Multimedia
5 aprel 2021

Qo‘yli-5. Uchoq ichidagi xaloskor

Muhtaram o‘quvchi, sizga bundan 38 yil oldin yuz bergan voqealarni gapirib beryapman.

38 yil oldin Ahmadshoh Mas'udning yashirin istehkomlaridan biriga sovet qo‘shinlari bir vaqtning o‘zida ham havodan, ham yerdan zarba berdi. Bu istehkom ichida mujohidlarning qurol-yarog‘ va muhimotlari saqlangan edi. Qahramonimiz Qo‘yli bu istehkomni tosh bilan mustahkamlashda qatnashgandi.

Istehkom kuli ko‘kka sovurilganidan bir kun o‘tib Qo‘yli Islomoboddan Berlinga uchib ketayotgan edi. Istehkom qurilishi haqida ma'lumotga ega bo‘lgan Ahmadshoh Mas'ud qo‘mondonlaridan biri esa sotqinlikda ayblanib qo‘lga olingandi. Aynan shu qo‘mondon muayyan haq evaziga Qo‘ylini asirlikdan ozod qilgandi. So‘roq paytida barchasi ayon bo‘larkan, hamma birdan Qo‘ylini izlab qoldi. Qo‘yli samolyot ichida edi. Yana gapni bu baxti qaro vatandoshimiz Qo‘ylidan eshitamiz:

“Ustimga uch-to‘rt harbiy kelib turib oldi. Ular menga barmog‘ini niqtar va bir-biriga gap bermay baland ovozda gapirar edi. Bu baqir-chaqirdan qattiq boshim og‘riy boshladi.

Meni topgan «spetsnaz» jangchisi “dastho ba pesh”, dedi menga qarab. Itoatkorona qo‘limni uzatdim. Kishanning sharaq etgan ovozi va qo‘limning uvishib og‘rishi menga tanish edi. Bunday bo‘lishidan shok bo‘lmadim. Bunday bo‘lmasa, balki shok bo‘lardim.

Men erkinlikdan ko‘ra qullikka tayyor edim. Boshimga qop kiygizishdi. Xuddi kompyuter o‘yini finalida nimadir xato qilsang, yana o‘yinning boshiga borib qolganday holat. Panjsher darasidagi beton lotok ichidan olib chiqishgandagi holatga qaytgandim. Ammo biroz farqli.

O‘shanda ko‘timda ishton yo‘q edi. Hozir esa ishtonim bor.  Ammo boshiga qop kiygizilgan odamning ishtoni bor yoki yo‘qligi muhim emas. Meni ikki kelajakdan biri kutardi. Afg‘onistondagi Ahmadshoh Mas'ud jangarilariga qaytarib berishadi. Ular bir haftacha so‘roq qilib otib tashlashadi. Ëki Pokistonning o‘zida sud qilib, Faysaloboddagi turmaga yuborishadi. Panjobdagi bu turmaga borgandan ko‘ra otib tashlashgani ma'qul, deb o‘yladim men”.

Aziz o‘quvchim, siz Qo‘ylining saodatga qovushib, muammolardan qutulib ketishini qancha istamang, men nima bo‘lganligini aniq yozaman.

Haqiqat orzularimizdan ustun.

Voqea 1984 yilning kuzida bo‘lyapti. Qo‘yli “lotok ichiga atayin kirib asir tushgan va Afg‘oniston mudofaa sirlarini yaqindan bilib, o‘z sovet komandirlariga yetkazib turgan agent”, deb gumon qilingan edi.

Qo‘yli haqida Afg‘onistonning Ahmadshoh Mas'ud nazoratidagi rejimga yuzi tirtiq shishako‘z sohib ma'lum qilgan. Albatta, muayyan haq evaziga.

Mana, baxti qaro Qo‘ylini boshiga qop kiygazib, o‘rindiqlar orasidagi yo‘lakdan olib chiqib ketishyapti.

«Spetsnaz» askari omburday qo‘li bilan Qo‘ylining bo‘ynidan qisib, yerga qaratib qo‘ygan.

Odamlarda achinish hissidan ko‘ra “terrorchi bilan birga uchish kasofatidan qutulish mamnunligi” bor edi.

