Multimedia
1 aprel 2021

Qo‘yli-3. O‘lim bizni qo‘rqitolmas, allaqachon o‘lganmiz…

(Rassom Tuz audiohikoyasi matnining davomi)

O‘quvchida Qo‘yliga xiyonat qilgan Ullibiyining keyingi hayoti nima bo‘ldi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu savolni Qo‘yli og‘aning qarindoshi Tangriberganga berdim:

«Ullibiyi Qo‘yli doyim o‘lgan xabaridan keyin oq kiyib, aza tutib yurdi. Keyin Afg‘onistonda urushda o‘lgan baynalmilal askar bevasi sifatida Drujba shahridan kvartira olib, bir o‘zi ko‘chib yashab boshladi. Yo‘lli voenkom shu kvartiraga kelib turar ekan. Voenkomning xotini kelib, ikki marta Ullibiyining sochini yulib, tagiga bosib urib tashlaganini qo‘shnilar ko‘ribdi. Bir marta Ullibiyining uyi oldida gorkombuvaning «Gaz 24″ mashinasini ham ko‘rishgan».

Bu gaplarni hozir AQShda yashayotgan Qo‘yli og‘aga yozib yuborsam, «xabarim bor», dedi:

«Men Panjsherda Ahmadshoh Mas'ud jangarilari qo‘lida asirda yotganimda yotqonimda o‘ldiga chiqarib ko‘mishibdi. Shorlovuqda mozorim bor. Otam vasiyat qilgan ekan, o‘lsam o‘g‘limning yoniga ko‘minglar, deb. 1986 yili otam o‘lganda mening mozorim yoniga ko‘mishgan. 88 da onam o‘lganda, uni ham yonimga qo‘yishibdi. Rasmlari bor qabrlarimning. Afg‘onistonga Xivaning Kosmobodidan kelib toliblarga qo‘shilgan Sa'dullaboy aytgan qo‘shiqday bo‘ldi. «O‘lim bizni qo‘rqitolmas, allaqachon o‘lganmiz».

Qo‘yli yana asirlikda o‘tgan kunlarini gapiradi:

«Ahmadshoh Mas'udning oldiga chet el muxbirlari ko‘p kelar edi. Bir kuni «Nyu-York tayms» muxbiri sovet asirlari bilan qiziqibdi. Bizlardan 10 kishini tanlab olib, yuvintirib-tarantirib yaxshiroq bir joyga olib borib qo‘yishdi. Muxbir kelib rasmga oldi. «Qaerdansan?» deb so‘radi. «O‘zbekistonning Drujba shahridanman», dedim.

Shorlovuqni qaerdan bilsin u. Katta fotoapparatini ustidagi chirog‘ini yarq etkizib meni suratga oldi. Ko‘zim qamashganidan yoshlandi. Keyin bilsam, shuncha harbiy asirlar ichidan mening go‘yoki yig‘lab turgan rasmim gazetaga chiqibdi. Odamlar meni ko‘rib rahmi kelibdi».

Qo‘yli og‘a, hamma hozir bir narsaga qiziqyapti, halidan beri so‘rayman, deyman. Qanday qilib Amerikaga kelib qoldingiz?

«Hozir shunga kelyapman. «Nyu-York tayms» gazetasida rasmim chiqqanidan ikki-uch kun o‘tib, meni tosh tashish ishidan ozod qilishdi. Bir qo‘mondonning uy ishlariga qarashib yuradigan bo‘ldim. Bir kuni qo‘mondon sohib mening oldimga kelib, bir sidra yangi kiyim berib, hammomga yubordi. Ertasiga qo‘mondon sohibning uyi oldiga Pokiston nomerli uchta «Toyota» jip keldi. Jipdan qutilarni tushirishdi. Menga sen qimirlamay o‘tir, degan amr bo‘ldi.

Keyin qo‘mondon sohib meni yetalab hovliga olib chiqdi. Hovlida o‘rta bo‘yli, qimmat kostyum-shim kiygan odam tabassum qilib, menga qarab turardi. U menga qarab, «Qo‘yliboy, qachon endi qo‘y so‘yasiz. Ozod bo‘ldingiz!» dedi o‘zbekchalab.

