Asosiy mavzular
18 fevral 2021

Imperativ-6. Farosatli davra

Manqurt «doda»lar rusga sotqinlik evaziga berilgan yuksak lavozim, lyuks mashina va uylarni xayol qilayotgan zamonlarda biz mazlum xalqimizning paxta dalalarida bukilgan belini rostlab, ERK shabadasiga ko‘ksini ochishini orzu etar edik.

Mana, ERK kalimasining bizdagi evolyutsiyasi:

FAROSATLI DAVRA

…«Erk deb yurganlari ehtimol shudir»,

Jilmaya bilganlar daprov jilmaydi.

Farosatli davra! Bu yerda shudring

Bebaxt yulduzligin abad bilmaydi!

(1974)

YoMG‘IR

Yomg‘ir yog‘ar bu kech dunyoda,

Shahar bo‘lsa uyqusiga berk.

Ko‘cha bo‘ylab o‘tar piyoda,

Hali hech kim tanimagan Erk!

(1977)

IKKINChI DARAJALI QAHRAMON

Bilasizmi, deydi U sizga tikilib,

Nechun «Erk» deganda,

Qushning nomin bog‘lab aytarlar,

«Qushday erkinman», deb aytarlar nega?

Chunki haqoratdan ustun turar qush

O‘ta og‘zi shaloq kimsa ham

O‘zini so‘kadi qushni so‘kkanda.

Chunki qush birovdan gina qilmaydi,

Xafa bo‘lmas don bermasalar,

Lekin ta'zim qilmas don berganga ham,

Chunki kim don bersa,

O‘zi uchun berar qushga berganda.

Qushni «hurkak» derlar, Bu – yolg‘on.

Qush doim hurkkanda,

Tashlab ketayotgan bo‘ladi xolos

Navbatdagi Erksizligini…

(1979)

ShAFFOF UY

…Erk uning shaffof uyi,

Devorlari shishadan tikilgan

Shahardagi eng hashamatli uy.

Dunyoni ko‘rar u uyida turib

Tashqaridan uni ko‘radi dunyo…

(1980)

ShYe'RIYaT

Turoq deb atalgan tengsiz

Tenglik bor,

Qofiya degan bir

Do‘stlik bor ekan.

Jahonda xontaxta degan

Kenglik bor,

Dunyoda Erk bordir she'riyat degan.

(1984)

Muhammad Solih

RUS ShOIRIGA

«Baxt yo‘q bu dunyoda. Erk va Jimlik bor»*

Shuning o‘zi bizga yetadi abad

Agar haqiqatan Erk bo‘lsa, agar

Chindan ham bor bo‘lsa, agar, farog‘at.

(1984)

  • A.S. Pushkin she'ridan olingan satr

MAXLUQ

U bir maxluq dunyo bog‘ida,

Uning turgan-bitgani qayg‘u.

Kishan yo‘q-ku qo‘l, oyog‘ida

Ammo erkni, ERKni istar u.

U bir maxluq, yurgan bir daydi,

Yo‘q, yo‘q, yurmas, ko‘klarda uchar,

U o‘zining nafratin yeydi,

U o‘zining g‘azabin ichar.

Shunday maxluq, uning yonida

Har bir ayol ko‘rinadi tul.

«Kelgindi»mish o‘z vatanida,

O‘z uyida «nomahram»mish ul…

Bas qil, maxluq! Bas qil, dedim, bas!

Muzlamasin yuzingda qahr.

Bu dunyoda mumkin-ku yashash,

Vatansiz ham mumkin-ku, axir!

(1985)

TURKISTON

Har bir soniyada yuz bor tintilgan,

Yuz bor so‘roqlangan shappatday diyor –

Senmi hali o‘sha ko‘kka intilgan,

Senmi qorong‘uda axtargan ziyo?

Farovon hayotdan noshukur banda

Non emas, Erk haqda kuylagan senmi

Yomon otli bo‘lib hammaga bunda

Yana hamma haqda o‘ylagan senmi?

