Asosiy mavzular
25 mart 2021

Imperativ-16. Haykallarning qochishi

(Muhammad Solih audiokitobining davomi)

Agar haykaltarosh uzoqni ko‘ra oladigan san'atkor bo‘lsa, u yaratgan haykallar ham uzoq-uzoqlarga qarab turadi. Bordiyu haykaltarosh harakatchan, kurashchan bo‘lsa, u asarini o‘zi sevgan tahayyulda – harakat jarayonida tasvirlaydi.

“Bo‘ron qushi haqida qo‘shiq” muallifi buyuk Gorkiy haykali xuddi shunday harakat quyunida ko‘rsatilgan.

Agar haykaldagi bu shiddat samimiy bo‘lsa, bizning ko‘zimizni aldamagan bo‘lsa, Aleksey Maksimovich bir kuni o‘zining qirollik supasidan shart tushadi-da, chorrahani kesib o‘tadi va telefon butkasiga boradi.

Bahaybat Gorkiy bu katakka sig‘armidi. U qo‘lini jahl bilan siltab, iziga qaytadi va katta yo‘lga tushadi, yo‘lovchilar, haydovchilar, oynaband do‘kondagi sotuvchilaru sartaroshxonadagi mijozlarni hayratga solib, to‘g‘ri Pushkinning yoniga keladi!!!

Bir yerda turaverib charchagan odamning ortiqcha iltifotga uncha xushi bo‘lmaydi, shuning uchun ham Gorkiy xayolga cho‘mgan Aleksandr Sergeevichga imillamay qo‘l cho‘zadi:

– Tanishaylik, proletar yozuvchisi Gorkiy!

Pushkin “proletar”, “Gorkiy” so‘zlarini uncha tushunmaganidanmi yoki hali ham xayol surayotganidanmi, bir zum parishon turadi, keyin harakatga kelib, tagkursidan sakrab yerga tushadi:

– Tanishganimdan g‘oyat xursandman. Lekin, kechirasiz, ayting-chi, men o‘zi qaerdaman?

– Buning ahamiyati yo‘q, azizim Aleksandr Sergeevich, – deydi Gorkiy bir oz vazmin, bir oz asabiy, – har holda, biz Rusiyada emasmiz, aniqroq aytganda, siz men turgan mamlakatdasiz.

Buyuk Pushkin kinoyasimon hazilni tez tushunadi va shunga mos jumla tuzadi:

– Bilasizmi, men oq qayinlarni juda sog‘indim. Hozir birdan sog‘inib ketdim. Ketmaymizmi, a?

Gorkiy faqat qayinlarni emas, azim daryo Volgani, Nijniy Novgorodni, qadrdoni Vladimir Ilichni sog‘inganini to‘kib solmoqchi bo‘ladi-yu, ammo realistning vazminligi bunga yo‘l qo‘ymaydi.

– Men boya Maskovga qo‘ng‘iroq qilmoqchi edim, bo‘lmadi. Endi o‘zimiz bir iloj qilib jo‘nashimiz kerak. Faqat, azizim Aleksandr Sergeevich, siz atrofingizga qarab, juda hayron bo‘lavermang, men yo‘l-yo‘lakay tushuntirib beraman sizga. Hozir muhimi – Rusiyaga jo‘nashimiz kerak.

Qarabsizki, bu ikki siymo ertalabki uchoqqa chipta olishadi.

Ikkovlon uchoqda suhbatlashib borar ekan, Aleksey Maksimovich kutilmaganda o‘rnidan turib ketadi:

– Sho‘rim qursin, Aleksandr Sergeevich, tayog‘imni unutib qoldiribman!..

– Hechqisi yo‘q, janob Gorkiy, Maskovdan xabar qilib oldiramiz tayog‘ingizni, – deydi buyuk rus shoiri.

