Asosiy mavzular
16 noyabr 2021

Murojaatchilarning “o‘zi yomonmi” yoki tizim o‘zini himoya qilyaptimi?

Namangan shahridagi mahalla profilaktika inspektori o‘z rahbarlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan ichki ishlar vaziriga yo‘llagan murojaatnomasi ortidan uning o‘zi jinoyat sodir etgani haqida bayonot berildi. 

Shu kunlarda tarmoqlarda tarqalgan videomurojatda katta leytenant Sardorbek Otaboev ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga Namangan shahridagi 2-IIBda sodir bo‘layotgan qonunbuzarliklardan shikoyat qilgan.

Unda aytilishicha, mazkur IIB rahbari mayor Aziz Sattorov qo‘l ostidagi profilaktika inspektorlariga har kuni 5 tadan ma'muriy bayonnoma tuzish, bir yilda 2 ta ma'muriy nazorat o‘rnatish kabi noqonuniy talablarni reja qilib bergan. 

Sardordek bu rejalarni bajarmagan xodimlarga ishdan haydalish tahdidi borligi yoki HPB boshlig‘i podpolkovnik Bobur Inomovga 50 AQSh dollari berilsa, reja bajarilgan deb belgilab qo‘yilishini ham iddao qilgan.

“Ayrim vallomat rahbarlar profilaktika inspektorlari orqali fuqarolarni qiynash bilan mashg‘ul bo‘lyapti. Inspektorlar har kuni beshtadan bayonnoma tuzaman deb ezilib ketyapti”, deydi katta leytenant. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, kadrlar bo‘limi boshlig‘i doimiy ravishda noqonuniy tarzda xufiyona xizmat tekshiruvlari o‘tkazib keladi. Tartib bo‘yicha bir xodim rahbarlik lavozimida 5 yildan ortiq ishlashi mumkin bo‘lmasa-da, mayor qo‘l ostida bir shaxs 10 yildan beri ishlab kelmoqda. 

“Biz nima tizim bo‘layotganini tushunmay qolyapmiz… Shaxsan men MJTKning 183-moddasi bo‘yicha oyiga 15 ta ma'muriy bayonnoma tuzishim shart. Bu degani, 15 ta odamga material tayyorlab, sud orqali 5 kundan 15 kungacha qamashimiz kerak.

Rahbarlar o‘z lavozimida qolish uchun statistikani yaxshilash harakatida… Oyligimning yarmi kredit to‘loviga ketadi, qolgan yarmiga tirikchiligimni qilayinmi yoki rahbarlarning shaxsiy yuklamalarini bajaraymi? 

Yuklamani bajarmasang, yig‘ilishda enang ham, otang ham qolmaydi. Rahbarga yoqqan xodim yaxshi ishga qo‘yiladi, yoqmagani yomon ishga o‘tkaziladi… 2018 yildan buyon xizmat guvohnomasi olganim yo‘q…

Tekshirilsa, Aziz Sattorov 95 foiz jinoyatga tezkor tergov guruhini chiqarmaydi. Natijada latent jinoyat ko‘payishiga yo‘l qo‘yib beryapti.  Chunki haqiqiy jinoyatlarni yashirib, ma'muriy bayonnomalarni ko‘paytirsa, yaxshi ishlayotganga o‘tadi”, deydi profilaktika inspektori.  

Shu bilan birga, Sardor Otaboev o‘z iddaolarini isbotlaydigan dalillari borligini, murojaatining huquqiy oqibatlarini tushunishiniaytar ekan, o‘ziga nisbatan soxta ayblovlar uyushtirilganini ham bildiradi. 

Bu videomurojaatga rasmiy javob o‘zini ko‘p kuttirmadi. Namangan viloyati IIB matbuot xizmati tarqatgan bayonotda Sardor Otaboevning o‘zi jinoyat sodir etgani, ayni paytda ishi dastlabki tergovda ekani ma'lum qilingan.

Bayonotda aytilishicha, Sardor Otaboev bir necha shaxsning ishonchiga kirib, ularning hujjatlarini soxtalashtirgan holda nomlariga 81 400 000 so‘m kredit olib, ko‘p miqdordagi mulklarini qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgani aniqlangan va 2021 yilda egallab turgan lavozimidan ozod etilishi haqida xulosa qilingan.

“Namangan viloyati IIBning xizmat tekshiruvi xulosasi va to‘plangan hujjatlar aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish uchun Namangan shahri prokuraturasiga yuborilgan va holat yuzasidan JKning 168-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi bayonotda.

Matbuot xizmati bayonotida katta leytenant S.O. (Sardor Otaboev – tahririyat) “javobgarlikdan qutulish maqsadida o‘z rahbarlaridan norozilik bildirilgan videomurojaat” yo‘llagani iddao qilinadi. 

Bundan tashqari, katta leytenant yetarli asoslari bo‘lmagan holda o‘z rahbariga “tuhmat” qilib, bila turib shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatgani holatiga huquqiy baho berish maqsadida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilayotgani qo‘shimcha qilinadi. 

So‘nggi vaqtlarda ichki ishlar xodimlarining bu kabi noroziliklari bayon etilgan ochiq murojaatlar soni ko‘payib borayotgani kuzatilmoqda. 

Xususan, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Quva tumani “Baynalmilal” MFY profilaktika inspektori lavozimida ishlagan Nozimjon Nishonov ham ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga videomurojaat bilan chiqqandi. 

Bu ikki videomurojaatning oqibatlaridagi o‘xshashlik shundaki, har ikkalasiga bildirilgan rasmiy bayonotlarda murojaatchilarning o‘zlari “toza” emasligi aytiladi. 

Xususan, Nozimjon Nishonov ham “muqaddam ichki ishlar organlarida ishlab, xizmat vazifasiga mas'uliyatsizlik bilan yondashgani, surunkali ravishda xizmat intizomini buzib, ichki ishlar organlari xodimlariga nomunosib xatti-harakatlar sodir etgani uchun salbiy sabablarga ko‘ra 2021 yilda ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgani” ma'lum qilingan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 yanvar 2018
Qozog‘istonda 52 nafar yurtdoshimizning avtobusda tiriklayin yonib ketishi munosabati bilan dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan hukumatimiz nomiga hamdarlik maktublari keldi. Aynan ...
18 iyul 2022
Bo‘stonliq tumani «Xo‘jakenttepa shahristoni» arxeologiya yodgorligi hududida noqonuniy qurilish ishlari olib borilayotgani bilan bog‘liq vandalizm voqeasini Bo‘stonliq tumani prokuraturasi ...
27 iyun 2016
Teledayjestimizning bu galgi sonini oy oxirini kutmasdan e'tiboringizga havola etishga qaror qildik. Chunki bu oyda Toshkentda «dunyoning eng qudratli ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...