Asosiy mavzular
1 may 2024

Pilla, yo‘l, suv va majburiy ishga jalb etilayotgan MIB xodimlari

Salom qadrli muxlislar, Eltuz portaliga kelgan co‘nggi 5 ta maktubni o‘qiymiz, ular O‘zbekistonning Qashqadaryo, Jizzax, va Buxoro viloyatlaridan kelgan.

Xatlar oqimi davom etmoqda, muammolar yechimini ta'minlash, shuningdek kanalimizning alohida sahifasiga kirib privatga o‘tkazilgan videolarni  ko‘rish uchun Eltuz kanaliga obuna bo‘lish, layk bosish va superrahmat tugmachasini bosib kanalni qo‘llab quvvatlash tavsiya qilinadi va biz xatlarni o‘qishda davom etamiz.

Dastlabki maktub Qashqadaryoning G‘uzor tumanidan. Humdon qishlog‘i aholisi avtomobil yo‘li yo‘qligidan qiynalmoqda.

 “Qashqadaryo  viloyati  G‘uzor  tumani  Xumdon  qishlog‘i  Yangizamin  ko‘chasidan  murojaat  qilyapmiz. 2013 yilda  tenderga  qo‘yilgan  yer  uchastkasi  sotib  olib,  hozirgi  kunga  qadar  avtomobil  yo‘lisiz  qiynalib  yashab  kelyapmiz. Biz  bu  haqda  respublikamizning  turli  mutasaddi  tashkilotlariga  murojaat  qilganmiz. Murojaatlarimiz  bir necha bor “Sizdan Telegram”  kanalida ham  chop  etildi. Tuman  mutasaddilari tosh  yo‘l  qilib  beramiz,  shag‘al  to‘kib  beramiz deb va'da bergan, ammo natija yo‘q.  Yomg‘ir  yog‘ib  qolsa,  birontamiz  kasal bo‘lib  qolsak, soydan  o‘tolmay  sarson  bo‘lamiz. Ko‘chalarimiz  ta'mirlanishida  yordam so‘raymiz” Xumdon qishlog‘i turg‘unlari.

Keyingi maktub ham Qashqadaryodan. Fermerlar yelkasidagi ipak qurti boqish majburiyati oshirilmoqda.

 “Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida bug‘doy va paxtaga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga majburiy ravishda 13 quti pilla topshirish majburiyati yuklandi. Bu aqlga sig‘maydigan qaror tuman hokimi prokurori va IIB boshlig‘i orqali bermoqda. Aslida, 1 quti, ya'ni 60 kg pilla yetishtirish uchun 7 metrli 2 ta xona kerak bo‘ladi. 13 quti (780 kg) uchun 26 ta xona kerak. Mayli, 2-3 quti bersin, tekinga boqib beramiz, lekin 780 kg aqlga sig‘maydi. Nega kasanachi, dehqon xo‘jaliklari, tut plantatsiya egalariga berilmay, faqat fermerlarga berilmoqda? Pillani boqish azob. Reja to‘lmasa, bajarilmagan har kilo uchun 50-60 ming so‘mdan pul yig‘ishadi. Hurmatli Prezidentimiz fermerlar dardini tinglaydi degan umiddamiz” deya yozadi Qamashilik fermerlar.

Navbatdagi maktub Jizzax viloyatidan. Bu safar Majburiy ishga jalb qilinayotgan Majburiy ijro byurosi mulozimlari Eltuzga shikoyat qilmoqda.

 “Majburiy ijro byurosi Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani bo‘limidan murojaat yo‘llayapmiz. Biz prokuratura binosiga ko‘chganimizdan buyon uyqu kamaydi. Ba'zida tungi soat 23 larda, shanba kuni ham ishda olib qolib, har xil topshiriqlar berishadi. Bizda oila, bola-chaqa yo‘qmi? O‘rinbosarimiz ketganlarga bildirgi berish bilan qo‘rqitadilar. (Bo‘lim boshlig‘ning o‘rinbosari bo‘lsa kerak. Kursiv eltuzdan) Kun bo‘yi ko‘chada ishda, kechqurun kompyuterda topshiriqni bajaramiz. Ba'zida uyga kech borganimizda kunlab farzandimizni ko‘rmaymiz. Iltimos, holatga hurmatli Prezidentimiz e'tibor qaratsinlar” deya shikoyat qilmoqda Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani Majburiy ijro bo‘limi xodimlari.

