Multimedia
4 may 2021

Imperativ-24. Pafos

(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobining 24-qismi. Matnning audioversiyasini muallifning o‘zi o‘qigan. Audiokitobning boshi va oldingi qismlari “Eltuz”ning “Imperativ” ruknida. Davomi bor.)

Pafos sovet adabiyotining, jumladan, o‘zbek sovet adabiyotining ham muhim liboslaridan biri edi. Yana bu sharq she'riyatiga xos an'anaviy balandparvozlik bilan birlashganida o‘zbek shoirlariga teng keladigani oz bo‘lardi.

Kaminada bu xususiyat tabiatan yetarsiz bo‘lgani uchun sahnada she'r o‘qishga nainki iymanar, hatto uyalar edim. Chunki matnlarim umumiyat-la pafosdan mahrum edi.

Buning ustiga, bu matnlar boshqalarnikiga nisbatan qisqa bo‘lar va ularni sahnada o‘qirkan, bir-ikki daqiqaga yetmay tugab qolishi tinglovchilarga hurmatsizlik kabi ko‘rinardi, shu bois iloji boricha she'rlarimni sahnada o‘qimaslikni tarjih etardim.

Rahmatli Rauf Parfi og‘amiz bu «qiyinchiliklar»imga ko‘p marta guvoh bo‘lgan va «qaniydi, boshqalarda ham sizdagiday muammo bo‘lsa», deya kulardi.

Shu «kompleks» natijasida yozilgan bir matn:

Tomoq yirtib baqirma, yetar,

Ko‘zni olaytirib nima qilasan?

Bu senga bahormas gulduros to‘la,

Bu – sokin kuz fasli, kuzni bilasan.

Kuz haqda o‘qirkan, ingrab yuborma,

Qo‘lingni pichoqday siltama keskin,

Kuzni aytmoq bo‘lsang, sahnada

Yengil shabadaga aylan va esgin!

Ko‘p ham hislaringni etmagil ehson,

Bo‘kirmaslik uchun top endi bardosh.

Kuz – hazin tabassum, kuz bu – istehzo,

Yetar sal «yilt» etsa ko‘zlaringda yosh.

(1972)

«Valfjr» (1983)

Bu matnni o‘zimni oqlash uchun yozayotgan bo‘lishim mumkin. Chunki haqiqatan ham sahnaga chiqib, birdaniga junbushga kela olmasdim. Tuppa-tuzuk o‘tirgan men birdaniga qo‘limni pichoqday keskin siltab, hayqirishga boshlay olmasdim.

Ya'ni kaminadagi sovet yashash tarziga begonalik adabiyotda ham uzluksiz davom etardi. 80-yillar o‘rtasida, «Qayta kurish» davrida Yozuvchilar uyushmasi minbaridan juda ko‘p publitsistik chiqishlar qildim. Keyin bu uyushmada mas'ul vazifada ishladim ham, ammo hech qachon o‘zimni bu uyushmaning bir parchasi yoki uni o‘zimning bir bo‘lagim o‘laroq his etmadim.

Mening ruhim bu iqlimga BYeGONA bo‘lib qolaverdi.

1991 yil uyushmadan iste'fo etarkan, qamoqdan ozod bo‘layotgan kishi kabi sevinganim esimda.

TALAFFUZ

(Sovet Itttifoqi rahbari L. Brejnevning o‘limiga)

Turibman.

Unutdim ko‘ksimdagi yuk

Tosh emas, bir hovuch yurakligini.

Unutdim kim edi jahonda buyuk

Va kimdan qo‘rqishim kerakligini.

Ko‘zlarim oldida tuman tarqaldi.

Turibman – ko‘rsatmas hech kim yo‘l-yo‘riq.

Hosilin tugatdi, huvillab qoldi

Bultur yolg‘on uchun «Ochilgan qo‘riq» (Brejnevning asari).

