Asosiy mavzular
14 iyun 2021

Imperativ-32. Taqdirning jilvasi

(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 32-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.)

Uzun zamonlar orzu qilganimiz mustaqillikka erishganimizdan keyin ham ozodlik haqda orzu qilish tarixning bir jilvasi edi bizga.

Oldinga emas, ortga qara, derdi go‘yo tarix.

Men ortga qarayman va shu mansur matnga tushadi ko‘zim:

OZODLIK KARTINASI

U turma eshigiga suyanib turibdi. Ko‘ylagining yoqasini shamol tortqilaydi. Agar sochi bo‘lsa edi, tug‘ kabi hilpirardi.

Orqasida qora fon, ajdahoning og‘ziday tubsiz qoralik.

Yonida nazoratchi. Simyog‘ochga o‘xshaydi. Lekin unga suyanib bo‘lmaydi.

Sobiq mahbus turma eshigiga suyanganicha, ko‘zlarini qisib atrofga qaraydi.

Milllati kim uning?

Mahbusning millati yo‘q, minnati yo‘q. Millat uchun kurashgan odamning millati yo‘q. «Mana shu ablahlar vatanparvar bo‘lsa, men vatan xoiniman», degan edi bir shoir.

Mana u, vatannning suyukli «xoini», kesakiga suyanib turibdi holsiz.

Bu suratga uzoq qaragan odamning badani jimirlab ketadi.

Bu suratga uzoq qarashga botingan odam o‘zini turmaga kirib ketayotganday va eshik oldida mana shu ozodlikka chiqqan mahbusni uchratganday, unga hasad bilan qaraganday sezadi o‘zini. (1982)

«Valfajr» (1983)

Bu 1982 yil qurilgan xayol 1990 yil 20 iyun kuni Mustaqillik deklaratsisi qabul qilingan kuni uzoq o‘tmishda qolgan bir uydirma bo‘lib ko‘ringan edi. «Mustaqil bo‘ldik, rus zulmidan qutuldik, endi hech qachon qo‘llarimizga kishan solinmaydi», deya sevingan edik.

Ammo 1993 yil 2 aprel kuni diktatorning amri bilan hibsga olinib, IIV yerto‘lasiga tashlanganimda bu she'r omonsiz yuzaga chiqa boshlagan bashorat bo‘lib ko‘rina boshladi menga. Keyin zindondan chiqib, yurtni tark etdim.

1993 yil 26 dekabrida 1978 yilda yozilib, 1980 yilda chiqqan «Oq ko‘ylaklar» to‘plamida bosilgan quyidagi she'rda aytilgan xayol sodir bo‘ldi:

Kim aytadi shoir deb,

Men – taqlidchiman.

Taqlidchisi faylasuflarning.

Meni ari chaqsa, yig‘layman arining holiga.

Nima ham qilardi o‘zini qiynab,

Nayzasini og‘ritib nima qilardi?

Har kuni uzr so‘rab xatlar yozaman,

Meni xush ko‘rmagan oshnolarimga

Ularning tushiga kirganim uchun.

Do‘stim sotib qo‘ysa,

Qayg‘uraman: aldamadimi deb biror firibgar,

Sotmadimikin meni arzon-garovga

Mening sho‘rlik, soddadil do‘stim?

Iltijo qilaman qolganlariga:

Agar siz sotmoqchi bo‘lsangiz meni,

Qanchaga sotishni birga o‘ylaylik,

Balki men ham fikr aytarman… (1978)

«Oq ko‘ylaklar» (1980)

Bu she'r yozilganida unda murojaat qilingan do‘stlarim hali ma'lum emasdi.

Ularning ism-familiyasi 1993 yil 26 dekabr kuni «O‘zbekiston ovozi» gazetasida, so‘ng «Vatan» gazetasining 1994 yil 9 -16 fevral 3-sonida bosilgan «Vatan mas'uliyati» maqolasidan keyin o‘rtaga chiqdi. Bu maqolani yozgan do‘stim Erkin A'zam, uni chop etgan «Vatan» gazetasi esa do‘stim Usmon Azimovga qarashli organ edi. Ularning gazetasidan olingan shu parcha Erkin A'zamning mahsuloti.

