Asosiy mavzular
23 dekabr 2020

Baxti Tashkentskiy sobiq MXX “loxmach”lariga qarshi “urush” ochdi

O‘tgan payshanba, 17 dekabr kuni Telegram kanali orqali O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX)ning qator “loxmach”larini uchratgan joyda jazolash haqida imzosiz “progon” (jinoyat olami vakillari uchun ochiq topshiriq) tarqaldi.

Jinoyat olami vakillariga ko‘ra, mazkur «progon» ortida aslida O‘zbekiston va xorijdagi jinoyat olamida Baxti Tashkentskiy va Baxti Yangiabadskiy laqablari bilan tanilgan “qonundagi o‘g‘ri”, 49 yashar Baxtiyor Qudratillaev turibdi.

Qamoqxona yoki koloniya ma'muriyati topshirig‘iga ko‘ra mahbus va mahkumlarni qiynoqqa soluvchi mahkumlar «loxmach» deyiladi.

Rus tilida yozilgan va “Obraщenie k nashim bratyam” (“Birodarlarimizga murojaat”) deb boshlangan “progon”larda sobiq MXX topshirig‘iga ko‘ra qamoqxona va koloniyalardagi mahkumlarni qiynoqqa solish va o‘ldirishda ishtirok etgan “loxmach”larni jazolash talab qilingan.

“Kto budet idti vrazrez etomu obraщeniyu, s togo budet strogiy spros, kak polagaetsya po zakonam nashey jizni” (“Kimda-kim ushbu murojaat talablariga zid ish qilsa, u xayotimiz qonunlari bo‘yicha jiddiy so‘roq qilinadi”), deyiladi Baxtiyor Qudratillaevdan ekani ishonilgan ochiq topshiriqlarda.

“Eltuz” manbalariga ko‘ra, “progon”lar ijtimoiy tarmoqlarda aftidan Baxti Tashkentskiy atrofidagi yigitlar tomonidan tarqatilgan bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonlik “qonundagi o‘g‘ri” jami 8 nafar “loxmach”ga hukm chiqargan. Jinoyat olami vakillari tomonidan jazolanishi kutilayotgan sobiq MXX “loxmach”lari quyidagilar:

Hilol “Zubotexnik” (“Tish ustasi”),

Abbos “Kontorskiy”,

Bekzod “Begi”,

Jahon “Piska” (Jahongir Sharipov),

Shamshod “Yig‘loqi”,

Qahramon “Tojik” (Qahramon Boriev),

Baho “Ferganskiy” (Bahodir Qosimov),

Akbar “Kamolon”.

Eltuz” mazkur “progon”lar yuzasidan Toshkentdagi ba'zi manbalariga murojaat qildi.

Ularning aytishicha, Baxtiyor Qudratillaev “dobro”si bilan tarqatilgan “progon”lar 17 dekabr kunidan kuchga kirgan.

“Baxtiyor Qudratillaev “Kontorskiy, Qassob” laqabli Abbos Xo‘jaev ustidan og‘zaki “progon” bergandi, bu «progon» keyinchalik yozma tus oldi.

Chunki bu soxta “smotryashchiy” ham uzoq yillar davomida sobiq MXXga quloqlik qilib, ozodlikdagi kriminal doiralarning sirlarini “kontora”ga yetkazib yurgan”, deyishdi “Eltuz”ning bir-biridan mustaqil manbalari.

O‘zbekiston ichki ishlar idoralariga yaqin manbalardan birining “Eltuz”ga bildirishicha, yuqoridagi ro‘yxatda nomi zikr etilgan shaxslarning barchasi MXXning sobiq mulozimi (ayni paytda DXXning Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan) Toymuroz Alimovning buyrug‘i bilan jazoni ijro etish koloniyalarida soxta “polojenets” va ozodlikda “smotryashchiy” qilib tayinlanganlar.

MXXning jinoyat olamidagi yugurdaklari

“Soxta “polojenets”larning asosiy ishi diniy va siyosiy moddalar bilan qamalgan mahbus va mahkumlardan axborot olish, ularning xatti-harakatlari haqida qamoqxona va koloniya ma'muriyatiga xabar berib turish, “iqrornoma” yozishdan bosh tortgan yoki e'tiqodidan qaytmagan mahbuslarni qiynash va o‘ldirishdan iborat bo‘lgan.

Sobiq MXX “loxmach”lari barcha jinoyatlarni o‘zbekistonlik “qonundagi o‘g‘ri” Baxti Tashkentskiyning nomidan qilganlar va uni mahbuslar hamda jinoyat olami vakillari oldida “mentlarning va chekistlarning yugurdagi” sifatida badnom qilishgan.

