Asosiy mavzular
8 fevral 2022

Shippak otgan bloger prezidentni haqoratlaganlikda ayblanib qamaldi

2022 yil 3 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Hazorasp tumani sudi mahalliy bloger Sobirjon Boboniyozovni O‘zbekiston prezidentini haqorat qilishda aybdor deb topib, uni 3 yilga ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm chiqardi. 

Sudning “Eltuz”da mavjud hukmidan anglashilishicha, 2021 yil 18 aprel kuni bloger telegram ijtimoiy tarmog‘idagi “Blogerlar birlashmasi” guruhida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov va amaldagi davlat rahbari Sh.Mirziyoevni “haqoratlovchi va faoliyatini obro‘sizlantiruvchi” 2 ta videofayl va 2 ta audiofayl qoldirgan. 

Hukmdan ma'lum bo‘ladiki, Sobirjon Boboniyozov bu “jinoyati”ni mast holatda sodir etgan. 

Haqorat epizodi o‘quvchiga tushanarli bo‘lishi uchun ayblov xulosasining shunga tegishli qismini aynan keltiramiz: 

…O‘zbekiston Respublikasi prezidentini suka qizini s….y deb haqorat qilgani aniqlandi. Telegram guruhga yuborilgan videoda Boboniyozov “shippakning bir poyini yerga otib yuborib, ushbu shippak O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti I.Karimov ekanini bildirgan, shippakning ikkinchi poyini yerga otib yuborib, ushbu shippak O‘zbekistonning hozirgi prezidenti, prezident Karimovning shogirdi Sh.Mirziyoev ekanini gapirib, shundan so‘ng ikkala shippakning o‘rtasiga tupurib,ularga nisbatan o‘z munosabatini bildirgan.

Xorazm viloyatilik bloger yutubda “Sobirjon Shavkatodich” nomli kanal ochib, asosan, o‘zi yashab kelayotgan Hazorasp tumani bozorlaridagi narx-navo va boshqa voqeliklar haqida ma'lumot joylashtirib kelgan. Kanalda qariyb 23 mingga yaqin obunachisi bor.

U telegram tarmog‘idagi “Xorazm blogerlari” guruhiga a'zo bo‘lgan. Bu guruhda blogerlar faoliyati yo‘nalishlari, kanallarni qanday rivojlantirish, obunachilar sonini ko‘paytirish kabi masalalar muhokama qilingan. 

Keyinchalik nomini “Blogerlar birlashmasi” deya o‘zgartirgan guruhda esa, Sobirjon Boboniyozovning sudda bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, 20 dan ortiq shaxs mavjud. Ularning ba'zilari asli o‘zbekistonlik, hozir xorijiy davlatlarda yashab kelayotgan kishilardir. 

“Ushbu shaxslar O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatidan norozi bo‘lib, turli fikrlar bildirib, bir-birlari bilan yozishmalar qilgani guvohi bo‘lganman”, deyiladi blogerning sud hukmida keltirib o‘tilgan ko‘rsatmasida.

Bevosita ayblovga asos bo‘lgan voqealar esa, yuqorida eslatilganidek, 2021 yil 18 aprelda bo‘lib o‘tgan. Sobirjonning sudda aytishicha, u shu kuni uyida ustalar bilan aroq va pivo ichishi oqibatida mast bo‘lib qolgan. 

Shundan so‘ng “Blogerlar birlashmasi” guruhi a'zolari O‘zbekiston siyosatidan norozi bo‘lib, turli fikrlar bildirib, yozishmalar qilayotganini ko‘rib qolgan.  

Ishsizlik, ba'zi joylarda tabiiy gaz yo‘qligi, avtomobil yo‘llarining ta'mirtalabligidan jahli chiqib, shippagining bir poyini otib, bu I.Karimov ekani, boshqa poyini otib, bu Sh.Mirziyoev ekanini aytgan holda bu ishlarini videoga olgan va guruhga joylagan. 

