Asosiy mavzular
20 oktyabr 2020

O‘zbekiston o‘tmishga jadal qaytmoqda

Shaxsan men uchun O‘zbekistondagi diniy aqidaparastlikning yangi tarixi Qo‘qon hokimi Bahodir Jalolovning «Sharq va G‘arb uchrashuvi» freskasini ustidan bo‘yab tashlash («kiyintirish») buyrug‘i bilan boshlangan.

Bomiyondagi haykallarning toliblar tomonidan ostin-ustin qilinishi yoki IShID jangarilari tomonidan Palmiradagi muzey ashyolarining vahshiylarcha yo‘q qilinishidan farq qilmaydigan ushbu buzg‘unchilik harakatiga rasmiy reaktsiyaning yetishmasligi O‘zbekistondagi jamoat madaniyati uchun juda salbiy rol o‘ynadi.

Aytgancha, Qo‘qondagi buzg‘unchilik haqidagi maqoladan so‘ng Madaniyat vazirligi Bahodir Jalolovning freskasini tiklash uchun mablag‘ ajratishga va'da bergan bo‘lsa, rassomning o‘zi teatrda panoni tiklashga tayyorligini bildirdi.

Biroq bu narsa va'daligicha qolib ketib, birozdan so‘ng hammasi unutildi. Ko‘rinishidan ushbu unikal freska unutilishga mahkumdir. Bu hodisa tor doirada amaldorning madaniyati yo‘qligiga dalil bo‘lib qoladi.

Jamiyat ba'zi harakatlar uchun sanktsiyalar mavjud emasligi, “sukut alomati rizo” tamoyili ostida qurilgan. Shuning uchun ham bu ba'zi qatlamlar tomonidan jahon madaniyatiga qilingan hujum sifatida qabul qilindi.

Bundan tashqari, ob'ektiv kuzatuvchi hech qachon o‘zbek milliy kiyimi hisoblanmagan hijob uchun dunyoviy kiyimni almashtirgan qizlar va ayollar soni keskin ko‘payganiga guvoh bo‘lishi mumkin. Ha, bizning onalarimiz va buvilarimiz ro‘mol o‘rashgan, lekin hech qachon hijob taqishmagan.

Diniy markazlar sanalgan Samarqand, Buxoro, Toshkent, Qo‘qon va boshqa bir qator yirik shaharlarda ayollar paranji bilan o‘rangan davr bo‘lgan. Biroq aholining aksariyati, ayniqsa, qishloq joylarida yashovchi ayollar kundalik hayotdagi yumushlarga, dalada ishlashga imkon bermasligi sabab paranji kiyishmagan.

Anhor.uz ikki yil muqaddam barchani O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 10 va 29-moddalarini eslashga va hurmat qilishga chaqirdi:

10-modda. … Jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas.

29-modda. Har kim fikrlash, so‘z va e'tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir…

Biroq milliy mentalitet haqidagi shubhali muhokamalar niqobi ostida jamiyatda diniy cheklovlarga asoslangan taqiqlar joriy etishga urinishlar tez-tez uchmoqda. Shaxs erkinligi hissi juda nozik masala.

Insonga paypog‘ining uzunligi, soch turmagi, ijtimoiy tarmoqlarga bo‘lgan ishtiyoqi yoki tungi klubga borish-bormasligiga qarab baholash, yumshoq qilib aytganda, kaltabinlik va muammoga o‘ta yuzaki yondashish ortidan kelib chiqadi.

Qonun ustuvorligi e'lon qilingan davlatda hech kim birovni sirtdan ayblashiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu yondashuv jamiyatni birlashtirmaydi, aksincha o‘zaro begonalashuvni vujudga keltiradi. Buning uchun qancha ijodkor shaxslar O‘zbekistonni tark etishganini va mamlakat tashqarisida o‘z iste'dodlarini to‘liq namoyon qilganliklarini eslash kifoya.

Ob'ektiv tahlil shuni ko‘rsatadiki, yuqori darajadagi rahbarlarning ayollar huquqlarini ta'minlash to‘g‘risidagi rasmiy bayonotlari, Konstitutsiyaga rioya qilish zarurati va jamiyat hayotining tubida sodir bo‘layotgan jarayonlar o‘rtasida tan olinmaydigan, biroq tobora kattalashib borayotgan ziddiyat kelib chiqmoqda.

Solixon domlaning ayollarni toifaga ajratishni targ‘ib qiladigan ma'ruzalari ko‘payib borayotganiga e'tibor qaratishingizni istardik. Uning fikricha, ayolning taqdiri uchun javobgarlik butunlay erining yelkasida. Agar u zamonaviy uslubda kiyingan bo‘lsa, uni tajovuzkorona «ochiq-sochiq” deb atashadi va erkak «o‘z» ayolini omma oldida namoyish qilishiga yo‘l qo‘yib bergan deb qabul qilinadi.

