham ko‘p bahslashganmiz. O‘shanda ham aytgandim, hozir yana qaytaraman: O‘zbekka miting kerak emas, o‘zbekka ko‘rpa-to‘shak bilan yostiq kerak. “Och qornim – tinch qulog‘im”, degan atamani o‘zbek o‘ylab chiqargan.

Murod aka, yaxshisi, bo‘lib o‘tgan sud majlisi to‘g‘risida gurunglashaylik. Sizni ham guvohlik berishga chaqirishibdimi?

– Ha-da. Bular boshqa nimaga ham chaqirardi.

– Sizni Toshkentga qachon olib kelishdi?

– Bir yarim oydan beri MVD podvalida edim. Tepada, oltinchi etajda ministr Zokir, biz esa podvalda…

– Demak, sizni ham “yaxshi” guvohlik berishga “tayyorlash” uchun oldindan chaqirishgan ekan-da. IIV yerto‘lasidamidingiz siz ham?

– Muhammad, bizlarni Toshkentga chaqirsa, bilingki, faqat MVD podvaliga olib kelishadi. “Erk”ni batamom yo‘q qilishni kreslodagi qo‘tir eshshak ukasi Zokir qo‘tirga (Zokir Almatovga) topshirgan.

– “Qo‘tir eshshak” deganingiz kim bo‘ldi? – deb kulib yubordim.

Murod aka: “Raisning bir qo‘tir “do‘sti” bor, so‘rasangiz aytib beradi”, dedi jilmayib.

– Podvalda o‘tirganingizda mentlar sizga “yaxshi guvohlik bersang, uyingga ketasan”, deb va'da berishdimi?

– Ha, IIVning tergov bo‘limi boshlig‘i Ravshan Yo‘ldoshev va polkovnik Alisher Sharofiddinov keldi. Rosa miyamni qotirishdi, parazitlar…

– O‘sha Alisherni kimligini bilasizmi? Akamning domlasi Ozod Sharofiddinov degan adabiyotshunos olimning o‘g‘li bo‘ladi. Mening yonimga ham keldi. Do‘q-po‘pisa qilib, meni qo‘rqitmoqchi bo‘ldi. G‘irt maraz odam ekan. Uning g‘o‘ddayishini ko‘rsangiz edi, o‘zini go‘yo O‘zbekistonning yakkayu yagona xo‘jayiniday tutadi-ya, iflos! Bizga nisbatan nafrati o‘ta kuchliligi basharasidan ko‘rinib turibdi hayvonning.

– Boshida men bilan juda muloyim gaplashdi. “Anavi xalq dushmanlarini bir og‘iz yomonlab gapirsangiz, chin ofitserlik so‘zim, sud tugaganidan keyin shu yerning o‘zidan to‘g‘ri uyingizga ketasiz”, dedi. Men hazillashib, “Uyda nima qilaman, ishlaydigan joyim bo‘lmasa? Ishim bor edi, prezident buva ishimni tortib olib, o‘zimni qamab qo‘ydi. Hozir, xudoga shukr, ishim bor, zonadagi g‘isht zavodida ishlab, mo‘may daromad olib yotibman bola-chaqani boqib”, degandim, qornimga karatecha usul bilan tepib qolsa bo‘ladimi, hayvon. Men basharasiga qarab kulib turaverdim, u esa yana nima deb gapirishni bilmay, “Poshyol na x…!” deb ketvordi.

– Sud majlisida-chi, sizdan nima haqda so‘rashdi?

– 1994 yilda rais (Muhammad Solih) bilan men anavi eshshakni (I.Karimovni) ag‘darish maqsadida Turkiyada jangarilar tayyorlagan emishmiz. Qoralovchilarga javoban qog‘ozga o‘rab, “Bo‘qni yebsanlar”, deganday javob berdim. Sudya darrov boshqa guvohni chaqirtirdi, meni esa sud zalidan obchiqib ketishdi. Bor-yo‘q gap shu, lekin bir yarim oy mazza qilib dam olganim qoldi. Sizni qachon obkelishdi Jasliqdan?

– 13 iyun kuni kechasi Toshkentga etap qilishdi, 15 iyun kuni ertalab Zangiotadagi 65-zona izolyatoriga olib kelishdi. Iyun oyi oxirlarida isroillik Oleg Yakubov degan jurnalist kelib, IIV yerto‘lasida mendan suhbat (intervyu) oldi. Yerto‘lada bir haftacha ushlab, yana Zangiotadagi zona izolyatoriga olib borishdi. Oktyabr oyi oxirlarida yana IIV yerto‘lasiga olib kelishdi. Shu safar kelganimda haligi Sharofiddinov degani o‘zini kimligini namoyish qilgan edi. U bilan gapimiz boshidanoq qovushmagani uchun uning shogirdlari meni ularga yoqadigan guvohlik berishim uchun urinib ko‘rdilar. 16 noyabr kuni Oliy sudga olib borishdi va shu kuni soat 3 larda guvohlik berish uchun sud zaliga kiritishdi. Shu kuni kechqurun Zangiotaga olib borishdi.

Bugun tushlikdan so‘ng 65-zona izolyatoridagi hamma birodarlarni tashqariga chiqarib, qishki kiyim-kechak, bir kunlik quruq yemak (bir bo‘lak go‘sht va bir buxanka non) tarqatishdi. Mana, hozir siz bilan gaplashib o‘tiribmiz. Siz Qiziltepaga ketsangiz, etap qachon ekan?

– Ertaga ertalab etap ekan. Otboydan oldin vokzalga olib ketishsa kerak.

Murod Jo‘raev bilan 2000 yil 18 noyabrdagi bo‘lgan bu uchrashuvimiz so‘nggisi ekanini men ham, Murod aka ham bilmaganmiz.

U kishini Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin…

“Qo‘rquvning nariyog‘ida” ikkinchi kitobidan

Muhammad Bekjon

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 mart 2018
Bobomurod Abdullaevning sudi bo‘yicha «Eltuz» nashri olgan so‘nggi ma'lumotga ko‘ra, sobiq siyosiy mahkum Muhammad Bekjon qamalgan hamkasbining oilasiga dalda ...
27 sentyabr 2017
27 sentyabr kuni transport prokuraturasi talabi bilan Yashnaobod tuman ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan yozuvchi Nurilla Otaxonov (Nurilloh Nurulloh ...
20 avgust 2018
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov mingan «Mersedes» 20 avgust kuni Bekobod-Toshkent yo‘lida «Damas» yengil avtomobili bilan to‘qnashgan. Ichki ishlar ...
8 sentyabr 2015
Bugun nemislar ochiq qalblar bilan qochqinlarni kutib olishmoqda. “Berlinda men Refugers welcome – Qochqinlar xush kelibsiz! degan shiorlarni ko‘raman. ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...