Asosiy mavzular
15 iyun 2022

Parpievning sug‘urta shirkati turk tadbirkorining haqini bermayapti

30 yildan buyon Toshkentda ishlayotgan turkiyalik 56 yoshli tadbirkor Ug‘ur Aqin (Ugur Akin) “New Life Insurance” MChJdan ikki million dollarga yaqin pulini ololmayotir. MJCh vakili esa bu mablag‘ moliyaviy nizoni ko‘rib chiqqan Oliy sud qaroriga ko‘ra to‘lanmaganini bildirdi. 

Ug‘ur Aqinning “Eltuz” bilan suhbatda aytishicha, o‘zi rahbarlik qiladigan “Perspektiva Stroy Invest” MJCh va buyurtmachi “New Life Insurance” sug‘urta shirkati o‘rtasida moliyaviy nizo kelib chiqqan.

“Eltuz” tanishgan hujjatlarda yozilishicha, “Perspektiva Stroy Invest” MChJ “New Life Insurance” MChJdan Toshkentning Taras Shevchenko ko‘chasida “Gross Plaza” biznes markazini qurish uchun buyurtma olgan.

“Perspektiva Stroy Invest” buyurtmani bajarish uchun 500 nafar mutaxassisni ishlatgan. Bulardan 20 nafari Turkiya vatandoshidir. Ob'ekt bundan bir yarim yil avval bitkazilib, foydalanishga topshirilgan. 

Ug‘ur Aqin bajarilgan qurilish-rekonstruktsiya ishlari uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan, ammo hanuz to‘lanmagan haq 100 milliard so‘mdan oshganini ma'lum qildi.

“Mana, bir yarim yil bo‘ldi, pulni to‘lashmayapti. Men rahbarlik qilayotgan shirkat hisob raqami pul yo‘qligi bois kartotekaga qo‘yilgan. Meni himoya qilishi kerak bo‘lgan O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi va Turk-o‘zbek ishbilarmonlari uyushmasi jim. Mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoevga maktub yozishga majbur bo‘ldim”, deydi tadbirkor. 

“Eltuz”da nusxasi bo‘lgan bu maktubda turk tadbirkorining O‘zbekistonda yuz tutgan muammolari yoziladi.

Turk tadbirkoriga bo‘lgan haqsizlik Turkiyaning odatda neytral turib, moliyaviy nizolarga arlashmaydigan elchixonasi diplomatlarini ham ta'sirlantirdi. Elchixona bu yuzadan o‘z noroziligini izhor qildi. 

“Eltuz” tasarrufida 2018 yildan 2020 yilgacha “Perspektiva Stroy Invest” MChJ tomonidan biznes markazi qurilishi ishlari bosqichma-bosqich aks etgan infografik hisobot bor. 

O‘zi xon, ko‘lankasi maydon

“Perspektiva Stroy Invest” shirkatining ismi ochiqlanmasligini so‘ragan vakili “Eltuz”ga yo‘llagan maktubida “turk tadbirkorini qaqshatayotganlar qudratli Parpievlar klani ekani”ni iddao qildi.

“Tadbirkor haqini bermayotgan sug‘urta shirkati Parpievlarga tegishli. Menda Botir Parpievning oilasi, xususan, Inoyatovning kuyovi Bobur Parpievning noqonuniy ishlari haqida ma'lumot va hujjatlar mavjud.

Bizda Toshkent shahrida biznes markazi qurish chog‘ida investorning puli talon-taroj qilingani, Oliy sud mansabdorlari pora evaziga sotib olingani haqida ma'lumotlar bor. Agar sizga kerak bo‘lsa, men barcha ma'lumotlarni, hujjat va rasmlarni yuborishim mumkin.

Hujjatlar, sud qarorlarini ham ilova qilaman. Chunki voqealar xalqaro tus olmoqda, Turkiya tomoni mamlakatning O‘zbekistondagi elchixonasi orqali ishtirok etib, o‘z noroziligini bildirgan”, deyiladi maktubda.

“Eltuz” bu iddaolar ortidan “New Life Insurance” shirkati vakili bilan bog‘landi. U shirkatning Parpievlarga tegishliliga oid savolni javobsiz qoldirdi.

O‘zbekiston boshqaruv tizimidagi korruptsion sxemalarni o‘rgangan kriminalistika professori Kristian Lasslett “New Life Insurance” ham mansub bo‘lgan “Gross Insurance”ga tutash yo‘llar Parpievlarga yetaklashi ehtimolidan bahs qiladi.

“Xavotirlisi shuki, 2016 va 2017 yillar ichida Parpievlar klani ko‘rinmay qoldi. Ko‘pchilik buni Inoyatov va Parpiev hokimiyatdan va “oila” panohidan ayrilib, ikkinchi planga o‘tdi, deb o‘yladi. Aslida ular har doimgidan ham gullab-yashnab, boyib-bitib yotishibdi”, dedi Lasslett.

