Asosiy mavzular
22 fevral 2023

EP60: Chirchiqning harob yo‘llari, devori tars yorilgan maktab va zo‘riqayotgan transformator

Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Dastlabki shikoyat Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanidan. Avtomobil egasi yo‘llarning ahvolidan nolimoqda. Haydovchilar bu yo‘ldan yurishga bezib qolgan. Yo‘lsozlar qachon va'dani bajaradi?

Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi yo‘lning ahvoli. Bir tarafdan Nurafshon, ikkinchi tarafdan O‘rta Chirchiq hokimligiga chiquvchi yo‘l. Bir necha yil avval asfalt qilamiz deyishgandi, lekin bo‘lmadi. Keyin yo‘lsozlar eski asfaltni shilib, 2022 yil oxiriga yangi asfalt yotqizamiz deb ketishgan. Yana va'da bajarilmadi. Buni nazoratga oladiganlar bormi? Aholi qiynalmoqda, haydovchilar bu yo‘ldan yurishga bezib qolgan. Viloyat hokimi Zoir Mirzaevdan amaliy ko‘mak kutyapmiz.

Keyingi maktub Andijondan. Tag‘in elektr muammosi. 150-200 xonadonga mo‘ljallangan transformatordan 350 xonadon foydalanmoqda

Andijon shahri Sadoqat MFYdan murojaat yo‘llamoqdamiz. Bizning hudud elektr ta'minoti 434/250 KV sonli transformatordan bo‘lib, hozirgi kunda ushbu transformatorga 7 ta ko‘chaning 350 xonadoni ulangan. Har bir xonadonda o‘rtacha 5 kishi istiqomat qiladi desak, taxminan 1750 nafar fuqaro shu transformatordan foydalanamiz. Aslida, esa u 150-200 xonadonga mo‘ljallangan. Demak, hozir oshiqcha kuchlanish bilan ishlamoqda. Bundan tashqari, bu transformatorga o‘sha atrofdagi tadbirkorlar ham o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan. Buning natijasida havo harorati keskin sovisa yoki isib ketsa, transformatorga kuch kelib, avariya ro‘y beradi yoki tok kuchlanishi 100-130 ga tushib ketadi. Bunday ko‘ngilsizliklar fuqarolarning haqli e'tiroziga sabab bo‘lmoqda. 

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ filiali hamda energoinspeksiyaga murojaat qilishimiz natijasida, mas'ul xodimlar hududimizga kelib o‘rganish olib borgan va haqiqatan transformator kuchlanish bilan ishlayotgani, yuklamani kamaytirish uchun qo‘shimcha transformator o‘rnatilishi kerakligi haqida dalolatnoma tuzgan. Transformator 2022 yil birinchi choragida o‘rnatilishi belgilangan. Lekin shu kungacha bu masala hal bo‘lmadi. Yozma murojaatlarimizga esa qoniqarli javob ololmayapmiz. Prokuraturaga murojaatlardan ham naf bo‘lmadi. Elektr ta'minoti masalasi qachon hal etiladi?

Navbatdagi maktub Toshkent viloyatidan. Chirchiq daryosi ustidagi ko‘prikda yo‘lovchilar ko‘p, lekin mashinalar to‘xtamayapti

Toshkentdagi Qo‘yliq bozori yaqinidagi holat. Chirchiq daryosi ustidagi ko‘prikda yo‘lovchilar ko‘p, lekin mashinalarni to‘xtatishmayapti. Hammani majburlab “Food siti” avtobusiga tiqib, uyingizga o‘sha yerdan ketasizlar deyishyapti. Uyim boshqa tarafda desa ham inobatga olishmayapti. Marhamat, shu avtobus, bo‘lmasa yayov ketish mumkin! Qiziq, maqsad odamlarni Qo‘yliq bozoridan bezdirishmi?

Keyingi maktubni esa paradoks holat yoki taqdirning hazili deb tushunish mumkin. Aksariyat shaharlar uchun odatiy hol bo‘lgan elektr chirog‘ining o‘chmasligi Buxorolik yigit uchun mo‘'jizadek tuyulmoqda. Buxoroda yana qanday mo‘'jizalar sodir bo‘lmoqda

«Yomg‘ir tinmayapti lekin svet bor, qish hali tugamadi gullar ochilib ketyapti, yo‘llardagi “yamalar“ to‘g‘irlanmoqda.  Mo‘jizalar maskani Buxoro viloyatiga Prezident tashrifi kutilmoqda. deydi u.