Soxta “smotryaщiy”larning asosiy vazifasi esa sobiq MXXni ozodlikdagi jinoyat olamining sirlaridan voqif qilib turish bo‘lgan”, deydi O‘zbekiston ichki ishlar idoralariga yaqin manba.

Ismi sir qolishni so‘ragan ichki ishlar mulozimining “Eltuz”ga aytishicha, Baxti Tashkentskiyning nomidan “zona”larga soxta “polojenets”lar, “ko‘cha”ga esa soxta “smotryaщiy”lar tayinlash ishlari 2008 yilda boshlangan. Bunga esa quyidagi voqealar debocha bo‘lgan:

2008 yilda sobiq MXX rahbariyati (Rustam Inoyatov, Shuhrat G‘ulomov, Hayot Sharifxo‘jaev, Toymuroz Alimov) Baxti Tashkentskiyga MXX bilan birga ishlab, jazoni o‘tash koloniyalarida diniy va siyosiy moddalar bilan qamalgan mahkumlarni qiynoqqa solish va o‘ldirishga ko‘maklashishni so‘raydi.

Baxti Tashkentskiy bu taklifga rozi bo‘lmaydi va MXX rahbariyatining g‘azabidan xavotirga tushib, Moskvaga ketib qoladi.

Biroq 2009 yil aprel oyida Baxtiyor Qudratillaev O‘zbekiston MXXning talabi bilan O‘zbekistonga qaytariladi. MXXning taklifiga rozi bo‘lmagani uchun “kontora” Baxti Tashkentskiyni to‘g‘ri Jasliqqa jo‘natadi.

“Qonundagi o‘g‘ri” u yerdan 2014 yil “sog‘ligi yomonlashgani bois” chiqib keldi. MXX ozodlikka chiqarilgan Baxti Tashkentskiyga o‘shanda “ko‘chaning ishlaridan chetda yurish” talabini qo‘ygandi.

Baxtiyor Qudratillaev 2008 yilda Moskvaga ketib qolgach, MXX mulozimi Toymuroz Alimov “qonundagi o‘g‘ri”ning nomidan “zona”larga va “ko‘cha”ga soxta “polojenets” va “smotryaщiy”larni tayinlashni boshlab yuborgan.

“MXXning birinchi soxta “polojenets”i Jahon “Piska” laqabli Jahongir Sharipov bo‘lib, u Toymuroz Alimov tomonidan 2008 yilda Zarafshondagi 64/48-jazoni o‘tash koloniyasiga “polojenets” qilib tayinlangan.

Bu jallod Toymuroz Alimov rahnamoligida jami 50 dan ortiq diniy va siyosiy mahkumni qiynoqqa solib o‘ldirishda ishtirok qilgan (bu haqda “Eltuz” maxsus maqola yozgandi).

Jahongir Sharipov Karimov o‘lgandan keyin Rustam Inoyatov va Toymuroz Alimovning tashabbusi bilan imi-jimida qamoqdan chiqarildi hamda oldin Qozog‘istonga, keyin Rossiyaga chiqarib yuborildi.

Inoyatov va Alimov Jahon “Piska”ni jinoyat olamining muqarrar jazosidan saqlab qolish uchun shunday yo‘l tutishdi”, deydi “Eltuz”ga yaqin manba.

Uning aytishicha, Baxtiyor Qudratillaev Rossiyaga ketib qolgach va keyinroq Jasliqqa qamalgach, MXX rahbariyati Toshkentni “ko‘cha” tomondan nazorat qilishni ham o‘zining qulog‘i va yugurdagiga yuklagan.

Bu vazifa “Kontorskiy, Qassob” laqabli Abbos Xo‘jaevga ishonib topshiriladi.

“Qassob” 2008 yildan 2020 yilning dekabrigacha Toshkent shahridagi jinoyat doiralaridan MXXga axborot yetkazib turgan.

“Yaqinda, aniqrog‘i, 2020 yil noyabr oyining o‘rtalarida Baxti Tashkentskiy Abbos Xo‘jaevni chaqirib, qulog‘ining tagiga bitta shapaloq urib, unga ko‘cha ishlariga aralashmaslikni buyurdi”, deydi O‘zbekiston IIVga yaqin manba.

