Asosiy mavzular
14 avgust 2024

Sarson bo‘lgan tujjor, shifoxona va domlalar uchun maxsus kostyum… – EP173

Eltuz Portaliga kelgan navbatdagi beshta maktub O‘zbekistonning Andijon, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridan. Dastlabki maktub Andijonlik Hayotulla  Boyboevdan. U bozorda tujjorlik qilishiga izn bermayotgan mahalliy hokimlardan norozilini prezidentga yetkazishimizni so‘ramoqda.

“Assalomu Aleykum,

Halq ichida yurgan, halqning dardi, quvonchu-tashvishini, bezovtalik va sarosimasini ko‘rib kelayotgan inson sifatida sizga bu gaplarimni aytmasam, portlab ketaman!

Mening aybim tadbirkorlikni kengaytirib, arzonlashtirilgan oziq ovqat maxsulotlar sotish xolos. 4 metr naves qilish uchun joy so‘rasam, Andijon shahar hokimidan ruhsat olish kerak deyishayapti. Andijon viloyati hokimi ruhsat bersa, joy ajratib berilarkan.

Joy olish maqsadida arizalar yozdim, hech kim yordam berishni hoxlamayapti? Andijon viloyati xalq qabulxonasiga bordim. Raxbari bilan gaplashdim. Andijon shahar hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari bilan bozorda uchrashdik. Joyni ko‘rsatishim bilan bu joyga ruhsat yo‘q deb aytayapti. Nima uchun ruhsat yo‘q desam, Vazirlar mahkamasidan alohida qonun chiqarib kelsangiz, keyin qilishimiz mumkin deyapti. Men hokim muoviniga viloyat hokimidan so‘rasamchi, desam. Ruhsat bersa hozir qilishimiz mumkin deyapti. Keyin men unga viloyat hokimining qarori qonundan ustunmi, vazirlar mahkamasidan qonun chiqarib keling deyapsiz, desam jim bo‘lib qoldi. Shunaqa savodsiz odam hokimning muovini bo‘lishi mumkinmi?  

O‘z o‘zidan savol tug‘iladi, Andijon shahar dehqon bozorida “Xalqim uchun beminnat”, “Andus Nasldor”, “Farovon yurt”, “Robiya Parranda” kabi beshta mas'uliyati cheklangan jamiyat mavjud. Ularning har biri Vazirlar Mahkamasiga borib alohida maxsus qonun, farmonlar chiqarib faoliyat yurgizishayotgan ekan. Men 4 metr naves uchun joy so‘rasam, bor qonun chiqarib kel deyishayapti. Toshkentdan maxsus tekshirish uchun xodimlaringizni Andijonga jo‘nating. Andijon Eski shahar bozorida 5 ta tadbirkorning qaysi biri alohida qonun va farmon bilan joy olgan, deb so‘rasam, ularning o‘zlari ruxsat bergan ekan.

Nima qilish kerak? O‘zbekistondan chiqib ketishimiz kerakmi? Men 2015 yilda Andijondagi do‘konlarim buzilishi ortidan chet elga ishlagani ketishga majbur bo‘lganman. Chet eldan yurtimga qaytib kelsam, hech narsa o‘zgarmaganga o‘xshaydi.  Nima uchun Andijonda qonunlar ishlamaydi? Meni o‘ldirishga ham tahdid bo‘layapti. Bu holatni IIBga aytsam, ular ham jim. Tanish bilishi yo‘qlarga Andijonda joy yo‘qmi? Sizdan iltimos Andijonda qonunlar ishlashini, qonunni buzgan mansabdorlar ustidan chora ko‘rilishini iltimos qilaman, deya yozadi Hayotulla Boyboev.

Keyingi maktub Xorazm viloyatidan. Shifoxonami yo kabobxona? Issiqda derazani ham ocha olmayapmiz, deya yozmoqda Bog‘ot tumanidagi markaziy kasalxona bemorlari.

“Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi markaziy shifoxonada davolanyapmiz. Shifoxona atrofida noqonuniy kabobxonalar bor ekan. Noxush hid sabab derazalarni ham ocha olmayapmiz. Tutun chiqarib, bemorlarga aziyat yetkazishyapti. Holatni ekologiya, sanitariya idoralari nazoratga olsa yaxshi bo‘lardi”.