Uning so‘zlariga ko‘ra, turk tadbirkori juda qudratli Parpievlar oilasi, ularga aloqador Inoyatovlarga qarshiligiga uchragan. 2020 yilda mamlakatning eng yirik kompaniyalaridan biri sifatida uning nazariga tushgan “Gross Insurance” davlat biznesining sezilarli qismini qo‘lga kiritmoqda.

“O‘shanda “Gross Insurance” “Milk House”ning aktsiyadori bo‘lgan “Intersok” kompaniyasida ulushga ega ekanini aniqlaganman. 2020 yilda “Milk House”ning boshqa asosiy aktsiyadori prezidentning kuyovi Oybek Tursunov bo‘lgan.

Shunday qilib, agar Bobur Parpiev “Gross Insurance” ortida turgan bo‘lsa, bu holat 2016/17 yillardagi voqealar shunchaki teatrlashtirilgan ko‘rinish bo‘lgani yoki klanlar o‘rtasidagi keskinlik susayganidan dalolat beradi.

Paydo bo‘layotgan ma'lumotlar O‘zbekistondagi siyosiy va iqtisodiy hokimiyat boshida turgan an'anaviy oilalar birgalikda ishlayotganidan darakdir. Turk sarmoyadorining bunday qudratli kuch bilan kurashda muvaffaqiyatga erishishi imkoniyati juda kam.

Garchi Mirziyoevning “Yangi O‘zbekiston” strategiyasi ko‘plab biznesmenlar uchun imkoniyatlar eshigini ochgandek tuyulsa-da, uning hukmronligi davrida Karimov prezidentligi davrida gullab-yashnagan oilalarning go‘yoki “hokimiyatdan chetlatilgan” rahbarlari asosiy benefitsiar bo‘lib qolayotgani ko‘rinadi.

Davlat va korporativ maxfiylik yuqoriligi sabab mavjud mexanizmlar va jarayonlarni anglash qiyin bo‘lsa-da, Parpievlarning biznes guruhi 2016 yildan buyon kundan kun kuchayib borayotgani buning yaqqol misolidir”, dedi Lasslett.

To‘y generali emas, pul generali

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining sobiq  o‘rinbosari general-leytenant Botir Parpiev 2018 yilgacha qariyb 14 yil davomida Davlat soliq qo‘mitasini boshqargan. U Milliy xavfsizlik xizmatiga 23 davomida raislik qilgan Rustam Inoyatovning qudasidir.

Botir Parpiev O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov hukumatidagi eng qudratli amaldorlardan biri hisoblanardi.

Botir Parpiev 1946 yilda Andijon viloyatida, militsiya general-mayori Rahmat Parpiev oilasida tug‘ilgan. 1992-1996 yillarda Andijon viloyati IIB boshlig‘i, 1996-1998 yillarda IIV Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, 1998-2002 yillarda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, 2002 yilning iyun oyidan dekabr oyigacha favqulodda vaziyatlar vaziri, 2002-2004 yillarda Davlat bojxona qo‘mitasi raisi bo‘lgan. 2003 yilda bojxona xizmati general-leytenanti unvonini olgan. 2004 yildan Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan.

Turk tadbirkorining O‘zbekistondagi ko‘rguliklari

2018 yildan 2021 yilga qadar qurilish qilib, haqini ololmayotgan turk tadbirkori Ug‘ur Aqinning O‘zbekistondagi ko‘rguliklari boshqa turk investorlarinikiga juda o‘xshash. Ular poraxo‘rlik, korruptsiya, qo‘shib yozish, tanish-bilishchilik, telefonda ish bitirish, akaxonlik kabi o‘zbekcha biznes illatlaridan zada bo‘lishgan.

“Aslida O‘zbekiston mening uyim, – deydi 30 yildan beri mamlakatda ishlab kelayotgan Ug‘ur Aqin. – Turkiyaning Oqsaroyida tug‘ildim. Universitetni bitirgan paytimda O‘zbekiston endi mustaqil bo‘lgandi. Yurakda entikish va ulug‘ evrilishlarga daxldorlik hissi bilan ota yurt O‘zbekistonga keldim.

O‘zbek ayolga uylandim. Bolalarim O‘zbekistonda tug‘ildi. Hozir 56 yoshdaman, shundan 31 yilini O‘zbekistonda yashadim. 1992 yili Madaniyat fondi rahbari, hozir marhum ustoz yozuvchi Mamadali Mahmudov bilan hamkorlikda shirkat tuzdim.

Keyin Toshkentda tikuvchilik va to‘quvchilik sexi ochdim. “Zinger” tikuv mashinalarini O‘zbekistonga olib kiradigan asosiy distribyutor o‘laroq faoliyat ko‘rsatdim. Navoiy va Nurotada qo‘y terisini sotib olib qayta ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydim. Qop tikish sexi ochdim.

