Asosiy mavzular
5 iyul 2022

Umida Haqnazar: Qoraqalpoq «pandora qutisi» qachon ochilgan?

Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish loyihasi e'lon qilinganidan so‘ng meni, avvalo, 55-moddaga (erga egalik huquqi) kiritilishi belgilangan o‘zgartirishlar qiziqtirdi. Albatta, nazarimda, mamlakatni o‘rta asrlarga uloqtiradigan boshqa qo‘shimchalar (ayrimlari internetda muhokama ham qilindi, lekin men ularni atayin o‘qimadim)ga ham e'tibor qaratdim.

Shu haftada nukuslik yoshlardan biri mendan 70-75-moddalarga kiritilishi taklif etilayotgan o‘zgartishlarni qanday baholashimni so‘rab qoldi. Men ularni o‘qimagan ekanman.

U menga bu o‘zgartirishlar xalqni g‘azablantirayotgani, agar ular qabul qilinsa, qoraqalpoqlarning gimni, bayrog‘i, tili, konstitutsiyasi, milliy o‘zligi yo‘qotilishi, respublika shunchaki O‘zbekistonning 13-viloyatiga aylanib qolishini aytdi.

Albatta, eshitganlarimdan hayron qoldim va uyga qaytib, 70-75-moddalarga o‘zgartishlarni o‘qib chiqdim. Bayroq ham, gimn ham, konstitutsiya ham – hammasi saqlanib qolarkan. Ammo “respublikaning suveren respublika tarkibidagi suverenligi”, “ma'muriy-hududiy masalalarni mustaqil hal qilishi” va “referendum yo‘li bilan O‘zbekiston tarkibidan ajralib chiqishi mumkinligi” to‘g‘risidagi modda olib tashlanishi taklif etilgan ekan.

Insoniy hissiyotlar nuqtai nazaridan olib qaraganda, qoraqalpoqlarning xavotirini to‘la tushunish mumkin. Chunki ular bu holatni “bizning milliy o‘ziga xosligimizni, madaniyatimizni, tilimizni, o‘z taqdirimizni o‘zimiz hal etish huquqimizni, hududimizni va hokazolarni tortib olishmoqchi”, deya qabul qilmoqda.

Konstitutsiyaviy sud tomonidan hech qanday tushuntirishlarsiz bu taxlitda konstitutsiyani shunchaki o‘zgartirib qo‘yish (gap nafaqat Qoraqalpog‘iston, balki O‘zbekiston qonstitutsiyasiga ham taalluqli), albatta, xatodir, huquqiy savodsizlikdir, yuzsizlarcha avtoritardir va hokazo.

Universitetning ikkinchi kursida o‘qib yurganimda konstitutsiyaviy huquq fanidan darslarda biz konstitutsiyamizdagi “suveren ichidagi suverenlik” ifodasini xuddi shu konstitutsiyaning boshqa moddalariga (yagona davlat), shuningdek, xalqaro huquq me'yorlariga mutlaqo zid keluvchi huquqiy kolliziya sifatida muhokama qilganmiz.

Shu bilan birga, bu shunchaki dekorativ norma ekani va amalda (huquqiy ma'noda) Qoraqalpog‘iston bir kun ham suveren bo‘lmaganini, albatta, yaxshi anglardik.

Oqibatda “suverenitet” ta'rifi o‘z mazmunini to‘la yo‘qotgandi. Bugun bu haqiqat juda achchiq qabul qilinayotganining sababi esa mazkur so‘z shaxsiy va hissiy darajada milliy o‘zlikka bog‘liq ekanidir.

Ammo huquqiy nuqtai nazardan, bu butunlay boshqacha oqibatlarga ega. Davlat suverenitetining mazmuni davlat tashkil etish, davlat siyosatini belgilash va hokazolarni ifodalaydi.

BMT nizomiga muvofiq, Xalqaro huquq tamoyillari to‘g‘risidagi deklaratsiyada (1970 yil) mustahkamlangan xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash tamoyili xalqlarning teng huquqligini ta'minlayotgan davlatlarda setsessiya (bir tomonlama chiqish) imkoniyatini rad etadi.

