Multimedia
13 may 2021

Imperativ-27. Jasoratning ko‘zi

(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” audiokitobining 26-qismi. Matnni muallifning o‘zi o‘qigan. Audiokitobning boshi va oldingi qismlari “Eltuz”ning “Imperativ” ruknida. Davomi bor.)

Bizning oyoqlarimizdagi zanjir, zehnlarimizdagi nazorat faqat kommunistik rejim zanjiri va nazorati emas, bizni bu moddiy dunyoga bog‘lagan sof insoniy, oilaviy-maishiy rishtalar nazorati ham edi.

Bizni istagancha qatl etdi, so‘ngra ongimizga TINCh HAYoT orzusini singdira boshladi dushman.

TINChLIK kalimasi SSSR shiorlarining markazidagi so‘z edi. Nima bo‘lsa bo‘lsin, ammo tinchlik bo‘lsin. Ozodlik nimaga kerak, hurriyat nima degani? Biz bilamiz, senga TINChLIK kerak. Butun dunyoga TINChLIK kerak.

Aslida bu TINChLIK kulti ijodkorlari 350 millionli xalqqa qarshi 75 yil total URUSh olib bordi. Stalin repressiyalarida o‘ldirilagan odam soni 40 million. Bu Stalinning bizga bergan TINChLIGI. Stalin «Ulug‘ Vatan Urushi» deb atagan URUShda (1941-1945) o‘lganlar soni 20 million. Stalin repressiyalarining simvoli bo‘lgan sana 1937 yil ham biz uchun hech tugamaydigan yil bo‘ldi. Sovet Ittifoqi tugadi, ammo 37-yil tugamadi.

Stalinning muxlisi Karimov hukmronlik qilgan har bir yilini 37-yilga aylantirdi.

Shu ma'noda Stalin davridagi 37-yil shahidlari ustida ko‘zyosh to‘kib, «Karimovning 37-yili» haqida lom-mim demayotgan o‘zbek ziyolilarining ko‘zyoshlari aldamchi ko‘zyoshlardir, o‘zlari esa munofiqdirlar.

ONANING DYeGANI

(Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon xotirasiga)

Sen ham o‘sha yo‘ldan ketding-a, bolam,

Qayt, dedim, qaytmading, endi kech, evoh

Rom etdi seni ham shubhali ohang,

Rom etdi yurtidan haydalgan arvoh.

Axir, o‘sha yo‘ldan ketding-ku, axir,

Endi gullar emas, tikon bosgaysan,

Sen ham arvoh yanglig‘ yurgaysan faqir,

O‘z tilingni sen ham shiftga osgaysan.

O‘shal eski yo‘ldan ketding-a, bolam,

Qo‘rqmay tikilding-a qorong‘i g‘orga –

Evoh, boshginangni urarsan sen ham

Arvoh boshin urgan o‘sha devorga!.. (1985)

«Olis tabassum soyasi» (1986)

Bu satrlarda aytilgan so‘zlar volidamning menga aytgan so‘zlaridir. Bu yerda adabiyot yo‘q. Mubolag‘a yo‘q. Shafqatsiz realistik uslub. O‘z xalqiga qilingan haqoratni o‘z shaxsiga qilingan haqorat sifatida qabul qilmagan bir ziyoli ziyoli emasdir. Buni qabul qilib, buning uchun badal to‘lashni istamagan ziyoli ham ziyoli emas.

Bu badalni to‘lashdan qo‘rqmaydigan, kerak bo‘lsa, boshini Cho‘lpon urgan devorga urishga tayyor, kerak bo‘lsa, uning kabi otilishga hozir ziyoligina bu ismga loyiqdir.

1975 yil yozilgan ushbu muvashshah ham Cho‘lponga bag‘ishlangan:

ShOIR XOTIRASIGA

Cho‘ktirdim she'rimni tosh bog‘lab bo‘yniga,

O‘sha sen cho‘ktirilgan joyga bugun men.

Loaqal, qarasang satrlar o‘yiniga,

Poyonsiz o‘limning bag‘rida nigun – sen.