Men yana karaxt bo‘lib qoldim. Qo‘mondon sohibga qaradim. U ham tabassum qildi. Qimmat kostyumli o‘zbek meni quchoqlab bag‘riga bosdi. Men xursand bo‘lishdan ko‘ra qattiq qo‘rqayotgan edi. Chunki asir bo‘lsam ham barqaror hayotim bor edi. Asir odam o‘zgarishdan qo‘rqadi. Kelajak men uchun qorong‘u edi».

Shu o‘rinda tushuntirib o‘tsam. Qo‘ylini qutqargan odam MRB ofitseri Ro‘zi Nazar og‘a edi. U Qo‘ylining rasmini gazetada ko‘rib qolib, «Nyu-York tayms» jurnalistidan manzilni so‘rab topib, Pokiston istihborati ko‘magida Qo‘ylini qurol-yaroqqa almashtirib olgan edi. Yana Qo‘ylidan eshitamiz:

«Uchta «Toyota landkruzer» jipda Salang dovoni orqali Kobul tarafga qarab ketyapmiz. Beshta sher deb atalgan Panjsher darasi ortda qoldi. Yuragim orziqdi. Daraning salqin havosiga o‘rganib qolgandim. Bir-ikki marta o‘q ovozlari eshitildi. Yo‘lda bizni avtomat ko‘targan soqolli jangarilar to‘xtatdi».

Hurmatli o‘quvchim, sizlarga Qo‘ylining kechinmalarga boy gaplarini to‘liq gapirmay, qisqa bilgi bersam.

Voqea 1984 yilda bo‘lyapti. Qahramonimiz Qo‘yli sharafli vatandoshimiz, MRB ofitseri Ro‘zi Nazar ko‘magida Panjsherning Bozorak qishlog‘idagi asirlikdan qutqarilib, Salang dovonidan oshib, Jalolobodga yaqinlashganda ularni noma'lum jangarilar guruhi o‘rab oladi. Endi yana Qo‘ylidan eshitamiz:

“Men bu soqolli jangarilarda hech bir xayr ko‘rmadim. O‘n yillar davomidagi urushda Afg‘onistonda yuzlab mayda to‘dalar paydo bo‘lgan va har bir to‘da o‘z axlatxonasida o‘zini podshoh e'lon qilgan edi. Arzimagan pul, hatto yoqmagan nigoh uchun odamni o‘ldirib tashlash ular uchun pista chaqqandaek oson edi.

Biz tushgan uchta «Touota» karvoni oxirida borayotgan mashina ichida o‘ta kamgap pokistonlik odam bor edi. Sheroziy qorako‘l telpak va kul rang og‘li ishton kiygan. Tuya junidan bo‘lgan to‘q jigarrang yengsiz nimchali bu odamning chap yuzida tirtig‘i bor edi. Ko‘zlari xuddi shishaday rangsiz va ma'nosiz edi. U sekin mashinadan tushib, jangarilar yoniga borib nimadir dedi. Keyin jangarilar ratsiya olib kelishdi.

Hamrohimiz ratsiya mikrofonini og‘ziga tutib, nimadir dedi. Ratsiyadan pushtun tilida bir narsalar degan gap eshitildi. Men bir yil asirlikda ozroq tojikcha o‘rgangan bo‘lsam ham pushtun tilini umuman bilmasdim. Xullas, ratsiyadagi gapidan keyin jangarilar “sohib, sohib” deb gapirib, bizni qo‘yib yuborishdi. Vaqt peshin bo‘lgandi. Tushib to‘rt rakat farz o‘qidik. Yo‘lchi bo‘lganimiz uchun sunnatlarni o‘qimay qo‘zg‘aldik”.

Ëshi katta va dardi ko‘p bo‘lgan odam ko‘p va batafsil gapiradi. Ya'ni u 10 minutda yuz bergan voqeani 10 soat gapirishi mumkin. Ammo bizning bu tafsilotlarni eshitishga fursatimiz yo‘q. Bilganimiz shuki, Qo‘yli tushgan «Toyota» karvoni Jalolobod shahriga peshin nomozidan 20 minutcha o‘tib kirib borgan edi.

Jalolobod 1570 yili Boburshohning nevarasi Jaloliddin Akbar tarafidan Kobul daryosi bo‘yida bunyod qilingan azim shahar. Bu shaharda saqlanib qolgan qadim Budda sig‘inoqlari uning qadimiyligiga ishora qiladi. Lekin Jalolobod xuddi Samarqand kabi temuriylar barpo qilgan shahardir.

