Asosiy mavzular
10 avgust 2021

“Islomiy davlat”ning vataniga qaytarilgan a'zolari jazoga tortilmasligi

IShIDning Suriyadagi lagerlarda saqlanayotgan ayol a'zolari uchun iyul oyida rus tilidagi yopiq telegram chatda quyidagi e'lon berildi: “O‘zbekistonlik opa-singillar, iltimos, vatanga qaytishga yordam berish borasida men bilan bog‘laning. Men, alhamdullilah, sizni ishontirib aytamanki, bu yerda [O‘zbekistonda] dinimiz (odamlari) uchun hech qanday muammo yo‘q”.

Bu haqda yozgan ayol “Islomiy davlat”ning yaqinda Suriyadan O‘zbekistonga qaytgan a'zosi. O‘zining aytishicha, u hozir “opa-singillari”ga O‘zbekistonga qaytishlariga yordam beryapti va “Islomiy davlat”ning lagerlardagi a'zolarini uyga qaytishga ko‘ndirishga harakat qilmoqda.

Uning O‘zbekistonga qaytishining asosiy sababi qaytib kelganlardan hech biri hibsga olinmaganidir. 

“Men [“Islomiy davlat”ning] bir qancha harbiy mashg‘ulotlarini o‘tadim, jang qildim va xudkushlik jiletini kiydim, – dedi u. – Men bularning barchasini xavfsizlik xizmatlariga aytdim va menda hech qanday muammo bo‘lmadi – men uyda ozodman”.

Chat a'zosi undan yazidiy qullarga egalik qilish hibsga olinishga sabab bo‘lishi mumkinmi, deb so‘raganda, u bunday javob berdi: “Yo‘q, bu muammo emas. [Agar] qulingiz bo‘lsa ham siz hibsga olinmasligingizga 99% kafolat bor. O‘zbekiston prezidenti hech kimga bo‘ysunmaydi va u hech kim qamoqqa tashlanmasligini aniq aytdi”.

Ayol qanday sharoitda O‘zbekiston hukumatiga yordam berishi mumkinligi aniq emas, lekin u yolg‘on gapirmayapti. O‘tgan yili “Islomiy davlat”ning 118 ayol a'zosi Suriya va Afg‘onistondan O‘zbekistonga qaytdi. Ulardan ba'zilari rasman mamlakatga qaytarilgan, ba'zilari esa lagerdan qochgan, lekin hech biri qamoqda emas.

“Islomiy davlat”ning o‘zbekistonlik a'zolari xulq-atvori undagi boshqa millat ayollarining xatti-harakatlaridan farq qilmaydi: ularning ba'zilari qul bo‘lgan, janglarda faol qatnashgan, “Amni” (“Islomiy davlat” ichki xavfsizlik xizmati)da yoki “Hisba” (mahalliy tinch aholiga qat'iy diniy qoidalarni qo‘llaydigan tashkilot)da ishlagan yoki targ‘ibot va mablag‘ yig‘ish ishlarida qatnashgan. 

Ularning barchasi terrorchilik tashkiloti a'zolari edi, lekin ularning hech biri javobgarlikka tortilmadi. Ta'kidlash joizki, qaytganlarning aksariyati “Islomiy davlat”ning ayol a'zolari. “Islomiy davlat”ga qo‘shilgan ko‘plab erkaklar hanuzgacha Suriyada hibsda yoki yashiringan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev intervyusida hukumatning amnistiya siyosatini tushuntirdi: “Har kim xato qilishi mumkin, biz unga ikkinchi imkoniyat berishimiz va hamma ularga yordam berishda qatnashishi kerak”, dedi u va amalda barcha davlat idoralaridan ortiga qaytgan “Islomiy davlat” a'zolarini qo‘llab-quvvatlashini so‘radi. 

“Islomiy davlat”ning qaytib kelgan ayol a'zolariga O‘zbekistonning oddiy kambag‘al fuqarolari uchun ko‘pincha berilmaydigan imtiyozlar taqdim etiladi. 

