Asosiy mavzular
8 mart 2021

Imperativ-11. Men taqmagan nishon

(Muhammad Solih audiokitobining davomi)

Bizning milliyatchi mafkuramiz kommmunistik mafkuraga yengildi.

Sabab ob'ektiv edi. 70-yillar o‘zbek jamiyatida – bir-necha kishi xorij – voqelikka milliy qarash shakllanmagan edi. Voqealarni tahlil etish, ijtimoiy pozitsiyasini belgilash va buni oshkor etish an'anasi 30-yillarda Cho‘lpon, Fitrat, Behbudiylar bilan birga yerga ko‘milgan edi.

Bugun «kashf» qilinganidek, faqat Hamid Olimjon va G‘afur G‘ulom, Ramz Bobojon va Hamid G‘ulom avlodlari emas, balki Vohidov-Oripov avlodi doxil, undan so‘ngra kelgan ora avlodlar silsilasi ham sovet mafkurasining qo‘lida qo‘g‘irchoq edilar.

«…Qarg‘algan millatning qozisi fosiq,

Olimi savdogar – ilm sotib yashar,

Shoirlari esa aqldan ozib,

Dushmandan mukofot olmoqqa shoshar…» (1983)

Ular uchun rejim bergan har qanday nishon insonlik qiymatini belgilovchi yuksak mezon edi. Shu bois, bu kishilar qo‘g‘irchoqlik maqomidan samimiy faxrlanar edilar. Men ularni aslo ayblayotganim yo‘q. Bu bir dunyoqarash masalasi chunki.

Biz tomosha qilayotgan manzara esa farqli edi:

«Idoraning eshigi

Boshqa eshiklardan farq qilmaydi hech.

Lekin har idoraning

O‘ziga xos derazasi bor.

Undan tikilganda ko‘chaga

Uyingdagi kabi

Onang qarab turmas orqangdan.

Onadan ham azizroq

Barcha onalardan ham mashhur

Portret tikilib turar yelkangga…

Sen bo‘lsa, deraza rahida

Biror marta majlisga kirmagan

Chumchuqni ko‘rib hayratga tushasan!.. (1976)

«Valfajr» (1985)

Bu she'rdagi har detalning prototipi bor. Masalan, «elkaga tikilib turadigan portret» 1976 yilda Brejnev portreti edi. (Keyiroq bu portret M.Gorbachyov portretiga aylandi).

«Majlis» – 1976 yilda G‘.G‘ulom nashriyotida o‘tkaziladigan, o‘zini «xalq otasi» deb e'lon qilgan «haybatli» direktor Hamid G‘ulomning mafkuraviy majlislari edi. Bu «majlis»ga kirmagan chumchuq esa o‘sha nashriyot binosidagi «ishlab chiqarish» bo‘limining derazasi rahida muqim o‘tiradigan eng haybatsiz, zavolli bir qushcha edi.

U davrda rahmatli Rauf Parfi bilan «vыpuskayuщiy» maqomida bosmaxonalardan bosilayotgan kitoblarning grankalarini nashriyotning «mini-haybatli» redaktorlariga tashish kabi «muborak» vazifani bajarar edik. Biz yuqoridagidek ochiqcha antisovet she'rlar yozar ekan, ularni bostirish xayolimizga ham kelmas edi.

Allohning mo‘'jizasiga qarang, 5 yil o‘tar o‘tmas bu «anti» she'rlarning aksariyati aynan o‘sha «haybatli» Hamidjon akamizning nashriyotida chop etildi…

1990 yili Oliy Kengash deputati etib saylandim. Deputatlik mandati bilan nishon ham berishdi. O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi bayrog‘i shaklidagi bir nishon edi. Uni bir marta ham taqqanim yo‘q. Chunki nishon biz o‘sha vassal bilgan davlat O‘z.SSR bayrog‘i edi. Bu nishonni 1992 yil 2 iyul kuni Oliy Kengashdan iste'fo etarkan, Karimov o‘tirgan joyga uloqtirdim.

RAUF PARFI

Ibrohim Haqqul va Rauf Parfi… Bu ikki ism bilan antisovet suhbatlar qura olardik. Ba'zan bu suhbatlarda Cho‘lpon Ergash ham ishtirok etardi, ammo uyi biz to‘planadigan makondan uzoq bo‘lgani uchun u bilan siyrak ko‘rishardik.

Rahmatli Rauf Parfiga shu she'rni bag‘ishlaganman:

ShOIR

Tamaki hididan bo‘g‘ilgan devor.

