Asosiy mavzular
16 sentyabr 2022

RTdan va'z: Rektorga ta'zim qilmagan student

Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman. Lentada aylanayotgan sovuq habarlarni o‘qib, Iroq bizdan yiroq deb o‘ylamaslik kerak. Mana masalan Ukrainadagi urush O‘zbekistondan kilomertlarcha uzoqda yuz bermoqda. Lekin o‘sha urushga yollanib Ukrainadagi go‘daklarni o‘ldirib yurgan ikki yurtdoshimiz samarqandlik yigitning ota enasi uchun bu urush yiroq emas.

MS: Videosini ko‘rdim. Ikki o‘zbek plenga tushib yig‘lab o‘tiribdi. Lyubaya biznes xorasha degan Toshkent hokimi gapini eshitib, Ukrainlarni pul evaziga o‘ldirish uchun ketavergan. Pul, ish topish qiyin Tuz og‘a. Mana Britaniyada bir bechora boboy 74 yoshiga kelib endi ishli bo‘ldi. Enasi o‘lmaganda haliyam yuravarar adi sikkini sonina urip.
RT: Matchonboy sen yaqinda jonini jabborga topshirgan qirolichaning o‘g‘li Charlzni aytayapsanda. Haqiqatdan ham xozir u Karl uchinchi nomi bilan qirol vazifasiga tayinlandi.
MS: Ana Karl uchinchi, ahvolini ko‘ringchi! Tuz og‘a shu kunlarda Tilvizr ko‘rish, yoki gazit o‘qish qiyin bo‘lib qoldi. Hamma ish guchdan qolib qirolichani o‘lganini yozib yotibdi. Uchko‘prikdagilaram, durvadikdagilaram qirolicha haqqinda yozib yotibdi. O‘lsa o‘lipti. Shu yosha birav giradimi yena.
RT: Tarmoqda shuncha qirolichashunos bor ekan, bilmay yurourppiz. Eltuz do‘sti G‘ayrat Omon tarmoqda 30 o‘zbekning qirolicha enam deb yozganini ko‘ribdi. Cholni ko‘rsa bovom deydigan infantil jamiyat bu, Matchon.

Almashayotgan mavsum

MS: Tuz og‘a sezon o‘zgardi. Kunduzi issiq kechasi sovuq. Shu ikki dizim og‘riydi. O‘ksiripam boshlodim. No‘sh piyoz yesammikan yo!
RT: Mavsum almashayotganda yeyar icharga diqqat qil Matchon. Shu o‘tarlik paytda D vitamin vujudga o‘ta zarur. D vitamin yumurto, zamoriq va peyner (Tuxum, qo‘ziqorin va pishloq) Agar juda sog‘lom bo‘lay desang lasos balig‘ini firinda (duxobkada) dimlab pishirib ismaloq (shpinat) bilan ye. Zanjafil solingan qora tseylon choy ham yozdan kuzga kasalga chalinmay o‘tish uchun foydali.
Bilib qo‘ying kasal odamni hech kim yoqtirmaydi. Hatto magazinchi G‘aybulla aka ham. Siz sog‘lom, boy va yosh bo‘lsangiz hammaga keraksiz. Kasal, qashshoq va qarib quyilmaganlarga  qatortoldagi jalaplar ham qaramaydi. Mendan aytish.

D vitamin!!!

MS: Vitamin vitamin deysiz. Bechora studentlar obshejitsiz ko‘rpa to‘shagini ko‘tarib toshkentda sarson yuribti. O‘rta barmog‘imday, birov kelin qilsa yugurib hizmat atmaka tayyor qizlar ham yotishga yer qidirib yuribti. Vazir Toshqulov bo‘lsa stdentlarga butun dunyoda yotoqxona yo‘q deb o‘tiribdi.
Afandi bozorda pulini yo‘qotib qo‘yibdi. Uyiga kelib xotiniga «bugun bozordagi barcha hamyonini yo‘qotdi. Shular qatori men ham» debdi. Toshqulovning fortochkasi ham shu «dunyodagi hech bir davlatda talabalar to‘la yotoqxona bilan ta'minlanmagan, bizlarda ham ashnaqa»deb aytganini mazmuni shunday.

MS: Tuz og‘a sizga Toshkentdagi jurnalistika instituti rektori Sherzod xojini yongsilab parodiya qilib barinmi?