Ular qop ichidagi odam osoyishtalik dushmani, deya qat'iy ishonishar edi. Shu yerda qandaydir supermen chiqib, Qo‘ylini qutqarishi kerak. Ëzayotganimiz janr taqozosi shu.

Zakiy o‘quvchi bu supermen roli sharafli vatandoshimiz Ro‘zi Nazarga atalganini bilishadi.

Darvoqe, Ro‘zi Nazar qaerda?

Samoleyoga chiqayotganlar orasida uni ko‘rmadik-ku? Ro‘zi Nazar uchoqning biznes klassida edi.

U alohida yo‘lakdan kirgan edi. Qo‘ylining qo‘lga olinganidan habar topgach, «spetsnaz» oldiga borib, “qo‘yib yuboringlar, bu mening odamim», demadi.

Polkovnik rutbasidagi Ro‘zi Nazar «spetsnaz»ning amr qullar ekanini bilardi.

1984 yili hali mobil aloqa yo‘q edi.

Ro‘zi Nazar og‘a uchuvchi kabinasiga borib, pilotga qarab, Er ist nicht schuldig. Helfen wir ihm, dedi (U aybsiz, lutfan ko‘mak bering).

Xotini nemis bo‘lgan Ro‘zi Nazar og‘a olmonchani ravon gapirardi.

Ro‘zi Nazar og‘a pilot ratsiyasi orqali aeroport xavfsizlik xizmatidagi rutbasi katta odam bilan bog‘landi. Ro‘zi Nazar og‘a endi inglizcha gapirardi.

Pokistonning yuqori rutbali ofitserlari inglizchani yaxshi biladi. Ro‘zi Nazar ratsiyada gaplashayotib, pilot qo‘lidagi «Pokistan tayms» gazetasi ilk varag‘idagi xabarga ko‘zi tushdi. Shuni aytish kerakki, MRB xodimi o‘laroq, Ro‘zi Nazar teskari tutilgan matnni ham uzoqdan tez o‘qiy olardi. Maqolada Ahmadshoh Mas'ud qo‘mondoni sotqin emasligi yozilgan edi. O‘sha Qo‘ylini Ro‘zi Nazar qo‘liga topshirgan qo‘mondon.

Gazetada rasmi ham turibdi. Entschuldigung, kann ich Ihre Zeitung haben, dedi Ro‘zi Nazar pilotga qarab. Pilot gazetani uzatdi. Gazetada Ahmadshoh Ma'sudning qo‘mondonni quchoqlab turgan rasmi ham bor edi. Bir muddat gumon va tuhmat nishoni bo‘lgan qo‘mondondan rasman uzr ham so‘ralgandi.

Istehkom haqidagi sirlarni sovetlarga sotgan ikki mulozim esa pushtun ofitserlari bo‘lib chiqqan edi. Ro‘zi Nazar ratsiyadagi ofitserga «Pokiston Tayms»ning bugungi sonini o‘qing, deb iltimos qildi.

Bu vaqtda Qo‘yli samolyotdan tushirilib, harbiy jipga qo‘y yuklanganday qilib yuklanib olib ketilayotgan edi.

Ro‘zi Nazar og‘a pilotga rahmat aytdi va aynan mana bunday dedi: Wer ein Leben rettet, rettet die ganze Welt.

«Bir odamni qutaqargan dunyoni qutqaradi.» Bu eski yahudiy ota so‘zi edi.

Pilot bu gapni yurak-yurakdan his qilganini bildirish uchun mushtini qisib, ko‘zini yumib-ochib, boshini silkitdi.

Shu payt Qo‘ylini olib ketayotgan harbiy mashina birdan ilkis burilib, samolyot tarafga qarab yura boshladi.

Samolyotga zinamashina kelib taqaldi. Eshik ochildi, Qo‘ylini zinadan yuqoriga olib chiqishdi.

