«Sattoriy ishi» xulosalari
Bugun «Sattoriy ishi» bo‘yicha ayblanuvchiga 5 ta ish bo‘yicha ayblov qo‘yilganini bildirilib, unga 11 yil qamoq jazosi berish so‘raldi. Hali sud hukmi mavjud emas. Lekin qator xulosalar va signallarni olsa bo‘ladi.
Birinchi xulosa: Para mis camaradas habrá amnistías, para mis enemigos, todo el peso de la ley. «Do‘stlarimga hamma narsa mumkin, dushmanlarga esa qonun shafqatsiz bo‘ladi» qoidasi birinchi marta qo‘llanilishi emas, bu oxirgisi ham emas. Axir bu adolatsizlik, deyishingiz mumkin. Ha, adolatsizlik, lekin reallik shu.
Ikkinchidan, bu faol jamoatchilikning so‘z erkinligi hududini kengaytirish istaklariga qarshi qo‘rqitish akti ham. Samara berdi va bermoqda. Kerak bo‘lsa, yana shu kabi namoyishkorona protsesslar uyushtiriladi.
Uchinchidan, birinchi punktda yozilganidek, hech kimga ishlatilmagan qonun shafqatsizligi senga ishlatilishini esdan chiqarmay, bo‘g‘zigacha korruptsiyaga botgan amaldorlar, ularni birlashtirib, sadoqat taqdim etib turuvchi va zamonning tamal toshi hisoblangan korruptsiyani tanqid qilayotgan shaxs uchun ehtiyot choralari eng muhim qoidaga aylanishi lozim. Har bir uchrashuv ishonchli guvohlar ishtirokida yuz berishi, har bir tijoriy yoki manfaatli bitim hujjatlashtirilishi, har bir noma'lum qo‘ng‘iroq yoki yozishma saqlab qolinishi eng oddiy ehtiyot choralaridir.
Ruxsat etilganidan ortiq tanqid qilayotgan shaxs hatto bergan qarzini qaytarib olishi yoki ko‘rsatgan xizmati uchun haq olishi pora olish sifatida tasniflanishgacha yetib borishi mumkinligini o‘ziga tasavvur etishi lozim.
To‘rtinchidan, har qanday avtoritar rejimning bronzalashuvi mutlaq hokimiyat egasi bo‘lgan mahalliy hokimiyatlardan boshlanadi. Hududlarda, agar bunga istak bo‘lsa, istalgan odamni badnom qila olish mumkin. Shu ma'noda, mahalliy feodallarning shotir va bachchalariga aylanib ulgurmagan, fikrlashda, so‘zlashda va harakatlarda o‘zini chegaralashni istamaganlar hali qonun normalari amalda bo‘lib turgan poytaxtda faoliyatlarini davom ettirganlari yaxshi. Ha, bu yechim emas, lekin vaqtinchalik chora. Toshkent, istaymizmi, yo‘qmi, Termizdan xavfsizroq. Toshkentda, istaymizmi yoki yo‘qmi, Andijondan farqli o‘laroq, hali O‘zbekiston qonunlari amal qilmoqda.
Bankiroff telegram kanaldan olindi