Anons
29 oktyabr 2023

Shoir Omon Matjon olamdan o‘tgan kun

Lekin bir xalq mudrab, yotinqirasa,
Har kimga o‘z tinchi yoqinqirasa,
Shoirlari qo‘rqib bosinqirasa,
Xalqni kim uyg‘otar,
Savolim shuldir?!

Ushbu satrlar muallifi, o‘zbek modern she'riyatining taniqli namoyandasi Omon Matjon 2020 yilning 29 oktyabrida 77 yoshida vafot etgan, Toshkentning Yangiobod mavzeidagi qabristonda dafn qilingan.

Shoir Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tug‘ilgan edi. U adabiyot oldidagi xizmatlari uchun Hamza nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Shoirning «Ochiq derazalar» (1970), «Karvon qo‘ng‘irog‘i» (1973), «Yonayotgan daraxt» (1977), «Yarador chaqmoq» (1979), «Haqqush qichqirig‘i», «Seni yaxshi ko‘raman» (1983), «Gaplashadigan vaqtlar» (1986) kabi to‘plamlari o‘zbek she'riyatining ustunlari sifatida ko‘riladi.

FYeRUZA

Kelmading.
Qushlar ko‘chib ketdi qoshimdan,
Tushlar cho‘chib ketdi yoshimdan,
Hushlar uchib ketdi boshimdan,
Kelmading.
Xazonlar to‘p bo‘ldi yillab men uchun,
Osonlar yo‘q bo‘ldi yillab men uchun,
Armonlar ko‘p bo‘ldi yillab men uchun,
Kelmading.
G‘amlarning bariga to‘zdim — chidadim,
Namlarning bahrida suzdim — chidadim,
Damlarning shahdidan o‘zdim — chidadim,
Kelmading.
Kunlarim hijronga o‘qdek yoqqanda,
Ruhim oti qonga cho‘g‘dek botganda,
So‘nggi o‘qni jonga o‘zim otganda,
Sen kelding uzr so‘rab…
Sen kelding nechun?!


Umr o‘tar, vaqt o‘tar,
Xonlar o‘tar, taxt o‘tar,
Omad o‘tar, baxt o‘tar,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sening yurishlaring, sening kulishlaring.
Bahorda bog‘ na go‘zal,
Qor tushsa tog‘ na go‘zal,
Bu yoshlik chog‘ na go‘zal,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
So‘zsiz qarashlaring, holim so‘rashlaring.
Oy chiqar goh zaholi,
Do‘stlar ko‘pdir vafoli,
Hayot shundan safoli,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sokin so‘zlashlaring, pinhon izlashlaring.
Umr — yo‘l, qayrilish ko‘p,
Uchrashish, ayriliq ko‘p,
Unutish,aytilish ko‘p,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
O‘sha kulishlaring, o‘sha kelishlaring…


Ochil, ey gul, gul vaqting bo‘ldi,
Uyg‘on, ey dil, dil vaqting bo‘ldi.
Yetar ming bir kecha ertaga,
Tong sirlarin bil, vaqting bo‘ldi.
O‘z haqqini bilmagan quldir,
Shukr etgan ham qul, vaqting bo‘ldi.
Noming aziz, o‘zingga bek bo‘l,
El bo‘l endi, el vaqting bo‘ldi.
Ogoh etar soatsiz qismat,
Harakating qil, vaqting bo‘ldi.
Tilni qutqar tillar bandidan,
Tilga kirgin, til vaqting bo‘ldi.
O‘zbekiston, falak burjiga
Yuragingni il, vaqting bo‘ldi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 yanvar 2024
O‘likni yuvg‘uchi yuvsin, yemakni oshchi pishirsin, qo‘yni qassob so‘ysin, ilmni olim qilsin. Akademik olamdagi nosog‘lom muhit haqqinda gapirish uchun ...
18 oktyabr 2015
Shoxrux Aliboev, 2013 yilning 27 iyunida ota onasidan ajratilib bolalar uyiga topshirilgan edi. +video
18 mart 2022
Mana yana xafta aylanib, siz bilan yuzma yuzman. Bu xafta ichida butun  taraqqiyparvar dunyo Rossiya bosqiniga qarshi mardonavor kurashib ...
4 iyul 2022
1916 yilning 25 iyunida Chor xukumati Turkistonning 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan erkaklarini «Mudofaa ishlariga» safarbar qilish uchun farmon ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...