Mirziyoevning Rossiyaga tashrifida savdo asosiy masala bo‘ldi
Eurasianet nashri prezident Mirziyoevning Rossiyaga tashrifi O‘zbekistonning Rossiya yetovidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi kerakmi yoki yo‘qligi haqidagi qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgani haqida yozdi.
Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari saylovlardan so‘ng strategik munosabatlar ustuvorligi o‘laroq ilk rasmiy tashriflarini Rossiyadan boshlashni odat qilishgan, ayni an'anaga sodiq qolgan Shavkat Mirziyoev 19 noyabr kuni Moskvada Vladimir Putin bilan uchrashdi, deyiladi 22 noyabr kuni chop etilgan maqolada.
Jumladan, kun tartibiga savdo aloqalari chiqqani, Afg‘onistondagi muammoli vaziyatga esa kamroq e'tibor berilgani haqida yoziladi. Maqolada, shuningdek, Putinning o‘z nutqini Mirziyoevga xushomad so‘zlar bilan boshlagani va yaqinda muxolifatdan biror nomzod qatnashmagan saylovdagi uning g‘alabasini “o‘z xalqining qo‘llab-quvvatlovi sifatida” ifodalagani aytiladi.
“Siz ishonch bilan olg‘a ildamlayapsiz, mamlakatni ko‘taryapsiz va natijalar bor. Odamlar buni ko‘ryapti, his qilyapti va shuning uchun so‘nggi yillarda qilgan ishlaringizga javoban shunday munosabatda bo‘lishmoqda. Natijalar odamlarning sizga ishonishidan dalolat bermoqda”, deya iqtibos keltiriladi maqolada Putinning nutqidan.
Mirziyoev esa so‘nggi yillardagi «ildamlash» haqida gapirib, e'tiborni savdoni rivojlantirish masalalariga qaratgan.
2021 yilning dastlabki to‘qqiz oyida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard dollarni tashkil etgan. Savdo mamlakat pandemiyadan zarar ko‘rgan 2020 yildagi 5,6 milliard dollarlik summadan ko‘pdir. Jumladan, prezident Mirziyoev joriy yilda O‘zbekistonning Xitoydan keyin ikkinchi yirik savdo sherigi bo‘lgan Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 7 milliard dollarga etkazilishini aytgan.
Maqolada iqtibos keltirilishicha, Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik forumi doirasida Rossiya kompaniyalari bilan 9 milliard dollarlik shartnomalar imzolangan. 7,4 milliard dollarlik 141 ta investitsiya loyihasi va 1,6 milliard dollarlik 455 ta eksport bitimi shular jumlasidandir.
Maqolada qayd etilishicha, ikkala prezident ochiq tilga olmagan mavzulardan biri O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan munosabatlari bo‘lgan, bu Rossiya yetakchiligidagi Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘izistonni o‘z ichiga olgan savdo blokidir.
Rossiya astoydil qo‘llayotgan bu blokka qo‘shilish yoki qo‘shilmaslik haqidagi muttasil davom etgan gap-so‘zlardan keyin O‘zbekiston kuzatuvchi maqomini olgan edi.
Garchi prezidentlar Moskvada bu masalani ochiq muhokama qilishdan o‘zlarini tiyishgan bo‘lishsa-da, O‘zbekiston bosh vaziri o‘sha kuniyoq yaqindan hamkorlik qilish haqida ishtiyoq bilan gapirdi.
Hukumat o‘z texnik reglamentlarining ko‘plab qismini kelasi yili YeOII talablariga moslashtirishni rejalashtirmoqda, dedi Abdulla Aripov. Unga ko‘ra, hujjatlarni 22 ta me'yoriy-huquqiy qoidaga moslashtirish bo‘yicha ishlar deyarli yakunlangan, yana 26 tasini moslashtirish ishlari jadal boshlangan.
Aripov, shuningdek, blokka qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish kafolatini taklif qilgan va Toshkent YeOII davlatlari bilan oziq-ovqat savdosi bo‘yicha “qo‘shma hamkorlik dasturi”dan manfaatdor ekanini aytgan.
O‘zbekiston 184 million kishilik yagona bozorga ega YeOIIga qo‘shilishi kerakmi, degan savol qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi, deya yoziladi maqolada va iqtiboslar keltiriladi.
“Qo‘shilish savdoni kuchaytiradi, mehnat muhojirlari uchun maqbulroq yashash va mehnat sharoitlarini yaratadi, texnologiyalar, sarmoya va resurslardan foydalanish imkoniyatlarini ochib beradi”, deydi ekspert Ravshan Nazirov Eurasianet nashriga bergan javobida.
O‘zbekiston foyda ko‘radi, chunki a'zolik “notarif to‘siqlarning kamayishi; bojxona postlarining olib tashlanishi; tashqi savdo aylanmasi oshishini taqozo qiladi; tranzit yuk narxlari tushadi; transport va logistika oqimlari ortadi”, deydi u.
Boshqalar esa qo‘shilishning potentsial salbiy oqibatlarini ko‘rsatishmoqda. Jumladan, tahlilchi Anvar Nazirov mahalliy shirkatlarning ancha kuchli bo‘lgan Rossiya firmalari bilan raqobatga dosh bera olmasligini aytadi.
“Kreml O‘zbekiston 2012 yilda tark etgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga ham mamlakatning qayta qo‘shilishini istaydi, chunki Rossiya Afg‘onistonni «Tolibon» egallab olganidan keyin o‘zini Markaziy Osiyodagi xavfsizlikning himoyachisi va kafolati sifatida ko‘rsatishga urinmoqda”, deydi Nazirov.
Biroq rasmiy Toshkent allaqachon bu fikrni rad etgan. Qayta qo‘shilishning «zarurati yo‘q», degan edi o‘tgan oyda tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov. Uning so‘zlariga ko‘ra, muhimi – Afg‘onistondan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga qarshi turish uchun “xavfsizlik sohasida o‘z kollektiv hamkorligimizni samarali rivojlantirishdir”.
Mirziyoev va Putin Afg‘oniston haqida omma oldida ko‘p gapirmadi, bu masalani faqat mintaqaviy xavfsizlik nuqtai nazaridan muhokama qildi.