Mehmonlardan charchagan dasturxon.

Unda olmalarning qoldig‘i,

G‘iybatlar qoldig‘i yotibdi.

Kursida o‘tirar ko‘zlari botiq

Sochlari oqarib ketgan qush.

Sayrashni unutgan,

Bizning tilimizga o‘tib olgan u.

Bizning tilimizga gapirgan kuni

Sochlari oqarib ketgan qush». (1980)

«Olis tabassum soyasi» (1986)

Rauf Parfi ilk she'rlarida inja pardalarda sayragan bir qush kabi edi. So‘ngra mazlumlar tilida so‘ylay boshladi. Va sochlari oqardi shoirning. Yuqoridagi she'rning mazmuni shu.

Rauf Parfining ajoyib fazilatlaridan biri, u suhbatdoshda hech qachon uni maqtash ehtiyoji uyg‘otmasdi. Rauf Parfi suhbatdoshini bu azobdan darrov xalos qilardi. Parfi bilan suhbatda maqtash majburiyatdan ozod bo‘lib, doim unga minnatdor qolardim.

Rauf Parfi bilan 1971 yilda G‘afur G‘ulom nashriyotiga Omon Matjonni ko‘rishga borganimda tanishdim. Rauf Parfi ham nashriyotda ekan. U yerda bizni tanishtirdilar. Kamina talaba va «yosh shoir» maqomida edim.

Rauf Parfining 60-yillar chiqqan she'rlaridan bir nechtasini o‘qigan edim, ammo mashhur «Laylo» qo‘shig‘ining matni ham bu shoirga oid ekanini bilmasdim. Bu qo‘shiqda «Laylo, Laylo, sening yoningda yaproq kabi ko‘rdim o‘zimni» satridan boshqa 70-yillarda tanilgan Parfi ruhini ifodalaydigan satr yo‘q edi nazdimda.

Parfining ilk she'rlarida Usmon Nosir kayfiyati sezilardi. Keyingi tajribalarida Usmon Nosirdan uzoqlashdi, satrlaridagi mung teranlashdi. Tashbehlari og‘ir emasdi, tasavvurni zo‘rlamasdi.

Garchand yozish uslublarimiz diametral shaklda farqli bo‘lsa ham Parfi O‘zbekistondagi shoirlar ichida ruhan menga eng yaqini edi.

Uning she'riyatidan ham ko‘proq shaxsiyatidagi kam odamda uchraydigan xushko‘ruvchiligi, insonlarning johilligiga sabri, sof adabiyotga bo‘lgan sadoqati, har qanday holatda ham kuchi yetganicha, to‘g‘rilik tarafida turishga intilishi meni mutassir etgan edi.

She'riyatini sevib o‘qirdim. Albatta, she'riyatida menga to‘g‘ri kelmagan xusus ham yo‘q emas edi. Buni o‘ziga bir necha marta aytishga shaylandim, ammo ko‘nglini injitmaslik uchun aytmadim.

Umumiyat-la Rauf Parfi kichik jussasi bilan Toshkentni to‘ldirib turadigan bir auraga sohib shaxsiyat edi.

(Davomi bor. Imperativ, 2020 yil, Istanbul)

Tag‘in o‘qing
24 noyabr 2020
Qishloq xo‘jaligi mutaxassisi, 70 yoshli Ismoil Ospanov «Eltuz» orqali o‘z turkum chiqishlarini davom ettirib, navbatdagi videosida O‘zbekistonda qish mavsumi, ...
13 fevral 2022
Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi butun dunyo uzra quyuq qora bulutdek bo‘lib turibdi. To‘satdan chaqmoq chaqib, to‘fon boshlanadigandek. G‘arb matbuotida bosh ...
6 avgust 2018
Jo‘raev ozod bo‘lgan qafasda Pardaev paydo bo‘ladi! Asabi chatoqlar zalni tark etsin! rassom: Tuz Eltuz.com 2015 yil 16 noyabr
4 yanvar 2021
O‘zbekiston hukumatining 31 dekabrda chiqarilgan qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, korruptsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan shaxslar davlat mukofotiga ...
Bloglar
23 yanvar 2025
O‘zbekiston mudofaa vaziri Xolmuxammedov bosqinchi gazanda Rossiya bilan 2026-2030 yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi ...
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...
12 yanvar 2025
Turli mavzularga o‘z qarashi bilan farqlanadigan bloger Kirpi Prezidentning 380-sonli qarori asosida 1000ta kitobning o‘zbek ...