Asosiy mavzular
29 sentyabr 2020

Qadimiy obidalarni saqlash ishini Madaniyat vazirligi eplay olmayapti

Ismi va ish joyi “Eltuz”ga ma'lum ekspert yo‘llagan maktubda O‘zbekiston madaniyatiga va tarixiga oid obidalarning saqlanishi yuzasidan aynan shunday fikr ilgari surilgan.

Uning yozishicha, mazkur sohada mamlakatdagi ahvol o‘ta achinarli va O‘zbekiston o‘zining ko‘p ming yillik merosidan yaqin 3-4 yil ichida ajralishi aniq.

“Samarqand, Shahrisabz, Nurota shahri bunga yaqqol misol. G‘isht charxlab, koshin yopishtirgan bilan ish bitmaydi. O‘zimizni aldaymiz, xolos. Obidalarni davrlarga, mahalliy maktablarga qarab ta'mirlash zarur.

Hozir butun O‘zbekistondagi obidalar bir xil – Shohi Zinda obidalariga o‘xshab qolgan. Kerak bo‘lmagan joyga ham koshin yopishtiriladi, naqsh solinadi. Axir byudjet pullarini hazm qilish kerak-da”, deb yozadi ekspert.

Uning ta'kidlashicha, ahvolning yomonlashuvisiga sabab madaniy meros sohasida umuman madaniyatsiz, bu sohadan uzoq odamlar rahbarlik qilishidir.

Shu bilan birga, ekspertning bildirishicha, sohada moddiy–texnika bazasi xarob, kompyuter, printer, fotoapparat, skaner kabi birlamchi vositalar ham yetishmaydi. Boshqarmalar davlat transporti bilan ta'minlanmagan.

“Xodimlar  ob'ektga o‘z avtomobillarida yoki o‘z hisoblaridan borib keladi. 2000 yillarda Yaponiya hukumati tomonidan beg‘araz berilgan jip rusumdagi avtomobillar qaysidir dalalarda javlon urib yurgan bo‘lsa ajab emas”, deydi ekspert.

“Eltuz”ga yuborilgan maktubdan ma'lum bo‘lishicha, sohaga zarur bo‘lgan mutaxassislar soni chegaralangan yoki umuman yo‘q. Xodimlarga maoshlar yarim yillab berilmaydi.

Ko‘p hollarda sudlangan shaxslar mansabda bemalol faoliyat yuritib, o‘zlariga daxldor xususiy qurilish firmalari orqali byudjet mablag‘larini o‘zlashtirib, ob'ektlarni ilmiy asossiz “ta'mirlaydi”. 

Mablag‘lar astronomik summalarni tashkil etadi. O‘zbekcha aytganda, “Qo‘ynidan to‘kilsa qo‘njiga”. Aynan bir ob'ektga qayta-qayta mablag‘ ajratiladi. Ish baribir chalakam-chatti bo‘ladi. Binoning zaxi yo‘qotilmasdan oqlanib, g‘ishtlari charxlab qo‘yiladi.

Ekspertning yozishicha, vazirlikning  huquqiy  vakolatlari chegaralangan. Qo‘sha–qo‘sha qarorlar borligiga qaramay, ishda, sohada ijobiy samara yo‘q.

“Aslida vazirlik tarkibidagi xolis ilmiy–ekspert kengashi qarori bilangina ta'mirlash ishlariga ruxsat etiladi. Biroq ko‘p hollarda ekspertlar bosim ostida qoladi. Yirik olimlarni hisobga olmaganda ayrimlarining umuman shaxsiy pozitsiyasi ham yo‘q. Hokimlar ham vazirlikka tupurib, o‘z bilganlarini qiladilar”, deydi ekspert.

U bunga misol sifatida shoir va tasavvuf allomasi Haziniyning Farg‘onadagi chillaxonasiga viloyat hokimi naqshli gullar ishlashni buyurgani, militsiya qo‘yib, vazirlik vakillarini ob'ektga yo‘latmaganini keltirib o‘tadi.

Ekspertning fikricha, vazirlarni almashtirgan bilan vaziyat o‘zgarmaydi. Tizimni isloh qilish, faqat o‘z foydasini o‘ylaydigan biznesmen rahbarlardan tozalash zarur.

Ekspert “Eltuz”ga yo‘llagan maktubida sohani isloh qilish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirgan.

Xususan, uning yozishicha, mamlakatda  obidalarni tiklash va ta'mirshunoslik bo‘yicha ilmiy tadqiqot instituti ochilmaguncha yodgorliklarni ta'mirlashni vaqtincha to‘xtatish zarur.

Ikkinchidan, obidalarni muhofaza qilish vazifasini Madaniyat vazirligi vakolatidan olib, prezident administratsiyasi yoki Fanlar akademiyasi  huzurida va uning qat'iy  nazoratida alohida Madaniy meros milliy agentligi yoki qadimshunoslik tashkiloti (Misrdagi Qadimshunoslik vazirligi kabi) tashkil etish maqsadga muvofiq. Chunki bu soha bevosita ilmiy asosni talab etadi.

Uchinchidan, sohani moddiy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlab, zarur texnik vositalar, avtomobillar bilan ta'minlash kerak. Bundan tashqari, xodimlarning moddiy manfaatdorligini oshirmay turib, sohaga yosh mutaxassislarni jalb etib bo‘lmaydi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 iyun 2019
“Hoziroq bergan savolimga javob bering, bo‘lmasa boshingiz izolyatordan chiqmay qoladi. Tushuntiroldimmi, okam? – Qaysi savolingizga javob beray, o‘rtoq boshliq? – Muhammad ...
21 sentyabr 2019
Sumkasidan Muhammad Solih kitoblari chiqqani uchun ustidan jinoyat ishi ochilib, tergovga chaqirilgan xorazmlik 56 yashar shoir Mahmud Rajab 20 ...
9 mart 2017
Prezident Mirziyoev 2016 yilning 5 oktyabrida chiqargan farmoni joriy yilning 1 yanvardan boshlab tadbirkorlarga nisbatan rejadan tashqari har qanday ...
21 yanvar 2020
Turkiyada yashayotgan atoqli adib va siyosatchi Muhammad Solih hayoti haqidagi “Begona” filmining oxirgi 14-qismi uning umr yo‘ldoshi, biolog olima, ...
Bloglar
1 dekabr 2020
«Oshin» – 1983 yilda Yaponiyada suratga olingan ko‘p qismli film. Bosh rollarda Nobuko Otova, Yuko ...
25 noyabr 2020
Kuzda ketib kuzda qaytdim Sovet Armiyasi safidan. Bizni armiya safiga oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limidan ...
24 noyabr 2020
“Humo” nomli uchoq shirkati haqida gap chiqishi bilan eronlik do‘stlarim o‘zbeklarni plagiatda aybladi. Eronda “Humo” ...