Asosiy mavzular
1 mart 2021

Imperativ-9. Davlatni o‘z tiliga qaytarish kerak

(Muhammad Solih audiokitobining davomi)

Shaxsan hech qachon rus xalqiga kin va nafrat tuymadim. Aksincha, yoshligimda Rusiya bilan bog‘liq ishlarimda (adabiyotda kabi siyosatda ham) juda ko‘p sodiq do‘stlarim ruslar orasidan bo‘lgan. Bir-birimizni qardoshcha qo‘llab-quvvatlaganmiz.

Ruschaga tarjima qilingan she'rlarimning tarjimonlari rusning ikki buyuk shoiri – Viktor Sosnora va Aleksey Parщikov. Biri peterburglik, ikkinchisi moskvalik edi. Ikkalasi ham Toshkentga uyimga kelgan, men ham ularning uylarida mehmon bo‘lganman, oilalarimiz ham bir-birlari bilan do‘st bo‘lishgan. Qismati yetib, bugun ikkalasi ham olamdan o‘tgan.

Hozir ham Istanbulga juda ko‘p rus do‘stlarim ziyoratga kelib turishadi. Ular bilan adabiyot, siyosat va har narsani qardoshcha muhokama qila olamiz va oramizda millat va irq muammosi hech qachon bo‘lmagan.

Albatta, ruslar ichida, har qanday bir xalq ichida bo‘lgani kabi, yaxshilari ham, yomonlari ham bo‘ladi. Bir yoki ikki rusning, bir yoki ikki rus guruhining salbiy taraflarini butun rus xalqiga yuklash insofsizlik bo‘lardi.

Masalan, Jirinovskiy yoki Duginning shovinizmdan ham oshib tushgan irqchi siyosatlarini butun rus xalqiga mol qilish (tamg‘alash) mumkin emas. Hatto Jirinovskiyning partiyasiga millionlab ruslar ovoz berayotgan bo‘lsa ham. Hatto bu arboblar ba'zi «nozik masalalar»da rus hukumatining g‘ayrirasmiy «tili» bo‘lib vaysayotgan bo‘lsa ham. Hatto bu arboblar ko‘ksiga Rusiya Prezidenti tarafidan davlat nishonlari taqilayotgan bo‘lsa ham. Biz bular uchun rus xalqini ayblay olmaymiz.

Ammo bu tolerantlik mening rus shovinizmi va irqchiligidan nafratlanishimga to‘siq bo‘la olmaydi. «Mustaqil» bo‘lib, rus shovinizmidan qutuldik, deb o‘ylagan edik, ammo O‘zbekistondagi bugungi ahvol buning teskarisini ko‘rsatyapti.

Rus shovinizmining o‘lkamizdagi zuhuroti ba'zan qip-yalang‘och va haqoratomuz shaklda yuz beradi.

So‘nggi paytda rus bosqinchilariga Toshkentda o‘rnatilgan «tarixiy yodgorlik»ning ta'miri, rus tilini yana davlat tili maqomiga ko‘tarish orzularining suveren bir davlatda taraddudsiz kun tartibiga keltirilishi rus shovinizmining O‘zbekistonda hali ham kuchli omil ekanini ko‘rsatmoqda.

O‘zbek tili davlat tili deb e'lon qilinganiga 31 yil bo‘ldi, ammo bu til haligacha davlat tili bo‘la olmadi. O‘zbekistonda yashayotgan o‘zbek bo‘lmagan aholi ham 5 yil ichida davlat tilini o‘rganishi kerak edi 90-yillarda olingan qarorlar bo‘yicha.

O‘zbek bo‘lmagan bu nufus mustamlaka Turkistonda 135 yil yashab o‘zbekchani o‘rganmadi, 31 yildan beri mustaqil bo‘lgan O‘zbekistonda ham o‘rganish niyati yo‘q.

Buning asosiy sabablari:

a) O‘zbekiston rahbarlarining Rusiyaga yaxshi ko‘rinish kabi pastkashlik kompleksi. Ulardagi o‘zbek tiliga nafrat;

b) o‘zbek tilini mensimaslik siyosati, o‘zbek tili o‘qituvchilarining kamsitilishi, maoshlarining ozligi;

v) davlat idoralarida hali ham hokim pozitsiyalarda ishlayotgan rus tilli kadrlarning sabotaji;

g) yerli bo‘lishlariga qaramay, rus tilida o‘qigan va bu tilni turli pozitsiyalarda qo‘llayotgan manqurt kadrlar.

«O‘zbeklar rus maktablarida o‘qishni ustun qo‘yishyapti, biz nima qilaylik?» deya o‘zlarini oqlashadi idoralarda o‘tirgan rus tilli manqurtlar.

O‘zbek tili taqdiri o‘zbek tilini bilmaydigan, o‘zbek tilidan nafratlanadigan, turli sohalarda rahbar bo‘lib ishlayotgan kadrlar qo‘lida. Bular manqurtlar sinfidir.