Shuning uchun unitar davlatda ham, federativ davlatda ham davlat suvereniteti yagona va bo‘linmasdir, bitta davlatda ikkita suverenitet bo‘lishi mumkin emas. 

Masalan, garchi Shotlandiya nation hisoblansa-da, suveren emas (300 yil avval o‘z suverenitetini yo‘qotgan). Hatto Shotlandiya yana ikkinchi marta referendum o‘tkazib, Buyuk Britaniya tarkibidan chiqishga ovoz bersa-da, bu qaror Britaniya parlamenti tomonidan tasdiqlansa-da, u hech qanday majburiy yuridik kuchga ega bo‘lmaydi.

Mustaqillik uchun ovoz berish Shotlandiyaning huquqiy maqomi o‘z-o‘zidan o‘zgarishiga olib kelmaydi. Avvalgi referendum oldidan o‘tkazilgan maslahatlashuvlar davomida buni Shotlandiya hukumatining o‘zi ham tan olgan edi.

Yana bir misol. Rossiya Federatsiyasi tarkibida 22 ta avtonom respublika bor, ularning birortasi “suveren” hisoblanmaydi.

RF Konstitutsiyaviy sudining 2000 yil 7 iyundagi qarorida ko‘rsatilganidek, suverenitet davlat hokimiyatining ustunligi, mustaqilligi va erkinligini, o‘z hududida davlatning qonunchilik, ijroiya  va sud hokimiyati to‘liqligini hamda xalqaro munosabatlarda mustaqilligini nazarda tutadi.

RF Konstitutsiyaviy sudi xulosasiga ko‘ra, davlat suverenitetining sohibi Rossiya Federatsiyasining ko‘p millatli xalqidir, demakki, RF sub'ektlari suverenitetga (hatto qisman) ega emas. Shu sababli RF tarkibida bo‘lgan, Konstitutsiya tomonidan davlatlar deb e'lon qilingan respublikalar ham xuddi o‘lka va viloyatlar kabi suverenitetdan mahrum sub'ektlardir.

Konstitutsiyaviy sud fikricha, “respublika (davlat)” so‘zi shartli mazmunga ega va tarixiy o‘ziga xoslikni ifodalaydi, lekin hech qanday holatda federativ davlat hududida mazkur federativ davlatdan boshqa birorta suverenitet mavjud bo‘lishi imkoniyatini nazarda tutmaydi.

Qoraqalpog‘istonning O‘zbekiston tarkibidan chiqib Rossiyaga qo‘shilishini istayotganlar diqqatiga. Yagona davlat suvereniteti doirasidagi avtonomiya bu avtonomiyada milliy o‘zlik, til, madaniyat, bayroq, gimn va boshqa timsollar, hatto o‘z konstitutsiyasi va hokimiyat organlari yo‘qotilishini anglatmaydi.

Shu bois, “milliy o‘zlik, bayroq, gimn, til, konstitutsiya va hokazolarga tahdid” to‘g‘risida to‘satdan paydo bo‘lgan gap-so‘zlar, albatta, yoki ig‘vo, yoki nodonlikdir.

“Tarkibdan chiqish” va kimgadir (RFmi yoki Qozog‘istongami) qo‘shilish chaqiriqlari ham juda katta bilimsizlik va ibtidoiy populizmdir.

Masalan, prezident To‘qaev Qozog‘istonning ayirmachilikka oid pozitsiyasini aniq bildirdi va Qozog‘istonning “qo‘shilish”ni tan olishini kutib o‘tirmang – Qozog‘iston hudud masalasida hech qachon O‘zbekiston bilan munosabatlar keskinlashishiga bormaydi.

Rossiyaga esa, ko‘rinib turibdiki, Qorqaqalpog‘iston konstitutsiyasida “suverenitet” moddasi bor-yo‘qligining qizig‘i yo‘q, xohlasa, o‘ylab o‘tirmay tortib oladi. Bu yog‘iga o‘sha so‘zni ham esdan chiqarishga to‘g‘ri keladi.