“Eltuz”ning Toshkentdagi huquq-tartibot idoralari va kriminal doiralarga yaqin manbalarining aytishicha, 2009-2017 yillarda Hilol “Zubotexnik” (“Tish ustasi”), Bekzod “Begi”, Jahon “Piska” (Jahongir Sharipov), Volodya “Chilanzarskiy”, Shamshod “Yig‘loqi”, Qahramon “Tojik” (Qahramon Boriev), Baho “Ferganskiy” (Bahodir Qosimov), Akbar “Kamolon”, Arslon va boshqa “loxmach”lar MXX bilan hamkorlik qilib, mahbus va mahkumlarni qiynashda va o‘ldirishda ishtirok etgan.

“Ismlari keltirilgan va jazolanishi kutilayotgan jallodlarning eng vahshiysi “Zubotexnik” (“Tish ustasi”) laqabli Hilol bo‘lib, bu “loxmach” dindor va muxolifatchi mahbus va mahkumlarning tishlarini maishiy ombur bilan sug‘urib, o‘ldirishdan zavq olgan.

Hilol degani Rustam Inoyatov, Shuhrat G‘ulomov, Hayot Sharifxo‘jaev va Toymuroz Alimovning topshirig‘iga ko‘ra, Toshturmada o‘nlab namozxon yigitning quloq va burunlarini qurilish omburi bilan qirqib o‘ldirgan.

Bundan tashqari, MXX rahbariyati bu vahshiyni ayollar “zona”siga e'tiqodidan qaytmagan yoki prezident Islom Karimovdan kechirim so‘ramagan ayollarni zo‘rlashga ham yuborgan.

Ayollar koloniyasida “Zubotexnik” 159-modda bilan qamalgan va Karimovdan kechirim so‘ramagan ayollarni avval zo‘rlab, keyin ko‘kraklarining uchlarini ombur bilan uzib o‘ldirgan”, deydi jazoga tortilishidan qo‘rqib ismi sir qolishini so‘ragan IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi sobiq xodimi.

Uning aytishicha, MXX mulozimlari Hayot Sharifxo‘jaev va Toymuroz Alimovning jallodi Hilol “Zubotexnik” (“Tish ustasi”) laqabini mahbus va mahkumlarning tishlarini oddiy ombur bilan sug‘urgani uchun olgan.

“Eltuz”ning bir-biridan mustaqil manbalari so‘zlariga ko‘ra, MXXning boshqa “loxmach”lari – Bekzod “Begi”, Jahon “Piska” (Jahongir Sharipov), Volodya “Chilanzarskiy”, Shamshod “Yig‘loqi”, Qahramon “Tojik” (Qahramon Boriev), Baho “Ferganskiy” (Bahodir Qosimov) va Akbar “Kamolon”lar ham vahshiylikda Hilol “Zubotexnik”dan qolishmagan.

“Masalan, respublikadagi moy-ekstratsiya zavodlari rahbarlarini talagan va bir nechtasini o‘ldirib, qamalgan “Yig‘loqi” Shamshod ham “zona”da Toymuroz Alimovga ishlagan.

Bu jallod qo‘shiqchi Azim Mullaxonovning kuyovi bo‘ladi. U ham “kontora”ning topshirig‘i bo‘yicha diniy va siyosiy mahbuslarni kaltaklab, majruh qilishda, “sindirish”da va o‘ldirishda ishtirok qilgan”, deyishdi Toshkentdagi manbalar.

Ularning aytishicha, o‘tgan haftadagi “progon”larning chiqarilishiga sababchi bo‘lgan Volodya “Chilanzarskiy” ham mahbus va mahkumlarni o‘ldirishda faol ishtirok qilgan.

“Volodya “Chilanzarskiy” Zarafshondagi “zona”da boshqa bir jallod Jahon “Piska”ning yordamchisi bo‘lib ishlagan. U ham mahkumlarni dahshatli qiynoqlarga solgan”, deydi “Eltuz”ning bir-biridan mustaqil manbalari.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan haftadagi “progon”larning chiqishiga aynan Volodya “Chilanzarskiy” bilan bog‘liq voqea sabab bo‘lgan.

O‘zbekistondagi “progon”larning Rossiyadagi turtkilari

Shu yil noyabr oyi o‘rtalarida Rossiyadagi jinoyat olami vakillari O‘zbekiston MXXning “loxmach”i Volodya “Chilanzarskiy”ni Rossiyada qo‘lga olib, o‘zbek qamoqxonalarida “kontora”ga ishlagani va mahkumlarni qiynab o‘ldirgani uchun ayovsiz kaltaklashadi.