Maqoladagi «ular» olmoshi ikki kishini nazarda tutadi – Muhammad Solih va Boymirza Hayit. Maqoladan iqtibos:

“U yoshligidan dissident bo‘lishni orzu qilardi” – agar ular haqida maqtov maqola yozilsa, bundan ma'qulroq bosh jumlani topib bo‘lmas, nima dedingiz? Vatanni suymoq – kasb emas, ko‘ngil ishi, e'tiqod. Vatan hayqirib, jar solib suyilmaydi. Vatanga muhabbat evaziga hech narsa tama' qilinmaydi. Ota-onani tanlab bo‘lmagani kabi Vatanni ham tanlab bo‘lmaydi. Bekorga “Ona Vatan”, “Ota yurt” demaymiz. Xudo – bir, ota-ona taqdiri azal. Vatan – yagona. Ota-onasini chiqib qo‘shniga yomonlagan farzandni noqobil, ko‘rnamak, deydilar. Biror bahonada Vatanni tark etib, aksariyat g‘anim davlatlar haybarakachiligida unga tosh otganni kim deb atash mumkin? Vatanfurushmi? Nonko‘rmi? Imonsizmi? Nahotki, yetti yot begonalar qo‘lida tayyor qurolga aylanib, o‘shalarning gij-gijlashi bilan “ovoz”lar tarqatish erkinlik sanalsa? Nahotki, o‘sha yetti yot begonalar do‘st bo‘lib, kindik qoningiz to‘kilgan Vatan, unda qolgan xesh-aqrabolaringiz, xalqingiz sizga dushman bo‘lsa?! Chetdan turib Vatanga qarshi kurashgan odamni kim deb atash mumkin?..» (Nabijon Boqiyning «Beshlik» essesidan olindi).

Nabijon Boqiyning aytishicha, bu maqola Erkin A'zamov tarafidan diktatorga yaxshi ko‘rinish uchun yozilgan. Boshqa tarafdan, Erkin A'zamov haqiqatan ham meni «dissident bo‘lish», siyosiy rejimga «muxolif bo‘lish»ni orzu qilgan bir kimsa o‘laroq tasavvur qiladi.

Bir paytlar turk gazetasidan bir muxbir menga bunday savol bergan edi: «Agar sizga O‘zbekistonga qaytishga izn berishsa va hukumatga qarshi muxolifat qilishga ham ijozat berishsa, siz O‘zbekistonga qaytarmidingiz? Muxolifat harakatini davom ettirarmidingiz?

— Yo‘q.

— Tushunmadim.

— Muxoliflik qilmas edim.

— Kechirasiz, tushunmadim…

— Nimani tushmadingiz?

— Siz 25 yil, chorak asr umringizning eng mahsuldor yillarini muxolif faoliyatingiz uchun surgunda o‘tkazdingiz. Sizni qotillar uch marta o‘ldirmoqchi bo‘lishdi, dunyo bo‘ylab pasportsiz, qo‘nim bilmasdan, yana yolg‘iz emas, oilangiz bilan sargardon kezdingiz — bular hammasi diktatorga qarshi muxolifat qilganingiz uchun edi-ku?!

Endi sizga vatanga chaqirishib, umringizni bag‘ishlagan bu ishga izn berilgan taqdirda muxoliflikdan voz kechaman, deyapsiz. Men buni tushunmayapman!?

-MYeN IZN BYeRILGAN MUXOLIFAT BILAN ShUG‘ULLANMAYMAN. MYeN MUXOLIFAT TAQIQLANGANDA MUXOLIFAT QILAMAN. MUXOLIFAT QILISh HAYoTIY TAHLIKA KASB ETGANDA, MUXOLIFATI UChUN MUXOLIF XALQ DUShMANI E'LON ETILIB, YuRTIDAN QUVILGANIDA YoKI O‘LDIRILGANIDA MUXOLIFAT QILAMAN. MUXOLIFNING QARINDOShLARINI FAQAT UNING QARINDOShI BO‘LGANLARI UChUNGINA QIYNOQQA SOLIB, QAMOQQA TAShLAGANLARIDA MUXOLIFAT QILAMAN. QUROLSIZ VA YoPPA-YoLG‘IZ EKANMAN, BOR-YO‘G‘I MUXOLIFATNI TAQIQLAShLARIGA QARShI ChIQQANIM SABAB MYeNI YaNChISh UChUN BAHAYBAT DAVLAT MAShINASI USTIMGA YuRABOShLAGANIDA MUXOLIFAT QILAMAN. MUXOLIFLIGIM UChUN YuRTIMDA ISMIMNI TALAFFUZ ETISh JINOYaT SANALA BOShLAGANIDA, DO‘STLARIM DAVLATNING G‘AZABIGA UChRAShDAN QO‘RQIB, MYeNDAN YuZ O‘GIRGANDA MUXOLIFAT QILAMAN..