Navbatdagi murojaat Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchilaridan. Ular  rektor aytgan do‘kondan kostyum sotib olishlari kerak ekan.

“Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchilariga majburiy kostyum sotib olish talabi qo‘yildi. 600 ming so‘mlik kostyumni aynan rektor aytgan magazindan xarid qilishimiz kerak ekan. O‘qituvchilar bir xil formada bo‘lmasa, “ta'lim sifati tushib ketadi” ekan. Aytishlaricha, o‘qituvchilar bir xil kiyinsa, tez muddatda Amerikadan xam o‘tib ketar ekanmiz. Shu xabarni amerikaliklarga yetkazib qo‘yinglar, xarakatlarini qilishsin, bo‘lmasa bizdan ortda qolishadi. Hazil o‘z yo‘liga, biroq rektorning bu talabi qonuniymi?” deya so‘rashmoqda farg‘onalik universitet domlalari.

Navbatdagi shikoyat “Imkon savdo” tarmog‘i ishchisidan: U 18 oydan buyon oylik olimasdan ishlaganini aytmoqda.

“Imkon savdo”da ishlayotganimga ham 2 yil bo‘ldi. Ishga kirishimizda tuzilgan mehnat shartnomamizga asosan ish haqimiz har 12 oyda 1 marotaba oshirilishi kerak edi. Lekin 18 oydan buyon bu amalga oshirilmadi. Maoshimizni oshirishlarini talab qilsak, “bo‘shashga ariza berib ketaver” deb qo‘rqitishmoqda. Hozirda “Imkon savdo”ning respublika bo‘yicha 40 dan ortiq filiali va 2000 dan ortiq ishchisi bor. Mehnat shartnomasini buzganlik uchun chora bormi? Kompaniya rahbariyati oyligimizni oshirib bersa yaxshi bo‘lardi” deya yozmoqda filial ishchisi.

Va so‘nggi maktub Andijon viloyatining Shahrixon tumanidan. Sherqo‘rg‘on mahallasiga 6 oydan buyon suyultirilgan gaz ballon keltirilmayapti.

“Andijon viloyati Shahrixon tumani Sherqo‘rg‘on-Birlashgan MFY fuqarolari nomidan murojaat qilyapman. Salkam 6 oydan buyon mahallamizga suyultirilgan gaz ballon kelmaydi. Bu bo‘yicha bir oydan buyon murojaat qilaman, lekin natija yo‘q. Kall markazi xodimi “Murojaatingiz yuzasidan siz bilan xodim bog‘langan, unga hech qanday  e'tirozim yo‘q degansiz”, deydi. Holbuki, men bilan hech kim bog‘lanmadi. Respublika “Hududgaz” rahbariyati holatga e'tibor qaratsa yaxshi bo‘lardi” deya yozmoqda Shahrihon turg‘uni.

Va bu sizga yetkazganimiz bugungi so‘nggi maktub edi. Eslatamiz, eltuz portali telegramdagi alohida sahifadir. U erga xatlar uchun maxsus bot o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham chop qilishga intiladi. Eslatib o‘tamiz, ayni soniyalarda kanalimiz obunachilari soni 664 ming nafarga yetdi.  Kanalimizga obuna bo‘ling. Agar ko‘rsatuvimizni qo‘llab quvvatlamoqchi, yoki ayrim yopiq videolarni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz super raxmat tugmachasini bosing.  Sog‘ bo‘ling.

Tag‘in o‘qing
30 sentyabr 2015
Kecha majburiy paxta terimi jumladan bolalar ekspluatatsiyasi avj olgan Xorazm viloyatiga reydga chiqqan huquq himoyachilari Yelena Urlaeva va Malohat ...
12 yanvar 2017
Kun.uz sayti garchi mayda-chuyda bo‘lsa-da, muammolarni ko‘tarib chiqishda davom etmoqda. Bu muammolarning yechimlari va sabablari chuqur ochib berilmayotganiga qaramay, ...
24 noyabr 2021
Rassom Kirpi
5 may 2016
Istanbul-Toshkent yo‘nalishidagi uchoq ichida janjal chiqargani sababli kema sardori tarafidan samoletdan tushirilgan Ma'mura M, ismli O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayol ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...