Keyingi maktubni Eltuz portaliga Toshkentlik tadbirkor yo‘llagan.

Soliqchilar hisob raqamimizni yopib qo‘ydi. Buyurtma uchun to‘lov qilolmayapmiz» deya yozadi tadbirkor.

Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan tadbikorman. 2008 yilda ish boshlaganman. Shuncha yil ishlagan bo‘lsam, soliq xodimlari bizni hozirgidek qiynamagan edi. Korxonamiz hisob raqamini Toshkent shahri Davlat soliq boshqarmasi (DSB) yopib qo‘ydi. Sababini so‘raganimizda, “sizlar ko‘rsatilgan manzilda emassiz, mahalla qo‘mitasi tasdiqlab berdi” degan javob oldik. Mahalla bizning bor-yo‘qligimizni qaerdan bilsin, axir, u bizni nazorat qiluvchi tashkilot emas-ku! Qolaversa, ijara shartnomamiz ijara.soliq.uz saytida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

DSBga borib bildimki, hisob raqami yopilgan faqat men emas ekanman. Hisob raqamlarni ochib beraman deb da'vo qilgan boshqarma mas'ul xodimi kirgizgan odamimizdan pul ham so‘rabdi. Biz albatta bunga rozi bo‘lmadik.

Keyingi maktub Chirchiq shahridan.

Hurmatli Tuz og‘a,

Chirchiq shahar hokimi Davron Xidoyatovning yonida yurib, vazifasi faqat unga eshik eshik ochib yopishu, tualet qog‘ozi tashish bo‘lgan yordamchisi Botir, Chirchiq shahar madaniyat  bo‘limining yillik ish rejasidagi bitta harf uchun (badiiy so‘zidagi bitta “i” tushib qolgani uchun) hokim nomidan dag‘dag‘a qilib, yillik rejaga imzo chekmasligini aytdi.

Bitta xatoni-ku bitta kompyuter tugmasini bosish bilan tuzatsa bo‘ladi, lekin bu hokim izn berayotgan savodsiz qurilishlar, chala yo‘llar, maktablarni endi hech qachon to‘g‘irlash mumkin emas.

Hali zilzila bo‘lmay turib o‘rtasidan tars yorilib ketgan maktabni qanday to‘g‘rilash, unga ketgan mablag‘ni qanday qaytarish mumkin?

Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida maktab binosining tashqi devori yorilib, yomg‘ir suvlari bino poydevorining biroz cho‘kishiga sabab bo‘ldi. 

Qurilish vazirligining ma'lum qilishicha, yoriqlar ta'mirlangan. Pudratchiga bahorgi ta'tilda binoni qayta to‘liq ta'mirlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Arzimiz madaniyat bo‘limidagi arzimas bahonalar bilan qilinayotgan sansolarliklar yuzasidan edi. 

Ushbu murojaatimizga Chirchiq shahar hokimidan javob kutamiz.  

Bu sizga bugun o‘qib eshittirganimiz so‘ngi beshta shikoyat edi. Eslatib o‘tamiz. eltuz portali interaktiv tarzda telegram kanalida alohida sahifa shaklida ochilgan. Murojaatlar uchun u yerga maxsus bot ham o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham e'tiboringizga taqdim etishga intiladi. Kun davomida biz bilan qoling. Kanallarimizga obuna bo‘ling.  

Tag‘in o‘qing
21 sentyabr 2018
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi ma'muriyati Rauf Parfining 25 sentyabrga mo‘ljallangan yubileyini to‘xtatish ortidan Cho‘lpon ijodiga bag‘ishlanib Frantsiya ...
19 may 2016
Turkiyaning Mersin shahar mahkamasi o‘z farzandini kaltaklagan Gulchehra Isoqulova ustidan ochilgan jinoyat ishini 17 may kuni ko‘rishga boshladi. Mahkamada ...
2 noyabr 2023
Rassom Tuz
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan Germaniya prezidenti «Anavini ishdan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...