Asosiy mavzular
6 iyun 2022

Popning jabrdiyda fermerlari

“Pop tumani hokimligida yolg‘onchilik, yerlarni talon-taroj qilish avj olgan. Tanish-bilishchilik kuchaygan, tadbirkor fermerlarning yer maydonlari noqonuniy tortib olingan”.

Bu so‘zlar tumandagi “Ibrohim-Ma'mura” fermer xo‘jaligi rahbari Umidaxon Ibrohimovaning O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganovga yo‘llagan shikoyatidan olindi.

Uning yozishicha, eri vafot etgan, uch farzandini yolg‘iz tarbiyalamoqda. 2015 yilda tashkil etilgan fermer xo‘jaligi shartnoma rejalarini bajarib kelgan.

“Pop tumaniga A'zamjon Sultonov hokim bo‘lib kelganidan so‘ng fermerlar ishlariga aralashishlar kuchaydi, yer munosabatlarini tartibga solish izdan chiqa boshladi.

Hokim va uning o‘rinbosari Akram Qo‘chqorovning shiori “eringizni olamiz”ga aylandi”, deydi Umidaxon Ibrohimova.

Nusxasi “Eltuz”da mavjud shikoyatda bildirilishicha, O‘zbekiston prezidenti Pop tumanining rentabelligi va ball boniteti past, suv tanqis 3100 gektar yer maydoniga paxta ekishni to‘xtatib, boshqa maqsadlarda foydalanishga ko‘rsatma bergan.

Ammo tuman hokimi aynan shu ko‘rsatmadan o‘z manfaati yo‘lida foydalanib, 2018-2019 yillar davomida unumsiz yerlar qolib, serhosil maydonlarni bog‘dorchilik, sabzavotchilik, chorvachilik kabi serdaromad sohalar egalariga ajratib bergan.

Prezident paxtachilikdan chiqarishga ko‘rsatma bergan yerlar esa tumanning paxta yetishtirish umumiy rejasida ko‘rsatilib kelinmoqda. Bu yerlarga paxta va soya ekishda davom etayotgan fermerlar esa mehnatiga kuyib, davlatdan qarzdor bo‘lib qolmoqda.

Shikoyatdan ma'lum bo‘lishicha, 2019 yil 18 yanvarda hamma fermerlar tuman madaniyat markaziga yig‘ib kelingan. IIB xodimlari ko‘magida ulardan yer ijara shartnomasini bekor qilish, yerni tuman zaxirasiga qaytarish haqida majburiy ravishda ariza olingan. Lekin hokimlikda tanish-bilishlari bor fermerlar yerlarini saqlab qolgan.

Yeridan ajragan fermerlar esa nazorat organlari, hatto prezidentga ham shikoyat yo‘llashgan. Ammo bu shikoyatlar yana Pop tumaniga qaytib kelib, masala yechilmasdan qolib ketavergan. Prokuratura arizalar majburiy yozdirib olingani masalasiga tegishlicha huquqiy baho bermagan.

“Fermer xo‘jaliklari tugatilgandan so‘ng tumandagi 10300 gektar yer paxta va g‘alla yetishtirish uchun “Art Soft Tex” klasteriga berildi. Lekin klaster faqat 8000 gektar yerda dehqonchilik qiladi, xolos.

Chunki qolgan 2300 gektar yer hokimlik qarori bilan pinhona ravishda baliqchilik, bog‘dorchilik kabi serdaromad sohalarga ajratib berilgan”, deyiladi Umida Ibrohimovaning shikoyatida.

Umida Ibrohimova yeri hokimlik tomonidan tortib olinganidan norozi bo‘lib, adolat izlab yurgan o‘nlab fermerlarning biri. “Eltuz”da o‘z yerini qaytarib olish uchun turli shikoyatlar yozayotgan, sudlarga murojaat qilayotgan yana ko‘plab fermerlar to‘g‘risida ma'lumotlar bor.

Shulardan biri Oybek Noryigitov bo‘lib, uning “Zaynatbegim Mobinaxon” fermer xo‘jaligi yeri 2018 yil 24 dekabrda soxtalashtirilgan imzo qo‘yilgan ariza asosida noqonuniy tarzda tuman zaxirasiga qaytarilgan.

2019 yil 18 yanvarda barcha fermerlar qatori Oybek Noryigitovdan ham yerni tuman zaxirasiga qaytarib berish to‘g‘risida majburiy ariza olishga harakat qilingan, ammo fermer bunga rozi bo‘lmagan. Shunga qaramay, uning arizasi soxtalashtirilgan imzo asosida tayyorlangan.

Rasmiy hujjatlarda “Zaynatbegim Mobinaxon” fermer xo‘jaligi yerini tuman zaxirasiga qaytarish to‘g‘risida tuman hokimi 2019 yil 18 yanvarda va o‘sha yili 4 fevralda chiqargan ikkita qaror mavjud.

