Asosiy mavzular
14 oktyabr 2022

Istiqbollar: O‘zbekistonda qachon haqiqiy mustaqil kasaba uyushmasi paydo bo‘ladi?

O‘zbekistonda birinchi zamonaviy kasaba uyushmasi bir yil avval tashkil etilgan bo‘lsa-da, u duch kelgan muammolar mehnat huquqlari qanchalik keng qamrovli bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.

Svenya Petersen

O‘zbekistonda kasaba uyushmalari hech qachon mehnatkashlar manfaatlariga xizmat qilmagan.

Olti yil muqaddam Islom Karimov vafotidan keyin hokimiyatga kelgan prezident Shavkat Mirziyoev mehnat huquqlari uchun yangi davr, keng qamrovli islohotlar va ishchilarni huquqlari buzilishi va majburiy mehnatdan himoyani va'da qildi. Bir yil avval “mustaqil” deb ataluvchi uyushma tuzilgan bo‘lsa-da, a'zolar qattiq ta'qibga uchragani haqida aytib kelinadi. Keng qamrovli mehnat huquqlaridan hali darak yo‘q.

Karimov davrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari tizimi o‘zidan oldingi sovet tuzumini aks ettirdi: u ishchilar emas, ish beruvchilar manfaatlarini ifodalovchi davlat homiylik tarmog‘i edi. Sovet davri uyushmalari markazlashtirilgan tarzda tashkil etilgan va ishchilarga sanatoriylar, kinoteatrlar hamda boshqa dam olish tadbirlariga yo‘llanmalar taklif qilish bilan tanilgandi. Sovet tuzumidagi kabi Karimov davridagi kasaba uyushmalari ham mehnatkashlarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risida jamoaviy qaror qabul qilish huquqiga ega edi – bu odatda rejachilar manfaatlaridan kelib chiqqan holda bo‘lgan.

Mustaqil demokratik uyushmalarga ruxsat berilmadi. Karimov rejimi nazoratsiz xalq harakatlari va hokimiyat monopoliyasiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan demokratik g‘oyalardan qo‘rqardi. Bu taqiq sovet iqtisodiy mafkurasini ham mustahkamladi va davom ettirdi. Ekstensiv iqtisodiy model ishlab chiqarish hajmi faqat mehnat kabi zaxiralar miqdori bilan belgilanadi, degan g‘oyaga asoslanadi va ishchi kuchi imkon qadar ko‘p bo‘lishi va xodimlar mutlaq maksimal darajada ishlashi kerakligini ko‘rsatadi. Muxtasar aytganda, bu g‘oya odamni ekspluatatsiya qilishga imkon beradi. Bu esa taraqqiyot innovatsiyalar, investitsiyalar va sifatli ta'lim bilan bog‘liq ekanini ilgari suruvchi intensiv iqtisodiy modelga ziddir.

Bu mafkura mustaqil kasaba uyushmalarining yo‘qligi bilan birgalikda O‘zbekiston, ayniqsa, mamlakatning eng yirik tarmoqlaridan biri bo‘lgan paxtachilik sohasida bolalar mehnati va majburiy mehnat bo‘yicha dunyoda eng yuqori pog‘onalarga chiqishiga olib keldi. 2011 yilda AQShda joylashgan Cotton Campaign – inson huquqlari bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlar, kasaba uyushmalari va biznesmenlar birlashmalari ittifoqi hamda 331 ta moda brendi o‘zbek paxtasini sotib olish va qayta ishlashni boykot qila boshladi. O‘zbekistonning yakkalanishi Karimov vafotigacha davom etdi.

2016 yilda hokimiyatga kelganidan bir necha hafta o‘tib, Mirziyoev uch yoki undan ortiq ishchiga o‘z kasaba uyushmasini tuzishga ruxsat beruvchi farmonni imzolagan edi. Shundan so‘ng 2020 yilda u ro‘yxatga olish tartib-qoidalarini soddalashtirish, kasaba uyushmalariga mehnat sharoitlarini tekshirishga ruxsat berish va ishlab chiqarish kvotalarini bekor qilish orqali kasaba uyushmalari huquqlarini sezilarli darajada kengaytirdi.

Mirziyoev butun dunyoga rasmiylar “yangi O‘zbekiston” deb ataydigan joyda biznes boshqacha bo‘lishini aytgan edi.

Keyingi qishda, ya'ni 2021 yil mart oyida Sirdaryo viloyatidagi “Indorama Agro” O‘zbekiston-Singapur qo‘shma korxonasi paxtakorlari mehnat sharoiti va ish haqi pastligidan norozi bo‘lib, mamlakatning birinchi zamonaviy “Xalq birligi” kasaba uyushmasini tuzdi. Uning asoschilardan biri anonimlik sharti bilan aytishicha, ularni Mirziyoevning mehnat bozoridagi islohotlaridan xabardor mahalliy huquqshunos qo‘llab-quvvatlagan. Bir necha oy ichida “Xalq birligi” 700 dan ortiq a'zosiga ega bo‘ldi.

Biroq bu tashabbus ishtirokchilari tezda tazyiqlarga duch kelishdi.

