Asosiy mavzular
31 dekabr 2020

Germaniyaning O‘zbekiston yo‘l sanoatiga sarmoya kiritishiga kim to‘sqinlik qilmoqda?

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mulozimining “Eltuz”ga aytishicha, O‘zbekiston avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi (sobiq “O‘zavtoyo‘l” davlat aktsiyadorlik kompaniyasi) rahbariyati sohaga katta miqdorda investitsiya kiritishga rozilik bergan Germaniya shirkatidan 400 million dollar miqdorida “otkat” (“qaytarma” – mablag‘dan qaytariladigan pora) so‘ragan.

TIVning ta'qibga uchrashidan qo‘rqib nomini oshkor etishni istamagan mulozimiga ko‘ra, qo‘mita rahbariyati germaniyaliklar kiritmoqchi bo‘lgan 2 milliard dollarga teng investitsiyaning 20 foizini pora sifatida berishni talab qilgan.

O‘zbekiston avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi rahbariyati nemis sarmoyadorlariga bu talabni o‘z vositachilari orqali O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi xodimlariga yetkazganlar.

“Hozircha germaniyalik yirik investorlar nomini tilga olmay turaman. Lekin ular O‘zbekistonda yangi va zamonaviy avtomobil yo‘llarini qurish, eskilarini jahon standartlari bo‘yicha ta'mirlash uchun jami 2 milliard yevro miqdorida investitsiya kiritishga rozilik bergan edi.

Afsuski, Germaniya shirkati bilan bog‘lanib, shartnoma imzolash so‘ralganida, “O‘zavtoyo‘l” rahbariyati avvaliga ishni paysalga sola boshladi, keyin esa 400 million yevro miqdorida “otkat” so‘radi”, dedi TIV mulozimi .

Uning “Eltuz” bilan suhbatda ta'kidlashicha, O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi vakillari “O‘zavtoyo‘l” rahbarlari talabini germaniyaliklarga yetkazishdan bosh tortganlar.  

O‘zbekistondagi avtomobil yo‘llariga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan yirik shirkatni  “O‘zavtoyo‘l” qo‘mitasining o‘zi emas, Tashqi ishlar vazirligi va Berlindagi elchixona topgan.

“Vazirlik va elchixona barcha muzokaralarni o‘tkazib, “O‘zavtoyo‘l”dan investitsion loyiha tuzib, rasmiy shartnoma imzolashni so‘radi. Biroq yo‘l idorasidagi mafiya investordan “otkat” talab qildi.

Qarang-da, Mirziyoev, Tashqi ishlar vazirligi va elchixonalar yelib-yugurib, investor topadi-da, mamlakat ichkarisidagi asfalt mafiyasi investordan “otkat” talab qiladi”, deya o‘z noroziligini bildirdi TIV mulozimi.

Uning aytishicha, Tashqi ishlar vazirligi va elchixonalar O‘zbekistonga xorijiy investitsiya jalb qilish ishlarini prezident Shavkat Mirziyoevning topshirig‘i bo‘yicha tuzilgan maxsus dastur asosida olib borishmoqda.

“Bilasiz, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Tashqi ishlar vazirligi va diplomatik missiyalar diqqatini mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratdi.

Prezidentimizning ana shu topshirig‘ini bajarish uchun vazirlik ham, elchilar ham doim investor qidirish bilan ovvoralar. Lekin vazirlik va elchilar xorijiy investor topgani bilan iqtisodiy sohalarni o‘z qo‘liga olgan poraxo‘r va o‘g‘rilar hatto investorlardan ham “ulush” undirishga harakat qilishmoqda.

Natijada vazirlik rahbariyati va diplomatlarning hamma harakatlari havoga sovurilmoqda. Bunday sharoitda ishlab bo‘lmaydi”, deya yozg‘irdi TIV vakili.

Toshkentdagi ishbilarmon doiralariga yaqin boshqa bir manbaning “Eltuz”ga bildirishicha, O‘zbekistondagi avtomobil yo‘llarini qurish sohasi 2000 yillarning boshidan asfalt mafiyasi qo‘lida qolmoqda.