Fermer yer bitta bo‘lsa-yu, uni qaytarib olishga oid ikkita qaror chiqarilganiga tuman hokimligining qing‘ir ishlariga dalolat sifatida qaramoqda. Lekin Namangan viloyati ma'muriy sudi hokimlik qarorini asosli va haqiqiy deb topgan. 2021 yil oktyabrda fermerning apellyatsiya shikoyati ham hokimlik foydasiga hal bo‘lgan.

Pop mansabdorlaridan jabr ko‘rgan fermerlardan yana biri Dildora Usmonovadir. Hokimlikdagilar 2017 yilda uni unumdorligi past 9 gektar yerga paxta ektirishga majburlamoqchi bo‘lishgan.

Mutaxassislar bu yerda paxta yetishtirib bo‘lmasligini hujjatlashtirib, yerni paxta rejasidan chiqarish va'dasini berishgan. Ammo kuzga kelib hokimlikdagilar 9 gektar uchun paxta rejasini topshirishni talab qilishgan.

Oxir-oqibat fermerga bu bo‘yicha qarzdorlik yuklanib, eri Xayrulla Usmonovga ish ochilib, u javobgarlikka tortilgan.

“Biz sudlanib, yashab turgan uyimizni sotib, bu paxta qarzini to‘lashga majbur bo‘ldik. Ammo 2019 yilda bu holat takrorlanib, yana 9 gektar uchun paxta pulini to‘lashga majburlashdi.

Biz doimiy ravishda g‘alla va pilla rejalarini to‘liq bajarib kelganmiz. Pilla boqib, birinchilardan bo‘lib topshirganmiz. Ammo Pop tumani hokimi A'zamjon Sultonovning davlat siyosatini butunlay noto‘g‘ri tashviqot qilishi oqibatida biz ancha jabr ko‘rdik”, deydi Dildora Usmonova.

Uning mashmashalari bu bilan tugagani yo‘q. Eri turli adolatsizliklar tufayli yurak xastaligi orttirib olgani yetmaganidek, boshiga kredit qarzdorligini to‘lash tashvishi ham tushgan.

Gap shundaki, hokimlik yeri tortib olingan fermerlarga yerini qaytarib berish evaziga fuqarolarga issiqxona qurib berish uchun kredit rasmiylashtirishga undagan.

“O‘sha paytlar Qo‘shtepa-Nayman zonasida 30 kishiga issiqxona qurish uchun yer berilgan. Yeri o‘zida qolganlar qarzni to‘lagan, yeri tortib olingan fermerlar bu kreditni to‘lay olmay aziyat chekdi. Shular qatorida biz ham bormiz”, deydi Dildora Usmonova.

Sharifa To‘ychieva 2019 yilda yeri tortib olingan fermerlardan biri. U ham sho‘r yerga paxta ekishga majburlangan. Keyin esa paxtadan qarzdorligi ortidan nomiga issiqxona uchun deya majburan kredit rasmiylashtirilgan.

To‘ychieva issiqxona uchun kredit olishdan bosh tortganida, unga bu ishga rozi bo‘lsa, yeri yana qaytarib berilishini va'da qilishgan.

“Hozirgi kunda ishsizman. Yerimni olib qo‘yishgan. Issiqxona uchun 18 million sum qarz bo‘ynimda qolib ketdi. “Artsoft” klasteri esa men yetishtirgan g‘alla hosili pulini bermayapti”, deydi Sharifa To‘ychieva.

Umuman, Pop tumanida bugun yeri olib qo‘yilgan, o‘zi esa qarzga botirilgan bunday fermerlar ko‘p. Ularning adolat izlab bormagan idorasi, yozmagan shikoyati qolmadi. Lekin muammolari hali-beri hal bo‘ladiganga o‘xshamaydi.

Tag‘in o‘qing
26 iyul 2016
Qamchiq dovonidagi tunnel bahona Oqsaroyga yo‘nalgan paxta oqimi yanada kuchaydi. Butun O‘zbekiston matbuoti bugun shu qurilishni amalga oshirganlarga emas, ...
18 mart 2023
Qrim yarim oroli Rossiya armiyasi nazorati ostida 2014 yilning 18 martida o‘tkazilgan referendum natijasiga ko‘ra Rossiya tarkibiga qo‘shib olindi. ...
17 fevral 2023
Bugungi juma va'zini qisqa yangilikllar bilan boshlasam. Toshoblda eri Rossiyaga ishlagani ketgan, xotinni  ikki bolasi ko‘z oldida to‘rtta mahalladosh  o‘zbek erkak ...
27 fevral 2022
E'tiboringizga 26 fevralga qadar olingan Rossiya-Ukraina urushiga oid Eltuz tayyorlagan xronikani taqdim qilamiz.
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...