Anons
24 noyabr 2021

Mehnat sohasidagi kamsitishlar

«Eltuz» O‘zbekiston inson huquqlari forumi bilan hamkorlikda mehnat huquqlariga bag‘ishlangan turkum animatsiyalarini davom ettiradi. Turkumning o‘tgan sonlarida biz jamoa shartnomasi va fuqarolik huquqiy shartnoma o‘rtasidagi farqlar haqida gapirgan edik. Bu gal ishda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli diskriminatsiyalar – kamsitishlar haqida hikoya qilamiz.

Kamsitish – bu muayyan toifadagi kishilar guruhi yoki kishiga ularning muayyan xususiyati uchun salbiy munosabat bo‘lib, imkoniyatlar va muomala tengsizligiga olib keladi.

Mehnat sohasidagi kamsitish – bu ishga yollash, xizmatda ko‘tarilish, ish haqini belgilash, xizmat majburiyatlarini taqsimlash va hokazolar bo‘yicha kamsitish, shuningdek, ish beruvchining xodimga uning layoqatiga bog‘liq bo‘lmagan holda ustuvorliklar berishidir.

Mehnat sohasidagi kamsitish quyidagi holatlarda namoyon bo‘ladi:

  • Ishga qabul qilish jarayonida
  • Mehnatga haq to‘lashda (haq to‘lashdagi notenglik)
  • “Ijtimoiy” paket taqdim etishda
  • Intizomiy va moddiy javobgarlikka tortishda
  • Xizmatda ko‘tarilishda
  • Malaka oshirishda
  • Ish taqsimotida (boshqa mehnat sharoitlarida)
  • Ishdan bo‘shatishda va boshqa holatlarda

Kamsitishga qarshi qo‘yiladigan tamoyil tenglik bo‘lib, bunda bir xil vaziyat uchun bir xil qoidalar qo‘llanilishi talab etiladi. Masalan, Xalqaro mehnat tashkiloti hujjatlarida quyidagi tamoyillar mustahkamlangan:

  • teng mehnat uchun teng haq to‘lash;
  • teng qiymatdagi ish uchun erkaklar va ayollarga teng haq to‘lash.

O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, ish beruvchi ishga yollashda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarni, teng mehnat uchun xotin-qizlar va erkaklarga teng ish haqini (mukofotni) hamda xotin-qizlar va erkaklar ishining sifatini baholashga doir teng yondashuvni, xizmatda ko‘tarilish, qayta tayyorlash va malaka oshirishda teng imkoniyatlarni va hokazolarni ta'minlashi shart.

Bu kabi qoidalar mehnat sohasidagi kamsitishlarni bartaraf etish va ayollar va erkaklar uchun teng huquqlarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.

ESDA TUTING!

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan:

O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat printsiplariga mos bo‘lishi shart (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasi).

Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-moddasida kafolatlangan bo‘lib, unda fuqarolar va davlat bir-biriga nisbatan bo‘lgan huquqlari va burchlari bilan o‘zaro bog‘liqligi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi mehnat sohasidagi huquqiy munosabatlarda kamsitishlarni taqiqlaydi (O‘zR MKning 6-moddasi). Shu bilan birga, mehnat sohasida mehnatning muayyan turiga xos bo‘lgan talablar yoki davlatning yuqoriroq ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslar (ayollar, voyaga yetmaganlar, nogironlar va boshqalar) to‘g‘risidagi alohida g‘amxo‘rligi bilan bog‘liq farqlashlar kamsitish deb hisoblanmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasida har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. Mehnat sohasida o‘zini kamsitilgan deb hisoblagan shaxs kamsitishni bartaraf etish hamda o‘ziga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni to‘lash to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin (O‘zR MKning 6-moddasi).

Mehnat sohasida kamsitishlarga uchragan xodimlarning arizasi tuman (shahar) sudlarida ko‘rib chiqiladi.

Mehnat sohasidagi kamsitishlarning ko‘rinishlari

Mehnat sohasidagi kamsitishning asosiy ko‘rinishlari quyidagilar:

