Catira
8 may 2023

Mirziyoevning yangi muddati, Rossiya fitnasi va sindirilgan haykal – 600’43

Qadrli muxlislar, e'tiboringizga Eltuz «600 sekund»ning  navbatdagi 8 may sonini taqdim etadi.

O‘zbekistonda 9 iyul kuni muddatidan oldin prezident saylovi o‘tkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoev shu yilning 9 iyulida O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezident saylovi o‘tkazish haqidagi farmonni imzoladi.

Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

8 may kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan referendum yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuv yakunida Mirziyoev mamlakatda muddatidan ilgari prezident saylovi o‘tkazilishini e'lon qilgan edi.

U muddatidan ilgari prezident saylovi o‘tkazish qarorini yangi konstitutsiya qabul qilingani bilan izohladi.

U «qolgan uch yarim yillik prezidentlik muddatidan o‘z tashabbusi bilan voz kechayotgani»ni urg‘uladi.

«Bunday qarorga kelish uchun qanday ob'ektiv zarurat bor, degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta. Nima uchun qolgan uch yarim yillik Prezidentlik muddatidan o‘z tashabbusim bilan voz kechayapman?

Chunki, o‘zingiz ko‘rib turibsiz, Asosiy qonunimizga muvofiq, birinchidan, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari isloh qilinib, ular o‘rtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy o‘zgarmoqda.

Ikkinchidan, yangilangan Konstitutsiyamiz Prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib bo‘lmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni qo‘ymoqda.

Uchinchidan, xalqimiz bizdan barcha sohalarda g‘oyat muhim va dolzarb o‘zgarish va islohotlarni kutmoqda.

To‘rtinchidan, dunyoda va mintaqamizda keskin va murakkab jarayonlar hukm surayotgan hozirgi vaziyatda to‘g‘ri va samarali rivojlanish yo‘lini izlab topish va uni amalga oshirish eng o‘tkir va dolzarb masalaga aylanmoqda», deya Mirziyoevning nutqidan iqtibos keltirmoqda prezident matbuot xizmati.

“Saylov Kodeksi”ning 66-moddasiga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, muddatidan ilgari prezident saylovi prezident uni e'lon qilganidan keyin 2 oy ichida o‘tkazilishi kerak.

Oliy majlis yuqori va quyi palatalariga saylovlar uchun esa 3 oy muhlat berilgan.

+++

Bo‘yniga davlat bayrog‘i shaklidagi tasmani taqib yurgan yigitga nisbatan ko‘rilgan jazo bekor qilindi. Bosh prokuratura aralashuvi bilan yigitga nisbatan qo‘llanilgan ushbu noqonuniy qaror bekor qilinishi ta'minlandi.

5 may kuni Qashqadaryoning Qamashi tumanida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i rangidagi tasmani taqib yurgan yigitga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqida noqonuniy qaror qabul qilingan edi. 

+++

Shu kuni Salimboyvachcha 73 yoshini nishonladi. Boyvachcha mingan moshina atrofidan ins jinslarni qochirish uchun isiriqlar tutatildi.

+++

Ahmoqlikning cheki yo‘q. Bugun Ukrainada go‘daklarni o‘ldirayotganlar rus armiyasi sharafiga O‘zbekiston Mudofaa vazirligi 9 may kuni mushakbozlik o‘tkazar ekan poroxni bekorga xarj qilib. O‘risparastlarni Qodiriylar ruhi ursin. Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriy, Elbek, Botularni shu qizil armiya jallodlari o‘ldirgan edi. Ayni paytda 8 va 9 may kunlari Berlinda Sovet va Rossiya bayrog‘i va Sovet urush ramzlarini olib yurishga  sud tarafidan ta'qiq qo‘yildi. Sud Berlin shahrida Ukraina bayroqlarini ko‘tarib yurish joizligini alohida ta'kidlagan. 

+++

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent ahli vakillari taniqli haykaltarosh Damir Ro‘ziboevning asarini sindirib tashlagani haqida xabarlar tarqalib, turli xil e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Holat yuzasidan Mirobod tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, san'at asari sifatida taqdim etilayotgan ushbu haykallar vaqt ta'sirida o‘z muqimligini yo‘qotgan, qolaversa haykallarning yaxlit emasligi, piramida shaklida bir-birining ustiga qo‘yilgan holatda joylangani qulab tushish xavfini yuzaga keltirgan.

Bu esa shu hududda yashovchi aholi, xususan, bolalarning xavfsizligi uchun qayg‘urayotgan aholining e'tirozlariga sabab bo‘lgan.

“Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim manbalar iddao qilganiday bu o‘rinda hech qanday diniy masala mavjud emas”, deyiladi xabarda.

Keltirilishicha, haykallar haykaltaroshga bolalar uchun ijod maktabi tashkil etish maqsadida ajratilgan hudud sotib yuborilganda, ya'ni taxminan 1,5 yillar oldin ko‘p qavatli uyning oldiga olib chiqilgan. O‘sha vaqtdan buyon asar egasi hamda aholi o‘rtasida haykallarni boshqa joyga olib ketish bo‘yicha o‘tkazilib kelinayotgan muhokamalar hech qanday natija bermagan.

“Shu o‘rinda, xabarni e'lon qilgan ijtimoiy tarmoq vakillaridan oddiy ijtimoiy masalani diniy kelishmovchilikka aylantirishga urinishdan, omonat haykallarni UNESCO butunjahon merosi ob'ekti deb tan olingan haykallarga tenglashdan va farzandlari xavfsizligini o‘ylayotgan fuqarolarni radikallikda ayblashdan tiyilishni so‘rardik”, deyiladi hokimlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz Damir Ro‘ziboev asarlari dunyo kataloglariga kirgan O‘zbekistondagi barmoq bilan sanarli mashhur haykaltaroshlar sirasiga kiradi.