Aleksey Maksimovich “janob” so‘zining haqorat ekanini yo‘ldoshiga tushuntirmoqchi bo‘ladi-yu, ammo uning xayolini sevimli tayog‘i band qilganidan, qo‘llarini yozgancha turib qoladi.

– Azizim, xabar qilamiz, lekin qaerga xabar qilamiz – biz uchgan shaharning nomini bilmaymiz-ku…

Shunday qilib, agar haykallardagi shiddat yolg‘on bo‘lmasa, bizning ko‘zimizni aldamagan bo‘lsa, ular o‘zlari turgan supadan bir kuni, shubhasiz, tushadi va xohlagan tomonga ravona bo‘ladi.

Biz – ulug‘ siymolarning muxlislari – ular unutib qoldirgan mashhur tayoq uchun yangi muzey ochamiz». 1979 yil, Moskva.

Agar Nurali Qobul bu allegoriyani e'lon qilsaydi, «O‘zbekistonda dissident adabiyoti paydo bo‘ldi», deb yozgan bo‘lardi G‘arb matbuoti. Ammo yozmadi.Chunki Nurali Qobul bu matnni chop ettira olmadi. Hatto uni o‘qib ko‘rib, chop qilish uchun urinib ham ko‘rmadi, chamamda.

Chunki matnning ochiqcha antirus ekanligiga biz «tupoy» deb bilgan o‘zbek tsenzurasining ham aqli yetardi. Uning aqli yetishiga Nuralining ham aqli yetardi.

Men Toshkentga kelganimda so‘radim, Nurali matnni bostirolmaganini quruq bir shaklda e'tirof etishdan nariga o‘tmadi. Men ham surishirib o‘tirmadim. Zotan, matnning bosilishiga inonmagan edim.

«Adashgan haykallar» chiqmaganidan keyin biror-bir matnni chiqarib meni mamnun etmak istardi.

Jurnali yozuvchilarga savollar shaklida bir so‘rovnoma chiqardi. Savollarni Nuralining o‘zi tuzgan edi. Savollar o‘sha paytdagi matbuotda bosilgan suhbatlardan farqli, original bo‘lishi uchun g‘ayrat qilingani ko‘rinib turardi:

Kutilmagan savollar

60-yillar rus shoirlaridan kelgan pafosli o‘qish bizning «avlod»ga ham yuqqan edi. Balki to‘g‘ridan rus shoirlari bo‘lmasa ham, Abdulla Oripov vositasida yuqqan bo‘lishi mumkin, kim biladi.

“Sovet O‘zbekistoni san'ati” jurnalining savollari:

1. Hayotda o‘zingiz yo‘l qo‘ygan biror xato Sizga saboq bo‘lganmi? Shu haqda so‘zlab berolasizmi?

2. O‘zingizni kechirolmagan daqiqalar bo‘lganmi?

3. Birovlar sizni aldaganda, xayolingizda nimalar kechadi?

4. Haqiqat haqida tasavvurlaringiz?

5. 2000 yilda dunyoni qanday tasavvur etasiz?

Savollarga Muhammad Solihning javoblari:

1. Albatta, umr to‘g‘ri ishlargina emas, xatolar silsilasidan ham iboratdir. Men katta xatolar qildim, deb maqtanolmayman.

Hayotda saboq olishga arzirli biror xato qilgan bo‘lsam, bu xatodan juda nari borsa, mening bolalarim xulosa chiqarishi mumkin. Men, o‘z navbatimda, boshqalarning xatosidan, mumkin qadar “chiroyli”roq xatolardan o‘rnak olaman.

2. O‘zimni kechirgan daqiqalar ko‘p bo‘lgan. Aks holda Siz bilan suhbatlashishdan, bu savollarga javob berish imkonidan allaqachon mahrum bo‘lgan bo‘lardim.

O‘ksimagin, o‘ksinaverma

Qiynamasa vijdon azobi.

Yer bo‘lmasa, osmonda bordir

Hammasining aniq hisobi.