Bu sinf O‘zbekistonda juda kuchli «oltinchi kolonna»ni tashkil etadi.

O‘zbekistonda sovet davrida yerli aholini nazorat ostida tutib turish uchun KGB rus tilli aholidan foydalanardi. Ularning juda ko‘pchligi KGB bilan hamkorlik qilgani uchun yuksak lavozimlarga ko‘tarilgan. Biz bu qatlamni «beshinchi kolonna» deb atar edik. «Beshinchi kolonna» hali ham faoliyatda.

Sovet davrida kaminaga qarshi yozilgan butun negativ maqolalarning mualliflari shu «bBeshinchi kolonna»dan edi. Ularning minbarlari «Pravda Vostoka», «Tashkentskaya pravda», «Vechernыy Tashkent» kabi gazetalar va TVdagi rus tilidagi dasturlar edi.

Bugun ular o‘zlariga o‘sha gazetalardan mustaqil saytlar ochib olib, o‘zbek milliy qadriyatlariga qarshi avvalgi faoliyatlarini davom ettirmoqda. Bu «mushketyor»lardan bittasi o‘zining «mustaqil» saytida qamoqda o‘tirgan dissident Akrom Malik haqida: «Biz har qanday uydirma jinoyat ishiga qarshimiz va odam sodir qilmagan ishi uchun jazo o‘tashini qoralaymiz. Jumladan, Malikning ham. Lekin Akrom Malikdan konfet yasash ham kerak emas”, deb Akrom Malik yozgan maqolaning ruscha tarjimasini yoyinlaydi. Akrom bir maqolasida “xalq davlat boshqaruvining shariatga asoslangan shaklini tanlasa, bu uning haqqidir”, deb yozgan ekan…

Bu «beshinchi kolonna» muxbirining DXXga yozma ixbori («donos»)dir.

Akrom Malikni ozod qilish haqida o‘zbek ziyolilari davlat rahbariga maktub yozishdi. Lekin «beshinchi kolonna» askarlari donoslar yozib, u turmadan chiqmasligi uchun g‘ayrat qilgani ham aniq.

Lekin biz uchun bugun eng katta muammo «beshinchi» emas, «oltinchi kolonna»dir. U «beshinchi kolonna»ni qo‘llab-quvvatlayotgan, ichimizdan chiqqan xoin bir qatlamdir. Faqat davlat tili masalasida emas, iqtisodni ham, tashqi siyosatni ham bu «oltinchi kolonna» dizayn etmakda.

Bu «kolonna»larni bartaraf qilishning yagona yo‘li o‘zlikni tanishdir.

Xalq oz bo‘lsa-da bu yo‘lda masofa oldi, deb umidlanmaktaman.

Birinchi navbatda, hukumatni o‘zbek tili o‘qituvchisining ijtimoiy mavqei va obro‘sini ko‘tarishga majbur qilish kerak. Uning maoshini keskin oshirishga erishmoq kerak. O‘zbek tilida o‘qish ham moddiy, ham ma'naviy tarafdan jozib bir tanlov holiga kelishi kerak.

Xalqimiz 1989 yili o‘zbek tili davlat tili bo‘lishi uchun qanday mujodala qilgan bo‘lsa, bugun ham ayni shijoatni ko‘rsatishi lozim. Davlatni o‘z tiliga qaytarish kerak.

(Davomi bor. Imperativ, 2020 yil, Istanbul)

Tag‘in o‘qing
9 dekabr 2019
Abduvali Qutbiddin 8 dekabr kuni 59 yoshida Toshkentda vafot etdi. Zamondoshlari nazdida u o‘zbekning dalli bir shoiri edi. Undan ...
27 iyul 2016
O‘zbekistonda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat so‘nggi olti oy davomida o‘zgarishsiz qolgan, deyiladi hisobotda. Mahkumlarga nisbatan g‘ayriinsoniy munosabat, din ...
26 iyun 2018
O‘zbekiston xalq artisti, o‘zbek teatri va kinosi aktyori Husan Sharipov 26 iyun kuni 81 yoshida olamdan o‘tdi. Taniqli komik ...
25 fevral 2022
Chegaradan 40 km uzoqlikdagi Xarkov shahrining ham olinmaganligi rus armiyasining ahvoli ChATOQLIGINING isbotidir. Xabarlarga qaraganda, rus armiyasi Xarkov shahri ...
Bloglar
26 noyabr 2022
Nukusdagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi taklifi va Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi iltimosnomasiga ko‘ra, namoyishlarda qatnashib ...
3 noyabr 2022
1906 yilning 3 noyabrida Germaniyaning Berlin shahrida o‘tgan Xalqaro radiotelegrafiya anjumanida SOS signali halokatni bildiruvchi ...
1 noyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 11-qismi Turk birligi g‘oyasi va ...