Ona til so‘zlari eslaydi har kuni

Ne bo‘pti kimningdir yodida bo‘lmasang… (1975)

«Shaffof uy» (1985)

1975 da kabi 1985 da ham O‘zbekistonda «xalq dushmani» unvoni fe'lan olib tashlanmagan Cho‘lpon haqida she'r chop qilishning imkoni yo‘q edi.

Bu she'r bosildi, chunki muvashshah edi, ammo muvashshah deb yozilmagan edi.

Hech kim matn satrlarining bosh harflarini qo‘shib o‘qimagani aniq.

Faqat tsenzura emas, muharrirlar ham matndan shubhalanmadi chog‘i, she'r kitobda bosildi.

Kitobning muharriri Anvar Obidjon edi. Balki Anvar ko‘rgandir, tavakkal qilib o‘tkazib yuborgan bo‘lishi mumkin. Lekin Anvar Obidjon bilan she'rning Cho‘lponga marsiya ekani haqida hech qachon gaplashmaganmiz. Na kitob bosilayotganida, na keyin.

Biz 70-80-yillarda Cho‘lponni juda ideallashtirdik. Boshqa ideal yo‘qdi.

Jadidlar ichida Cho‘lpon biz uchun afsonaviy bir shaxsiyat edi. Shu qadarki, uning she'rlarining mashinkada bosilgan «samizdat» shaklini bizga bergan Ozod Sharafiddinov kabi rejim tarbiyasini ko‘rgan, kommunist axloqidagi bir shaxs ham bu afsonaviylik chambarida bizga muborak bo‘lib ko‘rina boshlagan edi.

Biz o‘z jasoratsizligimizdan uyalar edik:

JASORATNING KO‘ZI

Menga uyqu bermas Jasoratning ko‘zi.

«Nega jimsan?» deydi u menga.

«Nega jimsan, qo‘ling ozod bo‘lib, oyog‘ing sog‘ bo‘lib, nega jimsan?» deydi u menga tikilib.

«Bu qo‘llar bog‘liq bo‘lishi mumkin edi», deydi mening qo‘llarimni ko‘rsatib.

«Bu oyoqlarda kishan bo‘lishi mumkin edi-ku», deydi u mening oyoqlarimga imo qilib.

«To‘g‘ri, – deyman men. –

sening tajribang bor,

sen bog‘liq qo‘llarni ham ko‘rgansan,

kishanli oyoqlarni ham.

Lekin mendan nima istaysan,

Jasoratning ko‘zi!»

Baqirganim kor qilmaydi, tepamdan ketmaydi,

tonggacha qadalib turadi

Jasoratning ko‘zi (1982)

«Valfajr» (1983)

Cho‘lponning Turkistonning qora taqdiri haqidagi she'rlari bizni qattiq ta'sirlantirgan. Vatan dushman tarafidan istilo etilgan edi. She'rlarida Cho‘lpon o‘zini rad etilgan farzand his etardi.

Biz ham 70-80-yillarda uning his etganini his etardik vatanimizda. Dushman ham ayni dushman edi. Quyidagi she'r shu hislarni ifoda etadi:

MAXLUQ

U bir maxluq dunyo bog‘ida,

Uning turgan-bitgani qayg‘u

Kishan yo‘q-ku qo‘l, oyog‘ida,

Ammo erkni, erkni istar u.

U bir maxluq, yurgan bir daydi,

Yo‘q, yo‘q, yurmas, ko‘klarda uchar,

U o‘zining nafratin yeydi,

U o‘zining g‘azabin ichar.

Shunday maxluq, uning yonida

Har bir ayol ko‘rinadi tul.

«Kelgindi»mish o‘z vatanida,

O‘z uyida «nomahram»mish ul…

Bas qil, maxluq! Bas qil, dedim, bas!

Muzlamasin yuzingda qahr,

Bu dunyoda mumkin-ku yashash,

Vatansiz ham mumkin-ku, axir! (1985)

«Olis tabassum soyasi» (1986

Bunday she'rlarning bosilishi shoirning osilishi edi 1937 yillarda.

Ammo 85-yilga kelib, Cho‘lponga nasib bo‘lmagan baxt bizga nasib bo‘ldi, bu she'rlar dunyo yuzini ko‘rdi.