  1. Yoshga doir. Masalan, pensiya yoshiga yaqinlashgan yoki pensiya yoshidagi shaxslar bilan mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish umumiy tartibda amalga oshiriladi. Amaliyotda esa ish beruvchilar bu toifadagi xodimlar yoki 40 yoshdan oshganlarni istamaygina ishga olishadi. Bu holat mehnat sohasida yoshga doir kamsitishga misoldir.
  2. Haq to‘lashga doir. Ish beruvchi teng qiymatdagi ish uchun xodimlarga teng ish haqi berilishini ta'minlashga majburdir. Masalan (mehnat sharoiti va malakasi boshqalar bilan bir xil bo‘lishiga qaramay), ayrim xodimlar yuqori maosh oladi. Chunki ular ishga tanishlari orqali yoki pora berib kirgan, boshliqqa yoki bevosita rahbarga “yoqadi” yoki “yoqmaydi”. Tug‘ruq ta'tiliga chiqib malakasini yo‘qotmasligi, shuningdek, “oila boshlig‘i va boquvchisi” ekani va ayolga nisbatan ko‘proq haq olishi bahonasida erkakning maoshi ayolnikidan baland bo‘lishi mumkin. 
  3. Jinsga doir. Tug‘ish yoshidagi, chaqaloq yoki nogiron farzandi bor ayollar ko‘proq gender kamsitishlarga duchor bo‘ladi (ularni ishga olishni xohlashmaydi, o‘rniga ko‘proq erkaklarni olishadi, chunki ular bola parvarishi bo‘yicha kasallik ta'tiliga kam chiqadi va dekret ta'tilini olmaydi). Kamsitishning bu ko‘rinishi yoshga doir kamsitishga ham o‘xshab ketadi (garchi O‘zbekistonda yosh mutaxassislarning ishga joylashishi uchun kvotalar mavjud bo‘lsa-da, ularning ish topishi juda qiyin.
  4. Ishga qabul qilish va bo‘shatishda. Mehnat sohasidagi kamsitishning bu ko‘rinishi ish tajribasiga ega bo‘lmagan xodimlarga, nogironligi borlarga, xorijiy fuqarolarga, yoshi katta xodimlarga, qamoqdan chiqqan fuqarolarga nisbatan ko‘proq uchraydi. Ishga qabul qilishda mehnat sohasidagi kamsitishga yirik kompaniyaga xodimlar tanlashdagi vaziyatni misol qilish mumkin. Bunda kompaniyaning xavfsizlik xizmati ishga talabgorlarning kredit bo‘yicha qarzdorligi va unga nisbatan ijro ishi bor-yo‘qligini tekshiradi. Agar mazkur ma'lumotlar keyinchalik ishga qabul qilishni rad etishga asos bo‘lsa, ish beruvchi talabgorning ishchanlik sifatlariga emas, balki u haqdagi ma'lumotlarga asoslangani anglashiladi. Ishga qabul qilishni bu tarzda rad etish bir vaqtning o‘ziga ham kamsitish, ham huquqbuzarlik hisoblanadi.
  5. Karera qilishda. Mehnat sohasidagi kamsitishning xizmatda ko‘tarilishni rad etish tarzidagi ko‘rinishiga, xususan, xotin-qizlar, immigrantlar, milliy ozchilik vakillari, nogironligi borlar duch kelishi mumkin.
  6. Sog‘lig‘iga ko‘ra. Mehnat sohasida nogironlarni kamsitish holatlari uchraydi. Nogiron shaxs ish o‘rinlari kvotasi asosida ishga joylashtirish uchun jo‘natilganda u bilan mehnat shartnomasini tuzishni rad etish qonunbuzarlik hisoblanadi. Masalan, OIV/OITS kasalligi (garchi u maishiy yo‘l bilan yuqmasa-da) va boshqa xastaliklar sabab ishga qabul qilmaslik holatlari.
  7. Mehnat sohasidagi kamsitishning boshqa ko‘rinishlari ham uchrashi mumkin. Masalan, kasaba uyushmasiga a'zolik, irqiy va diniy belgilar, xodimning yashash joyi bilan bog‘liq holatlar shular jumlasidan.

O‘zbekiston qonunchiligi bu kabi ko‘rinishdagi kamsitishlarni taqiqlaydi. Mehnat sohasida kamsitishlarga uchragan xodimlar tuman yoki shahar sudlariga murojaat etishi mumkin.

Mehnat huquqlariga oid kelgusidagi animatsiyalar uchun sizni qiziqtirgan mavzular haqida izohlar qoldiring.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 mart 2022
Ukrainada Rossiya boshlagan urush 27 kundan buyon davom etarkan, Shavkat Mirziyoev 21 mart kuni tag‘in Vladimir Putin bilan telefonda ...
1 noyabr 2021
Rassom Kirpi
15 aprel 2019
O‘tgan asrning 80-yillari so‘nggida mamlakatda erk va demokratiya uchun boshlangan jabhada ko‘plar qatori javlon urarkan, men uchun ham Bertold ...
16 avgust 2017
2018 yilgi Green Card lotereyasi natijalariga ko‘ra, Amerikada yashash imkonini olgan g‘oliblar miqdori bo‘yicha O‘zbekiston beshlikdan o‘rin oldi. Beshlikka ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...