HA, AGAR MUXOLIFATGA TAQIQ BYeKOR QILINSA, MUXOLIFATNI TARK ETAMAN», degan edim.

Ammo Erkin A'zamov bu mantiqni tushunmaydi. U «Nega hamma narsa olam guliston ekan, muxolifat qilish kerak», deb samimiy hayron bo‘ladi bizning harakatlarimizga.

Chunki u rus kommunistlari qurgan totalitar davlatni hech kachon ishg‘olchi davlat o‘laroq bilmadi va bu davlatga astoydil xizmat qildi. Keyin ayni ruslar tayinlagan vassallar boshqargan davlatga ham ayni sadoqat bilan xizmat etdi. Dissidentlikni masxara qilib yozgani yuqoridagi maqolasini ham chin dildan yozganiga shubha yo‘q.

Demak, u dissident M.Solihni sotgani yo‘q, balki o‘z mafkurasining amrini bajo keltirdi, xolos.

Do‘stlarimga hazillashib, «Erkinboy meni men bilan maslahatlashmasdan sotdi», deyman.

Agar bamaslahat ish ko‘rsalar edi, balki ularning martabasi yana-da baland bo‘lardi.

Baribir yomon bo‘lmadi, bu sadoqati evaziga Erkin A'zam yillarcha katta lavozimda ishlab, deputat bo‘lib, diktatorga sadoqati yana-da oshdi. Unga diktator «Tafakkur» (nomiga qarang!) degan jurnal ochib berdi, E. A. esa diktatorga yangi laganbardorlar topib berib, ularning diktatorga maqtovlarini shu jurnalda chop etdi.

«Tafakkur» tuzog‘iga hatto Shukur Xolmirzaevdek katta yozuvchi ham tushdi. E. A.ning bosimi va va'dalariga uchib u ham diktatorni maqtashga majbur bo‘ldi, madhiyalar yozdi.

Tag‘in o‘qing
6 aprel 2018
1899 yilning 6 aprelida Moskva yo‘llarida elektr bilan yuradigan tramvay paydo bo‘ldi. Bu tramvay ot tortib yuradigan ko‘nka aravalar ...
2 mart 2018
Prezident Mirziyoevning 28 fevralda chiqargan «vinochilikni rivojlantirish» haqidagi qarori ortidan respublika nashrlari birin-ketin bu mavzuni tashviq qila boshlashdi. «Xalq ...
29 yanvar 2020
2008 yillardan boshlab O‘zbekiston qamoqxonalaridagi kutubxonalar diniy mavzularga, ya'ni terrorizm, ekstremizmga qarshi kurashga undovchi asarlar bilan bir qatorda I.Karimov ...
16 may 2020
Aziz asrimizning aziz onlari aziz odamlardan so‘raydi qadrin. Fursat g‘animatdir shox satrlarla bezamoq paytidir umr daftarin. Mana, hafta aylanib, ...
Bloglar
28 iyun 2021
Asfalti yo‘q ko‘chalar, gazlashtirilmagan uylarimiz haqida «Do‘stlik bayrog‘iga» yozganimda o‘n uch yoshda edim. Qishlog‘imizni badbo‘y ...
25 iyun 2021
Texnik sabablarga ko‘ra, bugun juma va'zi efirga uzatilmaydi. Ammo aziz mushtariylar uchun bir paytlar Urganchdagi ...
21 iyun 2021
«Paxtakor»ning kelib chiqishi turk, lekin shveytsariyalik Derdiyok (o‘zbekchasiga Dardiyo‘q) degan futbolchisi bor. Yillik maoshi 1,3 ...