RT: Qani davay Matchon. Derzay birat. Sherzod xo‘jani bir kopiya qil qani.
MS: «Biz boymiza. Lyuboyimizni uyimizada bo‘sh yotgan xona bor. Sklad qip qo‘yilgan. Ëki itivuzani ini bor. Itivuzani skladga o‘tkazib inini viloyatdan kegan studentlarga bersangiz sovoppi tagida qolasiz. Ortgan ovqatlarni obchiqib bersangiz yeb yotadi.  Viloyatlik deganni uyga kirgizvolib xizmatkor qisayam bo‘vuradi. Daraxtlarni butalaydi. Xullas har tomonlama vigodniy. Lekin oralarida rektorga ta'zim qilmaydigan g‘o‘ddayganlari ham bor. Ularni urib og‘zi burnini qon qilish kereee»
RT: Rektorga ta'zim qilmagan 4 kurs studentini urib og‘zi burnini qon qilgan o‘qituvchi ishdan bo‘shatildi. Haqiqat qaror topdi. Lekin o‘tkan juma o‘zida hojakani yoqib olgan rektor Sherzod Qudratxo‘jaevning «boy otalarni darslik kitobida o‘rnak qilib ko‘rsatish kerak» degan noilmiy gapi yoqmadi.
Gulnorayam tadbirkor bo‘lgan. Ammo xozir qamag‘da. Agar uni ham Murod bildingchi kabi kitobga kiritishganda xozir uyalib obtashashardi. Vaqtida Ahmadboyni obro‘si Murod bildingchidan katta edi. Uniyam kitobda o‘rnak qilsa bo‘lardi. Sherzod  Qudratxo‘jaev chiqib, Murod bildingchini darsliklarga o‘rnak sifatida kirishini olqishladi. Ertaga Murodniyam qamab qo‘yishsachi? Qudratxo‘jaevga ko‘ra, tirikchilikni eplagan boy otalarni maqtash kerakmush. Qimor o‘ynab boyigan Salimboyni ham o‘rnak deb maktabda o‘qitiylik unda. Mayda orzular bilan yashash, katala tujjorlaru, mayda firibgarlarni romantiklashtirish oqibati yaxshilik bilan tugamaydi.

O‘zbek diplomi bu yonmaydigan gugurt

MS: Faraz qilaylik, Toshkentdagi qishloq xo‘jaligi instituti yopilib qolsa besh yildan keyin ekinlar qurib qoladimi? Qurilish instituti yopilsa qurilishlar prorabsiz qoladimi? Diplomatiya instituti yopilsa, Tashqi ishlar vazirligi xodimsiz, yuridik institut yopilsa, konstittsion sud hakamsiz qoladimi?
RT: Jurnalistika fakultetini bitirgan kamida o‘nta qiz bilan hamkorlik qilishga harakat qilib samaraga erishmadim. Sarlavha nima, lid nima, faktcheking nimaligidan habari yo‘q. Umuman xabarchilik sohasini bilmaydi. Lekin havoga ma'voni qofiya qilib shig‘ir yozadi, diniy cho‘pchak va «ishlamaydigan kallam» kabi cho‘ntagimdan tushib qolgan chip memlarni biladi xolos.
Bir paytlar Polshada yonmaydigan gugurt chiqarishgan edi. Hamma qismi bor. Tashqi tarafdan qarasang gugurtga o‘xshaydi. Ammo yonmaydi. Endi polyak ishchilari kommunist rahbarlarga qarshi isyon sifatida ataylab shunday yonmaydigan gugurt chiqarishgan. Ammo O‘zbekiston oliy ta'lim tizimi kimga qarshi isyon qildi. Nega o‘z sohasini umuman bilmaydiganlar qo‘liga dilom berishmoqda? Ëtoqxona so‘ragan xalq eng avvalo shuni so‘rasin. Ëtoqxonada yotishdan ma'no nima? Chuchvara yeyishdan maqsad nima? Go‘sht yeyish emasmi? Ochil Ramatov teplovoz haydashni, Abdulla Aripov payalnik ushab eski televizor tuzatishni biladi deb yozsam ko‘pchilikning ensasi qotgan edi.  Ammo gapning rosti shuki, Sovet VUZlarini bitirganlar sal bo‘lsa ham o‘z sohasini bilib chiqardi. Pragada arxeolog diplomi bor qorovul bilan gaplashdim. Arxeologiyani a xarfini bilmaydi. Sessiyalarni cho‘pon otasi qo‘y sotib yopib bergan. 4 yil ko‘ti bilan parta isitib, ota enasi pulini havoga uchirib alipni kaltak deya olmay diplom olib chiqadigan to‘da nega kerak? Nega OM qonunini bilmagan talabaga fizika mallimi degan diplom berilishi kerak? Nega?