Baribir rag‘bat yo‘q menda o‘lishga,

Talaffuzi buzuq kelgindi sayyor,

Men har so‘zim uchun kulgu bo‘lishga,

Masxara bo‘lishga turibman tayyor.

(1986)

«Olis tabassum soyasi» (1983)

Brejnevning yolg‘oniga ochilgan qo‘riq bir muddat huvillab turdi, ammo bu uzoq davom etmadi. Andropov, Chernenko va nihoyat Gorbachyov bu ko‘rikka ishlov berib, yangi sotsialistik hosillar olishni boshladilar. Lekin bu ham uzoqqa cho‘zilmadi, imperiya quladi.

Biz do‘ppilarni ko‘kka otib, mustaqil bo‘ldik darrov. Faqat ko‘kka otilgan do‘ppilar qaytib tushmadi. Biz sovet mustabidining o‘rnini mahalliy mustabid egallaganini angladik.

BYeGONAlik ham meni tark etmadi.

Aytilgan har so‘zim uchun masxara bo‘lishga davom etdim, etyapman.

Matndagi «kelgindi» sifati ham mubolag‘a emas. Faqat Moskvadamas, Toshkentda ham kelgindi edim. Hatto tug‘ilgan tuprog‘im Xorazmda ham o‘zimni kelgindi his etardim.

Chunki ruhim istagan erk tanam yurgan hech bir yerda yo‘q edi.

Hatto yurganim ko‘chalar ham zanjirlangan tutqun kabi ko‘rinardi ko‘zimga. Hatto ular ham men kabi o‘zining haqiqiy kimligini yashirar edi atrofdan:

TUMAN

Zirqirar

Suyakka aylangan havo,

Tuman kim bilandir shivirlashadi,

Tuman kim bilandir fitna tayyorlar.

Nimadir yirtilar tovushsiz.

Nimadir jarangsiz sinadi.

Zanjirband tevarak kuchanar…

Ismini yashirar ko‘chalar…

(1978)

«Quduqdagi oy» (1980)

Bu zanjirbandlik hissini erk istagan har qanday kishi o‘zida sezishi normal deb o‘ylayman. Ayni shaklda bir xalq ham his etishi mumkin bu halokatli tuyg‘uni.

Agar bu xalq bu tuyg‘usini fe'liy harakatga aylantira olmasa va bu jarayon uzoq yillar, hatto asrlar davom etsa, bu tuyg‘u bir kuni pastkashlik komleksiga aylanishi mumkin.

Bunday kompleks esa insonni yuqorida aytganimiz pafosga, kulgili masxarabozlikka majbur qilgani kabi xalqni «yo‘q, biz ozodmiz», deya o‘zini aldab, yuz yillarcha mustamlaka ostida yashashga mahkum etishi mumkin.

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
8 dekabr 2020
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida jasadi 6 noyabr kuni katta ariqdan topilgan 55 yashar fermer Muzaffar Muhammadievning yaqinlari u tuman ...
7 aprel 2024
Salom qadrli muxlislar, Eltuz portaliga kelgan co‘nggi 5 ta maktubni o‘qib eshittiramiz, ular O‘zbekistonning Toshkent, Xorazm, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlaridan kelgan. Xatlar oqimi davom etmoqda, muammolar yechimini to‘liq ta'minlash uchun Eltuz kanaliga obuna bo‘lish, layk ...
1 avgust 2018
«Talqonchi» non ushatishda davom etadi… O‘zbek mahbuslari uchun chaqimchi kameradosh bilan yashash qanday yoqimsiz… Sobiq siyosiy mahbus Muhammad Bekjon ...
10 sentyabr 2021
«Eltuz» «Vaqt mashinasi» rukni ostidagi maqolalarni chop etishda davom etadi. Navbatdagi hikoyamiz Yosh buxoroliklar harakati faoli Abduqodir Muhiddin o‘g‘li ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...