Senmi, tutib qolgan Adl qamchisin,

Senmi, haq jazoga xalaqit bergan

Senmi, nishon olgan ko‘zyosh tomchisin,

Senmi, hali o‘sha takabbur mergan?

Senmi hamon bo‘yinsinmagan bo‘yin,

Qaqragan lablarning ol qahri – senmi?!

Qullar cahrosida ko‘tarib quyun,

Hech ne ko‘rmaganday, lol dahriy senmi?

Soqchi uyquda, deb umid-la boqqan,

Qochishni ko‘zlagan senmi piyoda

Bu og‘ir zanjirni shaldiratmoqqa

Jur'at etgan senmi jimjit dunyoda?! A-ha, senmi?!

(1985)

TILChINING DYeGANI

«Erk» so‘zi

Otasi emasmikan «erkak» so‘zining?

Shunday bo‘lishi mumkin,

Faqat – o‘tgan zamonlarda.

«Erk» so‘zida, balki

Umuman ma'ni yo‘qdir,

«Erk» so‘zi shunchaki

O‘layotgan askarning bo‘g‘izidan chiqqan

«Hiq»illashdir?

Shunday bo‘lishi ham mumkin,

Faqat Afg‘on tomonlarda.

Biz uchun esa

Erinchoq odam to‘qigan so‘zday tuyular u,

Shunchalar qisqa:

Erk.

(1986)

ChYeT TILINI O‘RGANISh

Turkiyda so‘zlar bor, xanjarday o‘tkirdir.

Bir xato qilsang, bas, til darrov tilinar.

Ayniqsa, birovga aytmoqchi bo‘lsang sir,

Ayniqsa, hayqirmoq istasang, bilinar.

Turkiyda so‘zlar bor, o‘tkirdir nayzaday.

Ammo men bilaman ishimning ko‘zini:

Ertalab tilimga, dorivor maysaday,

Qo‘yaman Englishning o‘n-o‘n besh so‘zini.

O‘n-o‘n besh so‘z ila tuzalgach bu yara,

Qaytadan tilimni nayzaga tashlayman.

Eng o‘tkir so‘zlarga men uni qo‘yarak,

Eng yumshoq so‘zlarni keltira boshlayman.

Men endi bilaman, eng qadim obida

«ERK» so‘zi til uchun eng xavfli kalima.

Va lekin biror so‘z yumshoqlik bobida

Hech tilda teng kelmas bu turkiy «O‘LIM»ga.

(1987)

Ko‘rganingiz kabi ERK haqida ilk she'r 1974 yili yozilgan. «ERK» deb yurganlari ehtimol shudir», deya kinoya etiladi yosh shoir tarafidan.

Chunki jamiyatimizdagi insonlarda bir yaproqning, unga qo‘ngan bir shudringning irodasi qadar ham ozodlikka iroda yo‘q edi uning nazarida.

Ammo 13 yil keyin, 1987 yilda «Chet tilini o‘rganish» she'rida aytilganiday, bu «yosh shoir» ozodlik uchun ul «yumshoq O‘LIMga» tayyor holatga kelgan edi.

Sizlar-chi, 1987 yilda nima bilan mashg‘ul edinglar, janob manqurtlar?

Muhammad Solih

(Davomi bor. Imperativ, 2020 yil, Istanbul)

Tag‘in o‘qing
15 dekabr 2015
Bunda pivo istisno qilingan. Yangi narxlar Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining 2015 yilning 3 dekabrdagi qo‘shma qarorida tasdiqlangan. ...
20 aprel 2019
Ko‘plab manbalarda Muhammad CAV tug‘ilgan kunlari turlicha talqin qilinadi, biroq sahih deya atalgan ko‘p manbalarda 571 yilning 20 apreli ...
25 yanvar 2019
Tojikiston rasmiylari 2018 yilning boshida qabul qilingan qaror asosida TV orqali nafaqat seks, balki o‘pishish va quchoqlashish sahnalarini ham ...
30 iyul 2016
Ijtimoiy tarmoqdagi o‘zbek segmentiga xos illatlardan biri, biror maqolada millat turmushidagi nuqsonlar tanqid qilinayotgan payt, chet ellarda bundan yomonligiga ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...