+++

Ukrainani obro‘sizlantirish uchun Rossiya Federatsiyasi Yevropada soxta mitinglar uyushtirmoqda. Bu haqda Frantsiyaning Le Monde, Norvegiyaning NRK, Shvetsiyaning SVT va Germaniyaning Cuddoyche tsaytung, Vestdoycha Rundfunk nashrlarining birgalikda o‘tkazilgan surishtiruvida ochiqlandi . 

Ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilgan postlarda Parij, Bryussel yoki Gaagada Ukrainaga va yoki NATOga qarshi mitinglar ko‘rsatilgani aytiladi.  

Le Monde va uning hamkorlari qo‘lga kiritgan hujjatlar ularni Rossiya Federatsiyasi rejalashtirganini ko‘rsatadi. 

11-fevral, shanba kuni Parijdagi Respublika maydoni odamlar bilan gavjum. Minglab namoyishchilar pensiya islohotiga qarshi to‘planishdi.  Olomon orasida uchta erkak ajralib turibdi. Ulardan biri katta harflar bilan yozilgan: «Yevropa Ittifoqi va AQSh Ukrainadagi urushni moliyalashtirishni to‘xtating» degan plakatni ushlab turibdi. 

Oradan bir oy o‘tmay, 5 mart kuni o‘sha odam Parijning 18-okrugidagi Sen-Per maydonida turardi. Bu safar u Ukraina bayrog‘i rangidagi bannerlar oldida fashistlar salomini ijro etmoqda. Bannerlardan biriga: “Erdo‘g‘on,  zilzila rossiyalik sayyohlarni qabul qilish natijasidir” deb yozilgan. Birinchi holatda bo‘lgani kabi, bularning barchasi kamera bilan suratga olinadi va keyin Faycbuk, TikTok va Yutubda e'lon qilinadi. 

Le Monde bir nechta Yevropa poytaxtlarida bir xil tartibdagi o‘ndan ortiq aktsiyalarni kuzatishga muvaffaq bo‘ldi. Har gal efirga uzatiladigan xabarlar Ukraina,  Yevropa Ittifoqi yoki Turkiyani obro‘sizlantirishga qaratilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda bir xil psevdo-norozichilarni va bir xil postlarni topamiz. 

Surishtiruv natijalariga ko‘ra, bunday harakatlar haqida ma'lumot chop etuvchi bir nechta ijtimoiy tarmoq akkauntlari Rossiyada yashovchi xorijliklarga tegishlidir.  

Jurnalistlar bilan suhbatda ular akkauntlariga hujum bo‘lgach  profillarini o‘chirib tashlashganini aytganlar. 

+++

Ayni paytda Chexiyada Rossiyani BMT Xavfsizlik Kengashidan chiqarib tashlash bo‘yicha birinchi tashabbus paydo bo‘ldi. 

Rossiya rasman terrorchi va xalqaro qidiruvda bo‘lgan harbiy jinoyatchi tomonidan idora qilinayotganini hisobga olsak, bu mamlakatning BMT Xavfsizlik Kengashida haliyam o‘z kursisiga ega ekanligini izohlab bo‘lmaydi.  

+++

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Putindan “Vagner” xususiy harbiy shirkati o‘rniga Baxmutga chechen maxsus kuchlarining “Axmat” bo‘linmalarini yuborishni rasman so‘raganini ma'lum qildi. 

«Men Rossiya Federatsiyasi Oliy Bosh qo‘mondoni V. V. Putin nomiga Axmat bo‘linmalarini Artyomovsk (Baxmut) shahriga ko‘chirish bo‘yicha ko‘rsatma berishni so‘ragan xatni imzoladim. Xat allaqachon yuborilgan»,  – deyiladi xabarda.  

Maktubda prezidentga Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Milliy gvardiya rahbari Viktor Zolotovga Baxmutga Axmat bo‘linmalarini yuborish va u erda «Vagner» vakolatlarini topshirish to‘g‘risida buyruq berish so‘ralgan. 

«Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojin kuni kecha Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovdan o‘z qismlarini o‘q-dorilar bilan ta'minlashni talab qilgan, aks holda, 10 maygacha «Vagner» qo‘shinlarini Baxmutdan olib chiqib ketish bilan tahdid qilgan edi. 

+++

Bu so‘nggi 600 sekund ichida sizga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimiz edi. Kun davomida biz bilan qoling, Kanallarimizga obuna bo‘lishni unutmang.

@eltuz

Tag‘in o‘qing
10 may 2021
Xorazmning Xiva tumanida bir kambag‘al beva ayolning o‘g‘li nomiga olingan 30 million so‘m kredit mahalla raisi va o‘qituvchi doxil ...
23 may 2019
2019 yilning 3 mayida prezident imzolagan va matbuotda e'lon qilingan qonunda O‘zbekistondagi barcha haydovchilar malaka oshirish sertifikati olishi kerakligi ...
17 may 2018
Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov AQSh-O‘zbekiston prezidentlari uchrashuvi oldidan o‘tgan davra suhbatidagi chiqishida zamonga qarab o‘zgarayotganini ...
20 aprel 2019
20 aprel kuni Qozog‘istonning Jambul viloyatidagi «Toshkent-Olmaota» trassasida avtobus halokatga uchradi. Yo‘lovchilari aksariyat o‘zbekistonliklar bo‘lgan avtobus halokatida kamida 11 ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...