Multimedia
20 mart 2021

Imperativ-14. Do‘stlardan rozilik istab

(Muhammad Solih audiokitobining davomi)

Murod Muhammad Do‘st bilan bizning yo‘llarimiz ayrilgan edi.

Men Karimovga muxolif kampda, Murod esa Karimov yonida jabha oldi. Karimovning siyosati tarafdori bo‘lgani uchun emas, bu siyosatga ichida qarshi bo‘lmagani uchun, oxir-oqibatda, yaxshiroq yashash uchun saroyga ishga kirdi. Uning pozitsiyasi siyosiydan ko‘proq insoniy tarjih edi.

So‘nggi uchrashuvimiz 1995 yil yanvar oyida Amerikaning poytaxti Vashingtonda yuz berdi. Amerikaning Milliy Demokratiya Instituti (NDI) bizni, o‘zbek muxolifatini O‘zbekistonning Adliya Vaziri Alisher Mardiev bilan uchrashuvga taklif etdi. Ayni kunlarda Murod Muhammad Do‘st (Karimovning matbuot kotibi sifatida), Erkin A'zam (deputat sifatida) va O‘zbek TV bosh muharriri Farxod Ro‘ziev ham paydo bo‘lishdi Vashingtonda.

Ular bilan mehmonxonada ko‘rishdik.

Keyin ularni mashhur fizikachi akademik Ronald Sagdeevning (AQSh Prezidenti Eyzenxauerning kuyovi) Vashington chekkasidagi dala hovlisiga o‘zim bilan mehmonga olib bordim.

U yerda Murod bilan «Xorazm segohi»ni aytganimizni hotirlayman. Birga rasmlar chekildi. Samimiy suhbatlar bo‘ldi.

Murod ham, Erkin ham hokimiyatning o‘z atrofiga yoygan kuch dolg‘alari uzra suzar edilar. Ruhlari ko‘tarinki edi. Bu ular uchun normal edi. Men uchun ham normal edi. Hatto o‘zimdagi bu normallik tuyg‘usidan hayratlanganman.

Ular bizni qatag‘on qilgan shaxs bilan birga edilar. Ammo ularni na ichimda, na oshkor aybladim. O‘tmishimizdagi do‘stlik huquqi izn bermadi shekilli.

Faqat Murod maqomdan ketganidan so‘ng uning Karimovni oqlashga o‘xshagan bir ikki chiqishlariga guvoh bo‘ldim. «Karimovni atrofidagilar diktator qildi», degan ma'noda chiqishlar edi. Odam diktator bo‘lib tug‘iladi, fitratida diktatorlik bo‘lmagan insonni hech kim diktator qila olmaydi. Ayniqsa, uning dasturxonida suyak talashganlar uni diktator qilolmaydi.

Buni Murod biladi. Murod o‘ziga yetarli yozuvchi. O‘ziga yarasha oriyati ham bor. Masalan, diktatorning yonida shuncha yil ishlab, biror nishon olmagani taqdirga shoyondir.

Bilolmadim, balki, bu «oqlab chiqishlar» insoniy ahdu vafodir. Balki bu Karimovning botinkasini yalab yurganlar Karimov o‘lganidan keyin uni darrov sotganlardan jirkanish ifodasidir. Lekin nima bo‘lsa bo‘lsin, minglarcha musulmonni zindonlarda chiritgan, qiynoqlarga solgan, Andijonni qonga botirishga amr bergan, o‘lka iqtisodini botirgan bir kimsani oqlash harakati Murod Muhammad Do‘stdek jiddiy yozuvchiga yarashmadi.

Karimov tirik edi hali, bir kuni birodarim, ajoyib shoir, mutasavvif Sobit Madaliga qo‘ng‘iroq qilib, «bugun bormiz, ertaga yo‘q, sizdan bir iltimosim bor, falon-falon do‘stlar bilan meni telefonda gaplashtiring, ulardan menga haqlarini halol qilishni so‘ramoqchiman. Yoshlikda tarafimdan ularga nisbatan noma'qulchiliklar o‘tgan bo‘lishi mumkin, ulardan rozilik olayin», dedim.

Sobit bir oz qizishib: «Ular uchun qayg‘urmang, ular juda yaxshi yashayapti diktator soyasida, juda yaxshi!» dedi. Men, unga e'tiroz etolmadim. Iltimosimda ham isrorchi bo‘lmadim.

Diktatorlik rejimlarda «yaxshi yashashi» mumkin bo‘lgan sinflar ma'lum.

Baribir, men eski do‘stlarimning o‘sha «sinf»ga o‘tganini hech tasavvur qila olmayman. Ammo haqiqat men kabilarning tasavvuriga muhtoj emas. Uning zimmasida bor narsani shafqatsizlik bilan aks ettirish mukallafiyati bor…

Adabiyotdagi do‘stlar haqda fikr bildirar ekan, ichimda doim Musulmon bilan Adabiyotchi qarshi-qarshiga keladi. Adabiyotchi haqiqatni aytishni istaydi, Musulmon esa, do‘stning qusurlarini o‘rtishni yashirishni maslahat beradi. Bu ikkisining orasida turib qilingan adabiy tahlil ham natijada yarim-yorti bo‘lib chiqadi.