Oradan 38 yil o‘tib, Qo‘ylidan so‘rayman, “shu vaqtda nimani his qildingiz”, deya:

“Hech narsani his qilmadim. Boshim qattiq og‘rirdi. Temirni olovda qizdirib suvga solsangiz qanday bo‘ladi? Men ham shunday bo‘ldim. Bilasizmi, hozir ham pushtunlarning o‘zaro yig‘ilib qattiq baqir-chaqir qilganini eshitib qolsam, boshimda og‘riq turadi. Doktorlar migren bu deyishdi”.

Qo‘yli og‘a samolyotga qaytgandagi his-tuyg‘ungiz haqida so‘rovdim¸ migren haqida emas¸ deb yozvordim telegramga. Bunga javoban uzundan uzoq sasli messej keldi:

“Samolyotga chiqqanda menga so‘roq konfet bergan styuardessa yonida Ro‘zi Nazar og‘a turganini ko‘rdim. Og‘a nim tabassum bilan turardi. Shu nim tabassum men uchun yaxshilik belgisi edi. Xuddi haydovchi uchun svetoforning yashil ko‘zi yongani kabi. Sariq sochli, yam-yashil ko‘zli kema sardori ham peshvoz chiqdi menga.

“Du bist ein sehr glücklicher Kerl”, dedi va meni Ro‘zi Nazar o‘tirgan biznes salonda uchishga taklif qildi. Pilotda shunaqa huquq bo‘larkan. Biznes salonda keng mo‘l kresloda bitta o‘zing o‘tirarkansan. Darvoqe, pilotning familiyasi Altman edi. Men nemis deb o‘ylagandim, yaqinda bilsam u yahudiy ekan. Samolyot havoga ko‘tarildi.

Sariq sochli sohibjamol styuardessa oldimga noz-ne'matlar to‘la la'lini qo‘ydi. Xrustal shishalardan birining ustidagi lotincha yozuvni o‘qidim. Aroq deb yozilgan edi ruschada. Shu payt ichgim kelib ketdi.

Aroq, deb so‘radim styuardessadan, aroq, dedi u. Men qo‘rqib ikki qo‘ltiq narida o‘tirgan Ro‘zi Nazar og‘aga qaradim. “Olaver, bolam. Sen buni haq etding”, degan ifoda bor edi og‘aning yuzida. Styuardessa ozgina aroqni xrustal stakanning yarmidan oz qilib quydi. Ustiga pintset bilan muz va kivi bo‘lagi qo‘ydi va menga uzatdi. «Ey go‘zal, sungil qadah – davron o‘tguchidir», Shu qo‘shiqdagi kabi bo‘ldi.

Ënimdagilarga qarasam, mayda-mayda ho‘plab o‘tirishibdi. Men ham qo‘rqa-pisa ho‘pladim. Ichimda o‘lib yotgan alkogol chanqog‘i uyg‘onayotgan edi. Shart stakanni bo‘shatdim, qo‘ydim. «Aroq» deb yozilgan shishani olib, ikkinchi stakanni o‘zim to‘ldirib, shartta ichvordim. Rus arog‘i ichimga kirib, tanamdagi butun hujayralarga joylashib olgan qo‘rquv ilonlarini haydab chiqara boshladi. Sahardan beri tuz totmagan edim. Uchinchi qadahdan keyin nima bo‘lganini bilmayman. O‘chib qolgan edim.

Rassom Tuz

Boshi o‘tgan sahifalarda. Davomi bor

Tag‘in o‘qing
11 mart 2020
Bir guruh o‘zbek faollari 11 mart kuni Shveytsariya hukumati va mas'ul idoralariga marhum prezidentning katta qizi Gulnora Karimova o‘g‘irlagan ...
19 fevral 2024
Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida Indorama Agro xorijiy kompaniyasiga 70 million dollar kredit ajratgan Yevropa tarraqiyot banki ustidan kompaniya ishchilari ...
9 oktyabr 2020
Mana, gir etib bir hafta o‘tdiyu ketdi. Hafta ichida qirg‘izlar hukumatni ag‘darishga ham ulgurdi. O‘zbek mulozimlari esa hukumat xazinasini o‘marishda ...
15 dekabr 2015
Bunda pivo istisno qilingan. Yangi narxlar Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining 2015 yilning 3 dekabrdagi qo‘shma qarorida tasdiqlangan. ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...