Asosiy mavzular
6 yanvar 2021

Alisher Ilhomov: O‘zbekiston iqtisodiyoti jar yoqasida

Londondagi Sharq va Afrika tadqiqotlari instituti tahlilchisi Alisher Ilhomov tashqi qarzlarning doimiy o‘sib borayotgani bois O‘zbekiston iqtisodiyoti ahvoli juda xavotirli ekanini bildirdi.

Ilhomov o‘zining feycbuk sahifasidagi sharhida bunday yozadi: “Yaqinda Standard&Poor xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning kredit reytingini VV-/V+ darajasida baholadi. 

O‘zbekiston iqtisodiyot vaziri reyting pasaymadi, deya maqtanishga urindi.  Biroq u dunyodagi eng yirik kredit agentligi tashqi qarzning o‘sish sur'atlariga ishora qilib, O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy baho berganini eslashni unutdi.

O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti (YaIM) atigi 50 milliard dollarni tashkil etadi. 2020 yil dekabrgacha mamlakatning tashqi qarzi 27 milliard dollarga, ya'ni YaIMning 54 foiziga yetdi. To‘g‘ri, 32,8 milliard dollarni yoki YaIMning 66 foizini tashkil etadigan oltin-valyuta zaxirasi mavjud, ammo u ham shiddat bilan kamaymoqda.

Endilikda ushbu zaxira va tashqi qarz o‘rtasidagi farq atigi 5,8 milliard dollarni tashkil etmoqda. Agar tashqi qarzning o‘sishini to‘xtatish imkoni bo‘lmasa, u holda mamlakat defolt holatiga tushishi, ya'ni tashqi qarzlarni to‘lashga qodir bo‘lmay qolishi mumkin. 

Atigi 13 milliard dollarni tashkil etadigan davlat byudjeti katta miqdorda qarz olishga kafolat sifatida xizmat qila olmaydi. Tashqi o‘yinchilarning munosabati ham darhol o‘zgaradi – kreditlar faqat juda yuqori foiz stavkalar evaziga yoki umuman berilmasligi mumkin. 

Hukumat nima qiladi? Albatta, faqat yirik korxonalarni qutqarib qolish uchun aholi, kichik va o‘rta biznesni bo‘g‘a boshlaydi.

O‘zbekistonning tashqi qarzi o‘smoqda, oltin-valyuta zaxiralari esa kamayib bormoqda.

Ammo qiziq tomoni shundaki, tashqi qarzning asosiy qismi, ya'ni 16 milliard dollardan ko‘prog‘i xususiy (rasmiy ravishda nodavlat) qarzlardan iborat. Banklar qarz oldi, xususiy qarzlarning qolgan yarmi energetika sohasiga to‘g‘ri kelmoqda. Shu so‘nggisi yuzasidan savol tug‘iladi: agar mamlakat o‘zi gaz eksport qilsa va ushbu sohadan daromad olishi kerak bo‘lsa, bu qarz qaerdan kelib chiqdi?

Boshqa masala – banklar. De-yure ular davlatga tegishli emas, lekin amalda ular davlat tomonidan boshqariladi. S&P reyting agentligi aynan bank sektorining achinarli holatiga ishora qiladi. 

Muammo nimada? Gap shundaki, hukumat ushbu banklar orqali davlat nazoratidagi eng yirik korxonalarni moliyalashtiradi. Ushbu korxonalar ham rasman xususiy – turli aktsiyadorlik jamiyatlaridan iborat, ammo aslida u yerdagi hamma ishlar eskicha yuritilmoqda.

Odatda ular SOE, ya'ni asosiy paket aktsiyalari davlatga tegishli kompaniyalardir. Ular o‘zlarining samarasizligi va aynan eskicha boshqaruv usuli tufayli to‘lovga layoqatsiz bo‘lib qolishgan. Shu tarzda ular banklarni qarzdor qilishmoqda. 

Hukumat buni juda yaxshi biladi va aftidan ularni xususiylashtirish jarayonini tezlatishga qaror qilgan. Bu haqda endilikda hukumatga aloqador ekspertlar gapirmoqda. 

Mantiq shundaki, xususiylashtirishdan pul keladi. Ikkinchidan, agar yangi egasi biznesni o‘nglasa va uni zamonaviy korporativ boshqaruv tamoyillariga moslashtirsa, mamlakatning tashqi qarzi o‘smasligi mumkin.

Bu yerda men “agar” so‘ziga alohida urg‘u bergan bo‘lar edim, chunki men bunday ishlar O‘zbekistonda (paxta klasterlari misolida) qanday amalga oshirilayotganini bilaman. 

Xususiylashtirish yana shubhali qora sxemalarga asoslanishi,  yuqoridagilarning yaqinlari va oligarxlar ushbu korxonalarni egallab olib,  keyin ularni, agar shundaylar topilsa, haqiqiy investorlarga (masalan,  xitoyliklarga) qayta sotishlari va buni ham qora sxemalar bo‘yicha amalga oshirishlari xavfi juda katta.

Bunday xususiylashtirish iqtisodiyot ustidan nazoratni turli firibgarlarga, hattoki uyushgan jinoiy guruh qo‘liga topshirishni anglatadi. Natijada hukumat rasman belgilagan maqsadlariga erisha olmaydi va iqtisodiy halokatga yaqinlashish tezlashadi».

Manba: https://www.facebook.com/alisher.ilkhamov/posts/10159571057119434

Tag‘in o‘qing
30 mart 2020
Tuman markaziga borib keldim. Ishim bor edi. Qalampir va pomidor ko‘chatlar sotyapti ekan. «Pomidor ko‘chati yetti donasi ming so‘m», ...
23 iyun 2017
Shu oyda Turk davlat banki Ziraat bankasi Toshkentda o‘z filialini ochishi kutilmoqda. Bu haqda 20 iyun kuni O‘zbekiston Bosh ...
11 iyul 2017
Prezident Mirziyoevning maktablarni 11 yillik tizimga qaytarish, buning uchun kollejlarni yopish taklifi O‘zbekistondagi ko‘pchilik tomonidan olqishlanmoqda. 18 iyun kuni ...
24 yanvar 2018
Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev avtobusda tiriklayin yonib ketgan farg‘onalik 16 yo‘lovchini «haromi» deb haqoratladi. O‘zbekistondan Rossiyaga ketayotgan yo‘lovchilar ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...