Asosiy mavzular
14 aprel 2021

Xatirchilik fermerning qabri ochildi, ammo ekspertiza xulosalari yaqinlariga ko‘rsatilmayapti

Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida 2021 yilning 2 fevral kuni fermer Muzaffar Muhammadievning qabri ochildi. 55 yoshli fermerning jasadi o‘tgan yili 6 noyabrda uyining oldidagi katta ariqdan topilgan edi. 

Tuman sud tibbiy ekspertizasi chiqargan dastlabki xulosada marhum alkogol ichimlik iste'mol qilgani, ariqqa yiqilib, nafas yo‘liga suv ketishi oqibatida o‘lgani qayd etilgan.

Marhumning yaqinlari mahalliy ekspertiza xulosadan norozi bo‘lib murojaat qilganidan keyin respublika darajasidagi ishchi guruh kelib, mayit qayta ekspertizadan o‘tkazilgan. 

29 fevral kuni marhumning akasi Hamro Mustafoevga Respublika sud tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy markazi direktori Alisher Iskandarov imzosi bilan ekspertiza xulosa bilan tanishishin mumkinligi haqida xat kelgan.

Ammo Mustafoevning “Eltuz”ga aytishicha, shu vaqtga qadar viloyat prokuraturasi marhumning yaqinlariga ekspertiza xulosalarini ko‘rsatmagan.

Xatirchilik fermer Muzaffar Muhammadiev 2020 yil 5 noyabrda uyidan tanishlari tomonidan ovqatlanishga borish maqsadida olib ketilgan. 6 noyabr kuni uning o‘ligi xonadonidan uncha uzoq bo‘lmagan Qahramon arig‘idan topilgan.

Marhumga tegishli “Sherali Bobur 2018” fermer xo‘jaligiga 49 yilga ajratilgan yer maydonining tuman hokimi qarori bilan 3 nafar fuqaroga o‘tkazilishi o‘zaro kelishmovchiliklarga sabab bo‘lgan.

Marhum fermer 5 noyabr kuni Navoiy viloyati ma'muriy sudida o‘z da'vo arizasi bo‘yicha ishtirok etgan. Ayblanuvchi tomon – o‘sha vaqtdagi tuman hokimi G‘afur Aliev sudda ishtirok etmagan va sud boshqa kunga qoldirilgan. O‘limidan ko‘p o‘tmay esa marhum fermer sudda g‘olib, deb topilib, tuman hokimi ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

Fermerning o‘limi bilan bog‘liq tergov ishi bir muddat qo‘zg‘atilib, keyin yana to‘xtab qolgan. So‘ng marhumning yaqinlari tuman, viloyat IIBlari, Bosh prokuratura va prezidentgacha ariza bilan murojaat qilgan.

Murojaatlar samarasi o‘laroq, mahalliy ekspertiza xulosalaridan qoniqmagan marhumning yaqinlari mayitni qaytadan ekspertiza qildirishga erishadi.

Navoiy viloyati prokuraturasi mulozimining “Eltuz”ga aytishicha, shikoyatchilarning arizasiga binoan marhum fermerning qabri ochilgan va bu bo‘yicha tergov olib boryapti. 

Sud hukmi e'lon qilinmaguncha boshqa qo‘shimcha ma'lumot taqdim eta olmasligini bildirgan prokuratura vakili holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani tasdiqladi. 

Uning ta'kidlashicha, dalillar va arizachining murojaatidan kelib chiqqan holda ish yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi “j” bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha tergov davom etmoqda.

Marhumning akasi Hamro Mustafoevning so‘zlariga ko‘ra, bu ish bo‘yicha Toshkentga 5 marta borib kelgan. Jinoyat yashirilib, ishlar yana bosdi-bosdi bo‘lib ketishdan qo‘rqyapti.

“Bu ishlarning boshida tuman hokimi G‘afur Aliev turibdi,– deydi Hamro Mustafoev. – Boshidan ish oldinga siljimadi. Orada hokim ishdan ketsa ham bu ish ko‘tarilmadi. 

Mahalliy sud ekspertizasining dastlabki xulosalaridan qoniqmadik. Respublikaga murojaat qildik. Ishchi guruh kelib, 2 fevral kuni mayitni qayta ekspertizadan o‘tkazdi. Xulosalarni viloyat prokuraturasiga topshirdi. 

Bizga ma'lum qilishlaricha, xulosada ukamning suvga tushib ketib o‘lmagani, undan oldin joni uzilgani, so‘ng suvga tashlangani aytilgan. Ishni tezlatishlari bo‘yicha viloyat va respublika prokuraturasiga qayta-qayta murojaat qildik. 

Ammo na ish oldinga siljiydi, na bizni jarayon qanday ketayotganidan boxabar qilishadi. Hatto advokatimiz so‘ragan hujjatlarni ham berishmayapti. Holat ijtimoiy tarmoqqa chiqib ketishidan cho‘chishayotgan ekan”.

“Eltuz”ga yaqin manbaning xabar berishicha, Navoiy viloyati prokurori Baxtiyor Ahmedov yaqinda hayfsan olgan. Uning ish faoliyatidan norozilar ko‘pchilikni tashkil etadi. 

Bosh prokuraturaga uning ustidan kelib tushgan murojaatlar orasida navoiylik fermerlarning arizalari ancha ko‘p. Biroq ishlar oldinga siljimayapti. 

Chunki klasterdan norozi fermerlar soni qanchalik ko‘p bo‘lmasin, bu tizim o‘zini oqlasa ham, oqlamasa ham shaxsan prezidentning tashabbusi hisoblanadi. Marhum Muzaffar Muhammadiev yaqinlari ham fermerning o‘limiga yer bo‘yicha muammolar sabab bo‘lganini iddao qilishmoqda.

Tag‘in o‘qing
11 noyabr 2015
Rassom: Tuz Eltuz.com
21 fevral 2021
Turkmanistonda 14 yoshli dzyudochi Sulaymon Tursunboev jangda prezidentning qarindoshiga «yutqazib berish»dan bosh tortgani uchun o‘ldirildi. Fojea fevral oyining boshlarida ...
24 oktyabr 2015
N. Imomov Eltuz.com … Musoqul chol har kungidek qirda qishloqni tomosha qilib o‘tirardi. – Buncha hansiraysan? – Qodirboy mallaning ...
16 may 2016
Ozodlik bergan xabarga ko‘ra, «Holid ibn Volid» masjidga tushgan hayr-ehson evaziga soliq qaydidan o‘tkazilmagan, shaxsiy boylik orttirish g‘arazi bilan ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...