Asosiy mavzular
4 fevral 2021

Kelinni internetda sazoyi qilgan to‘dadan faqat kuyov jazolandi

1 fevral kuni Urganch shahri fuqarolik sudi kelinga bokira chiqmaganlik aybini qo‘yib, uni videoga olib, internetda sazoyi qilgan bir guruh fuqarolar orasidan faqat kuyovga uch yilu olti oy uy qamog‘i belgiladi. 

Kuyovning kelinga zulm qilgan boshqa qarindoshlari esa jazodan qutulib qoldi. Kelin tomon Urganch shahri fuqarolik sudining bu qaroridan norozi bo‘lib, “Eltuz”ga murojaat qildi.

Yangiariq tumanining Gulobod qishlog‘ida yashovchi Nuriddin Rahimov hali ham qizi va xotini uyga kelmagani, alohida yashayotganini aytdi. Sud ham muammoni to‘g‘ri baholamaganidan nolidi.

To‘y 2020 yilning 7 oktyabrida bo‘lib o‘tgan. Kelinni videoga olish, haqorat qilish, kaltaklash holati ham aynan o‘sha kuni tunda sodir bo‘lgan.

Qizning kelin yanga bo‘lib qolgan onasi va yangasining tilla taqinchoqlari kuyovning yaqinlari tomonidan yechib olinib, ular tonggacha qamab qo‘yilgan. To‘yning barcha xarajatlarini qoplash sharti bilan kelinning otasidan 50 million so‘m talab qilingan kelin yangalar qo‘yib yuborilgan. 

Nuriddin Rahimov ertasiga 20 million so‘m pul keltirib bergan. Kelin tomonning aytishicha, Urganch shahri fuqarolik sudi kelin yangalarning tillo taqinchoqlarini va kuyov tomonga berilgan 20 million so‘m pulni olib berishga amaliy yordam ko‘rsatmagan.

“Biz holatni to‘liq o‘rganib chiqinglar, degan mazmunda ariza bergan edik, –deydi Nuriddin Rahimov. – Arizani rafiqam yozgandi. Ayolimning o‘zi guvoh ham edi bo‘lgan voqealarga. Qizig‘i,sudga ayolimning o‘zi kiritilmadi. 

Sud 11 yanvarda boshlandi. Takror-takror uch marotaba o‘tkazildi. 1 fevralda yakunlandi. Unga ko‘ra, kuyovga 3 yilu 6 oy uy qamog‘i berildi. Holatni videoga olganlarga, kelin yangalarni tahqirlab, tilla taqinchoqlarini olib qo‘yganlarga, qizimni tahqirlaganlarga hech qanday jazo tayinlanmadi. 

Hammasi videoda ko‘rinib turibdi. Ammo isbot sifatida shu videoni ham o‘rganmadi. Ish bosdi-bosdi qilib yuborildi. Men bergan 20 million pulni ham qaytarib olib bermadi.Ularning aytishicha, men o‘z xohishim bilan olib borgan emishman”.

“Bu ish ikki oy davomida o‘rganildi. Fevral oyida ish yakunlandi, – deydi Urganch shahri fuqarolik sudi mulozimi. – Kuyov tomonni ham, kelin tomonni ham tinglashga harakat qildik. Voqeani batafsil o‘rgandik. 

Kelin tomon hukmdan norozi ekanini aytmoqda. 7 oktyabr kuni kelin yangalarning tilla taqinchoqlari kuyov tomonidan majburan olib qo‘yilgani, ular kaltaklangani isbotlanmadi. Bu bo‘yicha bizda dalil yo‘q. 

Kuyov tomonga olib borib berilgan 20 million so‘m pul o‘zaro kelishuv vaqtida, ikki tomon xohishi bilan bo‘lgani uchun bu pulni ham qaytarish bizning vazifamizga kirmaydi”.

Urganch shahri fuqarolik sudi kelinning tahqirlanishi aks etgan videoni tarqatgan kishiga nisbatan jazo ko‘rilishi yuzasidan “Eltuz” muxbiri savoliga javob bermadi. 

Vaholanki, “Eltuz”ga taqdim etilgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda holat yetarlicha aks etgan edi.

“Eltuz” kuyov tomon bilan bog‘langanda, ular hukmdan norozi emasligini, voqea bo‘yicha ma'lumot taqdim etishni xohlamasligini bildirdi.

Tag‘in o‘qing
1 fevral 2019
Kichkinagina moviy qushcha gaz yo‘q, chiroq yo‘q O‘zbekistondan issiq o‘lkalarga uchib ketmoqchi bo‘ldi. U inidan chiqib osmonga parvoz qildi. ...
28 dekabr 2020
O‘zbekiston hukumati yolg‘on ma'lumotlar tarqatilishini jinoiy javobgarlikka tortishga urinishni to‘xtatishi va jurnalistlarning jazodan qo‘rqmasdan erkin ishlashini ta'minlashi kerak.  Bu ...
12 oktyabr 2022
Indorama Agro kompaniyasining xalqaro taraqqiyot banklari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan O‘zbekistonda paxta yetishtirish loyihasi mehnat, fuqarolik va atrof-muhit huquqlarining buzilishi bilan ...
14 iyun 2021
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 32-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) Uzun zamonlar orzu qilganimiz ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...