“Yurtimizdagi yo‘l qurilish ishlari doim asfalt mafiyasining qo‘lida bo‘lib kelgan. Salim Abduvaliev, G‘ofur Rahimov, Lazar Shaybazyan kabi “yirik tadbirkor”lar turli yillarda bu sohaning norasmiy xo‘jayinlari bo‘lib kelishgan.

Mafiyaning bu  sohaga kirib kelishiga esa yo‘l solig‘ining avtoyoqilg‘iga to‘langan mablag‘lardan undirila boshlagani, bu mablag‘larni yig‘ib borish uchun “O‘zavtoyo‘l” kompaniyasi tarkibida Yo‘l jamg‘armasi tuzilishi, aniqrog‘i, bu jamg‘armada juda katta pul to‘planishi sabab bo‘lgan.

Pashshalar murabbo atrofida to‘planganidek, o‘g‘ri va kazzoblarning hammasi shu jamg‘arma hamda “O‘zavtoyo‘l” atrofida to‘planishgan”, dedi toshkentlik  ishbilarmon.

O‘z so‘zlariga isbot tariqasida u “Xorazmavtoyo‘l” korxonasi sobiq rahbari Valeriy Polvonovning 2000-2005 yillarda jamg‘armadagi bir necha yuz milliard so‘m mablag‘ni naqdlashtirib o‘margani, bu pullarni Salim Abuvaliev va Lazar Shaybazyanga berib kelganini aytdi.

“Kichkina bir viloyat idorasi rahbari hujjatlarda butun Xorazmning yo‘llarini “har yilda ikki marta ta'mir”dan chiqargan va katta pullarni o‘margan.

Shuning uchun “O‘zavtoyo‘l”dagilar olmon investorlaridan “otkat” so‘rashgan bo‘lsa, ajablanmay qo‘yavering. Ular sohaga begonalarni kiritishmaydi”, dedi Toshkentdagi ishbilarmon.

Ilgari davlat aktsiyadorlik kompaniyasi maqomida bo‘lgan “O‘zavtoyo‘l” 2017 yil 14 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoevning “Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida davlat qo‘mitasi shaklida qayta tashkil etildi.

Ushbu qarorga asosan, turli yillarda “O‘zavtoyo‘l” davlat aktsiyadorlik kompaniyasi va Moliya vazirligi tasarruflarida bo‘lgan Respublika yo‘l jamg‘armasi Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga o‘tkazildi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 yanvar 2023
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Dastlabki shikoyat Xorazm viloyatining Shovot tumanidan. Parrandachilikka ixtisoslashgan ferma egasi ...
14 aprel 2020
O‘zbekiston hukumati «Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasini e'lon qildi. ...
28 iyul 2016
Qarshimizda Sovet Markaziy Osiyosida isyonchilik harakatiga qarshi kurashish davrida olingan eng muvaffaqiyatli fotohujjatlardan biri desa bo‘ladigan fotosurat turibdi. Biz ...
8 mart 2019
​​Jallod deganda boshiga qop kiydirilib, kundaga qo‘yilgan kallani oybolta bilan chopadigan baquvvat odamni tushunishadi odatda. Lekin aslida vaziyat biroz ...
Bloglar
13 sentyabr 2023
Islom Karimov odamlar orasida yashamagani uchun yutuqlarga erisha olmadi. U o‘zining virtual yopiq dunyosini yaratdi ...
12 sentyabr 2023
(Bir to‘y haqida o‘y) Qo‘shiqchi Munisa Rizaevaning to‘yiga bir million dollarning tepasida rasxod bo‘ldi. Pulni ...
20 avgust 2023
Fayzulla Ubaydullo Xo‘ja o‘g‘li, ya'ni Fayzulla Xo‘jaev 1896 yil 15 martda Buxoro amirligida tug‘iladi. Otasi ...