Qimmatga tushgan poezd chiptasi, gaz ballon va nosoz yo‘llar – EP160
Eltuz Portaliga kelgan navbatdagi beshta maktub O‘zbekistonning Marg‘ilon, Buxoro, Kashqadaryo, Andijon, Xorazm viloyatlaridan kelgan. Dastlabki maktubni poezd chiptasi narxi va sharoitlaridan norozi yo‘lovchi yo‘llagan. Chipta narxi otning kallasidek, lekin fuqarolar xavfsizligi talabga javob bermaydi…» deya yozmoqda u.
«Assalomu alaykum hurmatli Eltuz. Murojaatim O‘zbekiston temir yo‘llari Aktsiyadorlik Jamiyatiga. Nimaga poezdlarda birinchi yordam qutilari yo‘q?! Nima uchun qon bosimini o‘lchaydigan apparat yo‘q. Nima uchun poezdlarda birinchi yordamni ko‘rsatadigan shifokor yo‘q? Mana kecha oila a'zolarim 125 FA Marg‘ilon-Buxoro yo‘nalishida kelishdi. Buvimning mazasi bo‘lmagan, qon bosimi oshib ketgan vagonning issiqligidan, lekin na birinchi yordam ko‘rsatadigan shifokor bor, na aptechka bor. Bu nima ahvol? Yo‘lovchilarning xavfsizligiga kim javob beradi? Biletning pulini otni kallasiday qilib olishni bilishadi. Bu yog‘ini ham to‘g‘rilab qo‘yinglar o‘rtoq kattakon rahbarlar.» deya yozadi Buxorolik shikoyatgo‘y.
Keyingi murojaat Andijon viloyatidan. Isboskanda ko‘chaning o‘rtasidagi kovlangan “chuqur” olti oydan buyon ochiq yotibdi.
“Mahallamizga mas'ullar kelmaydi. Hokimdan esa darak yo‘q. Bu muammo bo‘yicha tashkilotlar va raisga aytdik, lekin natija yo‘q. Biror mashina, yoki biror yosh bola tushib ketishidan qo‘rqamiz. Muammoga mas'ullar e'tibor berishini so‘raymiz” deydi mahalladan murojaat qilgan fuqaro.
Qashqadaryoning Yakkabog‘ida esa aholi kanalga chiqindi tashlayapti.
“Assalomu alaykum, Eltuz! Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidan murojaat yo‘llayapmiz. Yangiobod mahallasi hududi kun sayin chiqindiga to‘lib bormoqda. Gohida aholi kanalga ham chiqindi tashlaganiga guvoh bo‘lyapmiz. O‘quvchilar harakatlanadigan serqatnov yo‘lak xavfli tusga kelgan. Mahalla faollari va tozalikka mas'ul tashkilotlardan amaliy harakat kutib qolamiz” deya yozadi yakkabog‘lik Eltuz obunachisi.
Shahrisabzda esa gaz ballonlar naqd pulga sotilayapti. 3 yil oldin tarqatilgan plastik karta esa ishlatilmayapti.
“Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri Namaton MFYdan murojaat qilyapmiz. Mahallalarga tarqatilayotgan gaz ballonlar naqd pulga, 38 ming so‘mdan sotilyapti. 3 yil oldin qo‘limizga berilgan plastik kartalarni shu kungacha bir marta ham ishlatganimiz yo‘q. Negadir keltirilgan ballonning yarmini qaytarib olib ketishyapti. Bu borada shahar gaz mas'ullariga murojaat qildik, foyda yo‘q, qaytaga mahallamiz mas'ullari bilan birga kelib, “Yana shunday murojaat qilsanglar, umuman gaz olmaysizlar” deb qo‘rqitib ketdi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev mahalla raislari aholi og‘irini yengil qilishi uchun sharoit yaratib beryapti. Shunday vaziyatda bizdagi mahalla va gaz idorasi mas'ullarining xatti-harakati odamni o‘ylantirib qo‘yadi. Holatni respublika mutasaddilari nazoratga olsa yaxshi bo‘lardi”, deya yozadi Shahrisabzlik iste'molchi.
Xorazmning Bog‘ot tumanidan esa yo‘lning ta'mirsizligi tufayli mashinalar avariya bo‘lmoqda.
«Assalomu alaykum Eltuz portali! Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidan murojaat yo‘llamoqdamiz. Bog‘ot tumanidan o‘tgan 4R156 avtomobil yo‘li ta'mirtalab, haydovchilar chuqurdan qochib qarama-qarshi yo‘lga chiqishga majbur bo‘lmoqda. Gohida chuqurga tushib avtomobillarimizning diskasi yaroqsiz holatga kelib qolmoqda. Avariya hodisalari bo‘lishi ham kuzatilmoqda. Bu yo‘ldan tuman viloyat hokimlari va boshqa mutasaddilar ham kamida bir marotaba o‘tib qaytadi. Ularning vijdoni qiynalmaydimi? Qanday qilib ko‘z yummoqdalar? Bu yo‘lni kerakli tashkilot rahbarlari nazoratga olishsa yaxshi bo‘lar edi.» deya yozadi bog‘otlik avtomobil haydovchisi.
Va bu sizga yetkazganimiz bugungi so‘nggi maktub edi. Eslatamiz, eltuz portali telegramdagi alohida sahifadir. U erga xatlar uchun maxsus bot o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham chop qilishga intiladi. Kanalimizga obuna bo‘ling. Agar ko‘rsatuvimizni qo‘llab quvvatlamoqchi, yoki ayrim yopiq videolarni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz super raxmat tugmachasini bosing. Sog‘ bo‘ling.