O‘zbekistonning rasvo yo‘llari turkumidan navbatdagi maktub Buxoroning Qorako‘l tumanidan. Maktubni Yangi turmush mahallasi turg‘unlarining eskicha turmush muammolari deya atadik.

”Assalomu alaykum hurmatli ElTUZ Kanali xodimlari. Biz Qorako‘l tumani Yangi turmush mahallasida yashovchi aholining nomidan murojaat qilyapmiz. Muammoimiz shundaki bizning mahalla markazini tuman markazi bilan tutashtiruvchi 4H170P yo‘limiz mana 35 yilki biror marta ham ta'mirlanmasdan qolib kelyapti. Murojaat qilmagan tashkilotimiz qolmadi. Bu 35 yil ichida necha marta hokim almashgan bo‘lsa biz eng kamida har yangi tayinlangan hokimga 10 martalab murojaat qilganmiz. Ammo biz Yangi turmushliklar taqdirning o‘gay farzandlarimizmi, negadir arzu-dodimizni hech kim tinglamaydi. Farzandlarimiz shu yo‘ldan maktabga, bog‘chaga qishda loyga, havo qiziganda esa changga botib qatnaydilar. ELTUZ kanalini  President va unga yaqin bo‘lgan amaldorlar o‘qiydi deb eshitamiz. Zora sizlar tufayli dardimiz Prezidentga yetib borsa. Iltimos yordamlariggizni ayamanglar. Yaqinda prezidentimiz Sh. Mirziyoev Qorako‘lga tashrif buyurar ekanlar. Biz Yangi turmushliklar ushbu yo‘limizning ta'mirlanishi uchun har qanday qarshilikni yengib bo‘lsada, Prezident bilan uchrashishga harakat qilamiz. Negaki shu paytgacha na sayyor qabullardan, na hokimlardan biror naf bo‘lmadi” deya yozmoqda Yangi turmush turg‘unlari.

Va nihoyat so‘nggi maktub. Qarshida ichimlik suvi isrof bo‘lmoqda.

«Qarshi shahri Buyuk Turon mahallasi Yunus Rajabiy ko‘chasidagi holat.

Ko‘cha to‘lib odamlar uyiga kirayapti ichimlik suvi. Ariza berilganiga 3 kun bo‘ldi. Natija yo‘q. Bu birinchi marta teshilishi emas…” deya yozmoqda Eltuz obunachisi.

Va bu sizga yetkazganimiz bugungi so‘nggi maktub edi. Eslatamiz, eltuz portali telegramdagi alohida sahifadir. U erga xatlar uchun maxsus bot o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham chop qilishga intiladi. Kanalimizga obuna bo‘ling. Agar ko‘rsatuvimizni qo‘llab quvvatlamoqchi, yoki ayrim yopiq videolarni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz super raxmat tugmachasini bosing.  Sog‘ bo‘ling.

Tag‘in o‘qing
9 mart 2020
2020 yildan O‘zbekiston paxtaga davlat buyurtmasidan voz kechadi. Prezident Mirziyoev farmoniga ko‘ra, 2020 yil hosilidan boshlab viloyatlarning paxta yetishtirish ...
12 oktyabr 2024
Bosh vazir Abdulla Aripovning Toshkentdagi «Do‘stlik» bog‘ini shubhali chastnik tijoratchilarga sovg‘a qilgani haqida shikoyat keldi. Shikoyat rus tilida bo‘lib, ...
3 oktyabr 2023
Narpay tumani turg‘uni 7 sinf o‘quvchisi, Nurmuhammadov Umidjonni mahalla  raisi ayovsiz kaltaklab tashlaganini aytib, yordam so‘rab Eltuzga murojaat qildi. “Samarqand ...
23 mart 2020
Koronavirus chiqqani ortidan tualet qog‘ozi talamon bo‘ldi. Rassom Kirpidan pandemiya mavzuiga oid yangi karikatura. Eltuz.com
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...