ShXT yig‘ini haqida

MS: Tuz og‘a mana Samarqand shaxrini taqa taq yopib o‘richchasi ShOS o‘zbekchasi ShXT degan jiynoq boshlandi. Bu jiynoq yaxshi deb yozilsin deya mestniy balogirlarga zakaz tushibdi. Shu jiynoq yaxshimi?
RT: Ilg‘or odam albatta Shveytsariya soati va Germaniya avtomobili sotib oladi. Cho‘ntagida Ayfon 13. Uyidagi jixozlar ham Bosh, Simens kabi G‘arb shirkatlariniki. Nega? Chunki sifatli. Pulingiz suvga oqib ketmaydi. Dunyodagi tashkilotlar ham shunaqa. Bir paytlar Varshava shartnomasi degan tashkilot bor edi. Bu tashkilot huddi teshik kema kabi dengizda to‘fon turishi bilan ontarilib chok chokidan so‘tilib ketdi. SNG, ShOS kabi tashkilotlar ham shuning biri. Lekin NATOga a'zo davlatlar qanday farovon yashamoqda. «Yaxshiyam NATO a'zosimiz» deyishadi turklar. Viveskaga har narsa yozish mumkin, ammo hamma gap mazmunda. Eski sovet mashinasi ustiga Bentli deb yozgan bilan u shaloq aravaligicha qoladi.
MS: Tuz og‘a, endi qatiq to‘kilsa yuqi qoladi. ShXTdan poyda bordir. Hech bo‘lmaganda samarqaandliklar uchun.
RT: Ertak qahramoni borsa kelmasga borib, yalmog‘izga yem bo‘lganiday O‘zbekiston uchun ShXT borsa kelmasdir. O‘zbekiston uchun najot G‘arbda. ShXT bu keraksiz va istiqbolsiz tashkilot. ShXT kabi O‘zbekistonga majburan tiqishtirilgan tuzilmadan naf yo‘q.
MS: Tuz og‘a siz go‘rganmisiz yoki yo‘qmi. Djuzeppa Tornatoriy degan kinochi olgan «Pianist haqida legenda» degan kino bor. Shu kinoda kemada Amerikaga borayotganlar Ozodlik haykali ko‘rinishi bilan hayajonlanib sevinib ketishadi.
RT: Sen aytgan film Alessandro Barikkoning  «1900. Pianiochi haqida afsona» degan kitobi asosida suratga olingan. Rassom Tuzning Parijda yashab ishlaydigan do‘sti Farruxjon Bo‘riev ataylab muzeyga borib «Ozodlik haykalining» ilk orginal varianti rasmini tushirib yubordi.
MS: Iya, Ozodlik haykalining originali Parijdami?
RT: Gap shundaki, AQSh timsoliga aylangan «Ozodlik monumenti»ni 1886 yili frantsuzlar Amerikaning 100 yilligiga  sovg‘a qilgan.  Liberty Enlightening the World  —  dunyoni yoritgan Ozodlik deya nomlangan bu asar Yunesko madaniy meros ro‘yxatiga ham kiritilgan. Asarni ulug‘ frantsuz  skulptori Frederik Ogyust Bartoldi yaratgan. Asar g‘oyasi esa ulug‘ mutafakkir  Eduard Rene Lefevrga oid.
1860 yilda haykaltarop Bartoldi  bu haykalni Misrda o‘rnatishga, Misrning o‘sha paytdagi hukmdori Ismoyil poshshoni rozi qiladi. Haykal nomi «Osiyoga nur keltirgan Misr» bo‘lishi lozim edi. Haykal Port Saidda o‘rnatilib, Misrning tashrif qog‘oziga aylanishi lozim edi.
MS: Menam eshitgandim, Suvayish kanali boshiga o‘rnatishmoqchi bo‘lishgan. Nega o‘rnatishmadi haykalni?
RT: Puli yetmadi Misrning. Iqtisodiy tanazzul bois, Misrda  haykal o‘rnatishdan voz kechilgan. Shundan keyin rassom 1871 yili AQShga safar qiladi va Apper-Nyu-York-Bey buxtasi yaqinidagi orolni ko‘rib «Haykalning joyi shu» degan qarorga keldi.
Shundan buyon,  bu haykal AQShga safar qilganlar uchun Ozodlik timsoliga aylandi.
MS: Toshkentga ilk kelgan odam bombila taksist bilan ucharashardi. Xozir bu kirakashlarni aeroportdan haydavorishdi. Ammo bir savol bor. Nega Toshkentdagi taksichilarning hammasi putinqul?
RT: Qo‘qon, Urganch va Oltiariqdagi taksichilar ham putinqul. Umuman bir ishni boshini tuta olmagan lapashang savodsizlar taksichi bo‘ladi. Ammo shu kunlarda o‘ris bosqinchilarining oldi orqasiga qaramay qocha boshlagani o‘risqullar nafasini ichiga tushirvordi.
Ikki oy oldin Turkiyaning sharqiy yevropa davlatlaridagi elchilaridan biri, Erdo‘g‘on partiyasi faoli bo‘lgan siyosatchi bilan gaplashgandim. Bu «siyosatchi» Putinning o‘z va'dasida turgani uchun Erdo‘g‘on muhabbatiga sazovor bo‘lgani va «kim nima desa ham ruslar har kuni 5 km Ukraina tuproqlarini muvaffaqiyat bilan ishg‘ol qilayotganidan» sevinib baxs qiluvdi. Bu «siyosatchi» xuddi yutuqdan umid qilgan qimorvoz kabi putin kartasiga pul tikkanini yashirib ham o‘tirmagan edi. Bugun iqtidordagi turk siyosatchilarining ohangi o‘zgargan. Bu o‘zgarish Ukrainaning kontrxujumlari xosilasidir.

