Asosiy mavzular
14 sentyabr 2020

Farg‘ona viloyatida kasallik ko‘paygan, ammo rasmiylar buni yashirmoqda

Koronavirus xabarlari berib boriladigan telegram kanalida 11 sentbyar soat 17:00 da bunday xabar berildi:

Respublikada so‘nggi soatlarda 233 kishida koronavirus aniqlandi. 302 kishi butunlay sog‘aydi.

O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar soni 46 160 nafarga yetdi.

Yangi kasallanish holatlari:

📍117 nafari Toshkent shahrida,

📍66 nafari Toshkent viloyatida,

📍50 nafari Namangan viloyatida aholi orasida aniqlangan.

E'tiborlisi, bugun 302 nafar bemor kasallikdan forig‘ bo‘ldi va jami sog‘ayganlar soni 42 857 nafarga yetdi.

Bu ma'lumotni o‘qigan, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida yashayotgan N. menga qo‘ng‘iroq qilib, “Nega mening kasallanganim haqida yozishmabdi? Nega Farg‘ona viloyatidan hech kim kasallanmadi”, deyishyapti”, deya so‘radi.

Darhaqiqat, Farg‘ona viloyati yashil hududligicha qolyaptimi yoki… ? Farg‘ona viloyatida koronavirus bilan bog‘liq holat qanday? Nega kasallanganlar haqida hech qaerda aytilmayapti?

– Koronavirusdan bir necha doktor vafot etdi. Masalan, marg‘ilonlik Sottixon hoji ona, yana bir  shifokor Ulug‘bek Boyqo‘ziev pnevmoniyadan o‘ldi. Ulug‘bek aka uzoq komada yotdi, farzandlari internet orqali qon ham axtarishdi. Ularga kompensatsiya berish tugul virusdan vafot etgani ham tan olinmadi. 

Ayni paytda viloyat hokimi Shuhrat G‘anievning akasi, Marg‘ilon shahri sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘i Avaz G‘aniev ham og‘ir ahvolda yotibdi. Poliklinikalarni tekshirib yurgan payti kovid bo‘lib qolibdi.

2-3 kun uyda davolashgan, ammo o‘pkasiga o‘tib ketgan. Uyda qarab eplay olishmagach, yuqumli kasalliklarga joy qilishdi. Saturatsiya tushib ketgan, nafas yetmayapti, qonida kislorod past – 60-70%.

Aytgancha, Avaz G‘aniev yosh deputat Doniyor G‘anievning otasi bo‘ladi. 10 sentyabrda tug‘ilgan kunini nishonlagan Doniyor G‘aniev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bunday yozdi:

“Tavallud kunim munosabati bilan meni bugun tabriklagan barcha yaqinlarim, do‘stlarim va tanishlarga katta rahmat. Men uchun bildirgan samimiy tilak va ezgu niyatlaringiz o‘zingizga ham doim hamroh bo‘lishini Allohdan tilab qolaman.

Shu kunlarda yurtimizda keng tarqagan infektsiya balosi bizning oilamizga ham kirib keldi. Otamga pnevmoniya tashxisi qo‘yilib, hozir shifoxonada davolanmoqdalar. Afsuski, ahvollari biroz og‘ir. Shu sabab siz, aziz do‘stlarimning, yaxshi insonlarning duolariga muhtojmiz.

Duolaringizda yurtimizda dard chekayotgan barcha bemorlar qatori otamga ham shifo berishini so‘rashlaringga umidvorman. Inshaalloh, yaratganning marhamati keng, duolaringiz bilan otamiz shifo topib ketishlariga ishonaman”.

Xullas, Farg‘onada statistika zo‘r, koronavirus yo‘q, ammo shifoxonalar  to‘lgan. Shifokorlar orasida ham virus yuqtirib olganlar talaygina. Lekin bu ma'lumotlar hech qaerda chop etilmayapti.

Yuqumli kasalliklar shifoxonasida joy qolmagan, shu sabab bemorlar oddiy shifoxonalarga qabul qilinyapti. Koronavirus rasman tan olinmaganidan shifokorlarga maxsus to‘lovlar berilmayapti.

