Asosiy mavzular
23 avgust 2021

O‘zbekiston “Tolibon”dan qochgan afg‘on qochqinlarini qabul qilmoqchi emas

 “Tolibon” Afg‘onistonni o‘z qo‘liga olgach, minglab afg‘onlar shafqatsiz fundamentalistik boshqaruv qaytgan deb hisoblagan mamlakatdan qochish yo‘llarini izlamoqda.

2021 yil 16 iyul, dushanba, O‘zbekiston. Ayollar Amudaryo bo‘yidagi Termiz shahrida joylashgan muqaddas joy – Hakim at-Termiziy maqbarasi yonidan o‘tishmoqda. Yakshanba kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 84 nafar afg‘on askari shanba kuni O‘zbekistonga o‘tganini va yordam so‘raganini ma'lum qildi. Vazirlik Afg‘oniston askarlarini vataniga qaytarish borasida afg‘on rasmiylari bilan bog‘langanini ma'lum qildi.

Agneshka Pikulitskaya-Vilchevskaya, Associated Press

Termiz, O‘zbekiston (AP). Sami Elbegi Afg‘oniston shimolida “Tolibon”ga qarshilik ko‘rsatishning asosiy markazi bo‘lgan Mozori Sharif tomon yurgani haqida eshitgach, qochish vaqti kelganini bildi.

U telefonlarini, kostyumi va kiyimlarini olib, onasini o‘pib xayrlashdi. Xayolidan, ehtimol, uni oxirgi marta ko‘rayotgan bo‘lishi mumkinligi o‘tdi.

30 yoshli Elbegi Afg‘onistonning Hayraton shahridan chiqib, O‘zbekiston chegarasiga oshiqdi. U o‘zining daromadli transchegaraviy neft kompaniyasi tufayli hanuzgacha amaldagi biznes vizasiga ega bo‘lib, O‘zbekistonga kirish muammo emas edi. 

Ammo u so‘nggi paytlarda sobiq ittifoq respublikasidan boshpana topishga muvaffaq bo‘lgan omadli odamlardan biri bo‘ldi – vizasi yo‘qlarga kirishga ruxsat berilmagan.

“Toliblar hokimiyatni qo‘lga olishi shunchalik tez sodir bo‘ldiki, biz buni kutmagan edik. Hali ham ishonmayman”, dedi Elbegi Associated Pressga bergan intervyusida. 

O‘zbekistoning Afg‘oniston bilan chegarasidagi Termiz shahridagi kafeda kechgan bu suhbat chog‘ida uning yuzida ishonchsizlik qotib qolganini ko‘rish mumkin edi.

“Mening vizam bir oydan keyin tugaydi va keyin nima qilishni bilmayman. Hech qanday rejam yo‘q. Hamma narsani tashlab kelganman”, dedi u.

“Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni tezda qo‘lga kiritar ekan, minglab afg‘onlar shafqatsiz fundamentalistik boshqaruv qaytgan deb hisoblanadigan bu mamlakatdan qochish yo‘llarini izlamoqda. Ammo qo‘shni O‘zbekiston afg‘on qochqinlari oqimidan qo‘rqayotganga o‘xshaydi.

Oxirgi oylarda Afg‘onistonning o‘zbek vizasini olish uchun murojaat qilgan fuqarolari Associated Press agentligiga O‘zbekiston koronavirus bilan bog‘liq xavotir sababli afg‘onlarga viza berishni rad etayotganini aytdi.

Ekspertlarning ta'kidlashicha, O‘zbekiston hukumati uzoq vaqtdan beri ekstremistlar kirib kelishidan qo‘rqib, Afg‘oniston bilan chegarani mahkam yopib qo‘ygan hamda beqarorqo‘shnisidan kelgan boshpana izlovchilarning sanoqli qismini qabul qilgan. 

“Tolibon” Afg‘onistonni nazorati ostiga olgan 1990 yillardan beri O‘zbekiston hukumati dunyodagi eng keng qo‘llaniladigan shartnomalardan biri bo‘lgan “Qochqinlar to‘g‘risida”gi konventsiyani imzolash va ratifikatsiya qilishdan muntazam bosh tortib keladi”, deydi inson huquqlari bo‘yicha advokat, Janubiy Kaliforniya universiteti inson huquqlari kafedrasi dotsenti Stiv Sverdlov.