Menimcha, bu iddaolar ham muqaddas onalik burchini, farzand tarbiyasini o‘rniga qo‘yayotgan, ham o‘z kasbining ustasi bo‘lib, O‘zbekistonning rivojiga hissa qo‘shayotgan ayollarning aksariyat qismi uchun haqoratli hisoblanadi.

Shuningdek, jamiyatning diniy johil qismining jamoat ongiga bosim o‘tkazishning yana bir usulini kuzatishingiz mumkin. Masalan, «ZVYeZDA VIDYeO» kanali bir video taqdim etdi, ushbu videoda ko‘chada bir yigit o‘tib ketayotganlarga yaqinlashib, ulardan arablar tilida (Qur'on tili) musulmon ekanliklari to‘g‘risida diniy guvohlik berishni (kalima) so‘raydi va, tabiiyki, deyarli hech kim buning uddasidan chiqmaydi …

Video ostida esa: “Izohi sizdan”. Bu hodisa insonlar Islomdan uzoqlashganda sodir bo‘ladi. Bu hali boshlanishi”, deb yozib qo‘yadi.

Musulmon diniga mansubligini ifodalovchi ibodatlar va formulalarni bilmaslikni shaxsiyatidagi nuqson deb hisoblashni insonga nisbatan qilingan psixologik zo‘ravonlik deb bemalol aytish mumkin. Bu dinga jalb qilish uchun gipnozdan foydalanishdan o‘zga narsa emas.

Agar bir yigit beva onasini «begona erkaklar bilan» muloqot qilgani uchun pichoqlagani to‘g‘risida ma'lumotlar bo‘lmaganida, buni e'tiborsiz qoldirishingiz mumkin edi.

Yana bir aka instagramda singlisining fotosuratini ko‘rib, jigarining qotiliga aylandi. Achinarlisi, bunday xavotirli hodisalar juda ko‘p uchramoqda.

Fikrimcha, bu diniy aqidaparastlar tomonidan singdirilgan fikrlash tarzining oqibatlari, diniy ekstremizmning yaqqol belgilaridir. Opa-singil yoki ona aka-uka yoki o‘g‘ilning shaxsiy mulkimidiki, ularning joniga qasd qilsa?

Kollej va universitetlarda o‘qiydigan yoshlarning katta qismi asosan qog‘ozda mavjud bo‘lgan va yoshlarning muvaffaqiyatli qismi bilan shug‘ullanadigan davlat, uning turli tuzilmalari e'tiboridan chetda qolmoqda.

Qolganlari esa Qur'onni o‘zidan kelib chiqib talqin qiladigan turli “ma'naviy” ustozlarning oson o‘ljasiga aylanadi. Konstitutsiyaga binoan dunyoviy bo‘lgan davlat aholisi kundan kunga radikallashib borayotgani ayanchli hodisa.

Yoshlar siyosati hali mutlaqo noaniq, zamonaviy, raqobatbardosh yoshlarni tayyorlashga qaratilgan muhim harakatlar, e'tiborga loyiq loyihalar deyarli mavjud emas. Diniy mutaassiblar yoshlarning kumiriga aylanmoqda.

Agar vaziyatga strategik jihatdan qaralsa, dinga bo‘lgan moyillik, dinning rolini yuksaltirishga urinish fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va raqobatdosh yoshlarni tarbiyalashga katta to‘siq bo‘ladi.

Buning fonida yoshlar tashkilotlari faoliyati deyarli ko‘rinmay qoladi. Negadir zamonamiz mafkurachilari unutilmas o‘tmish, dunyoga mashhur diniy mutafakkirlar davri va hozirgi kunimiz o‘rtasida olti asrlik farq borligini unutmoqdalar, bu esa barcha yangi va ilg‘or narsalarni bo‘g‘ib qo‘ymoqda.

Mafkurachilarimiz mamlakatimizning AQSh, Yevropa, Yaponiya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Singapur, Hindiston kabi davlatlardan ilm-fan, texnika, texnologiya bo‘yicha orqada qolganini jim kuzatmoqda.

Negadir mutaassib «aql egalari» iqtisodiyotda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan bu mamlakatlarga nafrat bilan qarashadi, shunga qaramay, Iphone, kompyuter, konditsioner va boshqa ilmiy-texnologik taraqqiyotning afzalliklaridan bajonidil foydalanishadi.

Hozircha mafkuraviy mahsulot sifatida «ekspert-boshlovchi»lar erkaklik ko‘rsatkichini paypoq uzunligi, odob-axloq ko‘rsatkichini yubka uzunligi bilan o‘lchamoqda.