Eltuz sizning yoningizda

MS: Tuz og‘a, kecha To‘ytepada lavash yeb o‘tirsam, bir otes matisda galib nega Eltuz O‘zbekistondan chiqib ketgan deydi.
RT: «Eltuz» O‘zbekiston ichida har doimgidan ham ko‘proq faol. Kechaning o‘zida muxbirimiz «Ilxom» teatrida namoyish qilingan «Yer ostidagi qizlar» spektaklini borib ko‘rdi. (Bilet topishga yordam bergan Nikitaga rahmat) Kechaning o‘zida «Eltuz» mamlakatning, Ovshor, Beshkapa, Durvadik kabi qishloqlari Qiziriq, Uchko‘prik kabi tumanlaridagi muammoga yuz tutgan vatandoshlar dardiga quloq tutdi. Umuman «Eltuz» muxbirlari kunu tun O‘zbekiston bo‘ylab safarda. (Eltuz portalida aks etgan bu) Bundan tashqari O‘sh, Xo‘jand, Kiev, Istanbul va Toshovuzda ham muxbirlarimiz bor. Asosiy koordinator va muxarrirlar Toshkentda.  Albatta «Eltuz» nashrining Bosh muxarriri Stokgolmda o‘tiradi.  Myunxen, Oslo, Berlin va Praga kabi shaharlarda hamkorlari bor. Bu «Eltuz» nega O‘zbekistondan chiqib ketgan degan savolga javob edi. Ya'ni biz sizning yonginangizdamiz.
MS: Tuz og‘a, ina siz Shveytsariyada o‘tirasiz. Shu tarafdan biza nichik go‘rinamiz. Gurvaklarni sog‘inasizmi?
RT: Shveytsariya emas, Shvetsiya. Yevropada ham mazali qovun bor. Masalan, Ispaniyaning sapeli qovunini yonida shobozni kampirchoponi yig‘laydi. Tuvalu degan jajji orol davlat bor. 1978 yilgacha Britaniya mustamlakasi bo‘lgan. Bu davlatda temir yo‘l yo‘q. Bor yo‘g‘i asfalt qilingan 8 km yo‘l bor. Bu davlatda bor yo‘g‘i 12 ming odam yashaydi. Shulardan biri Zuzu degan 22 yashar qiz toshbaqalar yumurtalashini o‘rganadigan tadqiqodchi. Zuzuga savol berdim. «Tuvaludan turib O‘zbekiston qanday jozibali ko‘rinadi?» O‘zbekistonni deyarli bilmaydigan Zuzu O‘zbekiston haqida uch ma'lumot bilishini aytdi.
1. O‘zbekistondagi toshbaqalarni odamlar terib olib kontrabanda yo‘li bilan sotib tirikchilik qilishadi va ermakka ayiqlarni o‘ldirishadi.
2.Ukrainaga bosib borib, go‘daklarni o‘ldirganlarning eng shafqatsizi o‘zbek boeviklari.
3. Tolibon talabi bilan teatrga zapret qo‘yiladi.