Agar vijdon qiynamas ekan,

Sababi bor buning ham demak;

Avliyosan, sen, sen bir avliyo

Yo qorni to‘q, shodmon ko‘rnamak…

Bu she'r o‘zimni kechirmaslikka yaqin bir kayfiyatda yozilgan bo‘lishi mumkin.

3. Birovlar aldaganida xayolimda nima kechishini deyarli eslolmayman. O‘zim aldagan daqiqalar yodimda ravshan gavdalanadi, aldayotib, nimaga suyanib turganimni yoki qo‘limda nima borligi, chekayotgan edimmi, tamakini o‘chirayotgan edimmi – hammasini eslayman, ya'ni birinchi savolga qarama-qarshi o‘laroq, o‘z xatolarimdan emas, o‘z aldog‘imdan saboq olishga harakat qilaman.

Menimcha, o‘z yolg‘oniga shafqatsiz bo‘lgan odamni boshqalarning yolg‘oni cho‘chitolmaydi. Bu borada mening idealim bor: “Urilib-surilib, qiynalib-qimtanib o‘sgan bir odam, odamzot qodir bo‘lgan barcha yomonliklarga duch kelgan, juda ko‘p aldangan, ammo hamon mag‘rur odam, ya'ni johil bo‘lib qolish uchun barcha “sabablari” bo‘laturib, hamon johillikdan yiroq inson – buyukdir”.

4. Men noumid emasman. Ammo yuksak tushunchalar haqida gapirayotgan kishining qiyofasidagi zo‘rma-zo‘raki jiddiylik menga doim erish tuyulgan. Shu xavfdan qutulish uchun bu savolga iloji boricha qisqa javob berish kerak deb o‘ylayman:

Yolg‘on – yashash usullaridan biridir. Makr – yashamoqning yana bir yo‘li. Hiyla ham shunaqa.

Demak, to‘g‘ri so‘zni aytmoq ham

Yashash usuliga kirar, shubhasiz.

5. Karl Marks kapitalistik jamiyatning kasalliklarini ochib berdi, kutubxonada ikki yil o‘tirib, “kapitalizmni go‘rga tiqdi”. Keyin “go‘rda tug‘ilgan go‘ro‘g‘li”lardan biri bo‘lmish Zigmund Freyd o‘sha jamiyatning bir odamini olib, uning ichki dunyosini o‘rgana boshladi…

Menimcha, jamiyat va shaxs haqidagi ta'limot 2000 yilga borib yanada rivojlanadi: kosmos bilan bir qatorda odam o‘zini ham o‘rganishga qattiq kirishadi va balki shunda 2500 yilni bemalol tasavvur qilish mumkin”. (1980)

Bu matn redaktsiyada uzoq yotdi. Bir yilga yaqin chamamda. Lekin chiqdi.

Nurali Qobul bu safar so‘zini tutdi.

(Davomi bor. Imperativ, 2020 yil, Istanbul)

Tag‘in o‘qing
31 dekabr 2018
2018 yil 31 dekabr kuni O‘zbekiston, Kanada, Shvetsiya, Shveytsariya, Finlyandiya, Turkiya va Amerikadan turib 12 nafar o‘zbek vatandoshi prezident ...
22 iyul 2017
E'tiroz bildirishga urinib ham ko‘rmang, chunki bu bugunning haqiqati. O‘zbekistonning qaysi viloyatiga bormang, paxtazorda yurgan, ko‘cha supurayotgan, tezak, qog‘oz, ...
23 fevral 2020
O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2019 yilgi paxta yig‘im-terimi davrida majburiy mehnatdan foydalanishga yo‘l qo‘yganligi tufayli ma'muriy javobgarlikka ...
20 avgust 2024
Narxi 2 milliard. Yaxshi eshik. O‘zligi yashashligi uchun qurilgan, sifatliDavlatti pulini qaytarish uchun sotyapti. Bo‘masa sotmasdi. Oluvchilar Madvazirlikka murojaat ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...