Ba'zan professional bir orzukash sifatida orzu qilaman…

Bertolt Brextning bir she'ri bor edi, syujeti esimda qolgan: Adolf Gitler fashizmi davridan bir manzara: fashist rejim askarlari rejimga qarshi yozilgan kitoblarni ko‘chaga chiqarib, namoyishkorona yoqyapti. Buni ko‘rgan bir shoir askarlarning yoniga kelib, ismini aytadi va «Mening ham kitobim bormi yoqilayotganlar ichida?» deb so‘raydi askarlardan.

Askarlar «yo‘q» deb javob berishadi. Shunda bu olmon shoiri «Nega yo‘q, nega?!” deya hayqiradi. Askarlar: «Bilmaymiz», deyishadi.

Shoir junbushga kirib, telbalarcha hayqiradi: «Nega mening kitobim yo‘q yoqilayotganlar ichida? Men yolg‘on yozdimmi kitoblarimda? Men yolg‘onchimanmi? Darhol kiriting ro‘yxatga va yoqing kitoblarimni!» deya askarlarga tashlanadi…

Yetmish yoshida ham xayoldan qutula olmagan bir xayolparast sifatida o‘z mamlakatimda shu olmon shoiri kabi vatanparvarlarni ko‘rmak istayman…

Sovet simvolikasi, sovet shiorlariga nafrat ba'zan qisqa bir satr shaklida lirik she'rlarga ham sachrardi. «Slava Oktyabryu» – «Oktyabrga shon-sharaflar!» shiori faqat Moskvada emas, Sovet Ittifoqining eng qoloq burchaklarida ham osilib-yozilib turadigan shiorlaridan biri edi. Shu mavzuda Moskvada yozilgan bitta she'rni keltirmoqchiman:

QOR Faqat Oktyabrga emas, Senga-da sharaf-shon bo‘lsin, Qor!… Agar omon borsa boychechak Sen haqda bahorga so‘ylab beradi. Bahor eshitganini, Qo‘ng‘iroqday jaranglab yozga aytadi. Yoz ham sal-pal qo‘shib o‘zidan, Kuzga yetkazadi sen haqda xabar. Faqat kuz sochlari sumbula Ko‘ngli bo‘sh fasl Sen haqda yig‘laydi tinimsiz». (1978)

«Valfajr», 1983

Yoki ayni mavzuda yana-da ochiqroq bir kinoya: IShGA KYeChIKKANDA Axir, ish kutmoqda. Davlatning ishi. Xotin zir yugurar, Men uraman do‘q.

Balkonga qarayman tirishib Hali ham ko‘ylagim qurigani yo‘q!

Axir, kutib turar sevimli vatan, Ko‘ylak-chi, bug‘lanib tamom bo‘lmas hech Qandaydir dazmolning xiyonatidan Davlatning ishiga boramanmi kech?!.

Yana idoraga yetib borguncha, Shiorlarga ham qarashim kerak, Toki ish oldidan, hech bo‘lmaganda, Ilhomlanib olsin bu yurak!.. (1981)

«Olis tabassum soyasi», 1986

(Davomi bor. Imperativ, 2020 yil, Istanbul)

Tag‘in o‘qing
20 may 2016
Farg‘onalik M.ismli ayol 1-sinfda o‘qiydigan qizchasini maktabga jo‘natdiyu, Xalq ta'limi vazirligining “Ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilish uchun qo‘liga telefon oldi. ...
17 yanvar 2021
Shoira Gulchehra Nurullaeva bilan suhbat, 1988 yil. — Gulchehra opa, hozir qayta qurish davrida yashayapmiz. Suhbatimizni shu mavzudan boshlasak. — Men qayta qurishni o‘zim uchun yangilik deb bilmayman. Endi o‘ylasam, urush yillari qandaydir «xundori» tayyorlab, mahallamiz bolalarini tekinga davolaydigan otam, so‘nggi burdani «non»lab ortidan ergashibyurgan qiziga emas, qo‘shnining ochdan o‘layotgan bolasiga olib chiqqan onam qayta qurish odamlari ekanlar. Bir voqeani eslasam, ko‘zimga hali-hali yosh qalqadi. 1956 yil. O‘ninchini endigina bitirganman. Maktabimiz direktori Hafiz Yengalichev menga: — Seni Moskvaga, MGUga ...
4 iyul 2016
O‘zbekistonda keyingi o‘n yilda aholiga majburiy singdirilib kelinayotgan naqd pulsiz to‘lov tizimi, hukumatning naqd va elektron pul o‘rtasidagi tafovutni ...
17 iyun 2022
Qadrdonlarim bormisiz? Omonmisiz? O‘tgan xafta kasal bo‘lganlar bugun tuzalganidan, puli yo‘qlar bugun boyib bitib ketganidan hursandman. Bugun kasal bo‘lib ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...