Asosiy mavzular
30 yanvar 2021

O‘zbekiston: odamlar sovqotyapti va qizishyapti

Joriy qish mavsumida mamlakatning uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimi nafaqat yaroqsiz, balki odamlar uchun xavfli ekani ma'lum bo‘lib qoldi.

G‘ayritabiiy tarzda uzoq davom etayotgan sovuq ob-havo hukumatning asosiy kommunal xizmatlar bilan ta'minlashga qodir emasligini namoyish etdi va jamoatchilikning bu bir necha yil oldin tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan darajadagi noroziligini keltirib chiqardi.

Yanvar oyi boshida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir videoda issiq kiyimdagi bola uyida elektr va gaz yo‘qligidan shikoyat qilib o‘qigan she'r ommaning e'tiborini tortdi:

“Ey, buyuk vazirlar! Havo sovuq va odamlar yig‘layapti, – deb o‘qiydi bolakay. – Odamlarga chiroq va gaz bering. Mening umidsiz iltijoimni tinglang. Onam kasal, siz esa issiqdasiz, Bolalaringiz esa shodon o‘ynamoqda…”.

O‘tgan oy esa Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanilik yigit tomonidan yana bir ommaviy murojaat e'lon qilindi. Murojaat qilar ekan, u o‘zi, rafiqasi va bolalari ikki oydan beri elektr va gazsiz o‘tirishganini, shu sababli butun oila sovuqdan qotib qolmaslik uchun bir xonada yotishiga to‘g‘ri kelganini aytdi. 

Xotini va bolalari uxlab yotgan paytda u pechga tappi tashlash uchun muntazam ravishda o‘rnidan turib yurdi. 

“Agar odamlarga asosiy yordamni bera olmasa, nima uchun mamlakat mustaqilligi kerak? Rossiyaga yoki Xitoyga qo‘shilish yaxshiroq emasmi? Siz bizni Lenin bergan elektr energiyasidan mahrum qildingiz”, deydi u prezident Shavkat Mirziyoevga shikoyat qilib. 

Anomal sovuq havo taxminan noyabr oyining oxirlarida boshlandi. Ketma-ket 50 kundan ko‘proq vaqt davomida harorat doimiy ravishda noldan pastda qoldi.

Elektr energiyasi iste'moli keskin o‘sdi, bu esa surunkali uzilishlarga olib keldi. 5 yanvar kuni butun mamlakat bo‘ylab beshta yirik issiqlik elektr stantsiyasida baxtsiz hodisalar qayd etildi. Natijada qo‘shni Qozog‘iston va Afg‘onistonga elektr energiyasini eksport qilishda uzilishlar boshlandi.

Hatto shu hafta biroz iliqroq bo‘lganiga qaramay, Toshkentning ayrim tumanlarida vaqti-vaqti bilan elektr energiyasi uzilib turdi. 

Isitish muammolari bilan bog‘liq noroziliklar ko‘paygan. Avvalroq, yanvar oyida Jizzax viloyati Paxtakor tumani aholisi uylarini gaz quvuriga ulash yoki hech bo‘lmaganda ko‘mir bilan ta'minlash talabi bilan yo‘lni to‘sib qo‘yishdi. Xuddi shunday holatlar Qo‘qon, Andijon va Buxoroda ham kuzatildi.

Surxondaryo viloyati tumanlaridan birida odamlar bundan ham shijoatliroq yo‘l tutdi: ular shunchaki yo‘lni to‘sibgina qolmay, norozilik sifatida shinalarni yoqib yuborishdi. Ikki kun oldin mahalliy nimstantsiyaning ishlamay qolishi sababli ushbu hududda elektr energiyasi o‘chirilgan edi.

Sovuq havo odamlarni xavfli qurilmalarga ko‘proq murojaat qilishga majbur etdi. Uylarni isitish uchun oshxona pechlardan foydalanish bir qator zaharlanishlar va portlashlarni keltirib chiqardi. 

Ular shunchalik odatiy holga aylandiki, hatto prezident Mirziyoev ham bu masalani hukumatning dekabr oyidagi yig‘ilishida ko‘targan edi. 

