Asosiy mavzular
11 aprel 2021

Imperativ-19. Rassomlar

(Shoir va siyosatchi Muhammad Solih audiokitobining davomi. Boshi «Eltuz»ning «Imperativ» ruknida. Davomi bor.)

Ha, o‘tmishga qaytamiz yana.

Bizning umumiy (gizli bo‘lmagan) suhbatlarimizda faqat shoir va yozuvchilar emas, balki rassom va haykaltaroshlar ham ishtirok etardi. Ularning eng «muntazamlari» musavvirlar Isfandiyor Haydar va rahmatli Shuhrat Abdurashid edi. Rassom-kandakor Omon Aziz ham tez-tez suhbatlarga kelib turardi.

1979 yilning dekabr oyida do‘stimiz Shuhrat Abdurashiddan judo bo‘ldik. Uni uyidan chiqqan yerda mashina urib ketdi va kasalxonada bir hafta yotib, hayotdan ko‘z yumdi. Bu menga juda qattiq ta'sir kildi. Juda yosh va iste'dodli rassom edi, Alloh rahmat aylasin:

DYeKABR

Rassom Shuhrat Abdurashid xotirasiga

Oyog‘imda dekabrning muz zanjirlari

Erib-erib tushar yashil archa yonida…

Tiz cho‘karkan men yanvarning oppoq poyiga,

Tilaging ne, deb so‘raydi mendan Yangi yil.

Tilagim shu: yanvaringga aytgin avvalo,

Qimirlamay tursin bir zum, uning poyiga

Yozib olay, toki, shuni: fevralingga ayt,

Puch yong‘oqqa to‘ldirmasin bahor qo‘ynini.

Martga buyur: boychechakni qilmasin xazon,

Yomon odam emasmiz biz – tushuntir mayga,

Dekabrga hoziroq ayt, vaqt borida ayt,

Do‘stlarimni o‘zi bilan olib ketmasin!»

(1979)

«Valfajr», 1983.

«Mustaqillik»dan so‘ngra san'atga bo‘lgan hurmat yo‘qoldi. Despotik rejimlarda ularni maqtamaydigan san'atga o‘rin yo‘q. Masalan, Karimov zulmidan omon qolgan rassom do‘stlarim bugun nima qilayotganini bilmayman. Isfanidyor Haydar yoki Vyacheslav Oxunovning bugungi o‘zbek san'ati uchun qiymati bormi? Bor bo‘lsa, bu qiymat nima bilan ifodalanyapti?

Dunyo tanigan ajoyib rassom va buyuk kinorejissyor Rustam Hamdamovni-ku umuman Toshkentga yaqinlashtirmadilar.

Iste'dodli kandakor Omon Aziz esa uzoq yillardan beri Amerikada yolg‘iz hayot kechiryapti, vatanga kaytishga imkon bermayaptilar. Karimov kabi bugungi hukumat ham bu ijodkorning taqdiri bilan hech qachon qiziqmagan.

1970 yillarda eng ko‘p suhbatlashganim rassom tengdoshim emas, yoshi ulug‘ zot edi.

Buyuk rassom Chingiz Ahmarni nazarda tutyapman. Rahmatli o‘z hayot tarzi va xatti-harakati bilan bizga adabdan dars bergan bir muallim edi. Uning «Rossiya» mehmonxonasiga yaqin bir so‘lim ko‘chada ustaxonasi bor edi. O‘zi ham bir qavat tepada turar edi yanglishmasam. Shogirdi rassom Temur Sa'dullaev va qo‘lyozmalar instituti aspiranti Ahmad A'zam bilan bu makonga tez-tez borib turar edik.

Chingiz Ahmar soxta iltifotdan yiroq, chizgan portretlaridagi qahramonlar chehrasidagi nimtabassumga mengzar bir ifoda bilan yuzlanardi insonga. Tavozesi bilinmagan tavoze sohibi edi. Hazil ham qilardi. Kinoya ham. Ammo bu harakatlarining hammasi tug‘ma adab ichida sodir bo‘lardi. Yoshlar bilan ham, kattalar bilan ham ayni tavozeda suhbatlashardi.

Stolida G‘.G‘ulom nashriyotida 1976 yil chiqqan «Yoshlik bayozi»ni ko‘rib hayratlanganim esimda. Bu kitobda mening ham katta turkum she'rlarim bosilgan edi.

Chingiz Ahmar adabiyotni kuzatib borardi, faqat katta shoirlarni emas, yosh ijodkorlar faoliyatini ham kuzatib borardi. Yoshlarni o‘ziga teng ko‘rib gapirardi.

