Asosiy mavzular
23 oktyabr 2024

Qo‘shnisidan ziyon ko‘rgan qashshoq va sigirsiz qolgan beva – EP189

Noto‘g‘ri ishlayotgan bank tizimi, qo‘shni uyga ziyon yetkazayotgan imorat va urib qolinayotgan gaz ballon. Nihoyat Eltuz portaliga kelayotgan shikoyat maktublarini o‘qish navbati etib keldi. Murojaatlar O‘zbekistonning Surxondaryo, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlaridan kelgan. Dastlabki maktub Surxondaryo viloyatidan. O‘nqir cho‘nqir yo‘llar mashina va piyodalar harakatini qiyinlashtirmoqda.

Bu holat mashinalar va piyodalarga og‘irlik qilayapti

“Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani Oqjar mahallasidan murojaat qilyapmiz. Mahallamiz ichki yo‘llariga tosh yotqizilgandi. O‘tgan kuz-qish mavsumidagi yog‘ingarchilikdan keyin katta toshlar chiqib, yo‘l o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib ketdi. Bu esa mashinalar va piyodalar harakatini qiyinlashtiryapti. Ushbu masala yuzasidan tuman yo‘llardan foydalanish  korxonasiga murojaat qilganimizda, “Biz yo‘l tekislash traktorini obodonlashtirish tashkilotiga hasharga berganmiz, ichki yo‘llar bilan ular shug‘ullanadi” degan javobni oldik. Obodonlashtirish idorasiga borib, mas'ullarni topa olmadik. Holat yuzasidan amaliy ko‘mak kutib qolamiz”.

Keyingi maktub Jizzax viloyatidan, Bankda elektron navbat tizimi to‘g‘ri ishlamayapti.

Bankda navbat ustida janjal chiqmoqda

“Asakabank”ning Jizzax viloyati filialida kuzatilayotgan holat yuzasidan yozmoqdaman. Elektron navbat tizimi to‘g‘ri ishlamayapti. Soat 9:00 da navbat olgan edim, soat 17:00 gacha kutdim, lekin navbatim kelmadi. Shu sabab mijozlar o‘rtasida janjal ham ro‘y bermoqda. Bank sohasi mutasaddilari holatga e'tibor qaratsa yaxshi bo‘lardi”.

Navbatdagi maktub Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanidan. To‘ldirilayotgan gaz ballonlaridan 2-3 kilo urib qolinmoqda.

Gaz ballonlardan urib qolishyapti

“Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani gaz idorasi suyultirilgan gaz tarqatish bo‘limi xodimlari nomidan murojaat qilyapmiz. Tuman aholisiga suyultirilgan gaz ballon tarqatamiz. Ballonlar Yakkabog‘ tumanida joylashgan xususiy gaz tarqatish shoxobchasi orqali to‘ldirib beriladi. To‘ldirilayotgan gaz ballonlardan 2-3 kilo urib qolinyapti. Ba'zi xonadon egalari ballonlarni tortib olyapti, vazni kam chiqsa, bizga e'tiroz bildirishyapti. Shunday holatlarda aholi malomati va noroziligiga uchrayapmiz. Tuman gaz idorasi rahbarlariga aholi e'tirozlarini yetkazdik, lekin foydasi bo‘lmadi. Respublika “Hududgaz” AJ raisidan murojaatimizni e'tiborga olishini iltimos qilib qolamiz”.

Keyingi maktub ham Qashqadaryodan. Elektrdan qarzdor deya sigiri olib ketilgan ayol elektrdan qarzi yo‘qligini da'vo qilmoqda. Bundan ilgari uning bolasini mashina urib ketib nobud bo‘lgan, eri ham o‘lib ketgan…

Sigiri olib qo‘yilgan bechora ayol

“Qashqadaryo viloyati Koson tumani Rahimso‘fi MFY Bo‘ston mahallasidan takror murojaat qilmoqdaman. 2024 yil 22 sentyabr kuni Rahimso‘fi MFY raisi va tuman MIB xodimi kelib, elektr energiyadan qarzing bor deb, tinchimni buzib, farzandlarimni qo‘rqitib bir bosh sigirimni olib ketgan edi. Murojaatimdan so‘ng elektrdan qarzim yo‘qligi ma'lum bo‘ldi. Mahalla raisi va MIB xodimiga tegishli chora ko‘rilishini so‘rayman”.

So‘nggi maktub egasi boyvachcha qo‘shnisi shiferiga taqab baland uy qurgani, orada masofa qoldirmagani sabab shiferlari yorilib ketganini iddao qilmoqda.

Qurilishda shaharsozlik talabiga rioya qilinmayapti

“Bir boyvachcha uyim yonida katta imorat quryapti. Oradan masofa ham qoldirilmagan. Shaharsozlik talabiga rioya qilinmayapti. Oqibatda uyim devorlari va shiferlari yorilib ketdi. Hokimlik va arxitektura bo‘limi chora ko‘rmayapti. Insof bilan qilish kerak-da! Hali qishda nima bo‘ladi? Qurilishga mas'ul idoralar holatni nazoratga olishini so‘rayman”.

Va bu sizga etkazganimiz bugungi so‘nggi murojaat edi. Ularni sizga O‘zbekistondan Oymomaxon o‘qib berdi.  Yana bir bor eslatamiz, Eltuz portali telegramdagi alohida sahifa shaklida ochilgan. U erga xatlar uchun maxsus bot ham o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham chop qilishga intiladi. Eslatib o‘tamiz, ayni soniyalarda yutubdagi kanalimiz obunachilari soni 686 mingdan oshdi.  Kanalimizga obuna bo‘ling. Agar ko‘rsatuvimizni qo‘llab quvvatlamoqchi, yoki ayrim yopiq videolarni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz sponsorlik tugmalarini, Superchat, super stiker va super raxmat tugmachasini bosing.

Eltuz – O‘zbekiston va o‘zbeklarning siyosiy kayfiyatini aks ettiradigan maydon. Kanal homiysi bo‘ling va siz eksklyuziv bonuslarga ega bo‘lasiz. Batafsil ma'lumot:    / @eltuz  

Tag‘in o‘qing
14 aprel 2016
«Huquq olami»da gazetasida e'lon qilingan intervyusida taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqov «o‘zbek kinosining, aniqrog‘i, «O‘zbekfilm»da ishlangan ko‘pgina asarlarning hozirgi ahvolini… ...
2 sentyabr 2022
Bundan 31 yil oldin O‘zbekistonning oz sonli intelegentsiyasi mustaqillik tarafdori edi. Aksar avom esa, qachon aroq yana arzon bo‘lar, ...
5 avgust 2019
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev so‘nggi vaqtlarda xalqning cheksiz g‘azabiga duchor bo‘layotgan buz-buzlarda o‘zining aybi yo‘qligini bildirdi.  Davlat rahbari uy-joylar ...
22 oktyabr 2015
Siz ko‘rib turgan suratdagi viqor bilan xarbiylar yonida turgan kishi – Jizzaxlik fermerlar va xuquq ximoyachilari tomonidan «Quturgan xokim» ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...