Internetning cheksiz dengizida bemalol ma'lumot qidira oladigan zamonaviy yoshlar bunday intellektual majruhlikka dosh bera olmaydi. Internet zamonaviy dunyoni, avlodlar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zgartirganligini anglash vaqti keldi.

Ba'zi saytlarni yopish, Facebook ni to‘sib qo‘yish qimmat, va eng muhimi, foydasiz ekanligi yaqqol ko‘rinib qoldi. Jinsiy aloqa va pornografiyadan tortib to yuqori texnologiyalargacha bo‘lgan har qanday ma'lumotni bir zumda topsa bo‘ladigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asrida yashayotganligimizni unutmasligimiz joiz. Bolalar ota-onalar va boshqa kattalar aniqlay olmaydigan savollarga javob topadilar.

Ehtimol, texnologiya sohasi rivojlanmagan O‘zbekistonda davlat televideniesi, ayniqsa, qishloq aholisi o‘rtasida raqamli tengsizlik tufayli asosiy ma'lumot manbai bo‘lib qolmoqda.

Televidenie kundan kunga yo‘qolib va oxiri taslim bo‘lishi, smartfon, hattoki kinoteatr, ko‘ngilochar dasturlar va hokazolarga o‘z o‘rnini bo‘shatib berishi taxmin qilinmoqda.

Davlat bu masalada aniq, tushunarli pozitsiyaga ega emas. Bir ma'noda ibodatxona va davlatni ajratishning konstitutsiyaviy printsipi buzilganligini kuzatish mumkin.

Diniy mutaassiblar ko‘proq tajovuzkor, arxaik xurofot va urf-odatlarga tayanib, o‘z pozitsiyalarini bosqichma-bosqich tiklaydilar. Ular qizlarning dunyoviy kiyinishiga qarshi chiqa boshlashdi, ota-onalar esa kelin qidirish uchun asosan hijobli qizlarni qidirib yurishmoqda.

Dunyo taraqqiyotining yetakchilari din faqat shaxsiy xohish-iroda mahsuli bo‘lib qoladigan mamlakatlar hisoblanishadi. Bundan tashqari, texnika, texnologiya, insonparvarlik g‘oyalari rivoj topgan davlatlar orasida islomiy davlatlar mavjud emas.

Agar mamlakat rahbariyati tobora kuchayib borayotgan diniy radikallashuviga qarshi aniq, zaruriy choralar ko‘rmasa, O‘zbekiston johillar olomoni qurshovida qolib ketadi.

Dunyoviy ta'limda tabiiy va aniq fanlarga e'tibor qaratishimiz zarur. Dinga moyil talaba bilan munozarada asosli javob bera olmagan va ustunlikni qo‘ldan boy bergan universitet o‘qituvchisi, fikrimcha, ochiqchasiga zaif insondir.

Agar uning chet elda o‘z ixtisosligi bo‘yicha o‘qiganligini hisobga olsak, universitetlararo tajriba almashish ba'zi hollarda samara bermasligi yaqqol namoyon bo‘ladi.

O‘quvchi yechim qaerdaligini so‘rashi mumkin. Va faqat bitta yechim mavjud – fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, xilma-xil yo‘naltirilgan nodavlat tashkilotlarni yaratish. Hokimiyat ijtimoiy faol, dunyoviy fuqarolardan qo‘rqmasligi kerak.

Pandemiya paytida qo‘llab-quvvatlash o‘rniga fuqarolarning faolligi to‘xtatildi, Jasur Ibrohimov ishi holatlarini har tomonlama va xolis tekshirishni talab qilgan fuqarolarning faoliyati jarima solinishi bilan yakunlandi.

Davlat ijobiy fuqarolik faolligini bostirish va O‘zbekistonni johiliyat qa'riga faol va tajovuzkor ravishda tortib borayotganlarga yon berish orqali katta xatoga yo‘l qo‘ymokda.

Mansur Ibragimov
Anhor.uz Rus tilidan Ahror Sharipov tarjimasi

Tag‘in o‘qing
15 aprel 2017
Yunusobod imomining professional ginekologiya bilan erkaklarning shug‘ullanishini tanqid qilgani barobarida O‘zbekistondagi yuzlab “tabib va azayimxonlar” ayol hastaliklarini dam solib ...
7 fevral 2019
Rassom TuzEltuz.com
4 iyun 2016
Mashxur o‘zbek xonandasi, Rossiyaning «Golos» shou yulduzi Nargiz Zokirova (44) 2 iyun kuni o‘zining italiyalik eri Filipp Baltsano bilan ...
16 iyun 2022
Telefon qo‘ng‘iroqlari, tuhmat kampaniyalari va shaxsiy tashriflar: Davlat xavfsizlik xizmati o‘zbekistonlik jurnalistlarni qanday qo‘rqitmoqda? Bu O‘zbekiston jurnalistlariga nisbatan DXX ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...