Shifoxonalarda joy bo‘shatish uchun yengilroq bemorlarga uyiga javob berilyati. Isitmasi bor odamlar ham bemalol jamoat transportida yuribdi.

Masalan, Marg‘ilon shahridagi reanimatsiya bo‘limida joylar 10 taga bormaydi. Toshkentdagi holat takrorlanmasin, deya qo‘rqyapmiz, deb yozmoqda bemorlardan birining yaqini.

Kovid tug‘ruqxonalarga ham kirib bordi. Farg‘onadagi Oybek va Marg‘ilondagi birinchi tug‘ruq majmualari yopildi. Marg‘ilondagi tug‘ruq majmuasi yopilganligi haqidagi xabarni Farg‘ona.Kun.uz telegramm kanali ham yozib chiqdi.

Farg‘ona viloyati SSB va viloyat SEOMning bayonotida bu haqda ma'lumot berildi.

“Marg‘ilon tug‘ruq majmuasi bo‘limlaridan birida koronavirus infektsiyasi yuqtirganlikka gumon qilingan bemor aniqlangani uchun haqiqatan ham vaqtincha dezinfektsiya tadbirlarini olib borish uchun qisqa muddatga faoliyati to‘xtatildi. Bu yerdagi dezinfektsiya tadbirlari yakunlangach, yana bemorlarni qabul qilish boshlanadi”, – deyiladi bayonotda.

Xalq tilida “Oybek roddom” deb ataladigan viloyat perinatal markazi ham o‘tgan haftada xuddi shunday vaj bilan yopilgan edi. Bu ma'lumotni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma'suli ham tasdiqladi. Ammo u o‘z ismi va lavozimi aytilishini istamadi.

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan “Qo’qonjonim” guruhida ham Qo‘qon shahrida kovid bilan kasallanganlar soni oshib borayotgani, ammo bu haqda hech qaerda ma'lumot berilmayotgani yozildi.

Eltuz muxbiri Qo‘qon shahridagi koronavirusga test olayotgan markazlardan birida bo‘ldi.

– Bir kunda 15-25 tagacha odam test topshirgani kelyapti, – deydi laborantlardan biri. – Ularning kamida 7-8 nafarida koronavirus alomatlari aniqlanyapti. Biz test natijalari ijobiy chiqdi, deb yozib beryapmiz. Ammo ular keyin qaerga borib davolanyapti, bilmaymiz.

“Qo’qonjonim”  guruhida shaharda koronavirus ko‘payganligi haqidagi xabarlar chiqqach, shahar hokimligi matbuot xizmati bayonot bilan chiqdi.

“Darhaqiqat, bugungi kunda aholi orasida o‘tkir respirator kasalliklar va pnevmoniya ko‘plab uchramoqda. Bunga asosiy sabablardan biri kuz-qish mavsumida havo-tomchi infektsiyalar bilan kasallanish sonining ortishi bo‘lsa, yana boshqa sababi fuqarolarimiz o‘rtasida koronavirus pandemiyasiga nisbatan befarqlik, karantin chora-tadbirlariga bepisandlikdir.

Garchand karantin choralari yumshatilgan bo‘lishiga qaramay, Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, niqob tartibi, ijtimoiy masofaga rioya qilish, haroratli fuqarolarni omma jam bo‘lgan muassasa, tashkilot va boshqalarga kirishini cheklash kabi talablar hamon o‘z kuchida ekanligini bilmaydigan yoki amal qilmaydigan fuqarolar ko‘plab uchrab turibdi.

Buning oqibatida o‘tkir respirator kasalliklar jamoalarga, oilalarga kirib borishiga yo‘l ochilmoqda. O‘tkir respirator kasalliklar klinik belgilari ham koronavirus bilan o‘xshashligi uchun o‘rinsiz mish-mishlar tarqalmoqda. Shunday bo‘lsa-da, gripp va pnevmoniya bilan og‘rigan kasallarning barchasidan koronavirusga tahlillar olinmoqda.