Bu bir «mo‘'jiza» edi.

Bu «mo‘jiza»ga kelingan yo‘l: O‘zbekiston «Goskomizdat» tsenzurasiga 50 dan oshiq she'rga «antisovet tagmazmun yo‘q», deb har she'rga alohida izoh yozib berdim.

Nashriyotning, «Olis tabassum»ga ichki taqriz yozgan Ibrohim G‘afurovning talabi bilan yozib berdim. Har holda, undan tsenzura (KGB) «iltimos» qilgan bo‘lsa kerak.

Tsenzura bizni so‘z bilan ishlashda yana-da hassoslashtirar edi:

MUDDATDAN SO‘NG

Uning og‘zi bir yil muddat bilan tikilgan edi.

Roppa-rosa bir yildan keyin

Sug‘urib olishdi uning og‘zidagi iplarni.

Ingradi, qora terga tushdi

Bitib qolgan og‘iz ochilar ekan.

Shunda u tushundi o‘z so‘zlarining

Bu dahshatli ipga nisbatan

Naqadar og‘riqsiz sug‘urilishini.

«Valfajr» (1983)

(1979)

Biz ozodlikda yurib naqadar qulay va oson safsata sotganimizni faqat ozodlikdan mahrum etilganimizda anglayajagimizni idrok etardik.

Bu «og‘iz tikish» siyosati ruslardan so‘ng ham, men Toshkentni tark etgan pallalarimda (1993) ham davom etayotgan edi. Qullik psixologiyasining bu «yangi tarixi» 1918 yildan boshlanadi. Chor Rusiyasi mustamlakasi o‘zining mustamlakachi ekanini yashirmagan edi, SSSR esa yashirdi. U «xalqlar do‘stligi», «internatsional» kabi qo‘pol tikilgan «bayroq»larini bizning mazlum xalqlarimiz qo‘liga tutqazdi.

O‘tgan asr boshida juda qisqa muddatga bir milliy boshqaruv tuzish imkoni paydo bo‘ldi bizda. Dunyo o‘zgarayotgan edi, turli kataklizmalar yuz ko‘rsata boshlagan edi. Biz ham Chor Rusiyasi yiqilganidan foydalanib, ilk bora bir milliy davlat qurdik.

1918 yil ta'sis etilib, 2 oy so‘ngra ruslar va armani dashnoqlar tarafidan yo‘q qilingan Qo‘qon (Turkiston) muxtoriyatini nazarda tutyapman.

Bu qisqa umrli davlatning boshqaruvchilari jadidlar mafkurasida yetishgan yangi siyosatchilar (Behbudiy, Mustafo Cho‘qay, Tinishboev va boshqalar) edi.

Shu davrda qurilgan Xorazm va Buxoro jumhuriyatlarida ham jadid zehniyati hokimiyatga keldi. Ammo 1924 yil bolsheviklar bu milliy boshqaruvlarni tugatib, Turkistonni SSSR deb atalmish davlat o‘z hokimiyati ostiga oldi.

Oqibatda Turkiston mustamlakaning ikkinchi bosqichi – 70 yillik sovet bosqichiga kirdi.

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
29 mart 2016
Sputnik internet nashrining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasidagi manbaga asoslanib bildirishicha, O‘zbekistonda 2016 yilning birinchi choragida ...
3 dekabr 2024
Yangi O‘zbekistonning eski muommolari, Andijon va Farg‘onaning 40 yildan buyon asfalt qilinmagan yo‘llari. Asakada gaz bosimi pasaygan. Jarqo‘rg‘onda esa ...
1 aprel 2015
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi O‘zbekiston mustaqilligi arafasida mamlakat aholisi prezident siyosatini to‘liq qo‘llab quvvatlashini bildirdi, balki yetar… ...
5 mart 2018
Bobomurod Abdullaevning sudi bo‘yicha «Eltuz» nashri olgan so‘nggi ma'lumotga ko‘ra, sobiq siyosiy mahkum Muhammad Bekjon qamalgan hamkasbining oilasiga dalda ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...