Ahvolimiz tamoshabob

MS: Xullas bu yangi O‘zbekistonning Tuvaludan ko‘rinishi ekan. Ahvolimiz tomoshabob. Lekin tufalammi, tuvalumi degan yurtdagi toshvoqqani yumurtosini o‘lchiydo‘n qiz bir narsani bilmabdi. Tolibon tarafdorlarini O‘zbekistonda siydiki yer do‘shmadi. Spektakl taqiqlanmadi. Min yust qizil karta ko‘rsatdi tolib bachchalariga.
RT: Kichik ammo g‘alaba. Tolibparast, ishidsevar qadimchilar ustidan jadid modernistlar g‘alabasi. Jaxolat va g‘or davri yovvoyilari ustidan aql va zakovat g‘alabasi. Toliblarning o‘zbekistondagi bachchalari Ilxom teatridagi spektaklni bekor qildira olmadi. Spektakl bo‘ldi. Bilet yo‘q. Hamma borishni istayapti.
Borganlardan biri Toshkentlik o‘zbek qiz yozibdi. Shuni xatini o‘qib bersam:
Salom, Tuz og‘a.
Bugun uzoq kutilgan “Yer osti qizlari” spetakliga tushdim. Ilxom teatridagi. Tomoshabinlari orasida o‘zbek segmentidan faollar deyarli yo‘q, asosan, ziyolilar elitasi, diplomatlar tashrif buyurgan. Spektaklni ko‘rishi kerak bo‘lgan maqsadli auditoriya afsuski kelmasa ham kerak. Spektaklda hech qanday LGBT targ‘iboti, G‘arb propagandasi yo‘q, aktrisalar yosh bo‘lsa-da nihoyatda mahorat bilan ishlashdi, har bitta rol maromiga yetkazib ijro etildi.
Butun zal, hatto erkaklar yig‘lashdi. Spektakldan hammamiz horg‘in, o‘ychan chiqdik, aytilgan jumlalar keng mushohadaga tortadi, bugungi spektakl tafsiloti, taassurotlarini aytib berish og‘ir bo‘lsa kerak hammaga. Faqat ko‘rish, his qilish kerak. Spektaklda ayollarning asriy muammolari film, kelinlar, hozirda yo‘qolib ketgan, uzoq olisdagi mamlakat fuqarolari qissalari bilan yoritib berilgan.
Bu spektaklni aslida biz emas, tepada o‘tirgan tolibonsevarlar ko‘rishi kerak, ularni majburlab olib kelib, ko‘rsatish kerak. Aktrisa to‘g‘ri aytadi: ertaga bizning uyda bunday bo‘lmaydi deb hech kim kafolat bera olmaydi.
MS: Teatr spektakli ustidan milliy gvardiya va IIB ga donos yozgan Ëqub Ahmedovni shu kunlarda gemoroyi irg‘ib saxari bilan davleniyasi ko‘tarilib ketibdi. Shu odam faqat salbiy rol o‘ynardi. Tolibon roli oxirgisi bo‘lsa kerak.

RT: Ahmedov haqida Nodira Hidoyatova: (Abror Xidoyatov va Sora Eshonto‘raevaning nevarasi) yozgan matnni o‘qib bersam.