Yetmishinchi yillarda biz hamon yosh sanalardik. Chingiz Ahmar kaminaga qarab, «Muhammadsolih, sizning bo‘yingiz uzun, Xudoga bizdan yaqinroqsiz», deya hazillashardi rahmatli.

Yoki bir kuni: «Siz nima hisobiga yashaysiz, Ahmadboydan eshitdik, G‘afur G‘ulom nashriyotidan ham ishdan quvilibsiz», deb qoladi. Men «qoraqalpoq xalq shoirlarining she'rlarini o‘zbekchalashtiryapman, gonarari bizga yetadi», deyman. Ustaga bu ishning juda oson ekanini tushuntirgan bo‘laman. Masalan, bu ish rassomlarning ishidan ancha oson, deyman dabdurustdan.

Nega oson, deb so‘raydi Chingiz og‘a. Men ham ilhomlanib, qora yumor bilan anglata boshlayman: masalan, bir shoir urushdagi hayotini tasvirlayotib bunday bir satr yozadi: «Shivindey «shiv» uchib o‘tdi o‘q». Men bu satrni aynan «chivindek «chuv» etib uchib o‘tdi o‘q», deb o‘zbekcha qilaman. Va satr tayyor, 55 tiyin ishladim, demak. Bunday satrlardan bir kunda qancha «tayyorlashim»ni nashriyotdagilar bilishadi va «tarjima istamasin» deb mendan qochib yurishadi, deyman bir oz mubolag‘a qilib.

Keyin urushdagi nemis o‘qining chivin kabi lallayib, erinchoqlik bilan parvoz qilayotganini qo‘l harakatlari bilan ko‘rsatib beraman. Chingiz og‘a samimiy qahqaha otadi. Siz satira yozing, qobiliyat bor, deydi. Keyin birdan jiddiy tortib (yoki quvlik qilib): “Muhammadsolih, siz nega she'rlaringizni qisqa yozasiz, siz boymisiz? Davlat she'rning har satriga falon tiyin beraman deb turganida, mana, Barot Boyqobilov kabi turkum dostonlar yozib tashlasangiz bo‘lmaydimi”, deydi buyuk Usta.

Men tanbalman, buning ustiga, original she'rlarni chiqarish tarjimalarni chiqarish qadar oson emas, deyman. Buyuk Usta bu bahonaning qisqa yozishga aloqasi yo‘qligini yaxshi bilgani uchun hikmatli nimtabassumi bilan javob beradi.

Chingiz og‘a muhofazakor an'anadan kelishiga qaramay, bizning uzun sochli «xippi» ko‘rinishimizga qarab aslo kinoya qilmagan. Holbuki, 1973 yili universitet talabasi ekanimda rahmatli domlamiz Ochil Tog‘aev «sochingizni politbyuro a'zolari «pricheska»si standartida oldiring», degan amriga bo‘ysunmaganim uchun meni imtihoniga olmagan edi.

Chingiz og‘a bizni borlig‘imizcha qabul etar va tengdoshlari kabi nasihatgo‘ylikka ehtirosi kuchli emas edi.

Chingiz og‘a mening san'at idealimga yaqin bir rassom emas edi. U zamonlarda bizni Edvard Munk kabi mistik, irratsional tafakkur sohiblari ko‘proq jalb etardi. Lekin Chingiz og‘aning portretlari jo‘nligi, soddaligi bilan oydin bir kayfiyatga turtki bo‘la olardi. Har safar uning ustaxonasini ziyorat etar ekanman, bu kayfiyatni yaqqol his etardim o‘zimda.

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
16 sentyabr 2021
2019 yil noyabrda Londonda nufuzli sarmoyadorlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. U yerda xalqaro moliyachilar, diplomatlar va tadbirkorlar O‘zbekistonning siyosiy va ...
22 aprel 2019
Qadimgi turkiy tilning ikkita asosiy alifbosi bor — O‘rxun-Yenisey (ko‘kturk, runik) yozuvi hamda uyg‘ur alifbosi. Bizgacha yetib kelgan matnlarning ...
14 oktyabr 2019
Chiqib ketishi oldidan sudya qo‘limga ayblov xulosasi va hukmni tutqazib uzr so‘radi va xayrlashish uchun qo‘lini uzatdi. Lekin men ...
7 sentyabr 2020
«Eltuz»ning qadrli o‘quvchilari! Agar sizni yoki tanishlaringizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kasbiy majburiyatlaringizga bog‘liq bo‘lmagan, qo‘shimcha haq to‘lanmaydigan ishlarga majbur qilishsa, bosh ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...