Yana Qo‘ylidan eshitamiz:

“Men ozod bo‘lgan qul maqomida edim. Ichimda qo‘rquv¸ qo‘rquv va yana qo‘rquv bor edi. Kinolardagi kabi ozodlik qanday shirin so‘z, deb aytishga tilim kelishmas edi.

Birdan bularning rejasi o‘zgarib, meni Panjsherga qaytarib yuborishsa, yana bo‘ynimni egib tosh tashib yuraverardim. Jalolobodda bizni pushtun qo‘mondoni kutib olib, yemakkka taklif berdi. Biz kafe deb aytib o‘rganganga o‘xshash oshxona oldidagi sholcha to‘shalgan so‘rilarga joylashdik. Ro‘zi Nazar og‘a esa ichkariga kirib qo‘mondon bilan gaplashayotgan edi.

Hamrohlarim meni chetroqdagi so‘riga o‘tkazishdi. O‘zlari esa boshqa kattaroq so‘riga o‘tirishdi. Buni men tabiiy qabul qildim. Afg‘on jamiyati tabaqalarga bo‘lingan. Har kim o‘z haddini biladi. Atigi bir yil oldin men, oddiy go‘lax amalda shahar hokimi bo‘lgan gorkom buvaning yoniga bemalol borishga jur'at topgan hur inson edim. Bu yerda esa eng oxirgi odam ham meni mahbusi sho‘raviy deb haqoratlar edi.

Haq-huquqsizligim tanamga va yuz qiyofamga singib ketgan edi. Shu payt Ro‘zi aka chiqib, oldimga kelib, “E, mehmon, yakkalanib qolibsiz-ku. O‘ting bu yoqqa”, deb hamma o‘tirgan so‘riga taklif qilganida, o‘kirib yig‘lagim kelib ketdi. O‘zimni tutib, “Yoshulli, bizga shu yer ham bo‘laveradi”, deb boshimni egdim. Ammo ko‘z yoshlarim tirqirab oqdi. Shuncha xo‘rlik va zorlikda qotib tosh bo‘lib ketgan yuragim erib, ko‘zimdan yosh bo‘lib oqib ketgan edi.

Eh, men ham odamman-ku axir. Meni ham tug‘ilganda onam erkalab emchak bergan. Otam sevingan”.

Qo‘ylini o‘z dardlari bilan xoli qo‘ysak. Shokdan keyingi sindrom deyiladi Qo‘ylining holati. Jalolobodda bir muddat istirohat qilib, benzin baklarni to‘ldirgan karvon Peshavorga yo‘l oldi. Pokiston chegarasida baribir yarim soat kutishga to‘g‘ri keldi. Chunki chegarachilar istihboratdan amr kelishini kutishgan.

Nihoyat shlagbaumning ola-bula xodasi yuqori ko‘tarildi. «Toyota»lar karvoni davlat chegarasini kesib o‘tdi. Qo‘yli umri bino bo‘lib uchinchi davlat tuprog‘iga oyoq qo‘ydi.

Yana Qo‘ylidan eshitamiz:

“Chegaradan o‘tgach, atrofda hind kinolarida ko‘rganim kabi jonlanish va rang-baranglik his qildim. Xarob, loy paxsa devordan bo‘lgan do‘konlar rangli shokila va sharlar bilan bezatilgan. Yuk mashinalari esa qizil, sariq va yashil ranglarga bo‘yalib, gulu naqshlar tushirilgan edi.

Atrofdagi sanoqsiz afg‘on tilanchilari fonida mahalliy aholining rang-barang kiyimlari, sharvar ishtonlari yanada chiroyli ko‘rinar edi. Yana bir jihati, do‘konlardan musiqa ovozlari yangrardi. Velosiped¸ mototsikl va qimmat jiplar tirbandligi esa urushsiz hayotdan dalolat edi.

Panjsher darasidagi sokinlikdan keyin Peshavor menga tinimsiz karnaval kabi tuyuldi. Ëshligimda Hazorasp bozoriga onamga ergashib borganimda shunday bayramni his qilardim o‘zimda. Ichimni qo‘rquv tark etmagan bo‘lsa ham rang-baranglikdan ko‘zim quvonar edi”.

Sezayotgan bo‘lsangiz, Qo‘ylining gaplarida axborotdan ko‘ra his-hayajon ko‘payib ketyapti. Men bu ikki soatlik audio mag‘zini sizga aytsam. O‘sha kuni Qo‘yli va yana bir hamrohi mehmonxonaga joylashadi. Ro‘zi Nazar og‘a esa shu shahardagi boshqa mehmonxonada qoladi.