Masalan, ayollarga bepul tibbiy yordam (shu jumladan, koalitsiya kuchlari bilan bo‘lgan janglarda olingan jarohatlarni davolash uchun qimmat operatsiyalar) va har oylik gumanitar yordam ko‘rsatildi. 

Ba'zilarga bepul uy-joy, kasb-hunar ta'limi va hatto o‘z biznesini ochish uchun uskunalar berildi. O‘zbekiston rivojlanayotgan mamlakat bo‘lgani bois, bu imtiyozlarni berish uchun qisman G‘arb (ko‘pincha Yevropa Ittifoqi) mablag‘lariga tayangan.

Bu holat muayyan xavfsizlik muammolarini keltirib chiqaradi. Masalan, o‘z daxlsizligini his qilayotgan ko‘plab qaytgan ayollar hozir “Islomiy davlat”ning boshqa a'zolarini lagerlardan olib chiqish uchun faol pul yig‘ishmoqda va turli telegram kanallari orqali “Islomiy davlat” targ‘ibotini olib borishmoqda. 

Ayniqsa, yaqinda Afg‘onistonda “Tolibon”ning O‘zbekiston bilan chegara yaqinida hujumlar uyushtirgani xavotir uyg‘otadi.

Bu imtiyozli munosabat munozaralarga sabab bo‘ldi. Qaytgan ayollar ko‘pligi bois, “Islomiy davlat” a'zolariga bunday imtiyozli munosabat allaqachon mahalliy jamiyatlarda norozilikka sabab bo‘lmoqda.

Birinchidan, aksariyat o‘zbekistonliklar mamlakat chegarasida oylar davomida chodirlarda yashayotgan mehnat muhojirlari vataniga qaytishga harakat qilayotgan va hukumatdan ularga yordam berilmayotgan bir paytda terror tashkilotining Suriyadan qaytayotgan a'zolari uchun davlat tomonidan millionlab dollar sarflanishiga rozi emas. “Islomiy davlat” a'zolaridan hatto pulni hukumatga qaytarish ham so‘ralmayapti.

Ikkinchidan, hukumat amaldorlarining ko‘pchiligi dastlab universal va tezkor kechirimga qo‘shilmadi va bu ayollarga yangi hujjatlar (ular “Islomiy davlat” bilan ishlayotganda yo‘qolgan yoki ataylab yo‘q qilingan)ni sud qarorisiz bera olmasliklarini aytishdi. 

Shunday qilib, Suriyadan qaytgan barcha ayollar sud jarayonidan o‘tishi va sudlanishi, keyin prezident amnistiyasi qo‘llanishi mumkin edi.

Uchinchidan, ko‘pchilik odamlar “Islomiy davlat”ning ayol a'zolariga amnistiya berilishiga qo‘shilmaydilar. Masalan, 18 yoshli yigit mehnat muhojiri bo‘lib Rossiyadan qaytib kelganida, mobil telefonida “Islomiy davlat”ning targ‘ibot videosi borligi uchun hibsga olingan. 

Onasi jahl bilan bunday izoh berdi: “O‘g‘lim oddiy odamlarga o‘xshab ishlash uchun Rossiyaga emas, balki jang qilish uchun Suriyaga ketishi kerak edi. Bunday holda u nafaqat ozod bo‘lardi, balki hatto hukumatimizdan bepul kvartira ham olgan bo‘lar edi”. 

O‘zbekistonning demokratik muxolifatni ta'qib etgani va erkin matbuotga hujum qilganini hisobga olsak, terroristik tashkilot a'zolariga nisbatan yumshoqlik bilan yondashish ko‘plab faollar va muxolifat a'zolarini xavotirga soladi.

Nihoyat, ko‘plab odamlar bu ayollar davlatdan qo‘shimcha nafaqa olmasligi kerak, deb hisoblaydilar. 

Shuningdek, vatanga qaytarilgan “Islomiy davlat” a'zolari nafaqat ozod, balki davlat tomonidan ta'minlanadigan ijtimoiy ta'minotga tayanadilar, hatto ba'zilari Suriya yoki Iroqda bo‘lganlarida ham olishgan. 