“Shuningdek, Sh.Mirziyoev sha'niga haqoratli so‘zlarni aytib, audiofayllar ham joylagan”, deyiladi sud hukmida. 

Sud materiallaridan ma'lum bo‘lishicha, sud jarayonida bloger aslida O‘zbekiston prezidenti Sh.Mirziyoev va uning davlat siyosati, islohotlariga e'tirozi yo‘qligini, hatto so‘nggi prezident saylovida unga ovoz berganini e'tirof etgan.

Sud hukmida asli xorazmlik, ayni paytda Frantsiyada istiqomat qilishi aytilgan Otabek Zokirov ismli bloger to‘g‘risida ham ma'lumotlar mavjud. 

Hukmda “Blogerlar birlashmasi” guruhi a'zosi Otabek Zokirov o‘zining yutubdagi kanalida prezident Shavkat Mirziyoevning siyosatini qoralovchi materiallar joylashtirgani jinoyat sifatida talqin etilganini anglash mumkin. 

Chunki unda Otabek Zokirov haqida guvohlik bergan mahalliy blogerlar u amaldagi davlat rahbarini haqoratlash, davlat siyosatini qoralash to‘g‘risidagi materiallar e'lon qilib kelganini aytgani ko‘p joyda eslatilgan.

Qolaversa, Frantsiyada yashovchi blogerning siyosiy gaplar ayta boshlagani haqida so‘z boradiki, hukmni o‘qigan odam go‘yoki O‘zbekistonda bunday fikr bildirish mumkin emasligi to‘g‘risida tasavvur paydo bo‘ladi.

Sudga tortilishi ortidan, hukmda aytilishicha, Sobirjon Boboniyozovga nisbatan 2021 yil 28 oktyabr kunidan garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Xullas, joriy yil fevralida Hazorasp sudi blogerni Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topib, uni 3 yil ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm chiqardi.

JKning 158-moddasi 3-qismida O‘zbekiston Respublikasi prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki internet axborot tarmog‘idan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilishda aylanganlar uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘rsatilgan. 

O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda blogerlarning ovozini o‘chirishga urinishlar bo‘layotgani aytilmoqda.

Xususan, o‘tgan yili 10 mayda Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani sudi bloger Otabek Sattoriyni 6,5 yilga ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm chiqargan edi. 

O‘sha yilning 15 iyulida esa apellyatsiya instantsiyasi dastlabki sud hukmini  o‘z kuchida qoldirgandi. 

Mustaqil jurnalistlar va xalqaro tashkilotlar blogerning tanqidiy chiqishlari amaldorlarning kirdikorlarini fosh etgani uning qamalishiga sabab bo‘lganini aytib keladi.

Joriy yil yanvarda esa “LGBT targ‘ibotchisi” sifatida ko‘riladigan bloger Miraziz Bozorovga nisbatan sud 3 yilgacha ozodlikni cheklash jazosi tayinladi. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 oktyabr 2015
Eltuz O‘zbekistonning jasur inson huquqlari himoyachilari Malohat Eshonqulova va Yelena Urlaevalarning monitoring reydlari davomida olgan eksklyuziv fotosuratlar va audio ...
31 avgust 2016
Bugun 31 avgust kuni O‘zA axborot agentligi saytida paydo bo‘lgan, prezident Islom Karimov nomidan yo‘llangan tabrik allaqachon g‘oyib bo‘ldi. ...
23 fevral 2016
Rassom Elsevar o‘zbekistonlik qariyalarning pensiyalarini plastikka o‘tkazish bilan bog‘liq ijtimoiy muammolarini hajv mo‘yqalamiga tortishda davom etadi. Do‘konlarda, yozilmagan qoidalarga ...
4 dekabr 2017
O‘zbek qamoqxonasida 21 yil yotgan dissident, qashqadaryolik Murod Jo‘raev 65 yoshida 4 dekabr kuni vafot etdi. «Erk» demokratik partiyasi ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...