Qo‘yli Peshavorda bir hafta qolib ketadi. Ular qandaydir hujjatlarni kutishayotgandi. Payshanba kuni Qo‘ylini sartaroshxonaga olib borib ,soch-soqolini mumkin qadar qisqartirishdi. Fotosuratchi oldiga borib hujjat uchun rasmga tushdi. Juma kuni idoralar yopiq bo‘lgani bois, hujjatlar yakshanba kuni qo‘lga tegdi.

Yana Qo‘ylidan eshitamiz:

“Bir hafta ichida Ro‘zi akani faqat ikki marta ko‘rdim. Xuddi cho‘kayottan odam qutqarish balloniga qanday qarasa, men ham Ro‘zi akaga shunday qarardim. Bir og‘iz shirin gap bilan meni o‘ziga ishontira olgan yurtdoshim edi u. Qolgan hech kimga ishonmasdim.

Atrofdagi barcha menga yot edi. Qancha rang-barang bo‘lmasin, baribir yot edi. Ro‘zi aka ko‘p gapirmas, faqat yuzida menga tushunarli bo‘lgan tabassumli ifoda bor edi.

“Islomobodga boramiz endi, uka”, dedi u. Peshavor bilan Islomobod orasi 200 kilometrdan sal oz. Men va hamrohlik qilayotgan pokistonlik avtobusda Islomobodga boradigan bo‘ldik. Ro‘zi aka samolyotda uchib ketdi. Ro‘zi aka ketganida yana oldingi mute holatimga qaytdim. Lekin ishtaham yaxshilandi. Ichiga kotlet solingan kobuliy palovni o‘z pulimga sotib olib yerdim. Hamrohim bir qog‘ozga barmoq bostirib ozroq pul bergan edi. Nega go‘shtli palovga bular yana kotlet qo‘shadi, bilmadim-u, o‘sha paytda men uchun bu lazzatli taom edi. Hamrohim bilan avtobus yuradigan joyga bordik.

Hamma birdan gapirganidan yana boshim og‘riy boshladi. Bularning baqir-chaqiri yoqmasdi menga. Shokila va naqshlar bilan bezatilgan, jiblajibon avtobus atrofi odam bilan to‘la edi. Ënimdagi hamrohim shu yerda yurgan politsiyachi bilan gaplashdi.

Politsiyasi ko‘magida avtobus ichidagi o‘rindiqqa o‘tirdik. Avtobusning o‘rindiqlari orasiga ham burqa kiygan ayolar bolalarini tizzasiga olib o‘tirib olishdi. Yuklar¸ sanoqsiz to‘rva xaltalar esa avtobus tomiga ortildi. Avtobus tomiga tarmashib chiqib qolmoqchi bo‘lgan tilanchi bolalarni politsiyachi qo‘lidagi yog‘och o‘qlov bilan urib tushirdi.

Hind ohanglarini eslatuvchi o‘ynoqi musiqa avtobus g‘ala-g‘ovuriga qo‘shilib ketgan edi. Zuvvv etib ketyapmiz. Navbatdagi bekat Mardan shahri, keyin esa Islomobod”.

(Rassom Tuzning Qo‘yli audiohikoyasi matni. Davomi bor)

Tag‘in o‘qing
16 mart 2018
Bobomurod Abdullaev ishi bo‘yicha 15 mart kuni o‘tgan sud majlisida Respublika sud tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, jurnalistga nisbatan qiynoqlar ...
19 iyun 2017
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev yaqinda Toshkentda din arboblari, jamoat va davlat idoralari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mamlakat uchun juda ...
1 mart 2021
(Muhammad Solih audiokitobining davomi) Shaxsan hech qachon rus xalqiga kin va nafrat tuymadim. Aksincha, yoshligimda Rusiya bilan bog‘liq ishlarimda ...
5 iyun 2019
«Ozodlik» radiosining Moskvadagi muxbiri, Rossiya vatandoshi va taniqli tarixchi 45 yashar Umid Bobomatov O‘zbekistonga kiritilmadi. U 4 iyun kuni ...
Bloglar
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat ...
17 iyun 2022
Biz nima uchun o‘zbek jamiyatida «ayollar huquqi» deb gapiramiz va bu ko‘pchilikka yoqmaydi?Buning sabablarini bilish ...
7 iyun 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 54-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan) AMAL ...