G‘alayonchilar kasaba uyushmasiga sobiq hokim rahbar bo‘ldi
Joriy haftada “Uzbekistan GTL” zavodi xodimlari kasaba uyushmasi raisligiga Qarshi shahri hokimi lavozimida ishlagan Shuhrat Tursunov tayinlandi.
Mazkur zavod ishchilari oylik yo‘qligi va ovqatlanish tizimidagi uzilish bois 21 oktyabr kuni g‘alayon ko‘targan edi.
Ushbu voqeadan so‘ng Qashqadaryo viloyati hokimligi tarqatgan axborotda “ishchi-xizmatchilar talabidan kelib chiqib zavod kasaba uyushmasi rahbarlari qonunda belgilangan tartibda vazifasidan ozod etilib, ularning o‘rniga oddiy ishchilar bilan muloqot qilish madaniyatiga ega, tajribali va fidoyi shaxslar tayinlanishi belgilangani” aytilgandi.
Shu asosda 59 yoshli Shuhrat Tursunov zavod qurilishi uchun mas'ul bo‘lgan “ENTER Engineering” kompaniyasining “Uzbekistan GTL”dagi kasaba uyushmasi raisi etib tayinlandi.
Shu paytgacha viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelgan bu shaxs 2005-2013 yillarda Qarshi shahri hokimi bo‘lgan.
Uning o‘rinbosarligiga esa 60 yoshli Ilhom Xudoynazarov tayinlandi. U bungacha viloyat hokimligi ishlar boshqarmasi bosh mutaxassisi – devonxona mudiri vazifasida ishlab kelgan.
“Eltuz”ning “Uzbekistan GTL”dagi manbasiga ko‘ra, viloyat hokimi Zoyir Mirzaev yig‘ilish qilganida kasaba uyushmasi rahbarini ishdan olishi haqida ko‘pchilik oldida ochiq aytgan.
“Yig‘ilishning o‘zida Zoyir Mirzaev kasaba uyushmasi rahbarligiga o‘z odamini tayinlashini aytgan edi. Viloyat hokimining “ENTER Engineering”ga tishi o‘tmadi. Birorta xodimni ishdan olasan, deb ayta olmaydi. Aksincha, ularni maqtadi. Paradoks.
Kasaba uyushmasini aybdor qilishdi, maqsadi, odami bor ekan. Ammo kasaba uyushmasi rahbari saylaniladigan lavozim, tayinlanadigan emas. Ishchilar kasaba uyushmasi raisligiga ular o‘zlarining odamini olib kelishganidan norozi”, dedi “Eltuz” manbasi.
“Uzbekistan GTL” bosh direktori Faxriddin Abdurasulov 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida 21 oktyabr kuni g‘alayon qilgan ishchilarning “barcha talablari qondirilgani”ni aytgan edi.
“Ishchilar noroziligi oshxonaga kirish uskunalarining vaqtinchalik ishlamay qolgani, karantin choralari sabab 45 kun ob'ektda qolib ketishgani va ayrim ishchilarning oyliklari ishlarni topshirish jarayonining cho‘zilgani tufayli oz muddatga kechikkani sabab ro‘y bergan.
Hozir oyliklar to‘lab berilgan. 45 kunlik ish muddati 22 kunlikka tushirilgan va ovqatlanish hamda yashash sharoitlari yaxshilangan. Ishchilarning barcha talablari qondirildi”, degan edi bosh direktor.
“Eltuz” 21 oktyabr kuni ertalab soat 7:30 da Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida “Uzbekistan GTL” zavodini qurayotgan “Enter Engineering” kompaniyasining yuzlab ishchisi stixiyali norozilik aktsiyasiga chiqqani haqida xabar bergan edi.
“Enter Engineering” ishchilari “Eltuz”ga mahalliy hokimlik vakillari¸ jurnalist va blogerlar serqatnov bo‘lib qolgani, ularga qo‘y so‘yib osh berishganini aytgan edi.