Masalan, uyushma tashkil etilganidan bir kun o‘tib, a'zolar mahalliy hokimiyat organlari, militsiya va kompaniya rahbarlarining tahdidli telefon qo‘ng‘iroqlari va boshqa qo‘rqitish usullaridan shikoyat qila boshladilar. Hammuassisning aytishicha, uyushma yig‘ilish tashkil eta olmadi, chunki uchrashuv o‘tkazilishi belgilangan joy to‘satdan ularni qabul qilmadi, kafega ko‘chib o‘tganlarida chiroq sirli ravishda o‘chib qoldi.

“Xalq birligi” holati ko‘rsatadiki, qonunchilik bazasi ko‘pincha qobiq vazifasini bajaradi. Bu, ayniqsa, hokimiyat markazidan uzoqda o‘nlab yillar davomida ildiz otgan feodal tuzumga mos keladi. Bu holatda Mirziyoevning qonuni tazyiq va tajovuzlardan himoya qilmadi.

Berlinda joylashgan O‘zbekiston inson huquqlari forumiga ko‘ra, “Xalq birligi” qisqa vaqt ichida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi (O‘KUF), ya'ni mustaqillikdan so‘ng barcha kasaba uyushmalarini birlashtirgan yarim davlat organi nazoratiga o‘tgan. Joriy yilning yozida Mirziyoevga yaqin bir qancha yuqori martabali amaldor davlat lavozimlarini tashlab, O‘KUF rahbariyatiga qo‘shilishi davlat va kasaba uyushmalari o‘rtasidagi chigalliklarni to‘liqroq oshkor qildi.

“Xalq birligi” hammuassisi O‘KUFga qo‘shilish uyushmaning o‘zini o‘zi kuchaytirishiga yordam berishiga umid bildirdi. U xodimlar o‘z huquqlaridan tobora ko‘proq xabardor bo‘lib borayotgani, Sirdaryodagi mahalliy hokimiyat va ish beruvchilar esa so‘nggi paytlarda guruhga nisbatan bosimni yumshatganini ta'kidladi.

Biroq oradan bir necha kun o‘tib, o‘tgan oy oxirida “Xalq birligi”dan yana bir kishi men bilan bog‘lanib, “Indorama Agro” ko‘plab xodimlarning maoshlarini ushlab qolayotganini ko‘rsatuvchi hujjatlar bilan bo‘lishdi. Hujjatlarda aytilishicha, ko‘pchilik ogohlantirilmasdan ishdan bo‘shatilgan.

Eurasianet.org elektron pochtasiga yuborilgan bayonotda “Indorama” “to‘lovlarni vaqtinchalik to‘xtatmasligini” ta'kidladi va qandaydir “FAOL” (aslida shunday yozilgan) xodimlarining maoshi ushlab qolinganini rad etdi.

Xalqaro hamjamiyat O‘zbekistondagi islohotlarni mamnuniyat bilan qabul qilmoqda. “Xalq birligi” ta'sis yig‘ilishini o‘tkaza olmaganidan bir necha hafta o‘tgach, YeTTB va Xalqaro moliya korporatsiyasi “Indorama Agro” kompaniyasiga umumiy qiymati 130 million dollar miqdorida kreditlar ajratish bo‘yicha kelishuvlarni imzoladi. 2022 yil boshida Cotton Campaign yangi bozor imkoniyatlarini taklif etish va xalqaro standartlarga rioya qilishni rag‘batlantirgan holda O‘zbekistonga nisbatan boykotni bekor qildi. Shu oyda AQSh Mehnat departamenti “mahalliy paxta korxonalarining xalqaro mehnat standartlariga rioya qilish salohiyatini oshirish va mehnat qonunchiligiga rioya qilishning samarali tizimlarini joriy etish” uchun 2 million dollar va'da qildi.

Bu G‘arb guruhlari cheklovlarni yumshatib, kapitalga kirishni taklif qilish orqali O‘zbekiston hukumatini to‘g‘ri yo‘lga boshlayotganiga ishonishadi. Xalqaro e'tirof Toshkentga islohotlarni davom ettirishga turtki beradi.

Shubhasiz, butun O‘zbekiston bo‘ylab islohotlar kechmoqda. Ammo “Xalq birligi” masalasi qonun chiqaruvchi organda qonunlarni rezina muhr bilan qabul qilishdan ko‘ra, keng qamrovli islohotlarni amalga oshirish qiyinroq ekanini eslatib turibdi. O‘zbekistonda yana bir uyushma tuzishga harakat qilinmaguniga qadar Mirziyoevning bu yo‘nalishdagi islohotlari haqiqat yoki sarob ekanini aytishga hali erta.

Manba: Eurasianet

Tag‘in o‘qing
28 sentyabr 2020
Adliya vazirligining 27 sentyabr kuni bildirishicha, prezidentning 22 sentyabrdagi “Qimmatbaho metallar muomalasini tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ...
6 noyabr 2023
Joriy yilning 22 noyabr kuni Toshkentda o‘tishi rejalangan “Mashina vremeni” rok gruppasi kontserti qoldirildi. O‘zbekistonlik galerist Bella Sobirova, Toshkentda ...
17 mart 2016
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAning ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Tursunpo‘lat Toshpo‘latovga asoslanib yozishicha, Navro‘z bayrami arafasida xavfsizlikni ...
4 iyun 2019
Gulnora Karimovaning Yevropada muzlatilgan aktivlari O‘zbekistonga hozir qaytariladigan bo‘lsa, ulardan belgilangan tartibda foydalanilmasligi yoki hukmron doiralar vakillari yoxud ularning ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...