Rus kriminal doiralari “Chilanzarskiy” Volodya qanday kaltaklanganini videoga olib, O‘zbekistonning “qonundagi o‘g‘risi” Baxti Tashkentskiyga yuborishadi.

“Rus o‘g‘rilari Baxtiyor Qudratillaevga: “Tasarrufingdagi qamoqxonalarda mahkumlar hukumatning topshirig‘i bilan boshqa mahkumlarni qiynoqqa solib o‘ldirishmoqda.

Nega “loxmach”larni jazolamaysan yoki, hech bo‘lmasa, bu holatni qoralamaysan? Mana, ko‘r, sen qilishing kerak bo‘lgan ishni biz qilyapmiz!” deb, keskin e'tiroz bildirishgan.

Baxti Tashkentskiy shundan keyin MXXning “loxmach”lariga qarshi urush ochishga majbur bo‘ldi”, deyishdi bir-biridan mustaqil manbalar.

Ular Volodya “Chilanzarskiy”ning Rossiyada kaltaklangani aks etgan videokadrlarni “Eltuz”ga taqdim qilishdi. “Eltuz” ixtiyoriga kelib tushgan videokadrlarda uch rus yigiti Volodya “Chilanzarskiy”ni O‘zbekiston “zona”larida boshqa mahbuslarni qiynoqqa solib, o‘ldirgani hamda MXXga “quloqlik” qilgani uchun jazolashayotganini ochiq aytishgan.

“Eltuz” manbalarining bildirishicha, Volodya “Chilanzarskiy” sobiq MXX tomonidan Rossiyaga chiqarib yuborilgan yagona “loxmach” emas.

“Piska” laqabli Jahongir Sharipov degan “loxmach” ham Rustam Inoyatov va Toymuroz Alimov tomonidan Rossiyaga chiqarib yuborildi”, deyishdi Toshkentdagi manbalar.

Ularning aytishicha, bugungi kunda DXXning Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan Toymuroz Alimov o‘z “loxmach”larini ham davlatning, ham ko‘chaning jazosidan qutqarib qolish bilan shug‘ullanmoqda.

“Loxmach”larni jazodan qutqarish formulasi: yo xorijga, yo qamoqqa!

“Eltuz”ga yaqin manbalarning aytishicha, Toymuroz Alimov hali ham Rustam Inoyatov va Hayot Sharifxo‘jaevga ishlashda davom etmoqda.

“Toymurozni qamoqdan chiqargan odam Rustam Inoyatovdir. Toymuroz Alimov qamalganda nega Inoyatov Toymuroz uchun yelib-yugurdi?

Chunki Toymuroz Alimov qamoqda qolib ketsa, 159-modda bilan qamalgan 50 dan ziyod mahkumni o‘ldirish topshirig‘ini aynan Rustam Inoyatovdan olganini oshkor qilib, sobiq MXX raisiga qarshi ko‘rsatma berishi aniq edi.

Toymuroz Alimov ozodlikka chiqarilgach, O‘zbekiston “zona”laridagi “loxmach”lar ham shu haqiqatni oshkor qilib qo‘yish xavfi saqlanib qolayotgan edi.

Shuning uchun sobiq MXX raisi Rustam Inoyatov va uning o‘ng qo‘li Hayot Sharifxo‘jaev hozir DXXning Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan Toymuroz Alimovga “kontora”ning “loxmach”larini qanday bo‘lmasin prezident Shavkat Mirziyoevning va jinoyat olamining muqarrar jazosidan qutqarib qolishni buyurishgan”, dedi «Eltuz»ning Toshkentdagi manbasi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, sobiq MXX jallodlarini qutqarish uchun Toymuroz Alimov ikki yo‘lni tanlagan: ularni avval ozodlikka, keyin xorijga chiqarib yuboradi yoki maxsus rejimli koloniyaga qamab, asraydi.

“Eltuz” manbalarining bildirishicha, Volodya “Chilanzarskiy” va Jahon “Piska”lar aynan Toymuroz Alimovning tashabbusi bilan ozodlikka va xorijga chiqarilgan.

Davlatning va “ko‘cha”ning jazosidan asrash uchun qamoqqa tiqilganlardan “Baxa Ferganskiy” laqabli Bahodir Ne'matovich Qosimovni aytsa bo‘ladi.

«DXXning Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Toymuroz Alimov “loxmach” Bahodir Qosimovni Qorovulbozordagi 64/25-maxsus rejimli koloniyaga “yopib” qo‘ydi.

