Asosiy mavzular
4 aprel 2021

Nozim jallod o‘ldi

O‘zbekiston jazoni ijro etish tizimida “birinchi raqamli jallod” sifatida nom chiqargan Nozim Jumaev birinchi aprel kuni Buxoroda ko‘mildi. Bundan oldin u qamoqda noma'lum sabablarga ko‘ra o‘lgan edi. 

Nozim Buxarskiy laqabi bilan tanilgan 61 yoshli Nozim Jumaev 2015 yilda qamalgan edi. U giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash bilan bog‘liq jinoyatda aybdor deb topilgandi. 

Bundan roppa-rosa bir yil oldin, 2020 yil 1 aprelda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi matbuot xizmati axborot tarqatib, “sog‘lig‘i yomonlashgan” Jumaevning gumanitar asosda ozod qilinmasligini bildirgan edi. 

“Navoiy viloyatidagi 11-jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Nozim Jumaev uyushgan guruh tarkibida jinoyat sodir etgani sababli unga nisbatan Jinoyat kodeksida ko‘rsatilgan, muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan insonparvarlik dalolatnomalari qo‘llanilmaydi”, deyilgandi xabarda.

Bu bayonot faollarning Nozim Jumaevning afv qilinishi ehtimolidan tashvish bildirganiga javoban e'lon qilingan edi. 

Inson huquqlar faollari Jumaevning koloniyada kauchuk qo‘g‘irchoqni do‘pposlayotgani va kirib kelayotgan 2020 yil bilan tabriklayotgani aks etgan videotasvirlarni taqdim qilgan edi.

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi qamoqxona sobiq mahbuslaridan biri go‘yoki diabet kasaliga chalingani vajidan Jumaevga koloniyada alohida yaxshi sharoit yaratib berilganini aytgan edi. 

Xo‘sh, birinchi aprel kuni janozasi o‘qilgan Nozim jallod kim? Mahbuslar orasida “Palach” (Jallod), “Loxmach” laqablari bilan nom chiqargan Nozim Jumaev 2014 yil dekabr oyida qamoqqa olinib, 2015 yilda yuqorida eslatilgan ayblarda ayblanib 20 yilga qamalgan edi.

U 2014 yili Moskvadan Toshkentga maxsus chaqirtirilib, MXXning sobiq xodimlarini so‘roq qilish chog‘ida qatnashishga jalb qilinganidan keyin qamoqqa olingani aytiladi. Nozim Jumaev xodimlarning “tilga kirib¸ iqrornoma”ni tezroq yozishini ta'minlab bergan.

2014 yili MXXning 12 xodimi hibsga olingani haqida “Ozodlik” ma'lumot bergan edi. Nozim Jumaevning Bekoboddagi qamoqxonada MXX xodimlariga beshafqat muomalasi yaqinlarini dahshatga solgan va ular kameralarga “Jallod” kirmasligi uchun katta o‘lpon to‘lashga majbur bo‘lishgan.

Milliy xavfsizlik xizmatining (hozirgi Davlat xavfsizlik xizmati) 12 nafar sobiq xodimi noqonuniy tadbirkorlik, korruptsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirish borasida o‘z aybiga iqror bo‘lishiga Nozim Jumaev “hissa qo‘shgan”.

Ular uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilinganidan keyin, 2014 yilning dekabr oyida Nozim Jumaevning o‘zi ham hibsga olingandi.

Kriminal dunyoga yaqin tadbirkorning “Ozodlik”ka 2014 yilda aytishicha¸ Buxorodagi “Moviy gumbazlar” restorani Nodir Jumaevga sovg‘a qilingan.

O‘zbekistonlik jurnalist Aleksey Volosevichning so‘zlariga ko‘ra, kriminal dunyo qoidalariga zid tarzda ma'muriyat bilan hamkorlikda ish olib boradigan shaxslar o‘zbek qamoqxonalarida ko‘plab topiladi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 sentyabr 2016
Amerikaning ikki shovvoz vatandoshi Tomas Gaskel Allen (Thomas Gaskell Allen) va uning do‘sti Uilyam Luis Saxtleben (William Lewis Sachtleben) ...
27 aprel 2021
«Eltuz» kanalining qadrli muxlislari. Agar sizda mavzuga oid muhim xabarlar bo‘lsa, kechgan voqealar haqida gapirmoqchi bo‘lsangiz, «Eltuz»ning telegramdagi +49 ...
12 iyun 2023
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni deya belgilangan bu sana har yili 12 iyunda nishonlanadi. ...
9 iyun 2016
O‘zbekistonda eng «beozor» mavzu hisoblanadigan hisoblanadigan sport xabarlarini yorituvchi ommaviy axborot vositalari ham birin ketin taqiqqa uchramoqda. Futbol mutasaddilari ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...