Chirchiq transformator va non zavodi aktsilarini sotib oldim. Ammo oyning o‘n beshi yorug‘ bo‘lsa, o‘n beshi qorong‘u. Meni talab, aktsiyalarimni o‘zlashtirish maqsadida O‘zbekistondan deportatsiya qilishdi. 1999 yil dekabrida meni istalmagan shaxs deya e'lon qilishdi. 2000 yil yanvarda oilam bilan Turkiyaga ketdim.

O‘shanda xotinim ikkinchi qizimga homilador edi. Keyin xotinim O‘zbekistonga  qaytdi. Homilador xotinimni sutkalab so‘roq qilishdi. Men esa Turkiyada edim. Rahmatli onam “borma endi O‘zbekistonga”, deb yolvordi. Oradan 4 oy o‘tib, menga bo‘lgan taqiq bekor qilindi.

O‘zbekistonga qaytdim. Ammo oldingi shijoat va g‘ayrat meni tark etgan edi. Ikki minginchi yillar boshida men aktsiyalarimni sotishga majbur bo‘ldim. Qurilish bilan shug‘ullandim. 2018 yili Bobur Parpiev jamoasi bilan hamkorlikda ish boshladim.

Taras Shevchenko ko‘chasidagi biznes markazi qurilishida qatnashdim. Ilk buyurtmaga ko‘ra bino 4 qavat bo‘lishi kerak edi. Bino asosan Xitoydan keltirilgan arzon materiallardan bunyod bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. 6 oy o‘tib buyurtmachi binoga yana bir qavat va yer osti garaji qo‘shdi. Buyurtma hajmi ko‘paydi.

Xitoy qurilish materiallari o‘rniga Yaponiya va Koreya materiallari ishlatildi. 2020 yil dekabrda  qurilishni bitkazib topshirdim. Haq to‘lashga kelganda muammolar boshlandi. Bobur Parpiev telefonni o‘chirib qo‘yib, men bilan aloqani uzdi. Ishim bitdi, eshak loydan o‘tdi, degan tarzda.

Parpievning odamlari qilingan ishlar narxi o‘ta qimmatligini aytib, meni ayblashdi. Shu tariqa ishlarni qayta baholash zarurati tug‘ildi. Tekshiruvda mening haqdor summam  95.000.000.000 so‘m ekani aniqlandi. Ammo buyurtmachi shu kamaytirilgan summani ham to‘lashdan bosh tortdi.

Biz buyurtmachini sudga berib, dastlabki ikki mahkamada g‘olib chiqdik. Ammo buyurtmachi bu qaror ustidan Oliy sudga shikoyat qildi. Oliy sud buyurtmachi yonini oldi. Men qilingan ish uchun haqimni ololmasdan qoldim”.

Tadbirkor Ug‘ur Akin navbatdagi maktubni O‘zbekiston prezidentiga yubordi. Bu maktubda u o‘z haqini talab qilish bilan birga vasiyatini ham yozib qo‘ydi: “Men baribir O‘zbekistonda qolaman. O‘lsam meni Toshkentda yozuvchi Mamadali Mahmud yoniga ko‘minglar”.

O‘zbekistonda turk tadbirkorlarining firibgarlik yo‘li bilan aldanishi holatlari haqida “Eltuz” avval ham bir necha bora yozgan.

Jumladan, “Eltuz”da O‘zbekistonda turk sarmoyasi asosida ishlaydigan to‘qimachilik shirkati sobiq rahbari, Turkiya vatandoshi Najat Taylanli tuhmat oqibatida 18 oy qamoqda o‘tirgani va shu kunlarda O‘zbekistondan chiqarilmay, “asir” holatida ushlab turilgani haqida maqola e'lon qilingan edi.

Tag‘in o‘qing
14 dekabr 2018
Mashhur o‘zbek satira ustasi, aktyor Obid Asomov 14 dekabr kuni Toshkent shahrida 55 yoshida olamdan o‘tdi. Bir necha kun ...
23 dekabr 2016
Chilonzor tumani “Tinchlik” masjidining imom xatibi Shermurod Tog‘ay (Alisher domla) o‘zining Munisa Rizaeva haqidagi chiqishi yuzasidan yozilgan tanqidiy munosabatga ...
9 oktyabr 2015
Jurnalistlarning O‘zbekistondagi ko‘p jiddiy o‘zgarishlarni tushunishlari qiyin bo‘lib qoldi. Ayniqsa, “biror fikringni bildirishdan oldin rahbariyat oldiga chiqib ruhsat” olish ...
15 fevral 2018
Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekistonda 2017 yilgi paxta terimi mavsumiga oid e'lon qilingan hisobotidan kelib chiqadigan xulosalarni o‘qib, xuddi shunday ...
Bloglar
15 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solih suhbatining davomida sevimli ayoli Oydin xonim bilan kechirgan ...
10 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solix bilan may oyida o‘tkazilgan bu suhbat bevosita Eltuz ...
20 iyul 2022
O‘zbek xalqi kimga, qaysi rejimga qaram bo‘lib kelgan ediki, endi u o‘zini ozod, erkin millat ...