Oxirgi misollardan biri – 6 yanvar kuni Qarshida gaz portlashi natijasida ikki o‘spirin halok bo‘ldi.

Muammoning mohiyati shundaki, O‘zbekistondagi uy-joy kommunal xo‘jaligi tizimi nafaqat yaroqsiz, balki odamlar uchun xavfli ekanini hatto hukumat vakillari ochiqchasiga tan olishmoqda.

Noyabr oyi oxirida bergan intervyusida energetika vaziri Alisher Sultonov infratuzilmaning sovet davridan beri deyarli modernizatsiya qilinmaganidan nolidi va “o‘zlarining 30 yillik harakatsizligini” qoraladi va jiddiy tarzda qayta qurish zarurligini aytdi.

Bu esa katta xarajatlarni talab qiladi, albatta. Oktyabr oyida Senatning profil qo‘mitasida 766 kilometrdan ortiq gaz quvurlari almashtirish yoki ta'mirga muhtoj ekani haqida hisobot tinglandi.

Hukumat zaruriy mablag‘larning sezilarli qismi xususiy sarmoyalar hisobiga olinishiga umid qilmoqda. Mirziyoev 29 dekabrdagi nutqida energetika sohasidagi tub islohotlarga ishora qildi.

“Biz monopoliyani bekor qilamiz va tabiiy gaz yetkazib berishda bozor mexanizmlarini joriy etamiz. Ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tabiiy gazni sotish, ulgurji iste'molchilar esa birjadan sotib olish huquqiga ega bo‘ladilar. 

“O‘ztransgaz” (davlat) kompaniyasi esa faqat gazni tashish bilan shug‘ullanadi”, dedi prezident. 

Islohotlarning sustligini ochiq tanqid qiladigan iqtisodchi Yuliy Yusupovning mamlakat rahbariyati bu vazifani uddalay olishiga ishonchi komil emas. 

“Energetika sohasidagi vaziyat eng sodda, hayotiy zarur islohotlar amalga oshirilmayotganining yorqin namunasidir va bu ishlarni SSSRdagi aksariyat qo‘shnilarimiz 90-yillardayoq bajargan. Biz esa hali ham boshlay olmayapmiz”, deb yozgandi u Toshkent iqtisodiy rivojlanish markazi veb-saytida chop etilgan maqolasida.

Yanvar oyi o‘rtalarida havo biroz ilidi, bu esa muammoning yumshashiga olib keldi. Ammo yaqin kunlarda sinoptiklar taxminiga ko‘ra harorat yana tushib ketadi, bu esa noroziliklar yana davom etadi, degani. 

Deputat Doniyor G‘aniev 11 yanvar kuni Energetika vazirligining butun rahbariyati iste'foga chiqishini talab qilganida keng jamoatchilik fikrini bildirgan bo‘lishi mumkin. 

“Demokratik mamlakatlarda bunday inqirozlardan so‘ng rahbarlar o‘z tashabbusi bilan iste'foga chiqadilar. Ammo buning uchun o‘zingizni qadrlashingiz kerak”, deb yozgandi u telegram kanalida.

Eurasianet nashridan «Eltuz» tarjimasi

Tag‘in o‘qing
29 iyun 2017
28 iyun kuni Bryusseldagi yig‘ilishda Markazi Berlinda joylashgan «O‘zbekiston Germaniya forumi» va Xalqaro Human Rights Watch tashkiloti paxta sohasidagi ...
22 may 2018
Keyingi paytda “Boriga baraka” kapital shousi odamlar xayolini o‘rgimchak to‘ridek o‘ziga qamrab oldi. 7 yoshdan 70 yoshgacha hamma “Boriga ...
19 dekabr 2017
Andijon viloyati hokimligida ishlovchi manbaning «Eltuz» nashriga 18 dekabr kuni bergan ma'lumotlariga ko‘ra, endi hokimlikda bo‘lib o‘tadigan har qanday ...
18 oktyabr 2016
O‘zbekiston nashrlarini kuzatib, internet to‘g‘risida turli vahimalar, uning zararini ko‘pirtirib ko‘rsatish barcha nodemokratik tuzumlardagi matbuotga xos xususiyat, degan to‘xtamga ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...