“[“Islomiy davlat”dan] kimdir muntazam ravishda Turkiyaga borib, bir nechta bank kartalaridan pul olgan, – deb izoh berdi “Islomiy davlat”ning ayol a'zolaridan birining Finlyandiyadagi qarindoshi. – G‘arbning xayriya mablag‘lari shu tarzda “Islomiy davlat”ga sarflanmoqda”.

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Kosovo kabi davlatlar “Islomiy davlat”ning qaytarilgan ayol a'zolarini hech bo‘lmaganda keng ko‘lamli so‘roq qilgan bo‘lsa, Bosniya ularni ayblanayotgan xorijiy jangarilarga qarshi sudda guvohlik berishdan ozod qildi. Ular mojaro zonasida olgan jarohatlari tufayli guvoh sifatida muomalaga layoqatsiz deb topilgan. 

Bu siyosat nafaqat “Islomiy davlat”ning jinoyatlarini tergov qilishga to‘siq bo‘ladi, balki jinoyatchilar bilan to‘qnash keladigan mojaro zonasida ham, jinoyatchilar bilan uchrashadigan sudda ham, katta jarohat olganiga qaramay, guvohlik berayotgan qurbonlarga nisbatan hurmatsizlikdir. 

Nihoyat, ba'zi mamlakatlarda, masalan, Finlyandiyada “Islomiy davlat”ning qaytib kelgan a'zolari xavfsizlik xizmati bilan ixtiyoriy ravishda gaplashadi.

“Islomiy davlat” 2014 yildan 2018 yilgacha yazidiylarni qul qilish, boshlarini kesish, ommaviy qatl qilish, butun dunyo bo‘ylab terrorchilik hujumlari va odamlarni tiriklayin yoqish kabi dahshatli jinoyatlarni sodir etgan. 

Bu jinoyatlarning barchasi ommaviy axborot vositalari tomonidan hamma tillarda namoyish etildi. O‘sha paytda hukumatlar “Islomiy davlat”ni ochiqchasiga qoralash uchun bir-birlari bilan raqobatlashib, aybdorlarni qanday javobgarlikka tortishlarini aytishdi.

Ammo hozir ayon bo‘ldiki, dunyoning aksariyat hukumatlari uchun bu bayonotlar oddiy gapdan boshqa narsa emas edi. O‘z va'dalarini bajargan davlatlar kam.

“Islomiy davlat”ning yazidiy qulga ega bo‘lgan, harbiy o‘quv lagerlarida bo‘lgan va guruh uchun jang qilgan gipotetik ayol a'zosi AQShda 10-15 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadi. 

Aksincha, Germaniyada u bor-yo‘g‘i to‘rt yillik qamoq jazosini oladi (bu giyohvandlik moddalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarga qaraganda kamroq), Kosovoda faqat shartli jazo, O‘zbekistonda amnistiya olib, har xil imtiyozlarga ega bo‘ladi. 

Buyuk Britaniyada u javobgarlikka tortilmaydi va davlat tomonidan beriladigan uy-joyni oladi, Finlyandiyada esa u ancha ko‘p nafaqaga ega bo‘lib, uni xavfsizlik kuchlari ham bezovta qilmaydi.

 Manba: Lawfare nashri

Maqola muallifi doktor Vera Mironova – Garvard universitetining taaklif qilingan ilmiy xodimi

«Eltuz» tarjimasi 

Tag‘in o‘qing
19 may 2021
Toshkent shahrida bunyod etilgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askarlar 9 may arafasida bog‘ hududini tozalash ...
9 aprel 2019
Toshkent shahri IIBB podpolkovnigi 38 yashar Umid Qurbonov poytaxtning Chilonzor tumani Muqimiy ko‘chasida 6 aprel kechasi bir ayolni mashinasida ...
22 sentyabr 2017
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Bosh vazir ishtirokidagi majlisda berilgan ko‘rsatmadan so‘ng, paxta terimida qolayotgan Oliy o‘quv yurti talabalari uylariga qaytarilmoqda. ...
22 noyabr 2019
O‘tgan hafta «Milliy tiklanish» partiyasi Qashqadaryoda neft ishlab chiqarayotgan «Lukoyl» shirkatining tanobini tortib qo‘yishni talab qildi. Chunki bu idoraning ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...