Asosiy mavzular
5 may 2021

Otangga bor, onangga bor, o‘rtada sarson o‘lik

Navoiy viloyatining Xatirchi tumanilik marhum fermer Muzaffar Muhammadievning yaqinlari viloyat va tuman prokuraturalariga ishonchsizlik bildirmoqda. 

Marhumning qabri birinchi marta qarindoshlari talabi bilan ochilgandan so‘ng murda 27 aprel kuni ikkinchi marta ekspertiza qilindi. Biroq ikkinchi ekspertiza jarayoniga marhumning yaqinlarini chaqirishmagan. 

Marhum – 55 yoshli Muzaffar Muhammadievning o‘ligi 2020 yilning 6 noyabrida uyiga yaqin bo‘lgan Qahramon arig‘idan topilgan edi.

Tuman sud ekspertizasining dastlabki xulosasida “marhum alkogol iste'mol qilgani va suvga o‘zi yiqilib, nafas yo‘liga suv ketishi oqibatida vafot etgani” aytilgandi. 

Ikkinchi ekspertiza esa marhum avval o‘ldirilib, so‘ng suvga tashlangan, deya xulosa berdi. Shu asosda Navoiy viloyati prokuraturasi tomonidan gumondorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi “j” bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.

Ish yuzasidan tergov-surishtiruv jarayonlari olib borilayotgan bir paytda dastlabki ekspertizani o‘tkazganlar Respublika sud tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy foronsik markazi tomonidan berilgan xulosalardan norozi bo‘lib, qaytadan ekspertiza talab qildi. 

“Biz Bosh prokuraturaga hamda viloyat prokuraturasiga qabr ochilishi va murda qayta ekspertiza qilinishiga qat'iy qarshi ekanimizni yozma ravishda taqdim qilgan edik, – deydi marhumning akasi Hamro Mustafoev. – Chunki ekspertiza natijasida ukamning ichki organlaridan hech narsa qolmadi. 

Ular ekspertiza xulosasiga shubha bilan qarashganiga va Xatirchi tumani mas'ullari o‘tkazgan yuzaki yolg‘on ekspertiza natijasini ma'qullash harakatida ekani uchun qabr ochilishiga qarshi edik. Ammo baribir ochishdi”.

Marhumning akasi Hamro Mustafoev bu masalada adolat istab, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboevaga murojaat yo‘llagan va Navoiy viloyati prokuraturasiga va prokuratura organlariga ishonchsizlik bildirgan.

Murojaatda Navoiy viloyati prokuraturasi ekspertiza natijalari bilan tanishish uchun tish-tirnog‘i bilan qarshilik qilayotgani va ularni berishdan bosh tortayotgani aytilgan.  (Bu haqda “Eltuz”da material e'lon qilingandan so‘ng marhumning yaqinlariga xulosa bilan tanishish huquqi berilgan edi).

“Navoiy viloyati va Xatirchi tumani prokuraturalari nega marhum ukamning murdasini bizning roziligimizsiz ikkinchi marta qayta eksgumatsiya qildi? Nega marhum ukamning ishini viloyat prokuruturasi o‘rganayotgan bir vaqtda Xatirchi tuman prokuraturasi ham aralashmoqda?

Navoiy viloyati prokuraturasi nega Xatirchi tumani, Buxoro hamda Qashqadaryo viloyatlari idoralari o‘tkazgan ekspertiza vaqtida o‘z e'tirozlarini bildirmadi? Ularning xato va kamchiliklariga nega ko‘z yumdi? 

Respublika sud tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy foronsik markazi o‘tkazgan ekspertiza natijalari shaffof va adolatli ekaniga ishonchimiz komil bo‘lsa-da, nega Navoiy viloyati prokuraturasi bundan shubhada? 

Viloyat prokuraturasi nega respublika idorasiga nisbatan ishonchsizlik bildirmoqda? Bunga qonuniy asosi bormi? Nega viloyat prokuraturasi gumondor shaxslarni qonuniy tergov qilmasdan, ishni orqaga so‘rish va har xil asossiz vajlar ko‘rsatish bilan ovora?” deya murojaat qilgan T.Norboevaga marhum fermerning akasi Hamro Mustafoev.

Marhum Muzaffar Muhammadievga tegishli “Sherali Bobur 2018” fermer xo‘jaligiga 49 yilga ajratilgan yer maydonining tuman hokimi qarori bilan 3 nafar fuqaroga o‘tkazilishi o‘zaro kelishmovchiliklarga sabab bo‘lgan.

Marhum fermer 5 noyabr kuni Navoiy viloyati ma'muriy sudida o‘z da'vo arizasi bo‘yicha ishtirok etgan. Ayblanuvchi tomon – tumanning o‘sha vaqtdagi hokimi G‘afur Aliev sudda ishtirok etmagan va sud boshqa kunga qoldirilgan. 

O‘limidan ko‘p o‘tmay esa marhum fermer sudda g‘olib, deb topilib, tuman hokimi ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

Tag‘in o‘qing
21 fevral 2023
O‘zbekiston rahbariyati konstitutsiyani ochib o‘qib ko‘rsa bo‘lardi. (Harf taniydi degan yaxshi niyatdamiz) Konstitutsiyada vatandoshlarning teng huquqli ekani va hech ...
2 fevral 2017
Mirziyoevning “Har bir xonadon 100 tadan tovuq boqishga majbur” degan bayonoti turlicha talqin qilinmoqda. Qoraqalpoqqa safari chog‘ida u tag‘in ...
14 may 2019
«Koridorga chiqqanimizda, navbatchi harbiy menga past ovozda: – O‘yin bo‘lganini bildingiz, anovi SPPni sizdan gap olish uchun qamadi, ehtiyot ...
9 noyabr 2023
Izboskan tumani Andijon viloyati tarkibida ta'sis etilganiga 97 yil bo‘lgan. Ammo, Eltuz suhbatlashgan izboskanliklar, tuman tarixida biron hokim Serobiddin ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...