Tahlil natijasidan qat'iy nazar, kasallik o‘choqlaridagi aholi o‘rtasida tibbiy-profilaktik choralar, tushuntirish ishlari hamda alohidalash davom etmoqda. Lekin ayrim fuqarolarimiz tomonidan o‘z-o‘zini alohidalash qoidalariga rioya etilmayapti. Oqibatda kasallikning boshqa fuqarolar o‘rtasida tarqalishiga ham sabab bo‘lmoqda”, deyiladi bayonotda.

Matbuot xizmati shaharda bir necha shifokor va bemor vafot etgani, ammo ularning aksariyati shamollash, asoratli zotiljam va boshqa kasalliklar asoratlaridan olamdan o‘tganini ham bildirgan.

Shuningdek, “bu xabarni tarqatgan shaxs fuqarolarni vahimaga solish, mavjud holatni bo‘rttirib ko‘rsatishga uringan”ligi aytiladi.

Ma'lum bo‘lishicha, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan barcha tuman-shaharlarning tibbiyot birlashmalariga koronavirus bilan kasallangan fuqarolar haqida hech qaerda aytmaslik buyurilgan.

Bu ma'lumotni Buvayda, Bag‘dod, Uchko‘prik tumanlarida hamda Qo‘qon shahrida ishlayotgan tibbiyot xodimlari tasdiqladi.

– Hamma kasallarga kinna kirgan, – deydi shifokorlardan biri kinoya bilan. – Isiriq tutatvorsa, o‘tib ketadi. Bizga koronavirus haqida gapirmaslik buyurildi. Ammo har kuni qabulimizga kelayotgan bemorlarning 6-7 tasida koronavirus aniqlanyapti. Biz ularga shamollash, gripp deya tashxis qo‘yyapmiz. Nega kasallik haqida yashirishayotganini bilmayman.

“Men o‘zimda kuchli charchoq, yo‘tal, hid va ta'm bilmaslik simtomlarini sezganimdan so‘ng darhol test topshirdim. Test ijobiy chiqdi. Ammo “sizda koronavirusning yengil formasi ekan”, deb menga uyga ruxsat berishdi. Do‘xtirlar yozib bergan dori-darmonlar 500 ming so‘mlik bo‘ldi. Ko‘proq suyuqlik ichishimni aytishdi.

Kasallikning ikki kuni juda og‘ir o‘tdi. Baxtimga turmush o‘rtog‘im hamshira bo‘lganligi uchun vaqtida davo choralarini ko‘rdi. Garchi do‘xtirlar buyurmagan bo‘lsa ham askorbinka ukolini tomirimga yubordi. U immunitetni kuchaytirar ekan. Ana shu ukol ham foyda berdi shekilli. Ammo hech kimga bu ukolni shifokor ruxsatisiz olishni tavsiya etmayman”, dedi koronavirusdan sog‘aygan uchko‘priklik bemor.

Hozircha viloyat rasmiylari bu haqda jim. O‘limlar bo‘layotgani haqiqat.

Nega viloyatda koronavirusga chalinganlar yashirilyapti, degan savolga hamma o‘zicha javob qidiryapti.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
8 aprel 2022
Mana, g‘ir etib bir hafta o‘tdiyu ketdi. Hafta ichida qonxo‘r rus bosqinchilarining yosh go‘daklar, qizlarni zo‘rlab o‘ldirgani, ayollar, keksalar ...
9 aprel 2018
Prezident Shavkat Mirziyoevning kelishiga yo‘l chetidagi uyi devorini sariqqa bo‘yamagani uchun sirdaryolik huquq faoli Isroil Rizaev uch million so‘m ...
20 avgust 2020
19 avgust kuni Turkiyaning Antaliya shahrida asli gurjistonlik “vor v zakone” Nodir Salifov otib ketildi. «Eltuz»ga yetib kelgan ma'lumotga ...
29 iyun 2016
Turkiya prezidentining so‘zchisi Erdo‘g‘on Ibrohim Qalin vaziyatga oydinlik kiritdi: “Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘onning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yuborgan ...
Bloglar
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...