Asosiy mavzular
10 may 2021

Imperativ-26. Uyqudagi nafrat

(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobining 25-qismi. Matnning audioversiyasini muallifning o‘zi o‘qigan. Audiokitobning boshi va oldingi qismlari “Eltuz”ning “Imperativ” ruknida. Davomi bor.)

Biz dushmanning kun tartibi bo‘yicha hayotimizni tartiblagan edik.

Bizga tavsiya etilgan joriy «milliy g‘urur» o‘zimizning real milliy basharamizni ko‘rishga xalaqit berardi. «Qayga borsam boshda do‘ppim, g‘oz yuraman gerdayib» shiori milliy g‘ururning emas, aynan o‘sha kompleksning hayqirishi edi. Biz hayqirishdan charchagan edik. Charchoq ham xuddi zikr etganimiz kompleks kabi irsiy edi.

Ba'zan charchagan ruh bir shaffof uyni orzu kilardi. Mayli, osmon ostida, uysiz uy bo‘lsin, ammo ozod bir uy:

ShAFFOF UY

Erk uning shaffof uyi

Devorlari shishadan tiklangan.

Shahardagi eng hashamatli uy.

Dunyoni ko‘rar u uyida turib

Tashqaridan uni ko‘radi dunyo.

Ovqat kam yeydi u,

Chunki daraxtlar

Unga qaraganday bo‘laveradi.

U bo‘ydoq,

Chunki xotin bilan

Yashash noqulaydir bu shaffof uyda.

Xotin-ku turaversin,

Hatto o‘zi yechinsa,

Yulduzlardan tortinib yechinar har gal…

(1980)

«Shaffof uy» (1985)

Bu she'r moddiy yo‘qsillik apologiyasi. Ayni zamonda ozodlikka madhiyadir bu.

Biz erk istar edik.

Charchaganning tin oladigan uyi – mayli, xotin bo‘lmasin, mayli, bola-chaqa bo‘lmasin, erkdan tiklangan bo‘lishi kerak. Shunday bir erk bor, albatta, u ham uysiz (vatansiz)larning erki. Biz u paytlar buni tanlashga ham tayyor emas edik aslida.

Biz hayqirishdan charchab, «endi millat uchun biror narsa qilaylik», deya bosqinchiga qarshi kurashga bel bog‘lagan va bu yo‘lda o‘ldirilgan bir hovuch qahramon jadidning chorasiz ma'naviy yetimlari edik.

Taqdirdan nolib, shikoyat qiladigan bir dargoh yo‘q edi:

Biz axir hech kimni o‘ldirmadik-ku,

Lekin nega bizning qo‘llarimiz qon.

Gunoh qushi turar bosh uzra mangu,

Yonayotgan avliyoday chirpanar vijdon!

Ehtiros qamchisi ostida dir-dir

Titrayotgan tuyaday, tushov oyoqda,

Yurishga majburmiz, yurmoqqa majbur,

Bilmay, mag‘rib qayda, mashriq qayoqda.

Bizni muvaqqatlik dahshatga solar,

Darrov zeriktirib qo‘yar mangulik

Har kimning bo‘g‘zida uzun bir nola,

Har kimning ko‘ksida bittadan o‘lik.

Ojiz kuchli bo‘lib, bir marta boshin

Mardlik kundasiga qo‘ymoqni istar,

Kuchli ojiz bo‘lib, to‘kib ko‘z yoshin,

Bir marta mehrga to‘ymoqni istar.

Lekin osmon uzoq, yer esa qattiq,

Bizlardan qarzdor emas bu olam,

Haqiqat yuziga boqolmaymiz tik,

Ammo istamaymiz bosh egishni ham.

Ba'zida ko‘klarga qaraymiz yonib,

Go‘yo ko‘kda borday yerda yo‘q narsa,

Qani, mehr izlagan sho‘rlik insonni.

Inson sevmasa ham, bir Xudo sevsa!..»

(1983)

(«Adashganlar qo‘shig‘i» she'ridan parcha. «Tun tashbehlari», 1988.)

Biz o‘zimizni haqiqatan ham aybdor his kilardik. Mutelikning, tobelik va orsizlikning sababchisi kabi his etardik o‘zimizni. Yerini dushmanga sotgan sotqinday his etardik o‘zimizni:

TUTUN

Chekaman.

Tamakining tutuni yengil.

Chekaman.

Onam esa

Sekin kelib, tortadi yengim:

– Nima bo‘ldi senga, dangasa,

Kun bo‘yi chekasan,

Pul yo‘qotdingmi,

Javob bergil, yering sotdingmi?…

Men javob bermayman, chekaman.

Chekaman-u titraydi yengim

Tutun bo‘lsa…

Naqadar yengil!

(1980)

Olis tabassum soyasi» (1986)

Biz jadidlarning kim ekanini juda kech tanigan, ularning kitoblarini tushida o‘qib savod chiqargan chalasavod milliyatchilar edik.

Bizning jadidlardan keyin paydo bo‘lgan kommunist-manqurt avloddan farqimiz, biz pastqam zaminning tortish kuchini yengish uchun katta bir kuch kerakligini idrok eta boshlagan edik:

AFU ET MYeNI

Taqlid etolmadim senga,

Vatanim Sen kabi bardoshli bo‘lolmadim hech.

Sapchib turgan esam, aybsitma meni,

Afu et, axir men o‘lolmadim hech.