“Tolibon”ning Afg‘onistondagi so‘nggi oylardagi muvaffaqiyati Markaziy Osiyoning bir qancha davlatlarini asabiylashtirib, O‘zbekiston va Tojikiston rasmiylarini chegara xavfsizligini kuchaytirishga undadi. Afg‘oniston Eron, Pokiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Tojikiston bilan chegaradosh va Xitoyning Shinjon hududiga tutash kichik qismi ham bor.

O‘tgan hafta O‘zbekiston, Tojikiston va Rossiya Tojikistonning Afg‘oniston chegarasidan 20 kilometr uzoqlikdagi Xatlon viloyatida qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni yakunladi. 

Seshanba kuni Rossiya harbiylari Tojikistonda navbatdagi mashg‘ulotlarni boshladi. O‘tgan hafta Xitoy va Rossiya Xitoyning shimoli-g‘arbiy qismida qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

Lekin O‘zbekiston janubidagi Termiz shahrining sokin muhitida chegarada bo‘layotgan inqiroz izlari sezilmaydi. An'anaviy ikki qavatli kiyim kiygan bir necha afg‘on ko‘chalarda yursa-da, shahar hayoti sokin davom etmoqda.

Tojikcha gaplashadigan va tushunadiganlar ko‘p yashaydigan Termiz uzoq vaqtdan buyon O‘zbekistonga ko‘chib kelayotgan ko‘plab afg‘onlarning o‘zini erkin his qiladigan shahar bo‘lib qolgan. 

O‘zbekiston hukumati 2019 yilda BMT Taraqqiyot dasturi bilan birgalikda ta'lim olishda qiyinchiliklarga duch kelgan afg‘onistonlik qizlar o‘qishni davom ettirishlari uchun Termizda ta'lim markazini ochdi. Shimoliy Afg‘onistondan kelgan erkaklar ham shaharda o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘ydi.

Oxirgi uch yil davomida 20 yoshli Fayzod Hasanzoda va uning akasi Termizda restoran ishini muvaffaqiyatli yuritgan. Aytishlaricha, bu korxonaga 1 million dollar sarmoya kiritgan va bu ularning O‘zbekistonda xavfsiz qolishlarini ta'minlagan. Lekin O‘zbekistonda yuqori ijtimoiy mavqega ega bo‘lishlariga qaramay, ular o‘z oilalariga Afg‘onistondan qochishga yordam bera olmadilar.

“Ikki oy oldin ota-onam, ukam va singlimga viza so‘radim. Odatda uni olish uchun bir hafta vaqt ketadi, lekin biz hanuz hech qanday javob ololmadik,-  dedi Hasanzoda ARga. – Biz ularning O‘zbekistonda safimizga qo‘shilishini xohlaymiz, lekin bu oson emas”.

Afg‘oniston shimolida janglar kuchayganidan beri qattiq qo‘riqlangan chegaradan afg‘on askarlari qochgani haqida muntazam xabarlar tarqalib, lekin ular doimiy ravishda ortiga qaytarib yuborilmoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, 84 nafar afg‘on harbiysi shanba kuni O‘zbekistonga o‘tgan va yordam so‘ragan. Vazirlik Afg‘oniston rasmiylari bilan ularning qaytarilishi haqida bog‘langanini aytdi.

Biroq istisnolar mavjud. 14 avgust kuni Afg‘oniston armiyasi qo‘mondoni, sobiq “Shimoliy alyans” rahbarlaridan biri va vitse-prezident Abdulrashid Do‘stum o‘z tarafdorlari bilan O‘zbekistonga o‘tgani uning Afg‘oniston shimolidagi nazoratini “Tolibon”ga topshirganini ko‘rsatdi. 

Hozir uning qaerdaligi noma'lum, biroq o‘zbek millatiga mansub qo‘mondonning Termizda uyi bor va o‘zi ham O‘zbekiston hukumati bilan yaqin aloqada.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining “Dunyo” axborot agentligi seshanba kuni Do‘stumning, shuningdek, yana bir sobiq sarkarda – Ato Muhammad Nur va Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining “go‘yoki [O‘zbekistonda] ekani” haqidagi xabarlar “haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi”ni ma'lum qildi.