“Baxa Ferganskiy” Toymuroz Alimovning ko‘rsatmasiga ko‘ra qilmagan jinoyatini ataylab bo‘yniga oldi va Qorovulbozordagi maxsus rejimli “zona”ga berkinib oldi. “Loxmach”ning u yerda bo‘lishi o‘ziga ham, uning xo‘jayini Toymuroz Alimovga ham foydalidir”, deydi “Eltuz”ga yaqin manbalar.

Ularning bildirishicha, Baxti Tashkentskiyning “progon”laridan xabar topgan “Baxa Ferganskiy” shu kunlarda o‘z yaqinlari orqali Qorovulbozorga O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan vakil (tergovchi) jo‘natishni iltimos qilgan.

“Bahodir Qosimov Bosh prokuraturadan keladigan tergovchiga hamma haqiqatlarni aytishni istayotgan emish. Xususan, Bahodir Qosimov 2012-2014 yillarda Toymuroz Alimovning topshirig‘i bilan Kosondagi 64/51-koloniyaga “polojenets” qilib qo‘yilgani, u yerda Toymuroz Alimovning buyrug‘i bilan bir qancha mahkumlarni qiynoqqa solib, o‘ldirgani haqida rasmiy ko‘rsatma berish niyatida emish.

Ko‘ramiz, bosh prokuror “Baxa Ferganskiy”ni tinglashga, undan DXXning Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Toymuroz Alimovga qarshi ko‘rsatma olishga odam jo‘natarmikin yoki yo‘qmi?” deydi Toshkentdagi manbalar.

Ularning aytishicha, sobiq MXXning rahbar mulozimlari Rustam Inoyatov, Hayot Sharifxo‘jaev, DXXning Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Toymuroz Alimovning kelasi yil mart oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan prezident saylovidan umidlari katta.

“Ular Mirziyoevni ag‘darib, o‘rniga “kontora”ning odamini olib kelish payida yurishibdi. Ana o‘shanda katta qamash kampaniyasini boshlash, unda yana “loxmach”larning xizmatlaridan foydalanishni rejalashtirishmoqda”, deyishdi Toshkentdagi manbalar.

Ular taqdim qilgan ma'lumotlarga ko‘ra, hozircha Toymuroz Alimov “kontora”ning “loxmach”lari bilan aloqalarni ushlab turishda “Epchil” laqabli Husan “Andijanskiy”ning vositachiligidan foydalanmoqda.

Baxti Tashkentskiyning “progon”lari

“O‘tgan haftada “Baxti Tashkenstkiy” tomonidan sobiq MXX “loxmach”lari ustidan hukmlar chiqarilishi Rustam Inoyatov, Hayot Sharifxo‘jaev, Toymuroz Alimovning rejalariga katta zarba bo‘lishi aniq”, deyishdi “Eltuz”ga ma'lumot va tahlil taqdim etgan manbalar.

Ularning fikriga ko‘ra, Baxtiyor Qudratillaevning bu ishi uning O‘zbekiston, sobiq SSSR va Turkiya jinoyat olamidagi obro‘sini so‘zsiz oshiradi.

“MXXning “loxmach”lari ustidan shunday hukmlar chiqarishni Baxtidan ko‘pchilik kutayotgan edi. Shuning uchun ham Baxti Tashkentskiyning “progoni” qandaydir to‘rt-besh soat ichida butun O‘zbekistonga va Rossiyaga tarqalib ketdi.

“Progon” ostida hech kim imzo qo‘ymagan bo‘lsa ham jinoyat olami vakillari topshiriq Baxtidan chiqqanini darrov tushunib yetishdi”, deydi shunday “progon”larni olgan kishilardan biri.

eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 may 2016
O‘zbek rasmiylari milliy til rivoji va rag‘batini hukumat farmonlari, qarorlari bilan ochilgan universitet va uning tarkibida ochilgan o‘zbek tili ...
2 oktyabr 2015
Xozarasp tumanining Sanoat qishlog‘ida Sanoat xo‘jaligining paxta dalasida joylashgan shiyponida bo‘ldik. U yerda qishloq xo‘jaligi kolleji talabalari joylashtirilgan ekan, ...
8 dekabr 2020
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida jasadi 6 noyabr kuni katta ariqdan topilgan 55 yashar fermer Muzaffar Muhammadievning yaqinlari u tuman ...
20 mart 2023
O‘zbekiston prezidenti Mirziyoev, Turkiyalik saylovchilarni may oyida bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida 20 yildan beri hokimiyatda bo‘lgan Erdo‘g‘an nomzodini “to‘liq ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...