Teatr qotili

Ëqub Ahmedov amoral (axloqsiz, tuban) odam bo‘lib chiqdi. Ëmon betidan buziladi deganday yillar o‘tib uning tubanligi yuzida aks etdi.  Qachonlardir mening buvim Sora Eshonto‘raeva  O‘zbekiston Teatr jamiyati raisi edi. Aynan u respublikada teatr namoyishiga izn beradigan komissiya rahbari edi. Buvim klassika yo‘nalishidagi dramatik teatr vakilasi bo‘lishiga qaramasdan, ichki hissiyot va chin qalbdan Vayl (Mark Vayl. Ilxom teatri asoschisi) talantiga tan berib, e'tirof qilgan xolda doimo uning spektakllarini qo‘llab quvvatlardi. O‘sha davrda ko‘pchilikka Mark Vayl sahnalashtirgan spektakllar qabul qilib bo‘lmaydigan ko‘ringan. O‘sha davrda yozishganidek «bachkana, vulgar va xavfli» tuyulgan. Buvim bu gaplarga e'tibor bermay, Vayl qobiliyatini olqishlagan edi.  Esimda, buvim ichki hayajon bilan Ilxom teatri zinalaridan ko‘tarilgan edi. Buvim istiqboliga chiqqan Vayl uning qo‘llaridan o‘pganini eslayman. Buvim hijolatli tabassum bilan Vaylga hayrixoh boqqan edi… Ëqub Ahmedov bo‘lsa  Xamza teatrini harob qilgan talantsiz taviya bo‘lib chiqdi. Xozir u O‘zbekiston isteblishmentining regressiv qismi qo‘lidagi jazo instrumentiga aylandi. Uning bundayin xizmatbardorligi hech kimni hayratga ham solmadi. Aynan Ëqub Ahmedov Xamza teatrini o‘ldirgan qotildir. Unga abadiy tavqi la'nat bo‘lsin. Nomi sharmandaliknig qora kitobiga mangu yozilsin.
MS: Endi Nodiraxon sal oshirib yuboribdi. Bugungi yangi O‘zbekiston ochiq va demokratiyaga qarab borayotgan ilg‘or jamiyat. Sho‘kat biratga respekt.
RT: Bugungi o‘zbek jamiyati, aytaylik olti yil avvalgisidan sal farq qiladi. Olti  yil oldin jamiyat o‘z ichiga yashiringan mahdud holatda edi. Umumiyatla xozir ham shunday. Ammo sal farq bor. Rossiyaning Ukrainaga bosqinchilik bilan bostirib kirishi bilan bog‘liq voqealar bu falaj jamiyatdagi ba'zi a'zolarning qimirlashiga olib keldi.
Huddi komada yotgan odamning barmog‘i qimirlagani kabi.
Sovet hukumatini shirin tush kabi sog‘inganlar tilga kirib “Oh qanday davrlar edi, SSSRda tuyalarning tezagi oltindan edi” deya boshlashdi.
Yana birovlari esa o‘zlarini hayolan Putin bilan bir to‘shakda ko‘rib rohatlanishdi. Ba'zilar mamlakat qora bayroq ostidagi hilofotning bir qismi bo‘lsin deya orzumand. bo‘lishdi.
Qoraqalpoqni ajratish, Xorazmni mustaqil qilish, Samarqand va Buxoroni Tojikistonga, Toshkentni Qozog‘istonga berish istagida bo‘lgan ko‘knorihayollarga til bitib, alahlab aljiray boshladi.
Falaj xolatda yotganida odam tanasidagi turli kasalliklar ham falaj xolatda uxlab yotgan bo‘ladi. Komadan chiqqan odam o‘z tanasidagi turli kasalliklar uyg‘onganini ham ko‘radi.
Bu kasalliklar oqibati inson uchun komadan ham hatarli bo‘lishi mumkin.
Koma xolatidan chiqqan odamlarning sal o‘tmay olamdan o‘tganini tibbiyot shunday izohlaydi.
Jamiyat va davlat uchun falajdan keyin uyg‘onadigan hastaliklar qanchalik tahdidli.
Bu savol javobini kelajakka havola qilib yana bugunni tahlil qilsak.