Yakshanba kuni O‘zbekistonda Afg‘oniston harbiy samolyoti halokatga uchradi. Samolyot bortidagi ikkita uchuvchi tirik qoldi va kasalxonaga yotqizildi. O‘zbekistonning dushanba kungi rasmiy xabarlarida yuzlab afg‘on askarlari o‘nlab samolyotlar bilan O‘zbekistonga yetib kelib, Termizga qo‘nishga majbur bo‘lgani haqidagi ma'lumotlar paydo bo‘lib, keyin bu rad etildi. AR bu xabarlarni mustaqil tarzda tekshira olmadi.

O‘zbekiston qancha afg‘on qochqinini qabul qilgani noma'lumligicha qolmoqda. Dushanba kuni mamlakat Bosh prokuraturasi Afg‘onistonning 158 nafar tinch fuqarosi va askari daryo orqali O‘zbekistonga noqonuniy kirishga uringanini ma'lum qildi. 

Xuddi shu bayonotda rasmiylar da'vo qilishlaricha, Afg‘onistonning 22 ta harbiy samolyoti va 585 nafar afg‘on askarini olib kelgan 24 ta harbiy vertolyoti O‘zbekiston havo hududiga noqonuniy kirib kelgan va Termizga qo‘nishga majbur bo‘lgan.

Oradan ko‘p o‘tmay, Bosh prokuratura xabar “tegishli organlarning tasdiqlangan ma'lumotlari”ga asoslanmaganini bildirib, bayonotini qaytarib oldi.

Seshanba kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi chegarani buzishga bo‘lgan har qanday urinishlar “qattiq bostirilishi” haqida ogohlantirdi. Vazirlik O‘zbekiston hukumati chegara masalasida Tolibon bilan “yaqin aloqada” ekanini aytdi.

Termiz aeroportidan o‘tib ketayotgan mahalliy aholi bir kun oldin bo‘lmagan ko‘plab vertolyotlarni ko‘rish uchun yo‘l bo‘ylab to‘xtashgan. Lekin ularning o‘zbek yoki afg‘on harbiy samolyotlari ekanini uzoqdan aniqlash imkoni yo‘q. 

Inson huquqlari bo‘yicha advokat Sverdlovning fikricha, O‘zbekiston umidsiz afg‘on qochqinlari uchun o‘z chegaralarini ochishi kerak.

“Bo‘layotgan bu inqiroz va Toshkentning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashidagi hozirgi o‘rni AQSh hukumati va boshqa xalqaro sheriklar uchun O‘zbekistonni (qochqinlar) konventsiyasini bajarishga, tegishli yordam ko‘rsatishga va ta'qib yoki qiynoqlardan qo‘rqqan odamlarni Afg‘onistonga qaytarmaslikka chaqirish qanchalik muhimligini ko‘rsatadi”, deydi u.

Manba: Associated Press News

Tag‘in o‘qing
1 iyun 2018
Shvetsiyadan yurtiga qaytmoqchi bo‘lgan 58 yoshli o‘zbek qochqini Muhiddin Qurbonov 23 may kuni O‘zbekiston vatandoshligidan mahrum qilinib, Toshkent aeroportidan ...
20 sentyabr 2019
O‘zbekiston hukumati Toshkent shahridagi davlatga tegishli yo‘lovchi tashish transporti tashkilotlarining ko‘rgan zararlarini to‘lab bermoqda.  Xususan, Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan, ...
30 dekabr 2020
Xalq hukumatning isitish mavsumiga shu qadar sust tayyorgarlik ko‘rganidan g‘azabda. Rasmiylar esa bunga javoban vaziyat haqida xabar berishga urinayotganlarni ...
11 avgust 2021
“Tolibon” yetakchilari chegaralarni nazorat ostiga olgandan keyin qo‘shni davlatlarga hujum uyushtirilmasligini va'da qilmoqda”, deydi Rossiyamudofaa vaziri. Al Jazeera axborot ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...