Kechir, sapchib turdim og‘ir uyatdan

Tarixidan judo bo‘lgan xalq kabi,

Kelajagi qaro insoniyatday

Eng so‘nggi lahzada turdim men qalqib!

Turdim, sapchib turdim, o‘zimga keldim,

Shakkok farzandingni afu et, vatan,

Go‘zal kafanlarni egnimdan yuldim,

Tushdim, sakrab tushdim tilla tobutdan!..

(1985)

«Tun tashbehlari» (1988)

Bizni «o‘ldi» deb qo‘yishgan tobutdan yerga sakrab tushgan edik, ammo pessimizm bizning tomirlarimizga yoyilib ulgurgan edi.

Biz o‘tgan zamonlardagiday o‘zimizni avrashda davom etardik. Ko‘rganimizni yana ko‘rmaslikka olishda davom etayotgan edik:

O‘ZIMNI AVRAYMAN

O‘zimni avrayman uyqu oldidan,

Shivirlayman o‘z qulog‘imga:

«Hech narsa bo‘lgani yo‘q.

Unut hammasin!

Eshitganingni unut, ko‘rganingni unut.

Ko‘zlaringga ishonma.

Uxla!» …

Lekin uxlolmayman.

Xalaqit berar bu qaynoq ko‘zlarim,

Men ishonmagan ko‘zlarim.

(1977)

“Oq ko‘ylaklar» (1980)

Bu qahramonga tasalli beradigan va uni oyoqda tutayotgan yagona narsa – intiqom tuyg‘usi. Ammo:

Eng baland qoyada

Bahaybat qush misol

Og‘ir tumshug‘ini patlari orasiga tiqib,

Uxlab yotar uning nafrati.

Onasi kimligin bilmaydi bu qush,

Bilmaydi otasi kim ekanini.

Vaqt o‘tgan sari kattalashar u,

Kattalashgan sayin

Qattiqroq uxlar.

(1980)

«Valfajr» (1980)

Bu she'r uyquga ketgan

Nafratning surati.

Bir xalqning dushmanga nafrati.

Uning bugun ham uxlayotgan nafrati.

Quyidagi 5 satr esa soqov, shuursiz, maqsadsiz chorasizlik surati:

Buncha zerikarli dalalar

Paxtasiz!

Ana, paykallarda

Ko‘kka angrayar

Dehqon panjasiday bo‘m-bo‘sh chanoqlar!»

(1977)

Bu mulki tortib olingan mazlum tasviri. Chanoqlar paxtasi terib olingan dehqonning bo‘m-bo‘sh qo‘llaridir. «Angrayar» so‘zi ayni onda shuursiz ochilgan og‘izni xotirlatadi. Va takror bu iztirobdan qutulish yo‘li intiqom bo‘lib ko‘rina boshlaydi:

QAHRATON

Oq ro‘moli boshga tang‘ilgan,

Qimir etmay, tubanga qarab,

Farzandlari xiyonat qilgan

Ona kabi turar har daraxt.

Har lahzada bir abadiyat

Cho‘ng fojia xuddi kechganday,

Sukut ichra turar tabiat

Bir dahshatli qasam ichganday.

«Olis tabassum soyasi»,

1986

Dahshatli qasam ichganlar intiqom istar edilar.

Tariximizdagi milliy fojialar silsilasida bizga eng yaqin bo‘lgan jadidlarning qatli bizning intiqom tuyg‘umizni kuchaytirishi kerak edi.

Ammo QO‘RQUV, zehnimizni nazorat qilayotgan QO‘RQUV o‘zbek ziyolisining ziyosini o‘chirgan, qalblarini qoraytirgan edi:

QO‘RQUV

Qo‘rqyapti.

Nari o‘tir.

Yuqmasin qo‘rquv

Undan chiqib, senga bu dard qilmasin hujum.

Hayotining yarmin hozir berar edi u,

«Men qo‘rqmayman», deya bir bor hayqirmoq uchun.

Kechir uni, niyatlari pok edi uning,

«Tondim», deya dushmaniga yalinguncha to,

Ezgu yo‘lda yuraklari chok edi uning,

Qo‘rquv degan kasallikka chalinguncha to…

«Kim kelyapti?» deya hayron bo‘laverma san,

Bu tovushning neligini undan so‘ragin:

Bu – ko‘krakda alang-jalang, zir yugurayotgan

Yurak erur qo‘rqayotgan, inson yuragi!.. (1985)

«Olis tabassum soyasi» (1986)

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
30 may 2016
Universiada O‘zbekistonda uch bosqichda, uch yil davomida o‘tadigan musobaqaning Oliy o‘quv yurti talabalari uchun o‘tadigan qismi bo‘lib, birinchi bosqichda ...
13 dekabr 2021
Qashqadaryo viloyatida joylashgan Shayxali qamoqxonasida nozir bo‘lib ishlagan 38 yoshli G‘affor Akmalov jazoni ijro qilish tizimlaridan nohaq bo‘shatilganidan shikoyat ...
27 aprel 2019
2018 yil dekabr oyida Sirdaryo viloyati jinoyat ishlari sudi Sardoba paxta tozalash zavodidagi talon-torojliklar bo‘yicha ishni ko‘rib chiqdi. Ayblanuvchilar ...
7 dekabr 2017
1 dekabr kuni O‘zbekiston fuqarolik jamiyati tashkilotlari – Markaziy Osiyoda inson huquqlari uyushmasi va O‘zbek-german inson huquqlari forumi Vashingtonda ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...