Shuning uchun Qoraqalpog‘istonni qaergadir “tiqishtirmoqchi” bo‘lgan va boshqa hududiy mojarolar stsenariysini bizda amalga oshirishga urinib, sabab qidirayotganlar ehtiyot bo‘lgani yaxshi.

Mamlakatda, xudoga shukur, hech qanday millatlararo mojaro, hech qanday qatag‘on-genotsid  (Kosovodagidek bo‘lishidan xudo saqlasin), hech qanday tahqirlash (masalan, O‘shda hech qanday ma'muriy avtonomiya bo‘lmagan sharoitda o‘zbeklarning ommaviy qirg‘in qilinishi) yo‘q.

Ming ig‘vo va qo‘poruvchilik bo‘lmasin, “qoraqalpoqlarning o‘zbeklar tomonidan tahqirlanishi” iddaosiga asos o‘ylab topa olmaysiz. Xullas kalom, Qoraqalpog‘istonning asossiz mustaqilligiga chaqirayotgan ig‘vogarlar aslida o‘z xalqini dunyoda hech kim tan olmaydigan (balki DXR va LXR bundan mustasnodir) qashshoq yakkamoxovlik (izgoy) botqog‘iga da'vat etmoqda.

Shunday qilib, balki “konstututsiyaviy oqim”ga (garchi uning qaerdaligi va, umuman, mavjudligini hech kim bilmaydi) qaytish kerakdir. Ammo uni yaratish, o‘zgartirishlarga (barchasiga taalluqli) oid avantyurani bekor qilish, va nihoyat, Konstitutsiyaviy sud, konstitutsiyaviy huquq bo‘yicha mutaxassislar, xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda konstitutsiyaviy jarayonlarni boshlash, konstitutsiyamizni xalqaro huquq, nazariya, tamoyillar, tavsiflar va hokazolarga moslashtirishga jiddiy kirishish vaqti keldi.

Konstitutsiyaga o‘zgartishlar siyosatchilar va lobbichilar manfaati yo‘lida ijroiya hokimiyati qarorlari va farmonlarini qalashtirib tashlaydigan amaldorlar tomonidan tayyorlanishi kerak emas.

Bugun go‘yoki “Pandora qutisi” ochilganini gapirishyapti. Yo‘q, quti 1992 yilda huquqiy kolliziya keltirib chiqaradigan moddalar qo‘shilgan konstitutsiya qabul qilinganda ochilgandi (to‘g‘rirog‘i, unga mina ham joylangandi).

Shu paytgacha bu hech kimni xavotirga solmagani esa aslida so‘z va hujjatlar hech narsani anglatmaydigan dekorativ dunyoda yashayotganimizni ko‘rsatib beradi.

Tag‘in o‘qing
10 iyul 2019
Muhammad Solih shoir va siyosatchi. 1949 yil 20 dekabrda Xorazmning Urganch tumanida dunyoga kelgan. Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakulteti ...
18 avgust 2018
Shveytsariya federal yig‘ini Shveytsariya federal kengashi Tashqi ishlar federal departamenti (TIFD) Adliya va politsiya federal vazirligi Aktivlarni qaytarish bo‘limi, ...
14 oktyabr 2021
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) kuzatuvchilar missiyasi 11 oktyabr kuni O‘zbekistondagi prezident ...
20 sentyabr 2017
Sirdaryo viloyatidagi yagona Oliy o‘quv yurti Guliston Davlat Universiteti talaba va o‘qituvchilari 15 sentyabr kuni paxta terimiga jo‘nab ketishdi. ...
Bloglar
26 avgust 2022
30 yildirki sargardonlikda, avval Norvegiyada keyin Turkiyada yashayotgan Muhammad Solih yangi kulliyoti – asarlar to‘plami ...
15 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solih suhbatining davomida sevimli ayoli Oydin xonim bilan kechirgan ...
10 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solix bilan may oyida o‘tkazilgan bu suhbat bevosita Eltuz ...