Qatag‘on istagi

Men deyarli har kuni o‘zbekistonliklar bilan gaplashish asnosida ularning erkinlik istamayotganligini his qildim.
Ular yana ham totalitar tuzum istashmoqda.
Toshkent qishloqilarga to‘lib ketdi, ularni shaharga kiritmaslik choralarini kuchaytirish kerak, shahar rezinadan emas, deyishadi.
Xolbuki propiska bor, cheklov bor. Ular shundoq ham dunyodagi yopiq shaharlardan biri bo‘lgan Toshkentni boshqalar uchun yopilishini istashadi.
Ashulachilar gitara chalmasin, milliyligimizga zid deyishadi. Shundoq ham bitta ashulachi ustidan to‘rt idora va sakkizta qaror ho‘jayin.
Yo‘q yetarli emas, deyishadi. Taqiq kuchaysin, deb talab qilishadi.
Taqiq, cheklov va qatag‘on istayotganlar ko‘p. Erkinlik, hurriyat va tanlov istaganlar kam.
Demokratiya va islohot istagan oddiy odamni hali uchratmadim.
«Ana demokratiya istagan Ukrainani ahvolini ko‘ring» deyishadi. «Bizni tinch qo‘ying, ketimizga tepishsa ham qornimiz to‘q bo‘lsa bo‘ldi», deyishadi.
Xolbuki O‘zbekistonda ketiga tepilayotgan odamlarning qorni to‘q emas, boz ustiga uyida chiroq yonmaydi, gaz o‘rniga tezak yoqishga mahkum.
Yana o‘sha eski gap. Yig‘i sig‘i. Ox voh. Boshi berk ko‘cha.
Ammo cho‘kayotgan odam oyoq qo‘lini qimirlatadi. Ko‘chada adashgan odam esa odamlardan yo‘l ko‘rsatishni so‘raydi.
Afsus, biz cho‘kayotib oyog‘imizga tosh boylagan odamga o‘hshaymiz. (masalan dabdabali to‘ylar)
Biz agar adashgan bo‘lsak nega yo‘l izlamaymiz.
Ba'zan sendan oldin yurgan odamning oyoq izlari seni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi mumkin.
Chunki adashgan bir biz emasmiz. Yo‘l topganlar bor.
Yo‘l topganlar
Albatta Singapurda o‘tkazilgan islohot samarasi haqida gapirish mumkin.
Ammo darxol Singapur mentaliteti bizdan uzoq degan e'tirozni eshitish mumkin.
Unday bo‘lsa, biz bilan yaqin o‘tmishda birga yashagan Gruziya islohoti bizga yo‘l haritasi bo‘la olmaydimi.
Bugun Gruziyada “pora bilan o‘qishga kirish”, “GAI ga pora berish” kabi holatlar uzoq o‘tmishga aylandi.
Bugun Gruziyada uy oldi sottisi 30 daqiqada amalga oshiriladi. Mashinaga nomer olish uchun 20 daqiqa ketadi. Firma yoki shirkatni qayddan o‘tkazish uchun nizomiy kapital zarur emas. Politsiya yaxshi ishlagani bois, mashinani qulflamasa ham bo‘ladi.
Buni Tbilisidagi tanishlarim aytmoqda.
Albatta «aqlli» vatandoshdan yana e'tiroz eshitamiz.
Gruziyadagi islohotni G‘arb va AQSh moliyaladi degan e'tirozni.
Aytish lozimki, bunday yordamni O‘zbekiston dohil 180 mamlakat oladi. Gruziyadan farqli o‘laroq, bu mamlakatlarda radikal islohot o‘tkazish istagi yo‘q. Hech kim Gruziya kabi politsiyada ishlaganlarning 90 foizini almashtirmoqchi emas.
Yana e'tiroz, yana shubha…
Xuddi cho‘kayotgan odam uni qutqarmoqchi bo‘lgan odamni savolga tutgani kabi. Ya'ni sen uzatgan xodaning tikoni barmog‘imga kirib og‘ritmaydimi degan tarzda.
Barmoq tuzalishi mumkin, ammo cho‘kib o‘lgan odam baliqlarga yem bo‘lishi tayin.
Assalom O‘zbekiston, Juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
21 yanvar 2020
Turkiyada yashayotgan atoqli adib va siyosatchi Muhammad Solih hayoti haqidagi “Begona” filmining oxirgi 14-qismi uning umr yo‘ldoshi, biolog olima, ...
5 may 2015
Institutning birinchi kursida o‘qiganim 1980 yilda mang‘itlik shoir Mansur Axmedov bilan jo‘ra edik. Mansur Axmedov bir kuni menga Abdulla ...
24 dekabr 2020
Odatda revizor taftish qilayotgan sub'ekt hali qamoqqa olinmagan va ko‘p hollarda o‘z jinoiy faoliyatini oshig‘ich g‘ayrat bilan davom qildirayotgan ...
10 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solix bilan may oyida o‘tkazilgan bu suhbat bevosita Eltuz tashabbusi bilan tayyorlandi. Faqat ...
Bloglar
3 noyabr 2022
1906 yilning 3 noyabrida Germaniyaning Berlin shahrida o‘tgan Xalqaro radiotelegrafiya anjumanida SOS signali halokatni bildiruvchi ...
1 noyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 11-qismi Turk birligi g‘oyasi va ...
25 oktyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 10-qismida muxbir undan o‘z ota-bobolari ...